Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 07:11

OzodDayjest: Ko‘cha tozalovchi ayollar maosh oshishi borasida deputatlardan najot kutmoqda


Obodonlashtirish xodimlari o‘zlarining ko‘p yillik muammosi yuzasidan yechim kutyapti. Kelgusi yilda piyoz keskin qimmatlashi taxmin qilinmoqda. Maktabgacha ta’lim sohasida “o‘lik jonlar” soni ortgan. Joriy hafta o‘zbek matbuoti shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

__________________________________________________________

Obodonlashtirish tizimi xodimlari sharoitsizlikdan shikoyat qilishmoqda

Kuniga 9 soatlab ishlayotgan obodonlashtirish xodimlarining na tushlik qilish, na kiyim almashtirish uchun tayinli joyi bor (“Rost24”, 15 - iyun). Ular aksar hollarda o‘z yonidan xarajat qilib, ish joyiga yetib keladi. To‘g‘ri, obodonlashtirish xodimlari shahar transportidan tekin foydalanishi mumkin. Ammo ular ertaroq ish boshlashga majbur bo‘lgan hollarda tong saharda tekin transport topa olmaydilar.

“Tong sahar soat besh yarimda uydan chiqamiz, olti-olti yarimda ish boshlaymiz, soat sakkizda kirib choy ichamiz, tushligimiz ham o‘sha, keyin yana ishni soat uchgacha davom ettiramiz. Kafe, oshxonalarning hojatxonasiga bizga kirishga ruxsat berishmaydi, urishib haydab yuborishadi. Ilgari ba’zilar bizga past nazar bilan qarashar edi, hatto bizni qamoqdan chiqqan ayollar deb o‘ylaganlar ham bo‘lgan. Har kuni 9 soat ishlaymiz. Bor-yo‘g‘i 1 mln 300 ming so‘m oylik olaman”, degan obodonlashtirish xodimasi.

Obodonlashtirish xodimlari ko‘p qavatli uylarning chivin bosgan, kanalizatsiya hidi anqib turgan erto‘lalarini tushlik qilish va kiyim almashtirish uchun boshpana qilgan.

Toshkent shahrida 12 mingdan ortiq obodonlashtirish xodimlari mehnat qiladi. Maosh kamligi – ularning ko‘p yillik muammosi. Mas’ullarning aytishicha, ularning maoshini ko‘tarish, ish joyini tashkillashtirib berish Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlariga bog‘liq. Deputatlarga esa obodonlashtirish bosh boshqarmasi tomonidan maoshni oshirish bo‘yicha taklif kiritilishi lozim.

Dehqonlar suvtekin bo‘lib ketgan piyoz hosilini shudgorlashga majbur bo‘ldi

Surxondaryo viloyatida o‘nlab gektar yerlarga ekilgan piyozlar yetilgan bo‘lishiga qaramay, dehqonlar tomonidan nobud qilinmoqda. Bunga sabzavot narxi keskin tushib ketgani va mahsulotga bo‘lgan talab pastligi sabab bo‘ldi (www.kun.uz, 14 - iyun).

“Qumqo‘rg‘on chorbog‘i” fermer xo‘jaligi rahbari Abdurasul Sharopovning aytishicha, bu yilgi piyoz hosili yaxshi bo‘lsa-da, narxlar achinarli darajada past – kilosi 300 so‘m. Shu sabab hosilni yig‘ishtirib olish ikki karra moliyaviy zarar keltiradi. Undan ko‘ra, piyozning ustidan traktorda haydab yuborib, o‘rniga boshqa ekin ekilgani yaxshiroq.

Xo‘sh, piyoz nega arzonlab ketdi? Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi o‘rinbosari Husniddin Karimovga ko‘ra, bu yil Markaziy Osiyoda ob-havo deyarli bir xil haroratda bo‘ldi. Shu sababli O‘zbekistonda piyoz Qozog‘iston bilan teng etildi. Avvallari esa Surxondaryo piyozi qo‘shni davlatnikidan 20 kun oldin chiqardi. Bu vaqt ichida ancha tonna mahsulotni sotish mumkin bo‘lardi. Qolaversa, dehqonlardan mahsulotni shartnoma asosida oldindan sotish olish tizimi yo‘lga qo‘yilmagan.

Mutaxassislarga ko‘ra, mahsulot narxi o‘z xarajatlarini qoplashga ham yetmayotgani kelgusi yillarda oziq-ovqat xavfsizligiga salbiy ta’sir qilishi mumkin. Eksportchilar uyushmasi raisi Muxtor Umarov kelgusi yillarda piyoz narxi keskin qimmatlashi va mahsulot yetishmovchiligi kuzatilishi mumkinligini aytdi.

Bog‘chalarda “o‘lik jonlar” ko‘paymoqda

2020 - yilgi tekshiruvlarga ko‘ra maktabgacha ta’lim sohasida “o‘lik jonlar” soni ortgan (“Jamiyat” gazetasi, 17 - iyun). O‘tgan yili respublika miqyosida bog‘chalarda 446 nafar “o‘lik jon” aniqlangan. Masalan, Toshkent viloyati MTT direktorlari tomonidan 2014-2020 - yillar davomida 37 nafar shaxslarni turli lavozimlarga rasmiylashtirib, ular ishlamagan bo‘lsalar-da, “o‘lik jon” xodimlar nomiga 983,5 million so‘m ish haqi hisoblanib o‘zlashtirilgan. Qibray tumani 26-son MTT mudirasi tomonidan ishlamagan soxta xodimlar nomiga ish haqi yozish orqali 200 million so‘mdan ortiq mablag‘ noqonuniy yozilgan.

Qayd etilishicha, oxirgi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarni ham bog‘chalarda sodir bo‘layotgan bolalarning haqini yeyish kabi qonunbuzarliklar “gullatyapti”.

“Maktabgacha ta’lim tizimidagi o‘g‘rilik boshqa sohalarda yo‘l qo‘yilishi mumkin bo‘lgan o‘g‘riliklarga qaraganda xavfli va yomon. Chunki bu yerda o‘zini himoya qila olmaydigan bolakaylarning haqi bor. Bolaning og‘zidan ovqatni tortib olish, unga ta’lim berish kerak bo‘lgan mutaxassisni “o‘lik jon” qilib qo‘yish – norasidaning o‘sha kuni kerakli ozuqani iste’mol qilmasligi hamda kerakli bilimni o‘zlashtirmasligiga sabab bo‘ladi”, deb yozgan gazeta.

Ta’kidlanishicha, bunday ishga barham berilmas ekan, bolalar to‘yib ovqatlanmaydi, bilim ololmaydi, psixolog va boshqa mutaxassislar ko‘magiga muhtoj bo‘lib ulg‘ayadi.

Ushbu holatga barham berish uchun ko‘plab choralar qatorida tizim rahbarlari maoshini oshirish taklif etilgan. Ma’lum bo‘lishicha, hozirda bog‘cha mudirasining maoshi taxminan 1,5 million so‘m. Hatto tayyorlov guruhi tarbiyachilarining oyligi ularnikidan ko‘proq.

XS
SM
MD
LG