Линклар

Шошилинч хабар
03 феврал 2023, Тошкент вақти: 13:03

Qozog‘iston boshpana so‘raganlarni deportatsiya qilmoqda. Mobilizatsiyadan qochgan ruslar xavotirda


Rossiya fuqarolari Olmaotadagi davlat xizmatlari markazida

Mobilizatsiya boshlanganidan keyin Rossiyani tark etgan Marat Qozog‘istonning Oral shahriga kelib joylashdi. U oyiga 215 dollar topadi va daromadi bir o‘ziga yaxshi yashash uchun yetarli ekanini aytdi.

U Rossiyada qolgan onasi, ukasi va buvisining xavfsizligidan qo‘rqishini aytib, to‘liq ism-sharifini oshkor qilmaslikni so‘radi.

Marat ham Qozog‘iston va mintaqaning boshqa joylaridagi ko‘plab rossiyaliklar singari yaqin orada vataniga qaytishni rejalashatirmayapti. Rossiyalik muhojirlar ikkinchi harbiy safarbarlik boshlanishi, Rossiyaning kelajakda iqtisodiy inqirozga yuz tutishi, sanksiyalar va xalqaro yakkalanish sababli Rossiyaga qaytishdan qo‘rqishmoqda.

Marat oila a’zolarining ham Qozog‘istonga ko‘chib o‘tishini xohlaydi. "Ular ko‘chib kelishga rozi bo‘lishdi, chunki urush tugasa ham, Rossiyaga qarshi sanksiyalar saqlanib qoladi. Qolaversa, Qozog‘istonda hayot yaxshiroq” - deydi Marat.

Maratning Rossiyadagi uyiga bir necha bor chaqiruv qog‘ozi kelgan.

2022-yil 21-sentabrdan so‘ng Qozog‘istonga 930 mingdan ortiq rossiyalik – asosan chaqiruv yoshidagi erkaklar kirib kelgan. Ularning aksariyati boshqa mamlakatlarga chiqib ketgan.

Qozog‘iston Ichki ishlar vazirligining 2022-yil 21-dekabrda e’lon qilgan ma’lumotlariga ko‘ra, ularning 146 mingga yaqini Qozog‘istonda qolgan.

Mobilizatsiyadan qochgan rossiyaliklar Oral shahridagi temir yo‘l vokzalida.
Mobilizatsiyadan qochgan rossiyaliklar Oral shahridagi temir yo‘l vokzalida.

Qozog‘iston safarbarlikdan bo‘yin tovlagani uchun qidiruvga berilgan rossiyaliklar Rossiya tomonidan xalqaro qidiruvga berilgan taqdirda ekstraditsiya qilinishini ma’lum qilgan.

Rossiyaliklar kelishi bilan ba’zi shaharlarda bir kechanig o‘zida ijara narxi uch baravar oshib ketgan. Krisha.kz ko‘chmas mulk saytiga ko‘ra, Olmaotaning o‘rtacha daromadli hududlarida bir xonali uy ijarasi oyiga taxminan 415 dollardan 1040 dollargacha ko‘tarilgan.

Qozog‘istonning sharqiy Abay viloyatidagi Ayag‘oz shahridagi tuman shifoxonalaridan biri rossiyalik shifokorlar uchun 20 ta bo‘sh ish o‘rinlarini e’lon qilib, imtiyoz sifatida “qulay uy-joy” taklif qildi.

Qozog‘iston matbuotiga ko‘ra, Qozog‘istonda qolishga qaror qilgan rossiyaliklar orasida shifokorlar, o‘qituvchilar, kompyuter mutaxassislari, qishloq xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatish sohasi xodimlari talaygina.

Yana bir rossiyalik qochqin Anton vataniga qaytish istagi yo‘qligini bildirdi.

"Agar oyiga 320 dollarga yaqin maoshli ish topsam, Oralda qolaman. Bu yer menga yoqadi, bu yerda yashashga ko‘nikib qoldim", - deydi u Ozodlik radiosining qozoq xizmatiga.

Ukraina Kreml fevral oyida ikkinchi harbiy safarbarlikni e’lon qilishi mumkinligini aytib kelmoqda. Moskva esa buni rad etadi.

"Ўлимга ҳукм этилган маҳкумдек". Мобилизациядан Ўзбекистонга қочган россиялик ҳикояси
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:08:14 0:00

Ostona nimadan cho‘chiyapti?

2022-yil oxirida Qozog‘iston boshpanaga muhtoj ikki kishini deportatsiya qildi. Ulardan biri – hokimiyatni terrorchi “Tolibon” bosib olgan Afg‘onistondan, ikkinchisi esa odamlarni o‘zi boshlagan urushga majburlab jo‘natayotgan Rossiyadan qochib kelgan edi.

Rossiya FQXning Sibir federal okrugidagi maxsus aloqa va axborot boshqarmasida ishlagan Mixail Jilin safarbarlik e’lon qilinganidan so‘ng Qozog‘istonga qochgan edi. Rossiyadan chiqishi rasman taqiqlangani uchun o‘rmonlar oralab yayov yo‘l bosdi. 36 yoshli Jilin o‘z lavozimida prezident Putinning hududlar bilan aloqasiga mas’ul va davlat sirlaridan voqif bo‘lgan. Ishdan bo‘shashiga boshliqlari ruxsat bermagan.

Qochoq “fesbeshnik” Qozog‘istonga kelgach siyosiy boshpana so‘raydi, ammo iltimosini rad qiladilar. 6-dekabrda uni Armanistonga uchib ketmoqchi bo‘lganida Ostona aeroportida hibsga oladilar. Ma’lum bo‘ladiki, Rossiya uni dezertir sifatida qidiruvga bergan ekan. Qozog‘iston sudi esa chegarani noqonuniy kesib o‘tgani uchun Jilinga olti oylik shartli qamoq va mamlakatdan badarg‘a etilish jazosini tayinlaydi. Ya’ni unga ham deportatsiya, ham ekstraditsiya xavf soladi.

“Biz jamoatchilikni yordamga chaqiramiz, – degan edi 9-dekabrda Mixailning xotini, hozirda Qozog‘istonda yashayotgan Yekaterina Jilina. – Uni Rossiyaga deportatsiya qilishsa, mening vijdonim azobda qoladi. Chunki bu so‘nggi imkonimiz deya ahvolimizni ommaga ma’lum qilgan menman. Erimni esa qamashlari turgan gap, u yerda uni qiynoqlar va hatto o‘lim kutyapti”.

Yekaterina eri Rossiyaga topshirilmasligiga umid qilgandi, chunki Qozog‘iston Qochqinlar maqomi to‘g‘risidagi konvensiyani ratifikatsiya qilgan. Biroq umidi puchga chiqdi: 29-dekabr kuni Mixail Jilin Rossiyaga deportatsiya qilindi, hatto quyi sudning qochqinlik maqomi berishni rad etish haqidagi qarori ustidan yuqori sudga shikoyat berishiga ham qo‘ymadilar.

Qozog‘iston Inson huquqlari va qonuniylikni ta’minlash byurosi boshlig‘ining o‘rinbosari Denis Djivaga ham Jilin shubhali shoshma-shosharlik bilan deportatsiya qilishganini, aslida u qochoq maqomini olish uchun barcha sud bosqichlaridan o‘tgunicha mamlakatdan chiqarilmasligi lozimligini urg‘uladi. Boz ustiga, Jilin aeroportda qo‘lga olingan paytda Rossiya uni qidiruvga bergani haqidagi hujjatlar Qozog‘istonga hali kelmagan ekan.

“Qanday ishda, qaysi lavozimda ishlaganiga qaraganda yo u yoqdan “iltimos” bo‘lgan, yo biznikilar boshini g‘alvaga qo‘yishni istamay, undan tezroq qutulishga qaror qilganlar. Holbuki, uchinchi mamlakatga chiqarib yuborib, yuzlarini saqlab qolishlari mumkin edi. Chunki deportatsiya qilish qarorida aynan Rossiyaga deyilmagan, Qozog‘iston Respublikasi hududidan chiqarib yuborilsin, deyilgan. Rossiya oldida bunaqa majburiyatimiz yo‘qligini TIV ham tan oldi”, dedi Denis Djivaga Ozodlikka bergan izohida.

“Контракт имзоламаганлар калтакланмоқда!” Россия ўзбекистонликларни урушга мобилизация қилмоқда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:12:15 0:00

Ekspertga ko‘ra, Qozog‘iston 2011-yilda O‘zbekistondan qochib kelgan 28 kishini deportatsiya qilganidan beri bunaqa qarorlar qabul qilmagan edi.

“Andijon voqealaridan so‘ng bizda boshpana qidirib yurgan odamlar paydo bo‘la boshladi. Siyosiy yoki diniy sabablarga ko‘ra ta’qibga uchragan qochqinlar, – eslaydi Djivaga. – 2010-yilga qadar Qozog‘istonda qochqinlarga doir qonun va qochqinlik maqomini berish tartiblari bo‘lmagan. Afg‘on qochqinlari bilan davlat idoralari, qolganlar bilan esa BMTning qochqinlar ishlari bo‘yicha oliy komissari mahkamasi shug‘ullanardi”.

2010-yilda Qozog‘iston o‘z qonuni va tartib-taomillarini qabul qildi. O‘sha yili hukumat Toshkentga barcha “qochqinlar”ni topshirdi, hatto BMT qaroriga muvofiq qochqin maqomiga ega bo‘lganlarni ham. Shundan so‘ng Qozog‘iston xalqaro hamjamiyatning keskin tanqidiga yo‘liqdi.

“So‘nggi ekstraditsiyalar 2011-yilda bo‘lgan. O‘tgan 12 yilda boshpana qidirganlar deportatsiya yoki ekstraditsiya qilinmagan. Qozog‘iston bunaqa tiyilar yoki masala barcha sud bosqichlarida ko‘rilgunicha shoshmasdi. Bu yil esa ikki kishi pala-partishlik bilan ekstratsiya qilib meni hayron qoldirdi”, deydi Djivaga.

“90 foiz holatda – rad etiladi”

Umuman olganda, Qozog‘iston hech qachon siyosiy boshpanaga muhtoj odamlar intiluvchi mamlakat bo‘lmagan.

“Qozog‘iston qochqinlar uchun hamisha tranzit mamlakat o‘laroq ko‘rilardi, ular bu yerda uzoq qolishmasdi, – davom etadi Denis Djivaga. – Urush boshlanganidan so‘ng dastlab ukrain qochqinlari, keyinroq, Rossiyada safarbarlik e’lon qilingach esa rossiyaliklar kelishdi. Biroq ularning 90 foizi qochqin maqomini olish uchun murojaat qilishmagan. Qochqin maqomiga da’vogarlar asosan Jilin kabi qochoq ofitserlar va faollardan iborat. Aksar rossiyaliklar bu yerga migrant bo‘lib kelib, chet ellik sifatida qolishdi, ko‘pi uchinchi davlatlarga chiqib ketdi”.

Ekspertga ko‘ra, hukumat deyarli hech kimga qochqin maqomini berayotgani yo‘q. Lekin ukrainaliklarning arizalarini ko‘rish hali boshlanmagan.

“2022-yilda qochqin maqomi hech kimga berilmadi, chunki o‘tgan yili bunaqa ishlar IIVdan Mehnat vazirligiga o‘tkazildi. Komissiya esa yil oxiridagina ish boshladi. Ukrainlarning arizalari ko‘rilgani yo‘q, afg‘onlar va rossiyaliklarga esa 90 foiz hollarda rad javobi berilmoqda”, deydi Djivaga.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Qozog‘istonda 438 qochqin ro‘yxatga olingan. Ularning 98 foizi – afg‘onlar. Yana 722 kishi “boshpana izlayotganlar” sanaladi, aksari – Ukraina fuqarolari.

XS
SM
MD
LG