Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 18:53

Rasmiy Bishkek Turkiya Qirg‘izistonga harbiy yordam ko‘rsatishini bildirdi


Prezident Sadir Japarov Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on bilan Anqarada 9 - iyunda uchrashdi.
Prezident Sadir Japarov Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on bilan Anqarada 9 - iyunda uchrashdi.

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarovning Anqaraga safari doirasida Turkiya Qirg‘izistonga xarbiy-texnik yordam ko‘rsatadigan bo‘ldi. Qirg‘iz-tojik chegarasida sodir bo‘lgan mojarodan keyin qirg‘iz jamoatchiligi hukumatni Turkiyadan harbiy yordam so‘rashga chaqirgandi.

Qirg‘iziston Tashqi Ishlar vaziri Ruslan Qazaqpayevning aytishicha, Qirg‘iziston bilan Turkiya strategik hamkorilik kengashining beshinchi yig‘inida sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jalik, madaniyat, sport, yoshlar siyosati va mualliflik huquqlarini himoya qilish borasida halqaro darajadagi sakkizta hujjat imzolangan.

“Prezidentlar Sadir Japarov bilan Rajab Toyyib Erdo‘g‘on yana bir muhim masalani —vizasiz rejim muddatini uzaytirishni ham muhokama qildi. Uchrashuvda bundan tashqari harbiy-texnik hamkorlik masalasida ham so‘z bo‘ldi. Turk tomoni Qirg‘iziston Mudofaa vazirligiga grant asosida xarbiy-texnik yordam ko‘rsatish istagini bildirdi”,- dedi Qirg‘iziston Tashqi Ishlar vaziri Ruslan Qazaqpayev.

Ayni paytda Anqara tomondan berilishi kutilayotgan harbiy-texnik yordam hajmi haqida aniq ma’lumot berilmadi.

Qirg‘iziston va Turkiya o‘rtasidagi 30 yillik diplomatik aloqada Anqara iqtisodiy jihatdan kuchli hamkor sifatida Bishkekka turli yo‘nalishlarda qo‘llov ko‘rsatib kelgan. Buning ichida tilga olingan harbiy-texnik sohada ham avvaldan yordamlar ko‘rsatib kelgan.

Masalan, 2018 - yilga qadar Turkiya Qirg‘izistonga yiliga 1 million dollarlik harbiy yordam ko‘rsatgan bo‘lsa, 2019 - yildan boshlab bu ko‘mak miqdori 2 million dollarga yetkazilgan.

Tүrkiyalik tahlilchi Serdar Yilmaz Ozodlik radiosi qirg‘iz xizmatiga bergan suhbatida:

“Ikki davlatning harbiy jihatdan hamkorlik qila olishi aniq. Bunday hamkorlikning ijobiy namunasini Qozog‘istonda ko‘ryapmiz. Turkiya 2013 - yili Qozog‘istonga “Aselsan” fabrikasini ochdi. “Aselsan” – Turkiyaning qurol-yaroq, o‘q-dori chiqargan milliy shirkati. Shunday fabrikani biz Qirg‘izistonda, Sadir Japarov ko‘rsatgan yerga ocha olamiz. Biz uzoq yillardan beri Qirg‘izistonga harbiy jihatdan yordam ko‘rsatib kelyapmiz. Ba’zi qirg‘iz askarlari Turkiyada mashg‘ulotlardan o‘tib kelishyapti”, - dedi turk tahlilchisi.

Turkiya o‘zi ishlab chiqayotgan qurol va texnikalarni bir necha davlatlarga sotadi yoki yordam sifatida berib keladi.

Armaniston va Ozarbayjon o‘rsatidagi so‘nggi, Qorabog‘ janjalida ham Anqara Bakuga yordam ko‘rsatgani ko‘pchilikka ma’lum.

Aytish joyizki, shu yilning may oyi oxirlari va may oyi boshlarida qirg‘iz-tojik chegarasida kuzatilgan mojarodan keyin Qirg‘izistondagi bir qator ekspertlar rasmiy Bishkekni Anqaradan harbiy yordam olishga chaqirib kelgan.

Biroq Qirg‘iziston sobiq mudofaa vaziri Abibilla Qudayberdiyev, Qirg‘iziston harbiy yordamni boshqa mamlakatlardan ham olganini aytar ekan, bu boradagi Turkiya bilan hamkorlikni Tojikiston bilan mojaroga bog‘lash noto‘g‘riligini aytadi.

Turkiyaning harbiy-texnik yordami borasidagi ma’lumot hozircha faqat rasmiy Bishkek tomonidan aytildi. Turkiya hukumati va diplomatik idoralari bu boradagi pozitsiyasini e’lon qilganicha yo‘q. Bu boradagi hamkorlik detallari boshqa formatdagi muzokaralardan keyin ma’lum bo‘lishi mumkin.

Aytish joizki, Qirg‘iziston-Tojikiston o‘rtasidagi so‘nggi mojarodan keyin har ikki davlat tashqaridan harbiy yordam olishi borasida ma’lumotlar paydo bo‘layapti. Avvalroq, Qozog‘iston Tojikistonga beminnat harbiy yordam bermoqchiligi haqida xabarlar paydo bo‘lgandi.

Qozog‘iston Mudofaa vazirligi Qozog‘iston hukumati va Tojikiston hukumati o‘rtasida imzolangan beminnat harbiy yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnomani ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi qonun loyihasi ishlab chiqilayotganini bildirdi.

Mudofaa vazirligi rasmiy bildiruvida ta’kidlanishicha, ikki davlat o‘rtasida mazkur shartnoma joriy yilning 17 - aprelida imzolangan.

Shartnomaga asosan Qozog‘iston Tojikistonga 5,45 millimetr kalibridagi uch millionga yaqin o‘qni, 23 millimetr kalibridagi 20 mingta o‘qni va minemyot uchun 10 mingta 82 millimetr kalibridagi o‘q-dorini beminnat yordam sifatida tuhfa qiladi.

Bu harbiy yordamni Qozog‘iston o‘z mablag‘i hisobiga temir yo‘l orqali Jambil viloyatining O‘tar stansiyasidan Tojikistonning Dushanbe shahridagi Roxati stansiyasigacha yetkazib beradi.

Qozog‘iston Mudofaa vazirligi huddi shunga o‘xshash shartnoma joriy yilning 2 - martida Qirg‘iziston hukumati bilan ham imzolanganini bildirgan.

Mudofaa vazirligi bayonotida mazkur ikki davlatga ko‘rsatilayotgan beminnat harbiy yordam Tojikiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi chegara nizolarining rivojlanishiga ko‘maklashish maqsadida amalga oshirilmayotgani alohida ta’kidlanadi.

28,29,30 - aprel va 1 - may kunlari qirg‘iz-tojik chegarasida sodir etilgan to‘qnashuvda Qirg‘iziston tomonidan 36 kishi halok bo‘lib, 154 kishi jarohat olgan, Tojikiston tomonidan esa 19 kishi nobud bo‘lib, 87 kishi yaralangan edi.

Mojaroda ikki mamlakat vakillari bir-birlarini ayblab chiqqanlar, Qirg‘iziston bilan Tojikiston prokuratura idoralari esa bir-birlarining fuqarolariga qarshi og‘ir moddalar bo‘yicha jinoyat ishlari ochishgan.

XS
SM
MD
LG