Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 13:04

“Qizalog‘imizni sotishga majbur bo‘ldik”: Afg‘onistonda yalpi ocharchilik


Shoshilinch choralar ko‘rilmasa, millionlab afg‘onlar och qoladi, deya ogohlantirmoqda BMTning Jahon oziq-ovqat dasturi. Uning ma’lumotiga ko‘ra, qariyb 22.5 million kishi (Afg‘oniston aholisining yarmi) allaqachon oziq-ovqat mahsulotlari tanqisligiga duch kelgan, shundan 3.2 million nafari bolalardir.

Bi-bi-si muxbirlari Hirot shahri yaqinida boshqa bolalarini boqish uchun chaqaloq qizini sotgan serfarzand oilani topishdi.

“Uyimizda na un, na moy bor. Shunday qilishga majbur bo‘ldik”, deydi bolalarning otasi.

Bi-bi-si xabariga ko‘ra, qizaloqni 500 dollarga sotganlar. Bu pulga oila bir necha oy yashashi mumkin. Chaqaloq yurishni o‘rgangach, uni xaridorga topshirishadi. U qizchani voyaga yetkazib, o‘z o‘g‘liga nikohlab qo‘yishga va’da bergan. Ammo bu va’da bajarilishiga kafolat yo‘q.

Bi-bi-si muxbirlari aytishicha, ocharchilik tufayli shunchalikka borgan yagona afg‘on oilasi emas bu. “Mamlakat dunyodagi eng og‘ir gumanitar inqirozlardan birini boshidan kechirmoqda. Vaziyat halokatli nuqtaga yaqinlashib qoldi”, deydi Oziq-ovqat dasturi ijrochi direktori Devid Bizli.

Avgustda, chet mamlakatlar qo‘shinlari Afg‘onistondan olib chiqib ketilganidan so‘ng hokimiyatni Tolibon radikal islomiy harakati egallab oldi. Uning hukumati hanuz dunyoning hech bir mamlakati tomonidan rasman tan olinmagan.

Bu Afg‘oniston xalqini ilgari Yevropa mamlakatlari, shuningdek, Jahon banki va Xalqaro valyuta fondi ko‘rsatib kelgan iqtisodiy yordamdan to‘sib qo‘ydi. Xorijiy davlatlarning ko‘magi Afg‘oniston yalpi ichki mahsulotining 40 foizini tashkil qilardi.

Oqibatda mamlakatda oziq-ovqat va dori-darmon inqirozi chuqurlashdi. Oziq-ovqat mahsulotlari narxi keskin oshdi. Bundan tashqari, Afg‘onistonda so‘nggi to‘rt yilda ikkinchi marta kuchli qurg‘oqchilik ro‘y berdi. Ushbu omillar manzarasida, BMT ma’lumotiga ko‘ra, har kuni to‘yib ovqatlanayotgan afg‘on oilalari atigi besh foizni tashkil etmoqda.

Sentabr oyida Jenevadagi konferensiyada xalqaro hamjamiyat afg‘on xalqiga madad berish uchun bir milliard dollardan ko‘proq mablag‘ ajratish majburiyatini oldi. Bu pullarning uchdan bir qismi Jahon oziq-ovqat dasturini amalga oshirishga sarflanishi ko‘zda tutilgan. Biroq Jahon oziq-ovqat tashkiloti hozircha ajratilgan mablag‘ning arzimagan qismini olganini va bu juda ozligini ma’lum qildi.

XS
SM
MD
LG