Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXShT)ga a’zo mamlakatlar rahbarlarining Yerevandagi oxirgi sammiti ko‘cha namoyishlari manzarasida o‘tdi. Namoyishchilar hukumatdan KXShTdan chiqishni talab qildilar. Ular Ozarbayjon bilan ziddiyat keskinlashib, Armaniston himoyaga muhtoj bo‘lgan paytda ushbu tashkilot qo‘l qovushtirib turdi va biron amaliy chora ko‘rmadi, deb hisoblashmoqda.
“Bizning xavfsizligimizga ko‘maklashish o‘rniga ular Ozarbayjonni siyosiy dastaklashdi. Rossiya bilan Belarus Ozarbayjonga yonbosdi, KXShTning boshqa a’zolari hech vaqo qilishmadi. Putin, Lukashenko va boshqalar mamlakatimizga oyoq bosmasligi kerak edi. Eng kamida Putin va Lukashenkoni qamash kerak, ular shunga loyiq”, dedi siyosatchi Daniel Ioannisyan.
KXShTning Yerevanda 24-noyabr kuni o‘tgan sammiti arafasida Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev “Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotida Bokuning do‘stlari Armanistonnikidan ko‘p”, deya bayonot berdi. Yerevandagi mitingchilar unga qo‘shimcha qilishdi: “Aliyev adashdi. Uning xatosi shuki, KXShTda Armanistonning do‘sti yo‘q, bo‘lmaydi ham”, dedi, jumladan, siyosatshunos Ruben Megrabyan.
Miting qatnashchilari KXShT va Kremldan qanday madad kutishgan edi? Avvalo, tashkilot 44 kunlik urushning oldini olishiga, qolaversa, Armaniston armiyasiga yordam berishiga umid qilishgandi. Amalda esa 2020-yilda mamlakat son jihatidan ustun va qurol-aslahasi zamonaviyroq bo‘lgan Ozarbayjon qurolli kuchlari qarshisida yolg‘iz qoldi, deyishadi namoyish yetakchilari.
Boku va Yerevan 2020-yilning noyabrida Kreml vositachiligida imzolagan sulh shartnomasiga binoan Tog‘li Qorabog‘ning ayrim tumanlari Ozarbayjon nazoratiga o‘tdi. Moskva hududga tinchlikparvar kuchlarni kiritdi – qariyb ikki ming harbiy, 90 ta BTR, 380 ta avtomobil va maxsus texnika bilan. Rossiya kontingenti borligiga qaramay Armani-Ozarbayjon mojarosi orada bir necha bor olovlandi. Sammitga qarshi chiqqan xaloyiqning Kremlga eng katta e’tirozlaridan biri ham shu. “KXShTning kuni bitdi. Putinning tashrifi ham oxirgisi bo‘ladi. Tamom, Armaniston Rossiya uchun yopiladi. Biz qonxo‘r, terrorchi mamlakatlar bilan oldi-berdi qilmaymiz”, deyishdi ular.
Bu ayni ruhdagi birinchi aksiya emas. KXShTga a’zo davlatlar rahbarlari Yerevanga kelishi arafasida ham xalq shior va talabnomalarni ko‘tarib namoyish o‘tkazgan, ko‘chalarda “Putin – qotil! Yo‘qolsin urush!” degan xitoblar yangragan edi.
“Nastoyashcheye vremya” siyosatshunos Arkadiy Dubnov KXShTning Yerevan sammiti natijalarini muhokama qildi.
– Yerevandagi namoyishchilar Armaniston KXShTdan chiqishini talab qilishdi. Bu fikr mamlakatda qanchalik ommalashgan?
– Juda ommalashgan, deb o‘ylayman. Ustun yoki mutlaq ko‘pchilikning fikri, deya olmayman lekin. Chunki ko‘plab armanlar hamon Rossiyani Armaniston xavfsizligi kafolati deb bilishadi. Bu bir an’ana, kamida bir asrlik – ildizi XIX asr boshlariga taqaladi. Yerevan ko‘chalarida ko‘rayotganimiz ehtiroslar ikki pozitsiyaning to‘qnashuvidir: bir tomonda – armani jamiyatining noilojlik va mavhumlikdan to‘ygan qismi, ikkinchi tomonda esa Tog‘li Qorabog‘ning Rossiya bilan do‘stlikka intilishidan xijolat bo‘layotgan Armaniston rahbariyati bor. Rossiya bilan Belarus, tabiiyki, KXShTni parchalanishdan saqlab qolishni va uni G‘arb bilan kurashda qurolga aylantirishni istaydi.
Men bu gapni KXShTning bo‘lajak raisi – Belarus tarafining bayonotlaridan kelib chiqib, aytyapman: tashqi ishlar vaziri Makey, qolaversa Lukashenkoning o‘zi ham tashkilot istiqbolini aynan shunday tasavvur qilishlarini yetarlicha ochiq anglatishdi. Va, nihoyat, tashkilotni eroziyadan saqlab qolishga urinish bo‘layotganini ko‘rsatuvchi yana bir narsa bor. Qozog‘iston kvotasi bo‘yicha KXShTning yangi bosh kotibi etib kutilmaganda sobiq bosh vazir, sobiq mudofaa vaziri va Qozog‘istonning Rossiyadagi sobiq elchisi Imangali Tasmagambetov tayinlandi. Mening nazarimda, bu Moskva bilan Astana tarafidan bo‘lgan ancha jiddiy murosaviy qaror, shu bilan birga, Yerevanga bosim o‘tkazish vositasidir. Sammit arafasida Armaniston va Qozog‘iston mudofaa vazirliklari delegatsiyalari uchrashib, allaqanday qo‘shma rejalarni muhokama qilganiga e’tibor berdingizmi? Xullas, Moskva bilan Ostona kelishib, armanlarni tashkilotdan chiqishga shoshmay turishga ko‘ndirishga harakat qilishmoqda.
– Ushbu tayinlovda qanaqa murosa bor?
– Bu, bir tomondan, Qozog‘iston bilan Rossiyaning nafaqat KXShT doirasidagi, balki ikki tomonlama aloqalarini ham mustahkamlaydi. Chunki Tasmagambetov Moskvada katta obro‘ va hurmat orttirgan. U og‘ir vaznli siyosatchi, adashmasam, Rossiyada biznesi ham bor, o‘ziniki bo‘lmasa qarindoshlariniki aniq bor. Moskva buni hisobga oladi. Tasmagambetov ham Qozog‘iston va Rossiya munosabatlaridagi butun chigallikni idrok eta oladi va ishini uddalaydi, deb o‘ylayman.
Boshqa tarafdan esa, Armaniston Qozog‘istonni tashkilotdagi barcha mamlakatlarning hamkori sifatida va Rossiyaning Ukrainadagi maxsus harbiy amaliyotiga ancha tanqidiy munosabati vajidan hurmat qilishidan foydalanib, shu yo‘l bilan uning tashkilotga salbiy munosabatini yumshatishmoqchi. Toqayevning sammitdagi bayonotiga e’tibor bering: u Rossiya bilan Ukraina qardoshlik va birodarlikdan abadiy voz kechmasligi choralarini ko‘rmog‘imiz lozim, dedi.
– U bu gapni “hammamiz bir bo‘lib tinchlik formulasini izlaydigan fursat yetdi”, degan ma’noda aytdi. Shuni nazarda tutyapsizmi? Biroq, ayni chog‘da Rossiya televideniyesida Qozog‘iston sha’niga Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqini oldidan Ukraina sha’niga aytilgan barcha so‘zlar yangramoqda. “Qozog‘iston hududi bizning tarixiy yerlarimiz” va shu mazmundagi iddaolar davom etyapti. Bu gaplar bir-biriga qanchalik bog‘liq?
– Hech qanday bog‘liqligi yo‘q. Aytadilar-ku, karvon o‘z yo‘lidan ketaveradi, itlar hurib qolaveradi.
– Bu holatda "itlar" kim?
– O‘sha itlardan biri, masalan, burnog‘i kuni “Qozog‘istonda ham natsistlar rejimi paydo bo‘lishi mumkin”, deb alahsiragan “siyosatshunos”. Qozog‘iston TIVning ushbu mavzudagi keskin bayonotlarini ko‘rgandirsiz. Bir narsani tushunib olaylik: Rossiya televideniyesidagi siyosiy marginallar, xususan, anov Solovyov bunaqa alahsirashlari bilan Rossiya rahbariyati uchun muayyan rol ijro qilib beradi. Ya’ni, Kremlь ularni G‘arbga va yana kimlargadir, masalan, aholining ba’zi qatlamlariga ko‘rsatib: “Mana qaranglar, bizda qanaqa telba, tajovuzkor nusxalar bor. Ammo biz hushyor rahbarlarmiz, ularning tizginini bo‘shatmaymiz. Bunaqalarni qaror qabul qiladigan lavozimlarga yaqinlashtirmaymiz”, deydi.
Bu oddiy taktika, ammo jirkanch taktika. Turgan gapki, bunga rozi bo‘lish mumkin emas, u muammoni chuqurlashtiradi, g‘ashga tegadi. Moskva bilan Kiyev, rossiyaliklar bilan ukrainaliklar o‘rtasidagi aloqalar o‘n yillar davomida shu taxlit qurilgan. Qozoqlar esa bunaqa narsalarni kechirishmaydi. Biroq, afsuski, siyosiy texnologik nayranglarga mukkasidan ketgan Kreml bunaqa istiqbolga parvo qilmaydi. Eng katta falokat mana shunda.