Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 12:28

Sobiq mulozim Mirziyoyevdan Karimov davridagi valyuta jinoyatlarini tekshirishni so‘ramoqda


Shu yil boshida prezident Mirziyoyev Bosh prokuraturaga mamlakatdagi korrupsiyaga "tashxis qo‘yish" vazifasini toshirgan.
Shu yil boshida prezident Mirziyoyev Bosh prokuraturaga mamlakatdagi korrupsiyaga "tashxis qo‘yish" vazifasini toshirgan.

Toshkent shahar prokuraturasi qoshidagi Soliq, valyuta va noqonuniy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurash departamenti boshlig‘ining sobiq o‘rinbosari Botir Husainov O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevdan davlatga tegishli millionlab dollar mablag‘larning o‘zlashtirilishini tekshirishni so‘ramoqda.

“2000-yildan to 2015-yillargacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida, ba’zi bir rahbar xodimlar ishtirokida davlat valyuta zaxirasidan millionlab dollar talon-toroj qilingan. Ushbu o‘g‘riliklar doimiy ravishda va juda puxta o‘ylangan sxema asosida bajarilgan, ya’ni jinoyat doimiy ravishda va davomli bo‘lgan. Bu tekshirilishi, jinoyatchilar javobgarlikka tortilishi, o‘g‘irlangan pullar xalqqa qaytarilishi kerak”, deydi Botir Husainov O‘zbekiston prezidentiga yo‘llagan murojaatida.

Husainov Ozodlik bilan suhbatda bundan oldin Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda O‘zbekiston Bosh prokuraturasiga murojaat qilgani, lekin ish tekshirilmasdan, javob ham berilmaganini aytadi.

Javob yo‘q. Chaqirgani ham yo‘q. Gruppa qilinglar, shu o‘g‘riliklarni topishga va pullar qaytarilishiga yordam beraman, deganman. O‘sha paytda o‘g‘rilik qilganlar hozir ham ishlayapti katta lavozimlarda, investitsiyada zam ministr, bosh prokurorni o‘rinbosari bittasi. Chunki o‘zlari o‘tiribdi. Shu yilning o‘zida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga ham murojaat bilan chiqqanman. Antikorrupsiya agentligi murojaatimni Bosh prokuraturaga jo‘natyapti. Oxirida murojaatim uchastka noziriga jo‘natilgan va yopib yuborilyapti”, - deydi Husainov.

Sobiq huquq-tartibot mulozimi davlat mablag‘larini o‘zlashtirgan shirkatlar O‘zbekistonning sobiq va amaldagi mulozimlari hamda ularning qarindoshlariga tegishli bo‘lgani, shu bois ish bosti-bosti qilib kelinayotganini iddao qiladi.

“O‘zbekistonning sobiq ichki ishlar vaziri va yana ikki nomdor shaxsning o‘g‘illaridan tashqari, hozirda qamoqda o‘tirgan sobiq bosh prokuror Rashidjon Qodirov, Toshkent shahar prokurori o‘rinbosari bo‘lgan Mirag‘lam Mirzayevlar bilan bir qatorda hozir prezident Mirziyoyev hukumatida katta lavozimlarda o‘tirgan shaxslar ham bu ishga aralashgan”, - deydi Karimov boshqaruvi davrida valyuta va korrupsiyaga doir jinoyatlarni tergov qilgan sobiq mulozim.

“6 oyda davlat zaxirasidan $400 million o‘g‘irlangan”

Botir Husainovning aytishicha, u 2000 - yilning olti oyi mobaynida 31 ta shirkat orqali davlat zaxirasidan 400 million AQSh dollariga yaqin mablag‘ o‘g‘irlanganini aniqlagan va “hujjatlar bilan isbot qilib bergan”.

Lekin uning so‘zlariga ko‘ra, jinoyatchilar chetda qolib, o‘ziga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

“Mening qo‘limdagi, men ochgan jinoyatlarga taalluqli bo‘lgan bor hujjatlar MXX xodimlari tomonidan yo‘q qilindi. O‘sha paytda 31ta firmaning bank aylanmalariga oid hujjatlar bor edi. 190 varaqqa yaqin qog‘ozim bor edi. Tsepochka bo‘lib chiqib kelavergan. Hamma hujjatlarni “aka, hal qilamiz”, deb aldab olib ketishdi. Tagi bilan yo‘q. Oxiri nima bo‘ldi, o‘g‘riliklar davom etaverdi. Bu o‘g‘riliklar tepasida turgan rahbarlar to 2015 yilgacha - uyushgan holda davlat valyuta zaxirasini talon-toroj qilib kelishdi.

Endi faraz qiling – uch oy ichida talon-toroj qilingan davlat valyuta zahirasi 400 million AQSh dollari miqdorida bo‘lgan va bu jinoiy guruh yana 15 yil davomida davlatni talon-toroj qilgan. Qo‘pol qilib hisoblaganda, bir yil ichida 1 yarim millard.dollar o‘g‘irlangan bo‘lsa, 15 yil davomida talon-toroj qilingan valyuta miqdori 20 milliard.dollardan oshadi. Bu O‘zbekiston tashqi qarzining qariyb 60 foizini tashkil qiladi”, - deydi Botir Husainov.

Botir Husainovning 2004 - yildagi murojaatiga Milliy Xavfsizlik Xizmatining javobi.
Botir Husainovning 2004 - yildagi murojaatiga Milliy Xavfsizlik Xizmatining javobi.

“O‘g‘rilik qilganlar hozir ham katta lavozimlarda”

Sobiq mulozimga ko‘ra, o‘g‘riliklarga aloqadorlarning ko‘pchiligi O‘zbekistonning avvalgi prezidenti davrida rahbar lavozimlarida o‘tirishgan, bir qanchasi qamalib chiqqan, ba’zilari esa bugungi kunda ham yuqori lavozimlarni egallashda davom etmoqda.

“2000 - yilda davlat mablag‘larini o‘g‘irlagan 31ta firmadan 1 tasiga jinoyat ishi ochganman va prokuraturadan nomer olingan. O‘sha delo yo‘q bo‘lmagan. O‘sha yilning dekabr oyida “Bogemgurilishsavdo” MChJga ish ochilgan. Bu shirkatga 12 mlrd.so‘m miqdorida shakar sotilgan, degan vaj bilan Davlat konvertatsiya komissiyasi pulni davlat kursida konvertatsiya qilib bergan. Markaziy bankda hujjatlar turibdi. O‘sha paytda so‘mning chet el valyutasiga nisbatan bozor kursi davlat kursidan 60 foiz yuqori bo‘lgan. O‘sha farqdan katta pul qilingan. Aslida O‘zbekistonga umuman shakar kirib kelmagan. Markaziy bankdan esa chet elga valyuta haydalgan. Shunday sxema bilan 3 oy ichida 389,3 mln.dollar chetga chiqarib yuborilgan. Milliard- milliard pul chiqib ketgan. Markaziy bank arxivida bor bular. Hujjatlar bor. Shuning uchun qo‘rqmasdan yozib yotibman. Meni maqsadim pullarni xalqqa qaytarish”, - deydi Botir Husainov.

Botir Husainovning 2007 - yildagi murojaatiga O‘zbekiston Bosh prokuraturasining javobi.
Botir Husainovning 2007 - yildagi murojaatiga O‘zbekiston Bosh prokuraturasining javobi.

“O‘g‘irlangan pullar xalqqa qaytarilsin!”

Toshkent shahar prokuraturasining sobiq mulozimi prezident Mirziyoyevga murojaatida tekshiruvda o‘zi ham qatnashishga tayyor ekanini aytadi.

"Arizam bo‘yicha tekshiruv tashkillashtirilishini so‘rayman. Ularga nisbatan qonun doirasida keskin chora ko‘rilishi, talon-toroj qilingan valyutalar davlat zaxirasiga qaytarilishi kerak.

Korrupsiya haqida xabar berganlik uchun menga ajratilishi qonun bilan ta’minlanadigan 10% miqdoridagi pul mablag‘larini barcha aholi jon boshiga (taxminan 60 dollardan to‘g‘ri keladi) berilishini so‘rayman.

Jinoyatni ochishda shaxsan o‘zim qatnashishga tayyor ekanligimni, tekshirish uchun ba’zi-bir dalillarni taqdim etishim mumkinligini va menga ushbu tekshirishda qatnashish yuragimdagi armon ekanligini bildiraman”, - deb yozgan Botir Husainov o‘z murojaatida.

Ozodlik Botir Husainovning murojaatlari yuzasidan hozircha O‘zbekiston Bosh prokuraturasi va Korrupsiyaga qarshi kurash agentligidan izoh ololmadi.

O‘zbekistonda konvertatsiya yopilgan 1994 - yildan boshlab xorijiy valyutalarning Markaziy bank belgilagan rasmiy kursi va qora bozor kursi o‘rtasida farq 2015 - yilgacha qariyb ikki barobarni tashkil etgan.

Markaziy bank kursidagi valyuta mamlakatga strategik muhim tovarlar olib kiruvchi ma’lum shirkatlargagina berilgan.

Bu imtiyozdan bir guruh odamlar katta foyda ko‘rib kelgan va 20 yil ichida juda katta boylikka ega bo‘lgani aytiladi.

O‘zbekistonlik jurnalist Aleksey Volosevich 2010 - yildagi maqolasida imtiyozli dollar sotib olishga imkoni bor qatlam “havodan pul qilayotgani” haqida yozgandi.

Bu xalqaning uchi bir-biri bilan qarindoshlik va quda-andachilik bilan bog‘langan hokimiyat tepasida turgan shaxslarga borib taqaladi”, deya qayd etgan jurnalist.

XS
SM
MD
LG