Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 04:57

Rossiyada jang maydonidagi muvaffaqiyatsizliklar borasida norozilik kuchaymoqda


Rossiya prezidenti Vladimir Putin.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin.

Keyingi haftalarda ashaddiy rus millatchilari va rossiyalik harbiy blogerlarning Telegram-kanallarida rus harbiy qo‘mondonlariga nisbatan g‘azabnok tanqidlar ko‘paydi. Buning sabablaridan biri Ukraina armiyasining Xarkov viloyati va boshqa hududlarda qarshi hujum boshlab, Rossiyani chekinishga majburlaganidir.

Dam olish kunlari Ukraina harbiylari Donetsk viloyatida strategik Liman shahrini qo‘lga oldi. Buning ortidan Rossiyada keng jamoatchilik mamlakat armiyasini tanqid qila boshladi. Rossiyaning eng ko‘p adadli gazetalarining bosh sahifalarida tanqidiy maqolalar chop etildi.

Bu holat Rossiya armiyasi va Kreml uchun jiddiy muammodir.

Qarorgohi Londonda joylashgan Chatham House tahlil markazining Rossiya va Yevrosiyo dasturi rahbari Jeyms Niksi Ozodlik bilan suhbatda:

«Saroy to‘ntarishi sodir bo‘lishini bashorat qilmagan bo‘lardim. Agar shunday bo‘lganida, biz bu haqda deyarli oxirgilardan bo‘lib xabar topgan bo‘lardik. Bunday narsalar juda tez sodir bo‘ladi», - dedi.

«Ammo, shubhasiz, Rossiyaning yuqori qatlamlarida urushning borishidan norozilik kuchaymoqda. Bu esa turli yo‘llar bilan namoyon bo‘lmoqda».

Putinning qariyb 23 yildan beri davom etayotgan hukmronligi davrida Rossiyaning bir vaqtlar erkin bo‘lgan matbuoti to‘liq nazoratga olindi. Rossiya 24-fevral kuni Ukrainaga bostirib kirganidan keyin, Putin urush to‘g‘risida mustaqil xabar berishni hamda «qurolli kuchlarni obro‘sizlantirishni» jinoyatga tenglashtiruvchi qonunni imzoladi.

Bundan tashqari, «Exo Moskvi» radiostansiyasi va «Novaya gazeta» kabi mamlakatdagi eng taniqli mustaqil nashrlar yopildi. Hatto Facebook, Twitter va VK kabi ijtimoiy media shirkatlari senzura qilina boshlandi yoki jilovlandi.

Biroq Telegram ilovasi Rossiya regulyatorlari senzurasiga uchragani yo‘q hali. Natijada platformada urush haqidagi ma’lumot, tanqid va munozaralar erkin ulashilmoqda.

«Bu haromilarni ... yalangoyoq frontga yuboring»

Rossiya ichida rus armiyasining Ukrainadagi dastlabki muvaffaqiyatsizliklari haqidagi yozish cheklangan. Rossiya qo‘shinlari bosqinning dastlabki haftalarida Kiyevni qo‘lga kirita olmaganidan keyin ham rossiyalik qo‘mondonlar va blogerlar rus harbiylari Donbasga – Donetsk va Lugansk viloyatlariga chekinganini shunchaki taktik qaror o‘laroq baholadilar.

Poytaxt qo‘lga olinmaganidan keyin, Kreml bir nechta yuqori lavozimli zobitni aralashtirdi, qo‘mondonlik tuzilmasini qayta tuzdi va hatto bir nechta qo‘mondonni lavozimidan bo‘shatdi.

Putin 21-sentabr kuni «qisman» safarbarlik e’lon qilishidan oldin taniqli sobiq razvedkachi Igor Girkin Rossiya armiyasini ochiq tanqid qilib kelayotgan edi. Shuningdek, Girkin necha hafta davomida Putinni to‘liq safarbarlik boshlashga chorlab kelayotgandi.

2-oktabr kuni, ya’ni Rossiya Mudofaa vazirligi rus qo‘shinlari Limandan olib chiqib ketilganini tasdiqlaganidan bir kun o‘tgach, Girkin Qurolli kuchlar Bosh shtabi boshlig‘i general Valeriy Gerasimovni qoraladi. Girkin, shuningdek, Markaziy harbiy okrugning yuqori qo‘mondoni general-polkovnik Aleksandr Lapin va mudofaa vaziri Sergey Shoyguni ham tanqid qildi.

«Bu o‘rtoq hozirgi maxsus harbiy operatsiyadagi barcha g‘alabalarimiz uchun tasannoga loyiq», deb yozdi Girkin Gerasimov haqida istehzo bilan.

Checheniston rahbari Ramzan Qodirov esa harbiy qo‘mondonlarni yanada ochiqroq tanqid qilib keladi. Qodirov 1-oktabr kuni Lapinni rus harbiylarini tegishli aloqa va qurol-aslaha bilan ta’minlamaganlikda aybladi. Shuningdek, Qodirov urushda keskin chora ko‘rish, jumladan, Ukrainaga qarshi taktik yadro qurollarni ishga solishga chorladi.

Kremlga yaqindan aloqadorligi aytiladigan peterburglik tadbirkor, «Vagner» xususiy harbiy shirkati egasi Yevgeniy Prigojin ham ayni fikrni izhor qildi.

«O‘sha haromilarning barchasini pulemyot bilan frontga yalangoyoq yuboringlar», - degan Prigojin unga tegishli Concord shirkatining ma’lum qilishicha.

2-oktabr kuni Putin hukumatini yoqlab kelayotgan «Komsomolskaya pravda» tabloid gazetasida urush muxbiri rus qo‘shinlarining mag‘lubiyati va «bo‘lgan voqeaning odatiy sabablari» haqida ochiqchasiga yozgan maqolasi chop etildi.

«Xarkov viloyatidan chekinilgandan so‘ng aytilgan gaplar: qo‘shin yetishmasligi, mudofaani tashkil etishda alohida harbiy amaldorlarning xatolari», deyiladi maqolada. Unda yana bir muammo ayrim askarlarning jang qilishdan bosh tortganida ekanligi e’tirof etildi.

OzodNazar: Россиядаги оз сонли миллатлар: Путин бизни геноцид қилмоқда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:40:23 0:00

«Kech kelgan zaxiralar, turli bo‘linmalar o‘rtasida muvofiqlashtirishning yo‘qligi hamda zamonaviy razvedka uskunalarining yo‘qligi», deyiladi maqolada.

«Qamal yoki sharmandali asirlik xavfi juda yuqori bo‘lgani uchun rus qo‘mondonligi ortga chekinishga qaror qildi», deya qo‘shimcha qildi maqola muallifi.

«Nezavisimaya gazeta» nashrida esa 2-oktabr kuni «Qizil Limanning berib qo‘yilgani siyosiy muammoga aylanmoqda» sarlavhasi ostida maqola chop etildi. «Maxsus harbiy operatsiya boshlanganidan beri birinchi marta sharhlarda armiya qo‘mondonlarining ismlari ochiqchasiga aytilmoqda», deyiladi maqolada.

Hatto aksariyat rossiyaliklar uchun asosiy xabar manbai bo‘lgan asosiy davlat telekanallarida ham so‘nggi kunlarda ohang o‘zgardi. 2-oktabr kuni asosiy kechki ko‘rsatuvlarda Limandagi mag‘lubiyati va chekinishi haqida aniq gapirilmadi.

«Rossiya-1» telekanalida yakshanba oqshomida efirga uzatiladigan shou boshlovchisi Dmitriy Kiselyov Donbassdagi «qiyin» vaziyat haqida gapirdi.

Ayni telekanalning yana bir boshlovchisi Vladimir Solovyov esa safarbarlik davom etayotgan bo‘lsa-da, rossiyaliklarni yaqin orada yaxshi xabar kutmaslikka chorladi.

«Bu degani, ma’lum bir muddat biz uchun oson bo‘lmaydi. Hozir esa yaxshi xabar kutmasligimiz kerak», - dedi Solovyov.

«Bizga „uzoq iroda“ va strategik sabr kerak».

Rossiya mag‘lubiyatni tan olishi haqida «gap bo‘lishi mumkin emas»

Rossiyaning Limandagi mag‘lubiyatidan bir kun oldin Putin Ukrainaning to‘rt viloyati, shu jumladan, Liman joylashgan viloyat anneksiya qilinganini e’lon qilish uchun dabdabali marosim o‘tkazgandi.

Xelsinki universiteti qoshidagi Finlyandiya Rossiya va Sharqiy Yevropa tadqiqotlari markazi siyosatshunosi Margarita Zavadskaya:

«(Ma’ruzadan) asosiy xulosa shuki, Putin har qanday yo‘qotishlardan qat’iy nazar to‘xtamaydi. Tuturiqsiz va tarqoq nutqidan aniq strategiyasi yo‘qligini xulosa qilish mumkin», — dedi.

Putinning yuz minglab zaxiradagi askarlarni va boshqa shaxslarni jangga safarbar qilish qarori ham Rossiyada xavotir uyg‘otdi. «Qisman» safarbarlik e’lon qilinishi ortidan minglab rossiyalik mamlakatni tark etdi.

Chatham House xodimi Niksining so‘zlariga ko‘ra, safarbarlikni boshlash buyrug‘i Putin Rossiyaning Ukrainadagi harbiy kampaniyasi qanchalik yomon ketayotganini anglab yetmayotganidan dalolat beradi.

«Rossiya mag‘lubiyatni tan olishi yoki muzokaralar stoliga o‘tirishi ehtimoli eng oz bo‘lgan variantdir. Bu haqda hozircha gap bo‘lishi mumkin emas», - dedi u.

«Kreml uchun g‘alaba qozonilganini uqtirish imkoni bo‘lmagan qisqa urushdan ko‘ra, uzoq davom etadigan urush afzalroqdir».

XS
SM
MD
LG