Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 16:40

Samarqanddagi Benkov uyini himoya qilgan jurnalist jarimaga tortildi


Anastasiya Pavlenko. Samarqand, yanvar, 2022
Anastasiya Pavlenko. Samarqand, yanvar, 2022

Samarqandlik jurnalist va jamoat faoli Anastasiya Pavlenko Madaniy meros obyektlari Milliy ro‘yxatidagi davlat himoyasida bo‘lgan mashhur o‘zbek sovet rassomi Pavel Benkov yashagan uy hududidagi noqonuniy qurilishni to‘xtatishga qaratilgan harakatlari uchun sudga tortilib, jarimaga mahkum etildi.

Qurilishi noqonuniy deb topilib, to‘xtatilganligidan norozi bo‘lgan rassom uyining hozirgi mulkdori jurnalist ustidan sudga shikoyat arizasi kiritgan.

18 - yanvar kuni Samarqand shahar sudi Anastasiya Pavlenkoni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 45-moddasi (“Fuqarolarning turar joyi daxlsizligini buzish”), 46-moddasi (“Fuqaroga ma’naviy yoki moddiy zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan ma’lumotlarni oshkor etish”) hamda 202-moddasi 1-qismi (“Yolg‘on axborot tarqatish”) bilan aybdor deb topib, unga nisbatan BHMning 7 baravari miqdorida jarima jazosi tayinladi.

Samarqand viloyat qurilish bosh boshqarmasiga ma’lumotiga ko‘ra, Samarqand shahar Benkov ko‘chasi 13-uy madaniy meros obyekti sifatida milliy ro‘yxatda qayd etilgan. Uy YuNESKOning umumjahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan, Samarqand shahrining tarixiy-me’moriy qo‘riqxona hududida joylashgan.

Anastasiya Pavlenko rus tilida chop etiladigan “Samarkandskiy vestnik” gazetasi bosh muharriri o‘rinbosari va “Samarqandni asraymiz” mustaqil tashabbus guruhi a’zosidir.

Jurnalist 18 - yanvar kuni o‘zining Feysbuk sahifasida sud jarayoni "noxolis" o‘tgani va protsessual normalar qo‘pol ravishda buzilgani haqida yozdi:

“Sud jarayonida tuhmat va haqoratga uchradim, menga himoyalanishim uchun hech qanday imkon berishmadi, men tomonimdan kiritilgan barcha iltimosnomalar va xususan, sudya Ro‘ziyevni chetlash, ekspert va mutaxassislarni so‘roq qilishga jalb qilish so‘rovi ham rad etildi” .

Sudda qatnashgan O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati Samarqand viloyat bo‘limi raisi Mirzo Subhonovning Ozodlikka bildirishicha, jamoatchilik vakillarining sud jarayonida qatnashish haqidagi so‘rovi rad etilgan.

“Jinoyat sudlarida jamoat himoyachilari sifatida doimiy qatnashib kelamiz, ammo bu ishga bizni kiritishmadi. Sud jarayonini video tasvirga olish, ish materiallarini rus tiliga tarjima qilish, yolg‘on ma’lumot deb topilgan matnlarni lingvistik ekspertizadan o‘tkazish, Madaniy meros departamenti xodimlari va bayonnomani bevosita rasmiylashtirgan ichki ishlar xodimini sudga chaqirish haqidagi so‘rovlarning barchasi sudya tomonidan rad etildi”, - deydi Mirzo Subhonov.

“Ozodlik” bilan suhbatda Anastasiya Pavlenko sud "oldindan rejalashtirilgan ssenariy asosida o‘tgani"ni iddao qildi.

"Agar ushbu jarayonni sud deb atash mumkin bo‘lsa, ushbu sudni men 20 yillik jurnalist sifatidagi o‘z kasbiy faoliyatimga nisbatan ta’qib sifatida baholayman”, deb aytdi samarqandlik jurnalist va faol.

Madaniy meros obyekti

Anastasiya Pavlenko tomonidan Ozodlikka taqdim etilgan va O‘zbekistonning o‘sha paytdagi bosh me’mori B.Matchonovning imzosi qo‘yilgan 2021 - yil yanvardagi hujjatda "Samarqand shahar, Benkov ko‘chasi, 13-uy manzilda joylashgan turar-joy binosining hovli qismida (madaniy meros obyektidan 20 metr uzoqlikda) yer qazish ishlari olib borilganligi" aytiladi.

Unda "obyektni o‘rganuvchi ishchi guruhi tomonidan fuqaro E.S (hujjatda to‘liq ism-sharifi keltirilgan-tahr.)ga Madaniy meros departamenti Ilmiy-ekspert Kengashining xulosasi olinmasdan, Samarqand shahar, Benkov ko‘chasi, 13-uy manzildagi moddiy madaniy meros obyekti hovlisida noqonuniy qurilish ishlarini olib borganligi uchun tushuntirish berilib, javobgarlikka tortilishi to‘g‘risida ogohlantirildi hamda qurilish ishlari to‘xtatildi” deya bayon etilgan.

Jurnalistning qo‘shimcha qilishicha, davlat himoyasidagi madaniy meros hududidagi qurilish to‘xtatilganiga qaramasdan, uy egasiga nisbatan yozma ogohlantirishdan boshqa chora ko‘rilmagan.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, Samarqand viloyati Madaniy meros boshqarmasi uy egasiga qurilish ishlarini boshlashdan avval Toshkentda joylashgan Madaniy meros departamenti Ilmiy-ekspert Kengashi xulosasini olishi shartligini ma’lum qilgan. Ammo ushbu xulosa olinmasdan qurilish ishlari boshlab yuborilgan.

“Ozodlik” jurnalist harakatidan jabrlangan deb topilgan fuqaro bilan bog‘lana olmadi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 49-moddasida asosan “Fuqarolar O‘zbekiston xalqining tarixiy, ma’naviy va madaniy merosini avaylab asrashga majburdirlar. Madaniyat yodgorliklari davlat muhofazasidadir” deya alohida ko‘rsatib o‘tilgan.

Zarnews.uz nashrining san’atshunos Guljahon Temurovadan iqtibos keltirishicha, “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, rassom Pavel Petrovich Benkov Samarqandga 1930 yilda kelgan va bu yerda o‘zining eng sara asarlarini yaratgan, ular nafaqat O‘zbekiston, balki Rossiya muzeylarida ham saqlanadi."

“Samarqand – 1937”

Mustaqil jurnalist va tarmoq faoli Nikita Makarenko Anastasiya Pavlenko ustidan sud jarayonini 1937 -1938 - yillardagi ziyolilar qatag‘oniga qiyosladi.

“Viloyatlarda so‘z erkinligi o‘ta og‘ir ahvolda. Tanqidiy mavzularni ko‘tarayotgan jurnalist va blogerlar “choyxonacha adolat”ga qarshi chiqa olmayaptilar va ularning taqdiri “sahna ortida” hal bo‘lmoqda”, deb yozdi u 19 - yanvar kuni o‘zining "Effekt Makarenko" Telegram-kanalida.


Makarenko Anastasiya va boshqa faollarga hujumlarni “Samarqandni asraymiz” mustaqil tashabbus guruhining atrof-muhitni asrash bilan bog‘liq faoliyatiga bog‘lagan.

O‘tgan yil oxirida “Samarqandni asraymiz” guruhining boshqa bir faoli Ruslan Xairnurov noma’lum shaxsning ijtimoiy tarmoqdagi postini bo‘lishgani uchun hibsga olingandi.

Qamoqqa olingan faol huquq himoyachilari va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining keskin e‘tirozlari ortidan ozod etilgan va uy qamog‘iga o‘tkazilgan.

Ruslan Xairnurovga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 139–moddasi 3–bandi bilan “Tuhmat” qilganlik aybi qo‘yilgan va hozirda tergov davom etmoqda.

XS
SM
MD
LG