Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 04:08

Rossiya: “Rosfinmonitoring” ro‘yxatiga tushgan odamlar qanday yashamoqda?


Moskvadagi "Nordeya bank" idorasi, 17 - dekabr, 2020. Illyustrativ surat.
Moskvadagi "Nordeya bank" idorasi, 17 - dekabr, 2020. Illyustrativ surat.

So‘nggi bir yilda Rossiyada “xorijiy agent”ga chiqarilgan odamlar va tashkilotlar soni keskin ko‘paydi. Bu o‘zgacha fikrlovchilarga bosim o‘tkazishning yagona vositasi emas. Yana bir vosita bor – “Rosfinmonitoring” ro‘yxati. Rossiya moliyaviy monitoring xizmati ro‘yxatiga davlat ekstremistik faoliyat yoki terrorizmga aloqador deb topgan odamlar tushadi.

Ayni paytda unda 11569 kishi qayd etilgan. Hukumat ularning bank hisobvaraqlarini yopib qo‘yadi, ko‘pchiligi shaxsiy kartalardan foydalana olmaydi va ishga kirolmaydi.

“Bankka kirib: “Karta ochdirsam bo‘ladimi?” deb so‘radim. “Albatta, pasportingizni bering”, deyishdi. Ammo ma’lumotlarni bazaga kiritgach: “Kechirasiz, bank sizga rad javobi beryapti”, deb aytishdi”, hikoya qiladi Ivan Astashin.

Ivan Astashin to‘qqiz yil “o‘tirib chiqqan”. Sud uni terrorizmda va “Muxtor jangovar terrorchilik tashkiloti” faoliyatida ishtirok etganlikda aybdor deb topgandi. Rossiyada ushbu tashkilot “terrorchi” deb topilgan va taqiqlangan. “Memorial” Ivan Astashinni siyosiy mahkum deya e’tirof etgan, Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudi esa qamoqda saqlash qoidalari buzilgani uchun unga olti ming yevro tovon puli tayin qilgan. Biroq Ivan bu pullarni, umuman hech qanaqa pulni ololmaydi.

“Rosfinmonitoring” ro‘yxatidagi odamlarni davlat jamiyatdan ajratib qo‘ygan. Terrorizm uchun o‘tirganman, desang hamma ham tushunavermaydi”, davom etadi Ivan Astashin.

Astashin sud hukmidan so‘ng “Rosfinmonitoring” ro‘yxatiga tushdi. Ro‘yxat terrorizmni moliyalashga qarshi kurash maqsadida tuzilgan bo‘lib, unda qayd etilganlar moliyaviy amaliyotlarni amalga oshirish chog‘ida sinchiklab tekshirilardi. Biroq 2013 - yilda qonunchilikka tuzatish kiritilgach, terrorizm va ekstremizm uchun sudlanganlar va ushbu jinoyatlarda gumon qilinayotganlar, agar tergovchi xohlamasa, bank kartalaridan foydalanish, mol-mulk bilan bog‘liq moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirish, meros va sug‘urta to‘lovlarini olish imkoniyatidan mahrum bo‘lishdi.

“Bir odam o‘ziga yoki qaramog‘idagi kishiga oyiga 10 ming rubl sarflashi mumkin, bundan ko‘proq pul kerak bo‘lganida esa iltimosnoma yozib, nega unga ko‘proq pul zarurligini tushuntiradi. U pul bilan bog‘liq bo‘lmagan muayyan qilmish uchun sudlangan bo‘lsa-chi? Nima uchun avtomatik ravishda qo‘shimcha jazo olishi kerak? U qanaqadir faoliyatni moliyalashtiradi, deb o‘ylashga qanday asoslari bor?” deydi “Sova” markazi rahbari Aleksandr Verxovskiy.

Tyumenlik bloger Aleksey Kungurov terrorizmni oqlashga doir ish bo‘yicha sudlangan. Bloger 2016 - yili o‘zining “Livejournal”dagi sahifasida Rossiyaning Suriyadagi harbiy amaliyotini tanqid qilgan edi.

“Qamoqdaligimda xotinim zeklar ta’biricha, “do‘kon” hisobiga ming rubl o‘tkazgan edi. Shu zahoti go‘yoki “terrorizmni moliyalagani uchun” uning bank hisobini bloklab qo‘yishdi”, deydi Aleksey Kungurov.

Ozodlikka chiqqanidan so‘ng Kungurov xotinining kartasidan foydalanishga majbur bo‘ldi, chunki o‘ziga karta ochishiga ruxsat berishmasdi. Yangi jinoiy ta’qib tufayli u Gruziyaga ko‘chib ketdi. “Nafrat va adovat qo‘zg‘atgani uchun” bir yarim yil qamalib chiqqan Danila Buzanov ham Gruziyada yashaydi. Buzanov “DXR” va “LXR”ga simpatiyasi bor bir tanishi bilan mushtlashgan. Tergovchi talqiniga ko‘ra, Buzanov mushtlashuv chog‘ida Ukrain millatchilarining shiorlarini aytgan emish.

“Rosfinmonitoring” shunisi bilan yomonki, sen go‘yo Usoma bin Lodin kabi xavfli odamdek ekstremist va terrorchilarning ochiq ro‘yxatida turasan. Sen haqingda darhol yangiliklarda aytishadi. Mana shu narsa ruhan ezadi va turmushingga ta’sir qiladi”, deydi Danila Buzanov.

Koloniyadan ozod etilganidan so‘ng Danila rasmiy ishga joylasha olmadi. Sudlanganligi tugatilgach, uch yil o‘tib uni “Rosfinmonitoring” ro‘yxatidan o‘chirishdi.

“Bunaqa ro‘yxatlarda turadigan odamni yollashga rozi ish beruvchi topilishi amri mahol. Har qanday shirkat qo‘shimcha tekshiruvlar bo‘lishini, politsiya e’tiboriga tushishni istamaydi. Shu bois ko‘pincha do‘stlarim bilan ishlab yurdim, pulni faqat naqd shaklda oldim, uch yil bir amalladim xullas. Juda qiyin bo‘ldi”, davom etadi Buzanov.

Aleksandr Verxovskiyga ko‘ra, terrorizm va ekstremizmda gumon qilingan va ushbu jinoyatlar uchun sudlangan barchani avtomatik ravishda “Rosfinmonitoring” ro‘yxatiga tirkash amaliyotida mantiq yo‘q.

“Sudlarga havola qilinganida tushungan bo‘lardim. Deylik, tergovchi sudga kelib “Falon kishining ekstremistik faoliyatni moliyalashtirayotgani to‘g‘risida ma’lumot bor, uning o‘z hisobvarag‘idan foydalanishini cheklab qo‘yish kerak”, desa. Va sud qarori bilan cheklov kiritilsa yoki tergovchining iltimosi rad etilsa. Bu xuddi jinoyatda ayblanuvchilarga ehtiyot chorasini belgilashga o‘xshash tartib-taomil bo‘lur edi”, mulohaza qiladi Verxovskiy.

Gelenjiklik Ivan Shukshin dasturchi bo‘lib ishlaydi. U “Rosfinmonitoring” ro‘yxatidan go‘yo dindorlarning his-tuyg‘ularini haqorat qilgani uchun sudlangan Mariya Motuznaya ishidan so‘ng xabar topgandi. Shukshin maxsus telegram-bot yaratgan bo‘lib, unda Rossiya hukumati nazarida terrorizm va ekstremizmga aloqador shaxslar ro‘yxatidagi yangiliklarni e’lon qilib boradi.

“Iyunda yana yuzta “ekstremist” qo‘shildi. Men kuzatib kelayotgan davr uchun rekord ko‘rsatkich bu. Umuman, yoz juda ham behalovat kechdi. Bu ro‘yxatga bolalarni ham kirita boshlashganida yoqamni ushladim. Maktab o‘quvchilarini ashaddiy jinoyatchilar o‘rnida ko‘rishyapti”, deydi Ivan Shukshin.

Ro‘yxatga yangi tushganlar ko‘pincha o‘zlari Ivanni topib, unga xabar yozishadi. Ayrimlar ro‘yxatdan o‘chirilgani haqidagi xushxabarni bo‘lishadi, boshqasi ism-familiyasini telegram-botdan olib tashlashni iltimos qiladi. Ivan gohida ularga huquqiy yordamga doir maslahatlar berib turadi. Ba’zan antiqa voqealar ham bo‘ladi.

“Bir yigitning maqomi yigirmadan ortiq o‘zgargan edi: u 13 marta terrorchi va 14 marta ekstremist maqomida bo‘ldi. Qaysidir idoralar bu masalada anchaga dovur o‘zaro kelisha olishmagan chamasi”, jilmayadi Shukshin.

“Sova” axborot-tahlil markazi rahbari Aleksandr Verxovskiy fikricha, odamlarni yoppasiga “Rosfinmonitoring” ro‘yxatiga tirkash nafaqat qo‘shimcha jazo bo‘lishi bilan birga, sudlanganlarni to‘g‘ri yo‘lga solishda mutlaqo besamar amaliyotdir.

“Har qanaqasiga olganda ham oqilona ish emas bu. Xo‘p, bu odamlar jinoyatchi deylik, ular jazo muddatini o‘tagach yana jamiyatga qaytishi kerakmi? Legal ishga joylasha olishmaganidan so‘ng ular qanday qilib qaytadan jamiyatga moslashadi?” deya savol qo‘yadi Verxovskiy.

Oktabr oyida “Rosfinmonitoring” terrorizm, ekstremizm, ommaviy tartibsizliklarni uyushtirish va narkotiklar aylanmasini moliyalashda qo‘llanilgani gumon qilingan hisobvaraqlar va bank kartalarini sud qarorisiz bloklashni taklif qilgan edi.

XS
SM
MD
LG