Линклар

Шошилинч хабар
03 декабр 2024, Тошкент вақти: 19:13

Otabek Umarov, G‘afur va "Ravshan Zolotoy". "Ko‘cha"ga qarshi reydlarning g‘alati natijasi


"Ravshan Zolotoy" laqabi bilan tanilgan Ravshan Muhiddinov (chapdan eng chekkada) Parijdagi olimpiya tadbirida prezident kuyovi Otabek Umarov bilan bir qatorda turgan suratini tarmoqda ulashdi. Instagram
"Ravshan Zolotoy" laqabi bilan tanilgan Ravshan Muhiddinov (chapdan eng chekkada) Parijdagi olimpiya tadbirida prezident kuyovi Otabek Umarov bilan bir qatorda turgan suratini tarmoqda ulashdi. Instagram

Toshkentda "Dolzarb 40 kunlik" nomi berilgan reydlardan o‘n bir oy o‘tib, hanuz jinoyat olami vakillari bilan bog‘liq sud va apellyatsiya jarayonlari davom etmoqda.

Ushbu mahkamalarda tergovdagi qiynoq va boshqa bosimlar bilan bog‘liq iddaolar yangragan, ammo hozirgacha qamalganlarning yaqinlari bu borada huquq tashkilotlariga rasman shikoyat qilgani ma’lum emas.

Reydlar doirasida ushlangan jinoyat olamining eng ko‘zga ko‘ringan vakili Salim Abduvaliyev yoki "Salimboyvachcha"ning esa qamoq muddatini qaysi jazo muassasasida o‘tayotgani noma’lumligicha qolmoqda.

Bu orada jinoyat olamining boshqa ko‘zga ko‘ringan vakillari, xususan, G‘afur Rahimov hamda uning xorijda yashayotgan jiyani Ravshan Muhiddinov (laqabi - "Ravshan Zolotoy") nafaqat o‘zbek huquq-tartibot idoralari nazaridan chetda qoldi, balki prezident Mirziyoyevning kichik kuyovi hamda uning xavfsizlik xizmati rahbari o‘rinbosari Otabek Umarov bilan birga yirik sport tadbirlarida ko‘rinish berdi.

Shu yil yozida qamoqqa tashlangan "Saidaziz medgorodok" laqabli Saidaziz Saidaliyev shu kunlarda Toshkentda yana sud zaliga keltirildi.

Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari buyicha apellyatsiya xay’ati Saidaliyevga nisbatan 5-avgustda chiqarilgan hukm ustidan uning himoyachilari kiritgan shikoyat arizasini ko‘rib chiqmoqda.

"Saidaziz medgorodok" yoki Saidaziz Saidaliyev Toshkentdagi sudda. 11-iyun, 2024
"Saidaziz medgorodok" yoki Saidaziz Saidaliyev Toshkentdagi sudda. 11-iyun, 2024


36 yashar Saidaliyev, xalq tilida “ko‘cha” deb ataladigan jinoyat olamida “Saidaziz medgorodok” laqabi bilan tanilgan yosh avtoritetlardan biri ko‘riladi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudi shu yilning 5-avgust kuni Saidaliyevga 20 yillik qamoq jazosi tayinlagan va bu muddatni umumiy koloniyada o‘tashni belgiladi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudida o‘tgan ilk bosqich mahkamada Saidaliyev o‘ziga nisbatan qo‘yilgan ayblovlarni inkor qildi.

Hozir apellyatsiya tartibida borayotgan mahkamadan xabardor toshkentlik manbaga ko‘ra, Saidaliyev sudga Toshturmadan keltirilmoqda:

“Saidaliyevga tergov 17 ta epizod bilan ayblov qo‘ygan. U faqat o‘zboshimchalik qilgan bo‘lishim mumkin, lekin boshqa jinoyatlarni qilmadim, deyapti. Advokatlari ham faqat 229-modda (o‘zboshimchalik) bo‘yicha aybi bor, boshqa ayblovlar sudda tasdiqlanmadi, deyapti. Jinoiy guruhga birlashtirib yuborilgan qolgan tadbirkorlarga qo‘yilgan ayblar ham tasdiqlanmadi sudda. Lekin sudya inobatga olmadi. Apellyatsiyada qanday bo‘ladi, hozircha noma’lum”.

Manbaga ko‘ra, Saidaziz Saidaliyev shu haftaning dushanba kuni ichki tartibni buzdi, degan sabab bilan Toshturmada 10 kunga tergov izolyatoriga tashlangan. Bu uning ikkinchi bor jazo izolatoriga tashlanishi, demoqda manba.

Shuningdek, Saidaliyevga nisbatan jismoniy qiynoqlar qo‘llangani haqida hech qanday ma’lumot yo‘q.

Salim Abduvaliyevning Toshkent shahar IIBB e’lon qilgan surati. 5-dekabr, 2023
Salim Abduvaliyevning Toshkent shahar IIBB e’lon qilgan surati. 5-dekabr, 2023

Saidaziz Saidaliyev O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 165-moddasi (tovlamachilik), 168-moddasi (firibgarlik), 242-moddasi (jinoiy uyushma tashkil etish), 243-moddasi (jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish), 277-moddasi (bezorilik), 211-moddasida (pora berish) ko‘zda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor, deb topilgan.

O‘sha kezda mahkamaning bir qismi mahalliy jurnalistlar uchun ochiq o‘tdi. Suddagi savol-javoblarda ayrim qiziq epizodlar tilga olindi.

Jumladan, "Saidaziz medgorodok"ning O‘zbekiston va postsovet hududidagi yirik kriminal avtoritet Salimboy Abduvaliyev bilan aloqasi so‘raldi. U Salimboyni “otamdek inson” deb ta’rifladi.

“Salimboyvachcha” laqabi bilan tanilgan Abduvaliyev o‘qotar qurollarni noqonuniy saqlashda ayblanib, shu yil mart oyida 6 yilga qamalgan. Uning tergovi va yopiq o‘tkazilgan mahkama tafsilotlari jamoatchilikka ma’lum emas.

Shuningdek, uning jazo muddatini qayerda o‘tayotgani haqida ham rasmiy ma’lumot yo‘q. Oldinroq manbalar uning Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi tergov hibsxonasida o‘tirgani, ya’ni qamoqxonaga etap qilinmaganini aytishgan.

Ayni paytda, Qirg‘iziston maxsus xizmatlari Abuvaliyevni qirg‘izistonlik yana bir avtoritet, marhum Qamchi Qolbayev yetakchilik qilgan jinoiy guruhni moliyaviy qo‘llaganlikda ayblamoqda.

Bundan tashqari, qirg‘iz tomoni uni jinoiy yo‘l bilan topilgan daromadlarni legallashtirish hamda giyohvand moddalar savdosida gumon qilib, qidiruvga bergan.

Ilk mahkamada qirg‘iz tomoni da’vo qilayotgan asosiy motiv - Salimboyning qirg‘izistonlik marhum “qonundagi o‘g‘ri” Qamchi Qolbayev jinoiy aloqalari epizodi “Saidaziz medgorodok”ka nisbatan dastlabki tergovda surishtirilgani ma’lum bo‘ldi.

AQSH sanksiyalariga uchragan “Kolya qirg‘iz” laqabli Qamchi Qolbayev 4-oktyabr kuni maxsus xizmatlarning Bishkek markazidagi operatsiyasi chog‘ida otib o‘ldirilgandi.

"Baxti Tashkentskiy" laqabli Baxtiyor Qudratullayev sudda o‘zi bilan birga mahkamaga tortilganlar uchun yengillik so‘ragan.
"Baxti Tashkentskiy" laqabli Baxtiyor Qudratullayev sudda o‘zi bilan birga mahkamaga tortilganlar uchun yengillik so‘ragan.


Buning ortidan Qirg‘iziston hokimiyat idoralaridagi 200 dan ortiq ishchi va mulozimlar, jinoiy guruhlarga aloqadorlikda ayblanib, ketma-ket ishdan ham olindi.

Qirg‘izistonda o‘nga yaqin taniqli shaxs Abduvaliyev bilan jinoiy til biriktirganlikda gumon qilinib, tergovga tortildi.

Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi 5-avgust kuni bergan bayonotida Bishkek shahar Oktyabr tuman sudi Abduvaliyev ustidan jinoyat ishi qo‘zg‘atgani va shu ish doirasida xalqaro qidiruvga bergani aytildi.

“Salimboyvachcha” nomi bilan tanilgan Salim Qirg‘izboyevich Abduvaliyev Qirg‘izistonda uyushgan jinoiy guruhlar faoliyatini moliyalashtirishda gumonlanadi”, deyiladi MXDQ matbuot xizmati xabarnomasida.

“Салим Абдувалиев Европага наркотик савдосини ташкил қилган” - айблов
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:22:44 0:00

Ozodliknig ayrim manbalari 2023-yilning noyabr-dekabr oylarida O‘zbekistonda bo‘lgan reydlarga, go‘yoki qirg‘iz maxsus xizmatlarida paydo bo‘lgan mana shu jiddiy ayblov turtki bo‘lgan, deb taxmin qilmoqda.

O‘tgan yili huquq-tartibot idoralari rasman “Dolzarb qirq kunlik” nomi berilgan reydlar davomida jinoyat olamining o‘nlab vakillarini qo‘lga oldi.

Rasmiylar reydlar kriminogen vaziyatni yaxshilash maqsadida o‘tkazilayotganini aytishgan.

O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi vitse-prezidenti bo‘lgan Salim Abduvaliyevga nisbatan qo‘shni davlatda ilgari surilgan ayblovlarga Toshkent hech bir shaklda munosabat bildirgani yo‘q.

Toshkentda “Saidaziz medgorodok” va boshqalar ustidan mahkamalarda ishtirok etayotgan advokatlarga ko‘ra, ayblovlarning aksari sudda isbotini topmagan.

Ayrim ekspertlar fikricha hibsga olishlar ortida hokimiyatga yaqin kuchlarning o‘tgan yilning kuziga qadar Qirg‘izistonda “Kolya qirg‘iz” deyilgan Qamchi Qolbayev, O‘zbekistonda esa Salimboyvachcha deyilgan Abduvaliyev nazoratida bo‘lgan kontrabanda mahsulotlari savdosini o‘z nazoratiga olish maqsadi turgan bo‘lishi mumkin.

Ayniqsa, Qirg‘izistonda Qolbayev o‘ldirilgach, Xitoydan keladigan kontrabanda mahsulotlar savdosi mamlakatning bugungi hukumatiga yaqin doiralar qo‘liga o‘tgani yoki o‘tayotgani iddao qilinadi.

Bu iddaoni ilgari surayotganlar hozir O‘zbekistonda hukmron elita vakillarining kriminal shaxslar bilan tez-tez yonma-yon ko‘rinayotganini tilga olmoqda.

O‘tgan yili "ko‘cha"ga qarshi reydlar avjiga chiqqan pallada jinoyat olamida “Graf”, “G‘ofurboy” laqabi bilan tanilganli kriminal avtoritet G‘afur Rahimov Toshkentdagi yirik sport tadbirida prezidentning kichik kuyovi va uning xavfsizlik xizmati rahbari o‘rinbosari Otabek Umarov bilan yonma yon ko‘rinish bergandi.

G‘afur Rahimov va Otabek Umarov Toshkentdagi sport tadbirida.
G‘afur Rahimov va Otabek Umarov Toshkentdagi sport tadbirida.

73 yashar G‘afur-Arslonbek Rahimov amerika diplomatlarining Vikiliksga sizdirilgan yozishmalarida o‘zbekistonlik kriminal avtoritet - “Mahalliy mafiya bossi” deb ta’riflangan ikkinchi yirik shaxsdir.

Bu yozishmalarda Rahimovning O‘zbekistonga sarmoya kiritgan xorijiy shirkatlarga bosim o‘tkazgan va ulushlarini tortib olgani iddao qilingan.

Shuningdek, uni "Birodarlik xalqasi" nomli jinoiy guruh yetakchisi sifatida 2012-yilda AQSH xalqaro qidiruvga bergan.

Yaqinda esa Otabek Umarov jinoyat olamida “Ravshan Zolotoy”laqabi bilan tanilgan Ravshan Muhiddinov bilan ko‘rinish berdi.

G‘afur Rahimovning jiyani bo‘lgan Muhiddinov 2007-yilda O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 242- moddasi bilan uyushgan jinoiy guruh tuzish va unga bevosita rahbarlik qilish gumon qilinib qidiruvga berilgan.

O‘zbekistondan chiqib ketgan Muhiddinov, 12 yil xalqaro qidiruvda bo‘lgan, Toshkent so‘rovi bilan Istanbul va Dubayda hibsga olingan va qamoqqa tashlangan.

2012-yilda qidiruvga berilgan Ravshan Muhiddinov 2019-yil yozida O‘zbekistonda bo‘lgan.
2012-yilda qidiruvga berilgan Ravshan Muhiddinov 2019-yil yozida O‘zbekistonda bo‘lgan.


O‘zbekiston huquq-tartibot idoralaridagi Ozodlik manbalari, o‘sha kezlarda Muhiddinovning "Birodarlik xalqasi" (Bratskiy krug) uyushgan jinoiy guruh yetakchi a’zolaridan biri sifatida ko‘rilganini iddao qilgan.

AQSH Moliya vazirligi hujjatlariga ko‘ra, “Birodarlik xalqasi” a’zolarining Yevropa, Yaqin Sharq, Afrika va Lotin Amerikasi davlatlarida faoliyat yuritadi.

​AQSH Moliya vazirligi Ravshan Muhiddinovning tog‘asi bo‘lgan G‘afur Rahimovni ushbu jinoiy guruh yetakchisi sifatida ayblagan. Rahimov 2012-yilda "Yevroosiëdagi jinoiy sindikat" yetakchisi sifatida sanksiyaga tushgan edi.

Ammo, 2018-yil iyulda Shavkat Mirziyoyev prezidentlikka kelganidan qariyb ikki yil o‘tib, G‘afur Rahimov O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligining “qidiruvdagi shaxslar” ro‘yxatidan olib tashlandi va O‘zbekistonga qaytdi.

Oradan bir yil o‘tib, Toshkent shahar Ichki ishlar boshqarmasi tergovchilari Ravshan Muhiddinovga nisbatan e’lon qilingan qidiruv ham bekor qilinganini bildirgan.

Yaqinda tarmoqlarda G‘afur Rahimov va Ravshan Muhiddinovning prezidentning kichik kuyovi Otabek Umarov bilan yonma-yon turgan surat va videolari yoyildi.

Xususan, Muhiddinov o‘zining Instagram sahifasida o‘zbek sportchilarining qo‘llov uchun unga minnatdorlik bildirib chiqargan videoroliklarini ulashdi.

Prezident Mirziyoyevning kuyovi va xavfsizlik xizmati rahbarining o‘rinbosari bo‘lgan Otabek Umarovning o‘zi, muqaddam AQSH tomoni yoki O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari, qator jinoyatlarda ayblab qidiruvga bergan shaxslar bilan yonma-yon ko‘rinish berganiga biror izoh bermadi.

Shuningdek, rasmiylar o‘tgan yil kuzida boshlangan reydlar natijasi, xususan, ular Toshkent yoki mamlakatdagi kriminogen vaziyatga qanday ta’sir ko‘rsatgani borasida biron ma’lumot bergani yo‘q.

XS
SM
MD
LG