Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 09:45

ShHT sammiti va favqulodda choralar. Samarqand Putin kelishiga hozirlanmoqda


"O‘zbekiston havo yo‘llari" milliy aviakompaniyasi yo‘lovchilarni ShHT sammiti o‘tadigan 14-16-sentabr kunlari Samarqand xalqaro aeroporti yopilishi haqida ogohlantirdi.
"O‘zbekiston havo yo‘llari" milliy aviakompaniyasi yo‘lovchilarni ShHT sammiti o‘tadigan 14-16-sentabr kunlari Samarqand xalqaro aeroporti yopilishi haqida ogohlantirdi.

Samarqandda Shanxay Hamkorlik Tashkiloti (ShHT) sammiti o‘tishi munosabati bilan xavfsizlik choralari misli ko‘rilmagan darajada kuchaytirilmoqda. Rasmiy matbuot shaharda olib borilayotgan ulkan rekonstruksiya ishlariga urg‘u bermoqda.

Ozodlik suhbatlashgan mahalliy aholi vakillari shaharda jamoat tartibini saqlashga qo‘shni viloyatlardan Milliy gvardiya va Yo‘l-patrul xizmati xodimlari jalb etilganini aytishdi.

“Viloyatlar Milliy gvardiya mashinalari shaharda ko‘paygan. Toshkent nomeri bilan yurgan Yo‘l-patrul xizmati mashinalarini ham ko‘p uchratyapmiz”, - deydi xavfsizlik sabab ismi ochiqlanmasligini istagan samarqandlik faol.

Aeroport va maktablar yopiladi

"O‘zbekiston havo yo‘llari" milliy aviakompaniyasi yo‘lovchilarni 14-16-sentabr kunlari Samarqand xalqaro aeroporti yopilishi haqida ogohlantirdi.

Samarqand viloyat Xalq ta’limi boshqarmasi esa ShHT sammiti munosabati bilan shahar maktablarida o‘qish 19-sentabrdan boshlanishini e’lon qildi.

“Faqat Samarqand shahri maktablarida o‘qish 19-sentabrdan boshlanadi, ungacha darslar onlayn o‘tkaziladi”, - dedi 30-avgust kuni Ozodlik bilan suhbatda Samarqand Xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Shokir Sultonov.

Odatda, koronavirus pondemiyasi davrida bo‘lgani kabi faqat favqulodda xolatlardagina masofaviy ta’limga o‘tiladi.

Rasmiylar qaysi qonunchilik asosida Samarqandda o‘quvchilar uch haftaga an’anaviy ta’limdan uzilayotganini izohlamayapti.

“ShHT sammiti payti maktablarda o‘qish masofaviy bo‘lib turishi katta muammo bo‘lmasa kerak. Chunki pandemiya davrida ta’lim tizimimiz katta tajriba oldi masofaviy ta’lim bo‘yicha”, - deydi samarqandlik bloger Farruh Samarqandiy.

Putin kelishiga tayyorgarlik

Shanxay Hamkorlik Tashkilotining 15-16-sentabr kunlari Samarqandda o‘tadigan sammitida a’zo davlatlar - Rossiya, Xitoy, Hindiston, Pokiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston rahbarlari ishtirok etishi kutiladi.

Hindiston va Xitoy rahbarlarining sammitda ishtirok etishi tasdiqlangan, ammo Putinning kelishi haqida hozircha na Kreml va na o‘zbek tomoni biron rasmiy xabar bergani yo‘q.

Biroq so‘nggi haftalarda prezident Mirziyoyev hamda Tojikiston prezidenti Imomali Rahmonning Putin bilan telefon muloqotlarida Samarqandda o‘tadigan ShHT sammiti kun tartibi muhokama qilingan.

Mahalliy faollar va kuzatuvchilar Samarqanddagi favqulodda xavfsizlik choralarini Ukrainadagi urush boshlangan ilk oylarda "bunkerga yashiringani" aytilgan va so‘nggi oylarda uzoq xorijiy safarlardan tiyilayotgan Putinning xavfsizlik xavotirlari bilan bog‘liq ekanini taxmin qilishmoqda.

Bu Rossiya rahbarining Ukrainaga urush boshlanganidan buyon postsovet davlatlariga uchinchi safari bo‘ladi.

Fevral oyidan so‘ng Putin ilk bor iyun oyida Tojikiston va Turkmanistonga safar qilgandi.

“Men Putinning O‘zbekistonga kelishiga qarshiman, u bosqinchi. Ukrainaga asossiz bostirib kirgan bir yovuz odam deb bilaman uni. Bunday odamning O‘zbekistonga kelishini xohlamayman. Bu mening shaxsiy fikrim, hukumatniki boshqacha albatta, uni ko‘ryapmiz”, - deydi bloger Farruh Samarqandiy.

O‘zbekistonlik jurnalist Marina Kozlovaning fikricha, Samarqanddagi misli ko‘rilmagan xavfsizlik choralari aynan Putinning sammitga kelishi kutilayotgani bilan bog‘liq.

“Aeroport va maktablar yopilyapti, butun respublikadan Samarqandga xavfsizlik kuchlari tashlanyapti, faqat bir kishi uchun, u ham bo‘lsa Putin. Ukrainaga urush fonida yaqin maslahatchilaridan ham masofa saqlab o‘tirgan Rossiya rahbari uchun qilinyapti bu choralar”, - deydi Marina Kozlova.

Shveysariyada yashovchi o‘zbek faoli va tadbirkor Gavhar Vaybl Putin uchun bunday hozirliklar O‘zbekiston tashqi siyosati uchun "isnod" ekanini aytadi.

“G‘arb tomonidan sanksiyalar nishoniga olingan va ko‘plab g‘arb siyosatchilari nazarida terror davlati sifatida olinishi kerak bo‘lgan Rossiya rahbari Putinni Samarqandda maktablarni yopib, bolalarni o‘qishidan qoldirib kutib olish bu siyosiy ko‘rnamaklik. O‘zbekiston bir tomonlama siyosiy pozitsiyani egallamoqda. Ukraina mustaqillik kuniga durustroq tabrik ham yo‘llamadi, lekin Putinni oyog‘i ostiga qizil gilam to‘shashga shay bo‘lib turibdi”

"Salbiy narsalarni yozmaslik so‘raldi"

ShHT sammiti arafasida mahalliy blogerlarga “salbiy” holatlar haqida yozmay turish tayinlangan.

Samarqandlik bloger Temur Sattarov bu haqda Facebook sahifasida yozdi.

“Bu tadbirlar davomida hech qanday salbiy narsalarni nashr etmaslikni "so‘rashdi". Men tuzumga qarshi chiqmayman. U hali ham bor, men oilam uchun qurbon bo‘lmayman”, - deb yozdi bloger.

Ammo Temur Sattarov topshiriq qaysi idoradan bo‘lganini ochiqlamagan.

Samarqandlik boshqa bir bloger Farruh Samarqandiy ham blogerlarga bosim bo‘layotgani haqida gapiradi.

“Menga hech kim hech narsa degani yo‘q, lekin Internetga chiqib har- xil bo‘lmag‘ur narsalarni yozmanglar, degan narsalar bo‘lyapti. Har-xil negativ chiqarmanglar Internetga, mana shu gaplar qaysidir tashkilotlar tomonidan aytilayotganini Telegram guruhlarda, o‘zimizni guruhlar bor, o‘sha yerda yozishyapti. Ko‘plar yozyapti, lekin shaxsan o‘zimga aytilgani yo‘q”, - deydi Samarqandiy.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, mahalla faollari va uchastka nozirlariga ham ShHT sammiti payti nizoli holatlar bo‘lmasligini ta’minlash yuzasidan choralar ko‘rish haqida topshiriq berilgan.

“O‘zini yoqish ko‘p bo‘lyapti, shunaqa holatlar bo‘lmasin deb, qattiq topshiriqlar berilyapti mahalla va uchastkavoylarga. Mahallalarda har kuni shu masalada yig‘inlar bo‘lyapti. Janjal kelib chiqishi mumkin bo‘lgan xonadonlar alohida nazoratga olinyapti”, - deydi ismi ochiqlanmasligini so‘ragan samarqandlik faol.

Samarqand daydi it va uysizlardan tozalanmoqda

ShHT sammiti oldidan Samarqand shahri daydilar va daydi itlardan tozalanmoqda.

Mahalliy faolning Ozodlikka aytishicha, Veterinariya nazorati xodimlari yoppasiga ko‘chalarida daydi itlarni ushlashga jalb etilgan.

"Ular itlarni ushlab, mashinalarga bosib, noma’lum joyga olib ketmoqda", - deydi faol.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bayramlar arafasida yoki prezident ishtirok etadigan tadbirlar oldidan shaharni daydi it-mushuklar, mangustlar va kalamushlardan tozalash odatiy hol.

Samarqand veterinariya xizmati vakili Ozodlikka daydi itlar o‘ldirilmayotgani, ushlanib, maxsus ixtisoslashgan boshpanalarga olib borilayotganini aytdi.

Ulkan qurilishlar

ShHT sammiti arafasida Samarqandda binolarning tashqi ko‘rinishi qayta rekonstruksiya qilinmoqda.

Ozodlik manbasining aytishicha, shahar markazidagi uylar fasadi penoplastdan yasalgan dekorativ bezaklar bilan bir xil qoplanmoqda.

Samarqandda katta tadbir arafasida olib borilayotgan qurilish ishlariga qo‘shni viloyatlardan ishchilar ham safarbar etilgan.

“Mardikorlarga to‘lanadigan kunlik ish haqi ikki baravar oshib, 200 ming so‘mga yetdi. Hammasiga ishlarni 11-sentabrgacha tugatib, shahardan chiqib ketish buyurilgan. Shuningdek, qo‘shni viloyatlardan gul ekuvchi ayollar ham olib kelingan. Aeroportdan shahar markazigacha yo‘l chetiga gullar ekilmoqda. Gul ekuvchilarga 130 ming so‘mdan shu yerni o‘zida beryapti”, - deydi samarqandlik bloger Gulshoda.

Sammit kuni Samarqand shahri viloyatdan keluvchilarga butunlay yopilishi haqida ham xabarlar bor.

Samarqanddagi ShHT sammitiga tayyorgarlik to‘rt yil oldin boshlangan.

“2022-yilda Samarqand shahrida Shanxay Hamkorlik Tashkilotining navbatdagi sammitini o‘tkazishga tayyorgarlik ishlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining qarori ham qabul qilingandi.

Bu ishlarni amalga oshirish uchun Samarqand viloyatini obodonlashtirish va farovonligini oshirish jamg‘armasi tashkil etilgan va viloyat hokimligiga 5 yilga 2 foizlik 25 mln AQSh dollariga teng ekvivalentdagi kredit ham berilgan edi.

O‘zbekiston 2016-yilda ham Shanxay Hamkorlik Sammitiga mezbonlik qilgan.

Каримов Шанхай саммитини лазги билан қизитди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:07 0:00

Mamlakatning o‘sha paytdagi prezidenti Islom Karimov o‘limidan ikki oy oldin, iyun oyida o‘tgan sammit payti Toshkentda xavfsizlik choralari kuchaytirilib, talabalar muddatidan oldin ta’tilga jo‘natilgandi.

XS
SM
MD
LG