Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 18:40

Qora qozon qayg‘usi. Besh mamlakatda oziq-ovqat narxi xavotirli sur’atda oshmoqda


Ayrim davlatlarda hukumatlar oziq-ovqat narxlarini ma’muriy yo‘llar bilan nazorat qilishga urinmoqda, ammo cheklovlar teskari ta’sir ko‘rsatishi mumkin
Ayrim davlatlarda hukumatlar oziq-ovqat narxlarini ma’muriy yo‘llar bilan nazorat qilishga urinmoqda, ammo cheklovlar teskari ta’sir ko‘rsatishi mumkin

Ko‘plab mamlakatlar koronavirus pandemiyasidan aholini emlash yordamida qutulish uchun kurashar ekan, iqtisodiy jihatdan zaif davlatlar yana bir muammoga duch keldi: iqtisodiy tanazzul, oshib borayotgan talab, zaif ta’minot zanjirlari va noqulay ob-havo tufayli oziq-ovqat mahsulotlari narxi keskin ko‘tarildi. Ba’zi mamlakatlarda esa pandemiya tufayli mushkul ahvolga tushib qolgan xaridorlar uchun inflyatsiya “dard ustiga chipqon” bo‘lmoqda.

Bloomberg nashri koronavirus pandemiyasi va iqtisodiy inqiroz oqibatida oziq-ovqat mahsulotlari narxi oshib borayotgan besh mamlakatni aniqladi.

Rossiya: Tarix takrorlanmoqdami?..

Ko‘plab ruslar Sovet Ittifoqi qulashi ortidan narx-navo ko‘tarilib, do‘konlar peshtaxtalari bo‘shab qolganini hali ham yaxshi eslaydi. Muxolifat yetakchisi Aleksey Navalniy ozod qilinishini talab qilib norozilik namoyishlari o‘tkazilayotgan bir paytda, reytingi anchagina yomonlashgan prezident Vladimir Putin oziq-ovqat narxining siyosiy muhitga ta’sirini xavotir bilan kuzatayotganiga shubha yo‘q.

So‘nggi haftalarda dunyoning birinchi raqamli bug‘doy eksportchisi hisoblanuvchi Rossiyada chet elga sotuvni cheklash va mamlakat ichidagi narxni bir maromda ushlab turish maqsadida tarif va kvotalar joriy qilindi. Shuningdek, mamlakatdagi eng yirik chakana sotuvchilarga ba’zi oziq-ovqat mahsulotlari narxini “muzlatish” buyurildi. Ammo bunday cheklovlar teskari ta’sir ko‘rsatishi va yalpi inflyatsiyani kuchaytirishi hech gap emas.

Rossiya hukumati ayrim oziq-ovqat turlari narxini "muzlatish"ga buyurdi
Rossiya hukumati ayrim oziq-ovqat turlari narxini "muzlatish"ga buyurdi

Turkiya: Darg‘azab Erdo‘g‘on

Aholisi kishi boshiga eng ko‘p non iste’mol qiladigan Turkiyada oziq-ovqat mahsulotlari bahosi yanvar oyida o‘tgan yilga taqqoslaganda 18 foizga oshdi. Aslida, mamlakatda narx-navo uzoq yillardan beri ko‘tarilib keladi. Ne tongki, turk lirasi va prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘onning reytingi narx-navoga teskari proporsional ravishda quyiga sho‘ng‘imoqda.

Erdo‘g‘on oziq-ovqat narxining ko‘tarilishi bo‘yicha tekshiruv-taftish o‘tkazishni buyurdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yog‘, loviya, sabzavot va mevalar birlamchi mahsulotlardir. Yanvar oyida prezident oziq-ovqat mahsulotlarini yuqori narxda sotayotgan shirkatlar savdo vazirligi tomonidan jarimaga tortilishiga shama qilgan edi.

Braziliya: Populistlarcha yondashuv

Braziliyada keyingi yilda yalpi inflyatsiyaga nisbatan narxlar keskin ko‘tarildi. Prezident Jair Bolsonaru reytingi esa rekord darajada pastladi. Allaqachon “populist” yorlig‘ini olgan arbob esa saylovchilar ishonchini qozonish uchun yangicha choralarni ko‘rmoqda. 19 - fevral kuni u davlat boshqaruvidagi neft shirkati rahbarini ishdan oldi va kambag‘al oilalarga qo‘shimcha yordam va’da qildi.

Prezident taklif qilayotgan choralar mamlakatda shusiz ham chuqur ildiz otgan tengsizlikni yanada kuchaytirishi mumkin. Qolaversa, hukumat ko‘mak ko‘rsatgan taqdirda ham to‘lov miqdori ko‘p bo‘lmaydi va yordam oz sonli oilalargagina yetib boradi.

Hindiston: Murosa izlab

Hindiston jahonda guruch eksporti bo‘yicha birinchi, bug‘doy yetishtirish bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turadi. Ammo millionlab oilada har doim ham qozon qaynamaydi.

So‘nggi haftalarda Hindistonda asosiy mahsulotlar narxi sekinroq sur’atda oshgan bo‘lsa-da, oziq-ovqat masalasi sabab siyosiy ziddiyat yuzaga keldi. Gap shundaki, bosh vazir Narendra Modi hukumati g‘alla mahsulotlari bozorini liberallashtirish yo‘lida chora ko‘rishi ortidan fermerlar norozilik namoyishlariga chiqmoqda. G‘alla yetishtiruvchilar yangi qonun tufayli subsidiyalar bekor bo‘lishi va mahsulotlar narxi tushib ketishidan xavotirda.

Nigeriya: Ocharchilik tahdidi

Yanvar oyida Afrikaning eng yirik iqtisodiyotiga ega Nigeriyada oziq-ovqat mahsulotlari narxi 12 yilda kuzatilmagan sur’atda ko‘tarildi. Mazkur o‘lkada o‘rtacha oila o‘z byudjetining 50 foizidan oshig‘ini oziq-ovqatga sarflaydi.

Ko‘kka sapchiyotgan narx-navo ocharchilik xavotirini ham kuchaytirmoqda. Boz ustiga, neft narxi tushib ketgani vajidan import uchun suv bilan havodek zarur bo‘lgan valyuta zaxirasining tagi ko‘rinmoqda.

XS
SM
MD
LG