Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 16:56

Sanksiyalar zarbi. Rossiya Markaziy banki rublni qulashdan saqlab qolishga urinmoqda


Rossiya Ukrainaga bostirib kirishi ortidan G‘arb davlatlari joriy qilgan sanksiyalar tufayli rubl keskin qadrsizlandi.

The Associated Press agentligining xabar berishicha, narxlar oshishi haqidagi xavotirlar fonida Rossiya bo‘ylab banklar va bankomatlarda turnaqator navbatlar yuzaga kelmoqda.

Sovet Ittifoqi parchalanganidan beri Rossiya xalqi bir necha marta rubl qadrsizlanishini boshdan kechirgan.

G‘arb davlatlari ba’zi rus banklarining SWIFT xalqaro to‘lov tizimidan foydalanishiga to‘siq qo‘yishi hamda Rossiyaning yirik valyuta zaxiralaridan foydalanishi cheklanishini e’lon qilganidan so‘ng, dushanba kuni Rossiya valyutasi AQSh dollariga nisbatan taxminan 30 foizga qadrsizlandi.

Rossiya Markaziy banki ko‘rgan tezkor choralar tufayli valyuta kursi bir oz tiklandi. Dushanba erta tongda bir dollar rekord 105.27 rublga ko‘tarildi. Kechga borib kurs 94.43 rublga tushdi.

Ammo dushanba kuni kechroq AQSh Moliya vazirligi Rossiya Markaziy bankining AQShdagi yoki amerikaliklar egalik qiladigan barcha aktivlarini muzlatadigan yangi sanksiyalarni e’lon qildi. Bayden ma’muriyatining hisob-kitobiga ko‘ra, bu chora Rossiyani «yuzlab milliard dollar» qiymatga ega moliyadan mahrum qilishi mumkin.

Bayden ma’muriyati rasmiylarining so‘zlariga ko‘ra, Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Italiya, Yaponiya, Yevropa Ittifoqi va boshqa mamlakatlar Rossiya markaziy bankini nishonga olishda AQShga ko‘maklashadi.

Rossiya bo‘ylab sanksiyalar iqtisodiyotga jiddiy zarba berishidan xavotir olayotgan odamlar bir necha kundan beri banklar va bankomatlarga yopirilmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda banklarda va bankomatlar oldida uzundan-uzoq navbatlar yuzaga kelgani haqida xabar tarqalmoqda.

Dam olish kunlari Moskva jamoat transporti departamenti shahar aholisini yo‘l haqini to‘lash uchun “Apple Pay”, “Google Pay” va “Samsung Pay” xizmatlaridan foydalanishda muammolar yuzaga kelishi mumkinligi haqida ogohlantirdi, chunki Moskva metrosi, avtobuslari va tramvaylarida karta to‘lovlarini yuritadigan VTB banki sanksiyalarga duchor bo‘lgan banklarning biridir.

Iqtisodchilar va tahlilchilarning aytishicha, rublning keskin devalvatsiyasi oddiy rossiyaliklarning turmush darajasi pasayishiga sabab bo‘ladi. Rossiyaliklar hali ham ko‘plab tovarlarni import qiladi. Bu tovarlarning narxi keskin ko‘tarilishi kutilmoqda. Bundan tashqari, rossiyaliklar uchun chet elga sayohat qilish qimmatlashadi, rublga kamroq xorijiy valyuta sotib olish mumkin bo‘ladi. Keyingi haftalarda narxlar va ta’minot zanjiridagi muammolar hamda talabning pasayishi tufayli zavodlar yopilsa, Rossiyada iqtisodiy vaziyat yanada og‘irlashadi.

Virjiniya shtatidagi Uilyam va Meri universitetining iqtisod professori Devid Feldman Associated Press agentligi bilan suhbatda «bu holat ularning iqtisodiyoti bo‘ylab tez sur’atda tarqaldi», dedi.

«Import qilinadigan har qanday narsaning mahalliy narxi oshadi. Buni to‘xtatishning yagona yo‘li katta subsidiya ajratishdir».

Rossiya hukumati oqsoqlayotgan sanoat, banklar va iqtisodiyot tarmoqlarini dastaklashi kerak bo‘ladi, ammo mamlakat buni amalga oshirish uchun AQSh dollari va yevro kabi valyutalardan foydalana olmaydi. Natijada Rossiya Markaziy banki ko‘proq rubl bosib chiqarishga majbur bo‘lishi mumkin. Bu esa giperinflyatsiya keltirib chiqarishi mumkin.

Rubl so‘nggi 30 yil davomida bir necha marta inqirozga uchragan. Sovet Ittifoqi parchalanib ketishi ortidan 1990‑yillarning ilk yarmida rubl qiymati sezilarli darajada pastlagan. Natijada Rossiya hukumati 1997 - yilda rubl banknotlaridan uchta nolni olib tashladi. 1998 - yildagi moliyaviy inqiroz tufayli rubl yana qadrsizlandi, ko‘plab rossiyaliklar o‘z jamg‘armalaridan mahrum bo‘ldi. 2014 - yilda Rossiya Ukrainaning Qrim yarimorolini bosib olganidan keyin joriy qilingan sanksiyalar va neft narxining tushishi tufayli Rossiya valyutasi yana qadrsizlandi.

Rossiya Markaziy banki rubl kursini ushlab turishga zo‘r berib kurashmoqda. Xususan, bank valyuta kursini mustahkamlash va bank sarosimasi oldini olish maqsadida asosiy foiz stavkasini keskin oshirdi. Shuningdek, bank Moskva birjasi dushanba kuni ochilmasligini bildirdi.

Markaziy bank benchmark stavkasini 9.5 foizdan 20 foizga ko‘tardi. Yakshanba kuni G‘arb davlatlari Rossiyaning qattiq valyuta zaxiralarini muzlatishga qaror qilgandi. Bu misli ko‘rilmagan chora bo‘lib, Rossiyaning moliyaviy barqarorligi uchun halokatli oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Rossiyaning 640 milliard dollar qiymatga ega valyuta zaxirasining bir qismi xorijda saqlanadi. Rossiya zaxiralarini qancha ulushi yuqorida tilga olingan qaror ortidan muzlatilishi hozircha noma’lum bo‘lib qolmoqda. Yevropa rasmiylarining aytishicha, Rossiya zaxiralarining kamida yarmi muzlatiladi.

Bu chora ortidan Rossiya moliya organlarining rubl kursini ushlab turish uchun zaxiralardan foydalanish imkoniyati keskin cheklandi, natijada rublga bosim oshdi.

Dushanba kuni Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov Rossiyaning qattiq valyuta zaxiralarini muzlatib qo‘yishni ko‘zda tutuvchi yangi sanksiyalarni «og‘ir» deb ta’rifladi, ammo «Rossiya zararni qoplash uchun yetarlicha salohiyatga ega», deya ta’kidladi.

Markaziy bank mamlakatdagi banklarga inqirozni engishda yordam berish uchun boshqa choralarni ham ko‘rdi. Xususan, bank moliyaviy tizimga ko‘proq naqd pul kiritdi va bank operatsiyalari uchun cheklovlarni yumshatdi. Shuningdek, Rossiya Markaziy banki sarosimaga tushib, o‘z investitsiyalarini naqd pulga alishtirishga urinayotgan xorijiy investorlar harakatlari rublga salbiy ta’sir ko‘rsatishi oldini olish ilinjida Rossiya tashqarisidagi shaxslarga davlat obligatsiyalarini sotishni vaqtincha taqiqladi.

Rublni dastaklash maqsadida ko‘rilayotgan choralarning o‘zi muammoli, chunki foiz stavkalarini oshirish kompaniyalar uchun kredit olishni qimmatlashtiradi, natijada iqtisodiy o‘sish sekinlaydi.

XS
SM
MD
LG