Ukrainada markaziy osiyolik migrantlar Rossiya tarafida jang qilmoqda: ularning aksari – Rossiya qamoqxonalarida jazo muddatini o‘tagan sobiq mahkumlar, ammo o‘z ixtiyori bilan yollanganlar ham bor.
Mahkumlar – olti oydan so‘ng ozodlikka chiqish imkoniyati tug‘ilganiga qiziqib qo‘llariga qurol olishgan bo‘lsa, ixtiyoriy yollanganlar bunga Rossiya fuqaroligiga kirishning oson yo‘li va, albatta, pul topish imkoniyati deb qarashmoqda. O‘z vatanlarida – O‘zbekistonda, Tojikistonda va Qirg‘izistonda bunday xatti-harakat “yollanish” deya baholanishi va jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkinligi ularni fikridan qaytara olmayapti.
Dilshod – Ukraina urushida ishtirok etgan O‘zbekiston fuqarosi: u “Vagner” XHSH tarkibida Rossiya uchun jang qilgan. Rossiyada sudlanib, qamoqqa tushgan va muddatidan oldin ozod bo‘lish uchun frontga jo‘nagan. Dilshodning omadi bor ekan – o‘lmadi, yarim yildan so‘ng frontdan tinch hayotga qaytdi. U Rossiyadagi mehnat migrantlari hayotini yorituvchi “Migrant.Media” loyihasi jurnalistlariga o‘z sarguzashtlarini so‘zlab berdi.
Dilshod Rossiyaga ishlagani kelganida koronavirus pandemiyasi hali boshlanmaganini aytadi. Yigit pandemiya tufayli Moskvada ishsiz qolib ketadi, chegaralar yopilgani uchun uyiga ham qayta olmaydi. Noilojlikdan kuryer bo‘lib ishlashga rozi bo‘ladi, biroq birinchi kundayoq qo‘lga olinadi: u manzilga yetkazishi kerak bo‘lgan paket ichidan qoradori topiladi. O‘zbekistonlikni giyohvand moddalar savdosida ayblab, 12 yilga ozodlikdan mahrum qiladilar.
O‘zi aytishicha, O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasidan bir necha bor yordam so‘ragan, vataniga ekstraditsiya qilishlarini iltimos qilgan, ammo javob ololmagan. Shundan so‘ng xoh qonuniy, xoh noqonuniy bo‘lsin, qamoqdan qutulishga qaror qilgan.
Men tush ko‘ryapman, men aslida bu yerda emasman, deb o‘zimni ovutishga urinardim. Hanuzgacha u yoqlarda bo‘lgan voqealarni eslamaslikka harakat qilaman...
Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan so‘ng ko‘p o‘tmay u o‘tirgan koloniyada “Vagner” XHSH tavochilari paydo bo‘ladi: ular mahkumlarga shturmchi otryadlar tarkibida olti oy jang qilish evaziga ozodlik va’da qiladilar.
Dilshod ko‘p o‘ylab o‘tirmay rozi bo‘lganini aytadi: o‘sha paytda yigit jazo muddatining atigi 2 yilini o‘tab bo‘lgan, yana 10 yil “o‘tirishi” kerak edi. U 10 yillik umrini panjara ortida kechirishni istamaydi.
“Oilada yolg‘iz o‘g‘ilman. Ota-onamning ko‘z yoshlari yuragimni ezib yubordi... Bo‘lganicha bo‘lar, dedim. Chiqishim kerak edi, boshqa narsani o‘ylamasdim. Urushga borishga qaror qildim. Nima bo‘lishi meni qiziqtirmasdi. Kallamda birgina fikr bor edi – ozodlikka chiqib, ota-onamni ko‘rish”, deya hikoya qiladi Dilshod.
Shartnoma imzolaganidan keyin Dilshod bir yarim oy harbiy tayyorgarlikdan o‘tadi, so‘ngra Donetsk viloyatining Baxmut shahriga jo‘natiladi: “Vagner” XHSH ushbu shahar uchun ko‘p oylar qaqshatqich janglar olib borgan.
“Menga “AGS” degan qurol (sovetlarning 30 mm kalibrli avtomat granatomyoti) berishdi, pulemyotdan kattaroq narsa edi. Uni qo‘limga olgach, o‘zimni bu shaharning jinoyatchisidek his qildim. Menga o‘yinchoq berishdi, deb o‘yladim. Qo‘limda rostakam qurol ushlab turganimga ishongim kelmasdi. Urushni shaxmat taxtasi deb tasavvur qiladigan bo‘lsak, men xuddi asp kabi edim. Vazifam – sakrab, quroldan otish edi”, hikoyasida davom etadi Dilshod.
Baxmut uchun janglarda nihoyatda ko‘p qon to‘kiladi, biroq Rossiya talafotlarga parvo qilmaydi: “Vagner” XHSHga nima qilib bo‘lsa-da, shaharni ishg‘ol etish buyurilgan edi. Turli ma’lumotlarga ko‘ra, Baxmut uchun kechgan janglarda qariyb 20 ming yollanma askar, asosan mahkumlar halok bo‘lgan. Dilshod o‘zi o‘tirgan koloniyada u bilan birga 93 mahkum “Vagner” bilan shartnoma imzolaganini, shundan faqat yarmidan kamrog‘i omon qolganini aytadi.
“U yoqda faqat o‘liklarni ko‘rasiz. Tasavvur qilish qiyin. Bunaqa bo‘lishi etti uxlab tushimga kirmagandi. Kimningdir jigarbandlari halok bo‘layotganini ko‘rish juda og‘ir. Men tush ko‘ryapman, men aslida bu yerda emasman, deb o‘zimni ovutishga urinardim. Hanuzgacha u yoqlarda bo‘lgan voqealarni eslamaslikka harakat qilaman... Istamayman eslashni!” deydi Dilshod urushda ko‘rgan-kechirganlari haqida so‘zlarkan.
Olti oydan so‘ng Dilshod, va’da berishgani kabi, afv etiladi va tinch hayotga qaytib, qora ishchilikni davom ettiradi. Rossiya hukumati unga fuqarolik va orden beradi. Pul berishmaydi, chunki bu va’da qilinmagandi. Faqat ozodlik va’da qilingandi.
“Begona yurt uchun urushish va begona yurt qahramoni bo‘lish g‘alati tuyularkan. Biz ilgari jinoyatchi edik. Endi bo‘lsa bizni qahramon deb e’lon qilishdi”, deydi yigit yangi ahvoliga aqli bovar qilmay.
Dilshodga ko‘ra, hozirda Rossiya qamoqxonalarida minglab Markaziy Osiyo mamlakatlari fuqarolari mavjud. O‘zbekistonliklarni jazo muddatini o‘tash uchun vatanlariga jo‘natishmaydi, chunki ikki mamlakat o‘rtasida tegishli bitim yo‘q. Bu O‘zbekiston fuqarolarini Rossiyadagi mahkumlarni urushga jalb etuvchilarga oson o‘lja qilib bermoqda.
“Men prezidentimizdan Rossiya qamoqxonalaridagi vatandoshlarimizni mamlakatimizga olib kelishni iltimos qilgan bo‘lardim. Bu yerda ularning qarindoshlari, yaqinlari yo‘q. Ular azob chekishini xohlamayman. Qancha kerak bo‘lsa, shuncha jazo berishsin, lekin jazoni o‘z vatanlarida o‘tashsin!” deydi Dilshod.
O‘zbekiston qonunchiligiga ko‘ra, boshqa davlatlar hududida harbiy harakatlarda ishtirok etish jinoyat sanaladi. O‘zbekiston hukumati o‘z fuqarolarini bu haqda bir necha marta ogohlantirgan edi. Shunga qaramay, OAVlar Rossiya tarafida Ukrainaga qarshi urushgan o‘zbekistonliklar haqida bot-bot xabarlar berib turibdi.