Линклар

Шошилинч хабар
20 май 2022, Тошкент вақти: 21:20

Savitskiy muzeyi: "Cho‘ldagi Luvr"ni saqlab qolish harakatlari


Nukusdagi afsonaviy tasviriy san’at kolleksiyasining yo‘q bo‘lib ketishi xavfidan xavotirga tushgan faol va ko‘ngillilar ularni suratga olib, veb‑saytga joyladi.

O‘zbek. Vasiliy Rojdestvenskiy (1884-1963)
O‘zbek. Vasiliy Rojdestvenskiy (1884-1963)

Fotoapparat va mobil telefonlar bilan qurollangan ko‘ngillilar Osiyodagi eng noyob va qimmatbaho san’at kolleksiyalaridan biri o‘g‘irlanishi oldini oladi degan umidda asarlarning ommaga ochiq katalogini tashkil qildi. O‘zbekiston Nukus san’at muzeyida saqlanayotgan to‘qqiz yuzta tasviriy san’at asarini hozirda onlayn rejimida ko‘rish mumkin.

Dalaga yo‘l olgan brigada. G‘oliblar. Aleksandr Volkov (1886-1957)
Dalaga yo‘l olgan brigada. G‘oliblar. Aleksandr Volkov (1886-1957)

Cho‘lli Qoraqalpog‘istondagi Nukus muzeyi 1966 - yilda rossiyalik rassom va arxeolog Igorь Savitskiy tashabbusi bilan tashkil etilgan. U mahalliy hokimiyatni asosan mahalliy madaniy yodgorliklarni saqlash uchun joy kerakligiga ishontirganidan keyin ushbu muzey ochilgan. Savitskiy san’at asarlarini to‘plash uchun safarlari, jumladan, Moskvaga sayohatlarida Sovet hukumati unutilishga mahkum qilgan, GULAGlarga surgun qilgan yoki otib tashlagan rassomlarning qarindoshlari va bevalari bilan uchrashdi. Uning sa’y‑harakati bilan muassasa asta-sekin taqiqlangan san’at xazinasiga aylandi.

Qamoqxona oshxonasida. Nadejda Borovaya (1909-1987)
Qamoqxona oshxonasida. Nadejda Borovaya (1909-1987)

Shaxsiy aloqalari va Nukusdagi keng bazasi tufayli Savitskiy qora ro‘yxatga tushgan rassomlarning odamlarning uylarida yashirin saqlangan o‘n minglab asarlarini ehtiyotkorlik bilan to‘plashga muvaffaq bo‘ldi. Kolleksioner ba’zi hollarda Sovet hukumati "buzuq" deb qoralaydigan avangard rassomlarning asarlarini sotib olish uchun davlat mablag‘laridan foydalangan. Savitskiyning bunday jasorat bilan to‘plam qilishi xuddi Tolibon mablag‘laridan foydalanib, budda haykallarining ulkan zaxirasini yig‘ish bilan taqqoslanadi. Savitskiy O‘rta Osiyo bilan aloqada bo‘lgan yoki o‘zbek manzaralarini chizgan rassomlarga alohida e’tibor bergan.

Registonda. Nikolay Karaxan (1900-1970)
Registonda. Nikolay Karaxan (1900-1970)

1984 - yilda Savitskiy vafotidan keyin muzeyni uning tanlangan vorisi Marinika Babanazarova boshqarib kelgan. Ammo 2015 - yilda o‘zbek rasmiylari Babanazarovani ishdan bo‘shatganda, ko‘pchilik uning nazorati ostidagi san’at asarlari korruptsiya ildiz otgan mamlakatda o‘g‘irlanishi mumkinligidan xavotirga tushib qoldi. Nukus muzeyidagi ba’zi suratlarning har biri millionlab dollarga baholanadi va muzey fondida 82 mingdan ortiq san’at asari mavjud.

T. B. Aleksandrovaning portreti. Lev Jegin (1892-1969)
T. B. Aleksandrovaning portreti. Lev Jegin (1892-1969)

2015 - yilda Babanazarovaning bahsli ishdan bo‘shatilishi ortidan Nukus san’atini raqamlashtirish va uni onlayn-katalogda nashr etish loyihasi boshlandi. Parijlik tarixchi Svetlana Gorshenina va monreallik kurator Boris Chuxovich Alerte Héritage Observatory veb-saytiga asos soldi.

Gorsheninaning “Ozodlik” radiosiga aytishicha, Nukus san’atining ommaga ochiq bazasini yaratish tashabbusi “Aleksandr Volkovning Farg‘ona muzeyi kolleksiyasidan olingan kamida bitta asari Londondagi kim oshdi savdosida paydo bo‘lganidan so‘ng” dolzarb bo‘lib qolgan. Muzey devoriga o‘sha asarning soxta nusxasi ilib qo‘yilgan edi.

G‘isht zavodi. Aleksandr Volkov
G‘isht zavodi. Aleksandr Volkov

Gorsheninaning aytishicha, muzeydagi eng qimmatbaho san’at asarlarining fotosuratlari veb-saytda ommaga ochiq bo‘lsa, asl nusxada soxtalik gumon qilinganda uni tekshirish uchun qo‘llanma bo‘ladi. “Gap shundaki, biror rasmning aniq nusxasini yaratish mumkin emas, shuning uchun [asl nusxaning] tasviri ma’lum bo‘lsa, u muzey kolleksiyalari uchun xavfsizlik mexanizmi bo‘lib xizmat qiladi.”

Sholi dalasidagi bola, Viktor Ufimsev (1899-1964)
Sholi dalasidagi bola, Viktor Ufimsev (1899-1964)

Savitskiy muzeyga atay tanilmagan rassomlarni olib kelgan, ya’ni Nukus kolleksiyasi hozirda ko‘plab rassomlar ijodi uchun yagona ombor bo‘lib, firibgarlikni aniqlashni qiyinlashtirishi mumkin.

Tog‘larda moviy oqshom. Avtoportret. Aleksey Podkovirov
Tog‘larda moviy oqshom. Avtoportret. Aleksey Podkovirov

Gorsheninaning aytishicha, raqamlashtirish loyihasi butunlay ommaviy tashabbus edi: ko‘ngillilar ko‘rgazmaga qo‘yilgan san’at asarlarini kameralar va ba’zi hollarda hatto mobil telefonlar bilan ham suratga olishdi. Shundan so‘ng tadqiqotchilar Nukus muzeyida asarlari saqlanayotgan 124 nafar ijodkorning imkoni boricha muxtasar tarjimai holini tuzdilar. Agar muzey va uning asoschisi bo‘lmaganida, bugungi kunda bu san’atkorlarning ko‘plari unutilgan bo‘lardi.

Registon. Varsham Yeremyan (1897-1963)
Registon. Varsham Yeremyan (1897-1963)

Bugungi kunda, Gorsheninaning so‘zlariga ko‘ra, qimmatbaho kolleksiyani kataloglovchi ushbu veb-sayt “Nukus muzeyi asarlari reproduksiyalarining nashr etilgan eng to‘liq to‘plamidir”.

XS
SM
MD
LG