Линклар

Шошилинч хабар
05 октябр 2022, Тошкент вақти: 13:57

Oziq-ovqat inqirozidan, geosiyosiy o‘zgarishlargacha: Ukraina urushi ta’siri davom etmoqda


Corus International global yordam tashkiloti prezidenti Deniel Spekxard.

Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi global oziq-ovqat zanjirini buzib, oziq-ovqat narxlarining oshishi hamda Yaqin Sharq va Afrikaning katta qismida qashshoqlik chuqurlashishiga sabab bo‘lmoqda. Rossiya va Ukraina Yaqin Sharq va Qora qit’aga qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini asosiy eksport qiluvchilar bo‘lib kelgan.

Jahon Iqtisodiy Forumi urush tufayli oziq-ovqat, yoqilg‘i va moliya sohasidagi tushkunlik nisbatan qashshoq mamlakatlarda tartibsizliklarni keltirib chiqarishi va ayrim davlatlarni defolt yoqasiga olib kelishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.

Turkiyaning Rossiya va Ukraina bilan iyul oyida imzolagan don bo‘yicha kelishuvi yaxshi o‘zgarishlar uchun umid berdi. Biroq Birlashgan Millatlar Tashkiloti rasmiylari yuklar muhtojlarga yetib bormayotgani va bu oziq-ovqat inqirozi oldini olishda yetarli emasligini aytdi.

Ozodlik radiosi urush oqibatlari haqida Corus International global yordam tashkiloti prezidenti Deniel Spekxard bilan suhbatlashdi. U ilgari AQShning Belarus va Gretsiyadagi elchisi va NATO Bosh kotibining siyosiy masalalar bo‘yicha yordamchisi o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.

Ozodlik: Faoliyatingizning katta qismi to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki bilvosita Rossiya bilan bog‘liq. Ukrainadagi urush Vashingtondagi siyosatchilarning Moskvaga nisbatan qarashlarini qanday o‘zgartirdi?

So‘nggi olti oy Rossiya qudrati haqidagi ko‘plab taxminlarni o‘zgartirdi. Vashington Kreml va uning tashqi siyosatiga qanday qaraydi?

- Rossiyaning yadroviy maqomi bor ekan, uning dunyodagi qudrati ham ahamiyatliligicha qoladi. Rossiyaning harbiy imkoniyati, ehtimol, o‘ylanganidan ko‘ra zaifroq ekanligi ko‘ringan bo‘lsa-da, o‘ylashimcha qoida hali ham o‘sha-o‘sha: sizda yadro quroli bor ekan, siz AQSh va Xitoy kabi global miqyosda harakat qilishni istaysiz. Rossiya ham xuddi shunday harakat qilmoqda.

Bu uni yanada xavfliroq qiladi. Vashington va boshqa G‘arb davlatlari, hatto Pekindagi xavotirlar asosli. Ayni vaziyat haqiqatan ham nozik. Keskinlik juda tez paydo bo‘lmoqda. Qolaversa, Rossiya o‘zining zaif tomonlarini biz ko‘rgandek ko‘rmaydi.

Ukrainadan Bosfor bo‘g‘ozi orqali Livanga don olib ketayotgan kema, 3-avgust
Ukrainadan Bosfor bo‘g‘ozi orqali Livanga don olib ketayotgan kema, 3-avgust

AQSh-Rossiya munosabatlari Rossiyaning 2015-2016-yillarda AQShdagi saylovlarga aralashuvidan keyin yomonlashdi. Qo‘shma Shtatlar Rossiyaning saylovlarga aralashuvi bo‘yicha ikki qutbga bo‘lingan. Negaki Amerika ichkarisida mamlakatni ikkiga bo‘lgan siyosiy ajralish bor edi. Ukrainadagi urush esa bu bo‘shliqni to‘ldira oldi.

Vashingtonda Rossiyaga qarshi kayfiyat uyg‘ondi va bu yaqin kelajakdagi tashqi siyosatga ta’sir qiladi.

Hal qilinishi kerak bo‘lgan ko‘plab global muammolar mavjud bo‘lib, ular Rossiyaning ko‘magi va ishtirokini talab qiladi, xoh u atrof-muhit, terrorizm yoki uyushgan jinoyatchilik, kiberxavfsizlik masalasi bo‘lsin. Bu muammolarning barchasi xalqaro hamkorlikni talab qiladi. Meni xavotirga soladigan narsa shundaki, urush oqibatlari bu muammolarni yanada yomonlashtirishi va keng global konsensusga erishishni qiyinlashtirishi mumkin.

Ozodlik: Jahon bug‘doy eksportining katta qismi Ukraina va Rossiya hissasiga to‘g‘ri keladi. Biz allaqachon don tanqisligining dunyoga ta’sirini ko‘rdik. Bu urushning yana qanday keng qamrovli oqibatlari bo‘lishi mumkin?

- Hozirda davom etayotgan gumanitar inqiroz bu oqibatlardan biri. Birlashgan Millatlar Tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, 48 millionga yaqin odam favqulodda ochlik darajasiga duch kelmoqda va bu urush millionlab odamlarni kuchli to‘yib ovqatlanmaslik, ochlik va hatto o‘limga olib kelishini anglatadi.

Ammo yanada muhimi, Ukrainadagi urush tufayli mart oyidan beri yana 70 million kishi qashshoqlikka tushib qolish xavfi ostida.

Somalilik erkak Turkiyadan olib kelingan bir qop unni olib ketmoqda.
Somalilik erkak Turkiyadan olib kelingan bir qop unni olib ketmoqda.

Masalan, Livanda 4 litr yog‘ning narxi bir oylik maoshga teng bo‘lishi mumkin. Urush ko‘p joylarga o‘z ta’sirini o‘tkazmoqda. Tashvishli tomoni shundaki, urush faqat gumanitar inqiroz bilangina cheklanib qolmaydi, u shuningdek, siyosiy inqirozlarga va ehtimoliy xavfsizlik bilan bog‘liq inqirozlarga ham olib keladi. Chunki odamlar och qolgan, iqtisodiyot og‘ir ahvolga tushib qolgan mamlakatlarda, ayniqsa, iqtisodiy va ekologik retsessiyadan aziyat chekayotgan mamlakatlarda umidsizlik paydo bo‘ladi. Bu esa siyosiy g‘alayon va ishonchsizlikka olib keladi. Keyin bu ishonchsizlik butun dunyoda terrorizm va zo‘ravonlikni, millatlar va elatlararo mojarolarni keltirib chiqaradi. Biz 53 mamlakatda 200 millionga yaqin odam oziq-ovqat bilan bog‘liq jiddiy muammolarga duch kelayotganidan ogoh bo‘lishimiz lozim. Yaqin Sharq va Afrikada oziq-ovqat inqirozi oqibatlarini tahlil qiladigan bo‘lsak, nafaqat gumanitar, balki siyosiy va xavfsizlik bilan bog‘liq bo‘lgan salbiy ta’sirlarni ham ko‘rishimiz mumkin.

Dunyo yetakchilari faqat Rossiya va Ukrainadagi vaziyatga o‘ralashib qolmasdan, balki mamlakatlar ehtiyojlariga jiddiy va chuqur e’tibor berishlari hamda ularga qiyin vaziyatdan o‘tishga yordam berishlari lozim.

Ozodlik: Tahlilchilar va ba’zi ukrainalik rasmiylar buni Moskva tomonidan ataylab qilingan strategiya demoqda. Siz buni qanday ko‘rasiz?

- Men buni uchinchi darajali strategiya degan bo‘lardim. Ya’ni bu yerda Rossiya uchun asosiy, markaziy strategik maqsad Ukraina, ammo Moskva barcha global siljishlardan o‘zining ulkan tashviqot mashinasi bilan G‘arbni aybdor qilib ko‘rsatish uchun foydalanmoqda.

Rossiya jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha katta harakat tayyorlamoqda. Rossiya yordam jo‘natadi va keyin tashviqot tarmoqlari BMTni qanchalik zaif va samarasiz ekanligi haqida gapirib buni Rossiyaning harakatlari bilan taqqoslaydi. Men shunday bo‘lishini taxmin qilyapman.

Janubiy Yamanda oilalar un va boshqa asosiy oziq-ovqat mahsulotlarini olmoqda.
Janubiy Yamanda oilalar un va boshqa asosiy oziq-ovqat mahsulotlarini olmoqda.

Yana bir jihat shundaki, biz muhokama qilgan ijtimoiy zo‘ravonliklar hukumatlarni zaiflashtiradi, ko‘plab och odamlar muammoga yechim izlay boshlaydi. Oqibatda ular o‘zlarini himoya qila olishini aytadigan avtoritar rahbarlarga murojaat qilishlari mumkin.

Moskva avtoritar rejimlar bilan, xususan Afrikada qator avtoritar hukumatlar bilan aloqalarni chuqurlashtirib, harbiy va iqtisodiy yordam ko‘rsatib kelmoqda. Bu o‘nlab yillar davomida davom etib kelmoqda.

Ozodlik: Xalqaro hamjamiyat bu inqirozni yengish uchun qanday choralar ko‘rishi mumkin? Urushni tugatishdan tashqari yana qanday variantlar mavjud?

- Menimcha, amalga oshishi kerak bo‘lgan narsa muammolarga xalqaro darajada yetarlicha e’tibor qaratish kerak. Birgina Qo‘shma Shtatlarning ishtiroki yetarli emas. Muammolarga BMT, Jahon banki, G20 va boshqa darajalardagi keng xalqaro e’tibor qaratilishi kerak. Qolaversa, Rossiyaga kengroq bosim o‘tkazish kerak.

Bu yerda boshqa mamlakatlarning ham ishtirok etishi uchun imkoniyat bor deb o‘ylayman. Turkiyaning Qora dengiz portlari orqali yana oziq-ovqat eksporti yo‘lga qo‘yilishidagi ishtirokiga guvoh bo‘ldik. Boshqa mamlakatlarda ham dunyoning qolgan qismidagi gumanitar ehtiyojlarga e’tibor qaratgan holda qadam tashlash va hurmat qozonish imkoniyati mavjud. Shunga o‘xshash harakatlar ehtimol urushni tugatmas, ammo albatta vaziyatni o‘zgartiradi.

XS
SM
MD
LG