Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 03:57

Rossiyada aksar pensionerlar demokratiya harakatini qo‘llab-quvvatlamaydi


Pyotr Zuyev 75 yoshini 15 sutkalik qamoq jazosini o‘tayotganida qarshi oldi
Pyotr Zuyev 75 yoshini 15 sutkalik qamoq jazosini o‘tayotganida qarshi oldi

Rossiyada keksa yoshdagilar avtoritar prezident Vladimir Putinning eng sodiq tarafdorlari bo‘lib keladi.

“Levada” markazi 13 - may kuni e’lon qilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, 55 yoshdan oshgan rossiyaliklarning yarmidan ko‘pi mamlakatda demokratiya tarafdorlari o‘tkazayotgan namoyishlarga salbiy qaraydi. 18 – 24 yoshdagilar orasida bu ko‘rsatkich 21 foiz, 25 – 39 yoshdagilar orasida esa 31 foizni tashkil qiladi.

“Levada” o‘tkazgan yana bir so‘rov shuni ko‘rsatdiki, 55 yoshdan oshganlarning 60 foizi aprel oyida muxolifat yetakchisi Aleksey Navalniy 2 yarim yilga ozodlikdan mahrum etilganini “adolatli” qaror deb hisoblaydi.

2018 - yilda o‘tkazilgan “Levada” so‘rovi 55 yoshdan oshganlarning 89 foizi sodir bo‘layotgan hodisalar haqida asosan davlat nazorati ostidagi televideniye orqali xabar topishini ko‘rsatgan edi. 18 – 24 yoshdagilar orasida esa bu ko‘rsatgich 49 foizga teng ekani aniqlangan.

Ammo ayniqsa nafaqaxo‘rlarning manfaatlariga ta’sir etadigan siyosatlar kun tartibiga chiqqan holatlarda istisnolar bo‘lishi mumkin. 2005 - yilda pensionerlar nafaqalarni o‘zgartirish bo‘yicha bahsli islohotlarga qarshi ommaviy norozilik aksiyalarini o‘tkazgan.

Shuningdek, 2018 - yilda ayrim keksa rossiyaliklar hukumatning pensiya yoshini oshirish qaroriga qarshi norozilik namoyishlarida qatnashdilar. Namoyish qatnashuvchilari prezident Vladimir Putin iste’fosini talab qildilar.

Ammo Rossiyada keksa yoshdagilar demokratiya harakati va fuqarolik erkinliklari uchun kurashni unchalik qo‘llamaydi. Ammo bir nechta shov-shuvli istisno mavjud.

Masalan, 2009 - yilning dekabrida tinch yig‘ilish huquqini talab qilib o‘tkazilgan norozilik namoyishida qatnashgan 82 yoshli dissident Lyudmila Alekseyevani Moskva politsiyasi keskin kuch ishlatib qo‘lga oldi va hodisa tasvirlari butun dunyoni lol qoldirdi.

82 yoshli dissident Lyudmila Alekseyeva
82 yoshli dissident Lyudmila Alekseyeva

Kaliningradlik nafaqaxo‘r Pyotr Zuyev shaharda o‘z faolligi bilan shuhrat qozongan. Mana, necha yildirki, u demokratiya tarafdorlari namoyishlarida muntazam qatnashib keladi. U siyosiy mahbus deb topilganlarni qo‘llab-quvvatlaydi.

Zuev 2018 - yilda erta tug‘ilgan chaqaloqni qasddan o‘ldirishda ayblanib, keyinchalik oqlangan neonatolog Elina Shushkevich himoyasiga o‘tkazilgan namoyishlarda qatnashdi.

U 2019 - yil iyun oyida Shushkevich tarafdorlari namoyishida hibsga olindi. Namoyishga u “Butun tizimni almashtirish kerak va Navalniy pudratchi bo‘lishi kerak” degan plakat bilan bordi. Keyinchalik u 150 ming rubl jarimaga tortildi.

Joriy yilning fevral oyida Navalniy himoyasiga o‘tkazilgan namoyishda qatnashgani uchun yana 180 ming rubl miqdorda jarimaga tortildi.

Sud rasmiylari Zuyevning 15 ming rubl nafaqasining yarmini ushlab qola boshladi. Zuev xayrixoh shaxslardan unga solingan jarimalarini to‘lash uchun yetarli miqdorda mablag‘ to‘pladi.

Bundan tashqari, jarimaga tortilgan boshqa faollar uchun 200 ming rubldan ko‘proq mablag‘ to‘pladi. Bunga qaramasdan, u har oy qarzini nafaqasidan to‘lashda davom etmoqda.

“Ular o‘lgunimcha mendan pul olishadi”, deydi u.

“Xotinim bilan to‘liq summani to‘lamaslikka qaror qildik. ... Agar men uni to‘lab, keyin boshqa namoyishda qatnashsam, ular meni yana jarimaga tortishadi. Shu tariqa cheksiz davom etadi. Ammo yillar o‘tib, hamma hukumat 80 yoshli qariyaning nafaqasini olib qolganini ko‘radi”.

Zuev so‘nggi marta 21 - aprel kuni Navalniy oldiga uning o‘z shifokori kiritilishini talab qilib o‘tkazilgan namoyishda qatnashgani uchun hibsga olindi. U va boshqa namoyishchilar 15 sutka qamoq jazosiga hukm qilindi. Qamoqda Zuyevga koronavirus yuqqanini aytishgan. Ammo Zuyevning o‘zi virusga chalinganiga ishonmasligini aytdi.

Zuevning so‘zlariga ko‘ra, uning yoshiga yetgan do‘stlarining aksariyati siyosatga qiziqmaydi.

“Putinga qarshilar ham bor, ammo ko‘pchiligida sog‘lig‘i yoki ishtiyoqi yo‘q. Televizor ularning hayotini iskanjaga olgan. Ular deyarli internetdan foydalanmaydi. Va bu juda katta ahamiyatga ega. Xalq aldanmoqda. Televizordagi har bir so‘z yolg‘ondir”, deydi u.

“Ammo men o‘zim uchun qo‘rqmayman”, deya qo‘shimcha qildi u.

XS
SM
MD
LG