Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 06:18

“Qumtor ishi”: Sobiq bosh vazir va sobiq prezidentning ukasi qamoqqa olindi


Qumtor oltin koni.
Qumtor oltin koni.

Qirg‘izistonda “Qumtor” oltin koni yuzasidan bir qator siyosatchilar qamoqqa olindi. Ular orasida Qirg‘iziston sobiq Bosh vaziri O‘murbek Babanov, parlamentning sobiq raisi, sobiq prezident So‘o‘ro‘nbay Jeenbekovning ukasi Asilbek Jeenbekov ham bor.

Siyosatchilarning qamoqqa olinishi ortidan ularning tarafdorlari O‘sh viloyati va Talas shahrida bir necha yuz kishilik miting o‘tkazdi.

Qirg‘iz siyosatchilari va jamoatchilik orasida bu ish yuzasidan ikki fikr paydo bo‘lgan. Ba’zilar bu holni siyosiy bosim ko‘rsatish deya baholasa, rasmiylar qo‘lga olishlarda siyosiy tus yo‘qligini aytmoqda.

Bunga qadar, "Qumtor ishi" bo‘yicha parlament deputati Riskeldi Mombekov, sobiq deputat Maksat Sabirov Milliy xavfsizlik qo‘mitasidada so‘roq qilingan. Sobiq hukumat rahbarlari Igor Chudinov, Temir Sariyev guvoh sifatida ko‘rsatma bergan.

Siyosatchilar qamoqqa olinganidan so‘ng O‘sh viloyatining Qoraqulja tumanida sobiq prezident So‘o‘ro‘nbay Jeenbekovning ukasi Asilbek Jeenbekovning va Talasda sobiq Bosh vazir O‘murbek Babanovning ikki yuzga yaqin tarafdorlari norozilik namoyishi o‘tkazdi.

Ular siyosatchilarni qamoqdan bo‘shatishni, jazo chorasini o‘zgartishni talab qilishdi.

“Biz mamlakat rahbari va tegishli organlarga murojaat qilishga majbur bo‘lyapmiz. Nega “Qumtor” konidan davlatga 16 ming gektarni qaytarib bergan odam qamalishi kerak. Bu adolatsizlik. Siyosiy motiv bilan qamalmaslik kerak, tergov holis o‘tishini talab qilib murojaat yo‘lladik”,-dedi O‘murbek Babanov advokati Adilet To‘qto‘rbayev.

Qirg‘iziston maxsus xizmati raisi Qamchibek Tashiyev 2 - iyun kuni Jalolobodga qilgan ish safari chog‘ida jurnalistlar savollariga javob berar ekan, “Qumtor” bo‘yicha jinoyat ishida siyosiy sabablar yo‘qligini aytdi.

“Qumtor masalasida hech qanday siyosiy quvg‘in yo‘q. Biz jinoyatga aloqador bo‘lgan shaxslarni aniqlab, jazoga tortishimiz lozim. Biz o‘z ishimizni bajaryapmiz. Bosh vazirlar, parlament raislari, deputatlar, katta amaldorlar bu ishlarga aloqador. Bundan tashqari, biz ayrim sobiq prezidentlarni ham mazkur ish doirasida jinoiy javobgarlikka tortamiz, chunki ular bunga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqador”,-dedi Tashiyev.

1 - iyun kuni “Qumtor” oltin konini ishlatish yuzasidan Kanadaning “Senterra Gold” shirkati bilan Qirg‘iziston manfaatlariga zid keluvchi shartnomani tuzishda va korrupsiyaga aloqadorlikda gumonlanib Qirg‘izistonning sobiq Bosh vaziri O‘murbek Babanov, parlamentning sobiq raisi, sobiq prezident So‘o‘ro‘nbay Jeenbekovning ukasi Asilbek Jeenbekov, parlament deputati To‘ro‘bay Zulpukarov, sobiq deputatlar isxoq Pirmatov va Talanbek Uzakbayev qo‘lga olingan edi.

Sobiq prezident So‘o‘ro‘nbay Jeenbekovning ukasi Asilbek Jeenbekov 2011-2016 - yillarda Qirg‘iziston parlamentining raisi bo‘lgan. Uning akasi So‘o‘ro‘nbay Jeenbekov esa 2017 - yilning 24 - noyabridan 2020 - yilning 15 - oktabrigacha Qirg‘iziston prezidenti lavozimida ishlagan.

Qirg‘izistondagi eng yirik “Qumtor” oltin koni Kanadaning “Senterra Gold” shirkati tomonidan ishlatiladi.

Joriy yil fevralida “Qumtor” oltin konini ishlatayotgan Kanada va Qirg‘iziston hukumati o‘rtasida tuzilgan shartnomani o‘rgangan davlat komissiyasi raisi, deputat Akilbek Japarov “Kanada shirkati bilan eng ichida kelishib, Qirg‘izistonning manfaatlariga zid keluvchi shartnomani imzolashda ishtirok etgan hukumat amaldorlarini jazolash”ni talab qilgan edi.

Qumtor – Qirg‘izistondagi eng katta oltin konlaridan biri. Uni Kanadaning "Senterra Gold" kompaniyasi ishlatadi. Qirg‘izistonning undagi ulushi 26% tuzadi.

Joriy yilning 14 -mayida parlament Qirg‘izistondagi eng katta “Qumtor” oltin konini sirtqi boshqaruvga o‘tkazgan edi. 7- mayda Bishkek shahar Oktabr tuman sudi konni ishlatayotgan Kanadaning “Senterra Gold” shirkatini ekologik qonunchilikni buzganlikda aybdor deb topgan va 261 milliard 719 million 674 ming qirg‘iz so‘mi miqdorida jarimaga tortgan.

Ayni paytda “Qumtor” konini ishlatuvchi Kanadaning “Senterra Gold” shirkati va Qirg‘iziston hukumati o‘rtasidagi tortishuv xalqaro arbitraj sudida hal etilishi kutilmoqda.

XS
SM
MD
LG