Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 11:58

Rossiya O‘zbekistonga muntazam aviaqatnovlarni tiklash bo‘yicha talab qo‘ydi


O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida hozirda faqat charter aviaqatnovlari mavjud.
O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida hozirda faqat charter aviaqatnovlari mavjud.

O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida muntazam aviaqatnovlar shu oydan tiklanishi mumkin.

Rossiya hukumati maxsus komissiyasi talablari asosida, O‘zbekiston barcha zarur ma’lumotni taqdim etgan va Rossiya tomonining javobini kutmoqda.

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi rasmiy xabariga ko‘ra, O‘zbekiston Transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev buning uchun O‘zbekiston hukumati maxsus komissiyasi Rossiya tomoni qo‘yayotgan talablarni bajarishi lozimligini bildirdi.

- Rossiya hukumati talab qilayotgan standartlar - 100 ming kishiga, 1 million odamga bo‘lgan kasallanish darajasi, uning dinamikasi nazorati. Talab qilinayotgan standartlar bo‘yicha bizning davlatimiz Rossiyaning maxsus komissiyasi tomonidan qo‘yilgan bu mezonlarga mos kelyapti. Shu bois bizda muntazam aviaqatnovlarni tiklashga barcha asoslar mavjud va biz hozircha rossiyalik hamkorlarimizdan javob kutyapmiz. O‘ylashimcha, shu yilning mart-aprel oylarida qandaydir ijobiy natija olishimiz mumkin,- deya O‘zbekiston Transport vazirining so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda Kun.uz nashri.

Jasurbek Choriyev O‘zbekistonda koronavirus bilan bog‘liq sanitariya-epidemiologik vaziyat to‘g‘risida talab etilgan barcha ma’lumotlarni Rossiya hukumati tomonidan tuzilgan maxsus komissiyaga taqdim etilganini ham qo‘shimcha qildi.

Ayni damda Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasida faqat charter reyslar orqali parvozlar amalga oshirilmoqda.

Oxirgi bir necha oyda Rossiyaga rasmiy tarzda faqat shartnoma asosida yollangan o‘zbekistonlik mehnat muhojirlariga kirishga ruxsat berilmoqda. O‘zbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi joriy yilning yanvar-fevral oylarida 4 mingga yaqin ishchigina chet el mamlakatlariga rasman ishlashga jo‘nab ketganini e’lon qildi.

Ularning aksar qismi Rossiya Federatsiyasi, Qozog‘iston, Janubiy Koreya va Birlashgan Arab Amirliklaridagi ish beruvchilari va mas’ul tashkilotlar bilan kelishgan holda ish joylariga jalb etilgani aytildi.

“Natijada joriy yilning yanvar-fevral oylarida Rossiya Federatsiyasiga 3209 nafar, Qozog‘iston Respublikasiga 488 nafar, Birlashgan Arab Amirliklariga 3 nafar, Koreya Respublikasida ishlash vaqtida mehnat ta’tili olib O‘zbekistonga kelgan fuqarolardan 101 nafari vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun tashkillashtirilgan holda yuborildi.Yurtdoshlarimiz belgilangan epidemiologik talablar va karantin cheklovlariga rioya qilgan holda turli obyektlarda ish boshlaydi”, deyiladi O‘zbekiston Mehnat vazirligi rasmiy xabarida.

1 - mart kuni 250 nafar o‘zbek vatandoshi ishlash uchun Rossiyaga jo‘nab ketgandi. Suhbat orqali turli viloyatlardan yollangan mehnat muhojirlari Rossiya Federatsiyasining “PIK Industriya” qurilish shirkatida ishlash uchun 52 nafari, “PSP” mas’uliyati cheklangan jamiyatida ishlashga 198 nafari Toshkent xalqaro aeroporti orqali yuborilgan. O‘tgan hafta davomida Rossiyaning turli mintaqalaridagi qurilish maydonchalariga jalb qilingan 760 nafar o‘zbekistonlik Rossiya chegarasidan ichkariga kiritilgandi.

Faqatgina Rossiya Hukumatining koronavirusga qarshi shtabi tomonidan chegara xizmatlariga taqdim etilayotgan ro‘yxat asosida tashkiliy tarzda ishga yuborilayotgan shaxslar ushbu mamlakatga kiritilmoqda.

Rossiyadagi “Sadaf” rekruting kompaniyasi rahbari Sayyora Ryabitsevaning Ozodlikka aytishicha, bugungi kunda o‘zbekistonliklar boshqa yo‘llar bilan ham Rossiyaga kirib kelishni o‘zlashtirib olishgan.

- Hozir kelayotganlarning 100 tasidan 70-tasi “davolanishga” degan ma’lumotnomalar bilan kirib kelyapti. Buning uchun ular Rossiyadagi turli tibbiy muassasalar bilan kelishgan holda maxsus ma’lumotnoma rasmiylashtiryapti. Kim ko‘zini, kim boshini, boshqa kasalliklarni davolatishga deb kiryapti. Yana bir kirib kelayotganlarning boshqa guruhi Belarus orqali “o‘qishga” deb, yana bir qismi noqonuniy yo‘llar bilan kiryapti. Qizig‘i, “o‘qishga” deb kelganlarga ham ishga ruxsatnoma berilyapti Rossiyada. Kirishning boshqa qonuniy yo‘li hozircha yo‘q, - dedi Sayyora.

Suhbatdosh kelayotganlarda chegarada ma’muriy qonunbuzarliklar aniqlansa kiritilmayotgani, ular ancha miqdorda pulga tushayotganini bildirdi.

O‘zbekiston Havo Yo‘llari rasmiy saytida mart oyiga ko‘rsatilgan narxlarga binoan, Moskva-Toshkent yo‘nalishining “ekonom” tarifi bo‘yicha aviachiptani 30 mingdan, Toshkent-Moskva yo‘nalishi bo‘yicha esa 25 mingdan ortiq rublga olish mumkinligini ko‘rish mumkin.

O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida muntazam aviaqatnovlar pandemiya oqibatida 2020 - yilning mart-aprel oylaridan boshlab vaqtincha cheklagan edi.

Moskva-Bishkek yo‘nalishidagi aviareyslar haftasiga bittadan uchtaga yetkazilgan edi. Belarus bilan temir yo‘li ochilib, Moskva-Minsk yo‘nalishidagi muntazam aviaqatnovlar haftasiga uch martadan besh martaga oshdi.

2021 - yil 15 - fevraldan Rossiya o‘zaro asosda Ozarbayjon va Armaniston bilan xalqaro parvozlarni tikladi. Shuningdek, 27 - yanvardan Finlyandiya, Vyetnam, Hindiston va Qatar bilan aviaqatnovlar qayta yo‘lga qo‘yildi.

XS
SM
MD
LG