Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 12:08

Sobiq "ishonchsiz hamkor". Rossiya boshlagan gaz o‘yinlari Turkmanistonga kerakmi?


Prezident Gurbanguli Berdimuhamedov Sharq-G‘arb magistralining ochilishi marosimida. Turkmaniston, 31-may, 2010
Prezident Gurbanguli Berdimuhamedov Sharq-G‘arb magistralining ochilishi marosimida. Turkmaniston, 31-may, 2010

10 yildan oshdiki, Xitoy turkman gazining asosiy xaridori sanaladi. Biroq, ekspertlarga ko‘ra, hozirda Rossiya yana Ashxobodga ta’sir o‘tkazish uchun ayrim richaglarni qo‘lga kiritgan va endi ulardan foydalanmoqchi.

Ekspertlarga ko‘ra, gazga boy Turkmaniston eksport marshrutlarini osongina diversifikatsiya qilib olishi mumkin edi. Biroq mamlakat buning o‘rniga o‘zining Moskva energetika orbitasiga qaytishiga yo‘l qo‘yib bermoqda.

Rossiya – daromadlarining to‘rtdan uch qismi yoqilg‘i savdosiga qarab qolgan Turkmaniston gazining asosiy xaridori emas.

Asosiy xaridor – Xitoy: u Rossiyani siqib chiqarganiga 10 yildan oshdi va ayni paytda Turkmanistondan Rossiyaga nisbatan taxminan to‘rt baravar ko‘p tabiiy gaz import qiladi.

Biroq, Pekin Ashxobod bilan energetika aloqalarida hamisha faqat biznes maqsadlarini ko‘zlasa, Moskva bilan munosabatlar katta ehtimol-la siyosiy hisob-kitoblarni ham o‘z ichiga oladi.

Ukrainaga bosqin ortidan Yevropa Rossiya gazini sotib olishni keskin kamaytirganidan so‘ng Kreml yangi gaz ittifoqlarini tuzishga intilayotgan ayni sharoitda bu ayniqsa dolzarbdir.

“Vaziyatga kengroq qaraydigan bo‘lsak, Turkmaniston Yevropa Ittifoqida energetik evrilishning samaraliroq va kamchiqimroq bo‘lishini ta’minlay oladigan yagona g‘ayrirossiya tabiiy gaz manbasi sanaladi. Biroq Ashxobod ochiqchasiga Rossiya tomonga og‘ib, o‘z gazini G‘arbga yo‘naltirish imkoniyatlarini rad etayotir. U avtoritar quroldosh og‘alari – Rossiya va Eron tarafga yurishni tanladi, chunki mazkur siyosat izolyatsiyaga ehtiyojini himoyalashga xizmat qiladi”, deydi Chatem-Hus Qirollik Xalqaro munosabatlar institutining xalqaro masalalar bo‘yicha eksperti Annet Bor.

Millerning davri keldi

“Gazprom” rahbari Aleksey Miller so‘nggi olti oyda Ashxobodga ikki marta bordi. Ikkinchi borishida (15-fevral) u prezident Sardor Berdimuhamedov hamda yaqinda toj kiygan “arqadag‘” Gurbanguli Berdimuhamedov bilan uchrashdi.

Rossiya 2016-2021-yillarda Turkmaniston gazini import qilishni noldan yiliga 10 milliard kubometrga oshirdi, ammo bu raqam 2000-yillar o‘rtalaridagi eng yuqori ko‘rsatkich (yiliga 40 mlrd kubometr) oldida hech narsa emas. O‘sha yillarda Moskva Yevropaga o‘z gazini ko‘proq eksport qilish maqsadida turkman gazidan foydalanardi.

Biroq Millerning Ashxoboddagi uchrashuvlariga doir rasmiy xabarlarda gaz importi hajmini oshirish masalasi kun tartibida turgani haqida hech bir ishora yo‘q edi – Rossiya energetika giganti “gaz sohasida hamkorlik istiqbollari bo‘yicha muzokaralar bo‘lmoqda” degan mazmunda mavhum ma’lumot berish bilan cheklandi.

Biroq Millerning qadam ranjidasi “Rossiya Turkmanistonni g‘ovga emas, balki o‘z aktiviga aylantirmoqchi, “og‘ir kechgan” 2022-yilda so‘ng “Gazprom” xalqaro gaz bozoridagi mavqeini tiklashga urinmoqda”, degan gap-so‘zlarni avj oldirdi.

Kremlga yaqin “Vzglyad na Vostok” telegram-kanali xabar qilishicha, Miller Turkmanistonga yetkazgan eng muhim mujda shuki, Rossiya Turkmaniston bilan Ozarbayjonni bog‘lovchi Transkaspiy gaz quvuri (TKGQ) qurilishiga to‘g‘anoq bo‘lishdan qaytmaydi. Mazkur loyiha Ozarbayjon gazini Evropaga eksport qilish imkonini bergan bo‘lur edi.

“Buning o‘rniga Turkmanistonga Eron orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri Turkiyaga gaz yetkazib berishda ishtirok etish taklif qilingan”, deyiladi xabarda. Aytilishicha, bu sxemaga rozi bo‘lgan taqdirda “Turkmaniston Rossiya va Eron tuzayotgan va Qatar ham qo‘shilishi kutilayotgan gaz ittifoqining to‘la huquqli a’zosi bo‘ladi”.

Ozodlik “Gazprom”dan ushbu xabar yuzasidan izoh so‘ragan, lekin hozircha javob olgani yo‘q.

Katta hajmda gaz o‘tkazish uchun Kaspiy dengizi orqali quvur tortish 25 yildirki, Turkmanistonning ochiq aytilayotgan maqsadlaridan biri sanaladi. Biroq mazkur loyiha har doim muammo bo‘lgan, hatto sarmoya tikishga tayyor investorlar yetarli bo‘lgan paytlarda ham.

Besh sohilbo‘yi davlati o‘rtasidagi Kaspiy dengizi maqomiga doir siyosiy bitim hamda Kaspiy dengiziga doir ziddiyatlarni bartaraf etish bo‘yicha Ozarbayjon-Turkmaniston ikki tomonlama kelishuviga erishilganiga bir necha yil bo‘ldi xolos.

O‘shanda ham Rossiya bilan Eron bu g‘oyadan xursand bo‘lmagan va go‘yoki ekologiya qayg‘usida loyihani o‘tkazishmagandi.

“Ishlab turgan TKGQ Yevropa uchun shu qishda foydali bo‘lishi mumkin ediyu ammo Yevropa energetika bozoridagi tendensiyalar xalal bermoqda. Gap shundaki, YI Rossiya gazidan voz kechgan bo‘lsa-da, uzoq muddatli istiqbolda yangilanadigan energiya manbalariga o‘tish qaroridan qaytgani yo‘q. Shu bois u vaqtincha suyultirilgan tabiiy gazga mo‘ljallangan infratuzilmasini kengaytirmoqchi”, deydi Finance & Capital Markets ijrochi direktori Loran Rusetskas.

OzodNazar: Ўзбекистон газ бўйича Россия билан “йўл харитаси”ни имзолади
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:49:29 0:00

Ekspertga ko‘ra, Yevropa yirik gaz quvuri loyihalariga mablag‘ tikishni istamayapti. Chunki o‘rta muddatli istiqbolda Yevropa gazga muhtoj bo‘lmaydi, 2050-yilga borib EI asosan yashil energiyadan foydalanishga o‘tadi.

Rossiya bilan janub tomonga intilib

Dekabrda Sardor Berdimuhamedov Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev hamda Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘on bilan uchrashgan, o‘shanda Erdo‘g‘on rasmiy Anqara bu ikki mamlakatni bog‘lovchi gaz quvuri qurilishini siyosiy va moliyaviy dastaklashga tayyorligini bildirgan edi.

Biroq, Annet Borga ko‘ra, Turkmaniston G‘arb diplomatlariga kichik o‘lchamli muqobil quvurlarni qurishdan manfaatdor emasligini aytgan. Bunaqa quvurlarni qurish oson, lekin ular orqali ko‘p gaz yetkazib bo‘lmaydi.

“Turkmaniston Yevropaning yiliga 30 mlrd kubometr gaz sotib olish bo‘yicha uzoq yillik shartnoma taklif qilishini xohlayapti. Lekin bu xomxayol”, deydi Bor va “Ashxobod ushbu masaladagi pozitsiyasi bilan Anqarani bezdira boshladi”, deya qo‘shimcha qiladi.

Natijada, G‘arbga eksportni ko‘paytirish imkoniyatidan mahrum va shimoldagi Rossiya va sharqdagi Xitoy bilan savdosini muvozanatda ushlashga tirishayotgan Turkmaniston – Pokiston va Afg‘oniston orqali Hindistonga gaz yetkazib beruvchi TAPH (mamlakatlar bosh harflaridan olingan) quvuri bo‘yicha konsorsiumga bosh bo‘ldi. Ushbu loyiha milliardlab dollar turadi, lekin uning biron taniqli investori yo‘q.

Rossiya ham loyihaga qiziqish bildirgan, ammo biron qat’iy majburiyatni zimmasiga olgan emas.

Yanvarda Rossiya prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Zamir Kabulov mazkur loyiha xavfsizligiga oid xavotirlar “dolzarbligini yo‘qotgan”ini aytdi – aftidan, bu Tolibonning “biz Afg‘oniston hududida to‘liq nazorat o‘rnatdik”, deya bayonot berganiga ishora bo‘lsa kerak.

Moskvaning loyihadagi har qanday shakldagi ishtiroki “tijoriy yondashuvlar”dan kelib chiqadi, dedi Kabulov.

Rusetskas esa uning bahosiga ko‘ra, loyihaning ro‘yobga chiqish ehtimoli “noldan bir-ikki pog‘ona ko‘tarilgan”ini, biroq buning Kabulov tilga olgan sabablarga daxli yo‘qligini ta’kidlaydi.

“O‘tgan yili suyultirilgan tabiiy gaz narxlari keskin ko‘tarilishi Hindiston bilan Pokiston uchun shok bo‘ldi. TAPH ishga tushishidan ular juda xursand bo‘lur edi”, deydi ekspert.

Biroq loyihaning Afg‘oniston orqali tranzit va “Turkmangaz”ning cheklangan texnik salohiyati kabi fundamental muammolari hanuz dolzarb, qo‘shimcha qiladi Rusetskas.

Moskva investitsiyalariga kelsak, “Rossiya quvur uchun hozirning o‘zida milliardlab dollar pul sarflay oladigan mamlakat emas”, urg‘ulaydi u.

Ayni chog‘da Rossiya Turkmanistonga taklif qilgani aytilayotgan yagona “xo‘rak”, ya’ni Eron va mavjud infratuzilma orqali uchinchi mamlakatlarga gaz eksport qilish Ashxobodning mintaqaviy energetik maqomini aytarli o‘zgartirmaydi.

Britaniyadagi Methinks tadqiqot tashkilotining energetika xavfsizligi bo‘yicha eksperti Jon Roberts Ozodlik bilan suhbatda Turkmaniston shu yo‘l bilan Turkiyaga eng ko‘pi bilan yiliga 5 mlrd kubometr gaz yetkaza olishini ma’lum qildi.

Hatto shunda ham Turkiya bu g‘oyani qo‘llaydimi, yo‘qmi – aniq emas, chunki Anqara loyihaga Yevropa Ittifoqi tomonidan bo‘layotgan qarshilik bilan hisoblashishga majbur, deydi Roberts Eron mulozimlari ochiqcha ma’qullayotgan tranzit taklifi xususida fikr bildirarkan.

Rossiya ixtiyorida Ashxobodga ta’sir o‘tkazish richaglari mavjud, chunki u so‘nggi bor Turkmanistondan gaz importini qisqartirganida (garchi bu jahon bozorida energiya tashuvchilar narxi tushib ketgan paytlarda bo‘lgan esa-da), Turkmaniston bundan jiddiy iqtisodiy talafot ko‘rgan edi.

Darvoqe, 2015-yili – gaz sotuvidan foyda kamayib ketishi tufayli milliy valyuta keskin devalvatsiyaga uchragani kezlarda “Turkmangaz” bir bayonotida Rossiyani “ishonchsiz hamkor” deb atagan edi.

Ushbu g‘aroyib bayonot matni internetdan allaqachon olib tashlangan.

Annet Borga ko‘ra, Turkmaniston Rossiyaga qattiq ishonib qo‘ymaganida aqlli ish qilgan bo‘lur edi.

“Rossiya gaz bozori konfiguratsiyasini tubdan o‘zgartirmoqchi, G‘arbdan uzilib qolish esa uni Eronga tobe qilib qo‘ydi, bu esa Turkmaniston uchun beoqibat emas”, deydi u.

“Moskva kelgusida Qozog‘iston bilan Turkmaniston orqali Eronga, u yerdan esa Pokiston va Hindistonga yo‘l ochmoqchi. Ammo Pokistonga eltuvchi mavjud yo‘nalishlardan kamroq gaz tashish mumkin xolos, ortig‘iga infratuzilma va logistika dosh bermaydi”, xulosa qiladi ekspert.

XS
SM
MD
LG