Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 04:53

Qirg‘iziston KXShT mashg‘ulotlarini o‘tkazishdan bosh tortdi


Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotiga Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Armaniston, Belarus, Tojikiston va Rossiya a’zo bo‘lgan.
Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotiga Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Armaniston, Belarus, Tojikiston va Rossiya a’zo bo‘lgan.

Qirg‘iziston o‘z hududida Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotining harbiy mashg‘ulotlarini o‘tkazishdan bosh tortdi. Harbiy mashg‘ulotlar 10-oktabr kuni boshlanishi va 14-oktabrgacha davom etishi rejalashtirilgan edi.

Mudofaa vazirligining xabar berishicha, bu qaror allaqachon qabul qilingan, lekin 9- oktabr kuni jamoatchilikka oshkor etildi. Bunga qadar Yerevanda qirg‘iz diplomatlari mazkur tashkilotning nizom hujjatlariga qo‘shimchalar kiritishni taklif qilgan edi. Biroq uning mazmuni oshkor etilmagan.

KXShT rahbariyati Bishkekning mazkur qaroriga hozircha izoh bermadi. Qirg‘iziston hukumati ham o‘z qarori mohiyati yuzasidan tushuntirish bermadi.

1992-yili tashkil etilgan Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotiga Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Armaniston, Belarus, Tojikiston va Rossiya a’zo bo‘lgan.

Mudofaa vazirligi tarqatgan xabarda “2022-yil oktabrida Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti tinchlikparvar kuchlarining “Buzilmas do‘stlik – 2022” qo‘mondonlik-shtab o‘quv mashg‘ulotlarini Qirg‘iziston hududida o‘tkazmaslik to‘g‘risida qaror qabul qilindi”, deb bildirilgan.

“Ha, mashg‘ulotlar to‘xtatildi. Mudofaa vazirligi rahbariyati tomonidan mashg‘ulotlarni o‘tkazmaslik to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Mashg‘ulotlar 10-14-oktabr kunlari bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan edi. Aslida bu qarorning qabul qilinganiga ancha bo‘ldi, uni bugun rasman e’lon qilyapmiz”, — dedi vazirlik axborot xizmati vakili To‘lqinjon Rayimjonov.

Mudofaa vazirligi rasmiysi va Qirg‘iziston hukumati mazkur qaror mohiyati yuzasidan tushuntirish bermadi. KXShT rahbariyati ham Bishkek qaroriga hozircha izoh bermadi.

Murat Beyshenov
Murat Beyshenov

Qirg‘iziston mudofaa vazirining sobiq o‘rinbosari, harbiy ekspert Murat Beyshenov bu borada fikr bildirar ekan, quyidagilarni aytdi:


“Menimcha, KXShT Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasidagi ziddiyatlarga munosabat bildirishi kerak edi. Biroq tashkilot bosh kotibi Stanislav Zas va tashkilotga a’zo davlatlar tomonidan hech qanday munosabat bildirilmadi. Vazirlar Mahkamasi Raisi Japarov Zasni qabul qilganida, u sovuqqonlik bilan o‘z fikrini bildirdi. Botkenda 63 nafar fuqaromiz halok bo‘lgan bo‘lsa, biz qaysi holimizga mashg‘ulot o‘tkazamiz? Rossiya Ukraina bilan urushda, Qozog‘iston ham arosatda, Armaniston norozi, bu yerda Qirg‘iziston va Tojikiston ziddiyatda. KXShT hozir sugsvang (shaxmat va shashka o‘yinidagi yurish, bu holatda har qanday yurish o‘yinchining vaziyatini yanada yomonlashtiradi - muharrir) pozitsiyasida. Shuning uchun men bu qarorni to‘g‘ri deb bilaman”.

7-oktabr kuni KXShT tashqi ishlar vazirlari o‘rinbosarlarining Yerevanda bo‘lib o‘tgan maslahat yig‘ilishida Qirg‘iziston tomoni tashkilot nizomiga qo‘shimcha kiritishni taklif qildi. Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Nuran Niyazaliyev u yeda “Tojikistonning Qirg‘izistonga harbiy tajovuzi” to‘g‘risida chiqish qilgan.

“Niyozaliyev bundan buyon qurolli hujumlarning oldini olish va barcha kelishmovchiliklarni kelishuv va nizom asosida tinch yo‘l bilan hal qilish uchun tashkilot doirasida mexanizmlarni zudlik bilan joriy etishga chaqirdi. Shu masalada qo‘shma bayonot qabul qilish va Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotining nizom hujjatlariga qo‘shimchalar kiritish taklif etildi”, — deyiladi Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi tarqatgan habarda.

Tashqi ishlar vaziri Jeenbek Kulubayev 4-oktabr kuni Bishkekda tashkilot bosh kotibi Stanislav Zas bilan uchrashganida ham Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti mexanizmlarini joriy etishni tezlashtirish borasida o‘z fikrini bildirgan.

Mars Sariyev
Mars Sariyev

Xalqaro munosabatlar bo‘yicha tahlilchi Mars Sariyevning fikricha, aslida Rossiya nazoratida bo‘lgan KXShT chuqur inqirozga yuz tutgan.

“KXShT ishlamayapti, u endi samarali emas. Tashkilot amalda tanazzulga yuz tutgan deyishimiz mumkin. Negaki KXShTga a’zo bo‘lgan Rossiya Ukraina bilan, tashkilotga a’zo bo‘lgan Armaniston Ozarbayjon bilan, bu yerda esa ikki a’zo – Qirg‘iziston va Tojikiston bir-biri bilan urushyapti. Bu aslida KXShT obro‘sizlanganini anglatadi. Ochig‘ini aytganda, KXShT Kreml tomonidan nazorat qilinishini hamma juda yaxshi tushunadi. Menimcha, bunday inqiroz uning hamma narsani nazorat qila olmagani va noto‘g‘ri bo‘lganligi sababli sodir bo‘ldi. Kreml hozir katta xatoga yo‘l qo‘ymoqda. Ukraina va Kavkazni boy bergandan keyin Markaziy Osiyoda Rossiyaga eng yaqin davlat bo‘lgan Qirg‘izistonni ham yo‘qotish arafasida turibdi”.

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov 7-oktabr kuni Sankt-Peterburgda bo‘lib o‘tgan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligining norasmiy sammitida ishtirok etmadi. Bu uchrashuv Rossiya prezidenti Vladimir Putinning tavallud kuni va 70 yilligiga to‘g‘ri keldi. Prezident matbuot kotibi Erbol Sultonboyev Japarovning majlisga kelmaganini ish tartibi bilan bog‘ladi.

Bungacha Putin Tojikiston prezidenti Imomali Rahmonni “mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlagani” uchun orden bilan taqdirlagan va uning bu harakati Qirg‘izistonda qattiq tanqid qilingan edi.

5-oktabr kuni Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi axborot kotibi ijtimoiy tarmoqdagi sahifasi orqali Putinning Rahmonga bo‘lgan hurmatini tanqid qilgan bayonot e’lon qildi. Natijada Qirg‘iziston-Tojikiston tashqi ishlar vazirliklari bir-biriga nota topshirdi. Ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar oxirgi chegaradagi to‘qnashuvdan so‘ng keskinlashgan.

Joriy yilning 14-16-sentabr kunlari Qirg‘iziston-Tojikiston chegarasida yuz bergan navbatdagi otishmalarda Qirg‘izistonning 63 nafar fuqarosi halok bo‘ldi.

Rasmiy Bishkek buni Tojikistonning “qurolli hujumi va tajovuz”i sifatida baholadi va buni tasdiqlovchi hujjatlar borligini ma’lum qildi. Dushanbe esa aybni Qirg‘iziston tomoniga yuklamoqda.

Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi joriy yilda chegaradagi mojarolarda 41 fuqaro halok bo‘lgani va 200 ga yaqin fuqaro jarohatlangani haqida xabar berdi. “Ozodi” radiosi o‘z manbalariga tayanib, 74 kishi ro‘yxatni e’lon qilgan. Biroq, ma’lumotni boshqa mustaqil manbalardan tekshirishning iloji bo‘lmadi.

XS
SM
MD
LG