Линклар

Шошилинч хабар
11 май 2025, Тошкент вақти: 13:45

"Qrim ozod bo‘lishidan shaxsan manfaatdor". Ukrainaning yangi mudofaa vaziri Rustem Umerov haqida


Samarqandda tug‘ilgan 41 yashar Rustem Umerovning oilasi 1990-yillar boshida O‘zbekistondan o‘zining tarixiy vatani Qrimga ko‘chgan.
Samarqandda tug‘ilgan 41 yashar Rustem Umerovning oilasi 1990-yillar boshida O‘zbekistondan o‘zining tarixiy vatani Qrimga ko‘chgan.

Rustem Umerov Ukrainaning yangi mudofaa vaziri bo‘ldi. Vladimir Zelenskiy ushbu lavozimga Rossiya okkupatsiya qilgan yarimorol bilan uzviy bog‘liq odamni tayinlash bilan Kiyev Qrim maqomi borasida murosaga rozi emasligini ko‘rsatmoqda.

Ukraina Oliy Radasi 6-sentabr kuni Rustem Umarovni mudofaa vaziri lavozimiga tasdiqladi. U mamlakat tarixida vazir portfelini qo‘lga kiritgan ilk qrimtatar bo‘ldi. Mudofaa idorasi yangi rahbarining okkupatsiyadagi yarimorol bilan yaqin aloqalari bor. Binobarin, uning Ukraina Qurolli kuchlari qadam-baqadam Qrim ma’muriy chegarasiga tomon siljiyotgan pallada ushbu mas’ul lavozimga qo‘yilishi tasodif emas.

Filipp Orlik nomidagi Demokratiya instituti mutaxassisi Natalya Belitserga ko‘ra, Umerovning vazirlik lavozimiga tayinlanishida professional tajribasi birlamchi asos bo‘lgan, etnik mansubiyati yoki diniy e’tiqodi emas. Ammo keyingi ikki omil ham e’tiborga olingan.

“Bu yerda siyosiy mujda ham bor. Eng avvalo, Kiyev “yarimorolni Ukraina yurisdiksiyasiga qaytarish masalasida hech bir murosaga bormasligimizni hamma bilib qo‘ysin”, demoqda. Shuningdek, mazkur tayinlov urushga va vaqtincha okkupatsiya qilingan Qrimning tub xalqi taqdiriga turkiy mamlakatlar va butun musulmon olami e’tiborini tortdi va nihoyat, Umerovning mudofaa vaziri etib tayinlanishi okkupatsiya qilingan Qrimdagi Ukrainaga sodiq kuchlarga umid bag‘ishlovchi signal bo‘ldi”, dedi Belitser Ozodlik radiosiga bergan intervyusida.

Qrim parlamenti binosi.
Qrim parlamenti binosi.

Chet elda ham Umerovning tayinlanishi Qrimni Rossiya bosqinidan ozod etish – Ukraina davlatining strategik maqsadi ekanini va Kiyev ushbu masalada o‘z pozitsiyasini o‘zgartirmasligini anglatuvchi mujda o‘laroq qabul qilinmoqda.

“Rustem Umerov mudofaa vaziri bo‘lsa, Qrim hech qachon unutilmaydi. Bu ajoyib yangilik!” – AQSHning Rossiyadagi sobiq elchisi, Stenford universiteti professori Maykl Makfol tayinlovdan oldinroq ijtimoiy tarmoqlarda shunday deb yozdi.

“Umerovning tayinlanishi qrimtatar jamoasi Kiyevda qarorlar qabul qilinishi jarayoniga yanada chuqurroq integratsiya bo‘lishini anglatadi. Bu, shuningdek, Ukraina davlati Qrimni qaytarishga qat’iy bel bog‘laganini ham ta’kidlab turibdi”, deya qayd etdi Politico nashri.

Qrimtatar farzandining Ukrainada yuqori lavozimga tayinlanishi Rossiya propagandasining go‘yo Kiyevda hokimiyat “natsistlar” qo‘lida ekani haqidagi mashhur iddaosini ham chippakka chiqarishi turgan gap.

“Aholisining 73 foizi etnik yahudiyni demokratik yo‘l bilan prezidentlikka saylagan, u esa, o‘z navbatida, Ukraina hukumatidagi eng mas’uliyatli lavozimlardan biriga musulmon nomzodni tanlagan mamlakatning “natsistlar mamlakati” ekanini asoslantirish Rossiya propagandasiga tobora og‘ir bo‘lib boryapti”, deydi Natalya Belitser.

“Strategiya XXI” globalistika markazining harbiy dasturlari rahbari Pavel Lakiychuk fikricha, xorijiy mamlakatlar bilan bo‘lajak muloqotlarda Umerovning nafaqat shaxsiy fazilatlari, balki kelib chiqishi ham juda muhim o‘rin tutadi.

“Bu yerda Rustem Umerov Ukrainaga qurol-aslaha yetkazib berish va tutqunlikdagi harbiylarimizni qaytarish jarayonida o‘zini yaxshi muzokarachi sifatida namoyon etgani ham eng asosiy omil emas. Mudofaa vaziri etib – Qrimning tub xalqi vakili, vatani hanuz Rossiya okkupatsiyasida qolayotgan kishi tayinlanyapti. Sir emaski, bizning ayrim xalqaro hamkorlarimiz “eskalatsiya”dan o‘lgudek qo‘rqishadi, ular Qrimni okkupantlardan ozod qilish boshlanishini dahshat bilan kutishmoqda. O‘sha janoblar Ukraina vazirining ko‘ziga qarab “Qrimning sizlarga nima keragi bor?” deya oladilarmi, yo‘qmi, tasavvur qilib ko‘ring”, deydi Lakiychuk Ozodlik bilan suhbatda.

Siyosiy ekspert Yevgeniy Savisko ham Umerovning vazir etib tayinlanishida yaqqol ramziy ishoralar borligini tan oladi.

“Qrimni ozod etish operatsiyasiga hozirlik boshlanishi arafasida bosh mudofaa idorasiga qrimlik tatar rahbar etib belgilanmoqda. Bunda Ukraina fuqarolariga ham, okkupantlarga ham ochiq mujdalar bor: dushman eng yaqin istiqbolda yarimoroldan quvib chiqariladi. Tayinlov ukrain patriotlari uchun dalda va kurashga ruhlantirish bo‘lsa, rossiyaliklar uchun ogohlantirish va psixologik bosim o‘tkazish vositasidir. Yangi mudofaa vaziri kichik vatani bo‘lmish Qrimning tezroq ozod etilishidan shaxsan manfaatdor, binobarin, u Ukraina QK qurol-aslaha, o‘q-dori va front uchun zarur barcha narsalarni mumkin qadar ko‘proq, iloji boricha ertaroq olishi uchun jonini jabborga beradi”, ta’kidlaydi ekspert.

Rossiya Ukrainaga to‘laqonli bosqin boshlaganidan beri Rustem Umerov muzokara jarayonida faol ishtirok etib kelayotgan edi. U o‘tgan yili bahorda Kiyev bilan Moskva o‘rtasidagi ikki raundli muzokaralarda (Belarusda va Turkiyada) qatnashgan, shu yilning yozida Saudiya Arabistonida o‘tkazilgan sammitda ukrain delegatsiyasi tarkibida bo‘lgan, harbiy asirlarni ayirboshlash bilan shug‘ullangan. Ba’zi ma’lumotlarda Umerov Ukraina armiyasiga chet eldan og‘ir qurollar yetkazib berish bo‘yicha yashirin muzokaralarga ham jalb etilgani aytiladi. U hukumat doiralarida xalqaro darajadagi samarali kommunikator o‘laroq tanilgan.

Украинага босқин: 539-кун | CNN: Қрим кўпригига Украина қўшинлари зарба берган
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:15:53 0:00

Avvalgi mudofaa vaziri Aleksey Reznikov shov-shuvli korrupsiya mojarolari manzarasida iste’foga chiqdi. “Bu mojarolar Mudofaa vazirligi rahbariyatining to‘liq yoki qisman almashtirilishiga ta’sir etmay qolmadi. Rossiya propagandasi vazirlik mulozimlarining noqonuniy boylik orttirayotgani bilan bog‘liq iddaolar va jurnalistik surishtiruvlardan foydalanadi va ularni G‘arb OAVlari orqali tarqatadi”, dedi Ozodlik bilan suhbatda Ukraina taraqqiyoti Birinchi xalqaro fondi direktori, siyosatshunos Nikolay Volkovskiy.

Shunday bo‘lsa-da, ekspert fikricha, Reznikov vazir sifatida muhim ustunlikka ega edi – “u bir qancha mamlakatlar mudofaa vazirlari bilan do‘stona munosabatda bo‘lib, bu Ukrainaga ijobiy natija keltirardi”.

Aloqalarni avvalgi darajada saqlash uchun yangi mudofaa vazirida zarur barcha xislatlar mavjud. “Endi Umerov Ramshtayn formatidagi uchrashuvlarda mudofaa vazirlari bilan qanchalik iliq va sermahsul muloqot qilishini kuzatish qoldi”, qo‘shimcha qiladi Volkovskiy.

“Rustem Umerov AQSH, Yevropa va Osiyo siyosatchilari bilan yaxshi tanish. Ularning mantig‘ini, fikrlash tarzini va muammolarni hal qilish usullarini biladi. Bu juda muhim, chunki Ukraina Qurolli kuchlarini material-texnik ta’minlash bilan aynan Mudofaa vazirligi shug‘ullanadi. Ittifoqchilar va potensial ittifoqchilar bilan muzokaralarda ularning tilidagini tinglash kamlik qiladi, dillarida nima borligini uqa bilish ham kerak”, deydi Yevgeniy Savisko.

Ozodlik suhbatdoshiga ko‘ra, asosiy e’tibor Osiyo yo‘nalishiga qaratiladi. “Ukrainaning AQSH va Yevropadagi hamkorlar bilan aloqalari bir qadar yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa, Osiyoda ishlari pachava. Tashqi ishlar vazirligi Osiyo mamlakatlarini o‘z tomoniga og‘dira olmadi. Holbuki imkoniyatlar bor edi, hozir ham bor. Rustem Umerov Turkiya prezidenti hamda Saudiya Arabistoni qiroli oilasi vakillari bilan shaxsan tanish. Boz ustiga, u musulmon, Sharqda esa kishining diniy ehtiqodi nihoyatda muhim omil sanaladi”, urg‘ulaydi Savisko.

Avvalgi mudofaa vaziri Aleksey Reznikov shov-shuvli korrupsiya mojarolari manzarasida iste’foga chiqdi.
Avvalgi mudofaa vaziri Aleksey Reznikov shov-shuvli korrupsiya mojarolari manzarasida iste’foga chiqdi.

Ekspert fikricha, yangi vazir oldidagi asosiy vazifalar – “Erdo‘g‘onni Putinni dastaklashdan tiyib turish, Rossiya va Eron ittifoqiga rasmiy va norasmiy kanallar orqali to‘siq qo‘yish, Sharqda ittifoqchilar topish va ulardan nafaqat gumanitar, balki harbiy-texnik yordam olishga erishishdan iborat”.

Rustem Umerov 41 yoshda. U O‘zbekistonda, Stalin rejimi tomonidan 1944-yilda O‘rta Osiyoga deportatsiya qilingan qrimtatar oilasida tug‘ilgan. 90-yillar boshlarida uning oilasi Qrimga qaytgan. Umerov iqtisod sohasida tahsil olgan, investitsiyalar va telekommunikatsiya biznesida faoliyat yuritgan, ayni chog‘da jamoat ishlari bilan shug‘ullangan. 2007-yilda “Qrim tatar yurtdoshlar uyushmasi”ni tashkil qilishda ishtirok etgan. 2007-yildan 2019-yilgacha qrimtatar xalqi lideri Mustafo Jamilevning maslahatchisi bo‘lgan.

Umerov 2019-yilda, “Okean Elzi” guruhi xonandasi Svyatoslav Vakarchuk asos solgan “Golos” partiyasidan Ukraina Oliy radasiga deputat bo‘lib saylanish bilan katta siyosatga kirib keldi. 2021-yilda “Qrim platformasi” birlashmasi raisdoshi bo‘ldi. 2022-yil sentabrda esa Umerov Ukraina Davlat mulki fondiga rais etib tayinlandi.

To‘laqonli urush boshlangunga qadar Umerovning siyosiy faoliyatini asosan Qrim bilan bog‘liq masalalar tashkil etardi, deydi Filipp Orlik nomidagi Demokratiya instituti eksperti Natalya Belitser.

“2014-yil 27-fevraldan so‘ng Umerov Kiyevda okkupatsion ma’muriyat ta’qibi tufayli yarimorolni tark etishga majbur bo‘lgan Ukrainaga sodiq qrimliklarga ko‘maklashuvchi koordinatsiya markazini tashkil etishda qatnashdi. 2019-2022- yillarda u Inson huquqlari, vaqtincha okkupatsiya qilingan hududlarni okkupatsiyadan ozod etish va qayta integratsiya qilish qo‘mitasi kotibi sifatida deputatlik faoliyatini olib bordi, ayni chog‘da Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi qoshida tuzilgan Qrim va Sevastopolni okkupatsiyadan ozod qilish bo‘yicha davlat strategiyasini ishlab chiqish guruhi a’zosi ham edi. U asosan Qrim va qrimtatarlarga oid 100 ga yaqin qonun loyihalari, qarorlar va murojaatlarni ishlab chiqishda ishtirok etgan”, deydi Belitser.

XS
SM
MD
LG