Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 16:24

“O‘ztransgazmi, Rostransgaz?” Vazir “Yo‘l xaritasi”ni tijorat siri deb yashirdi


Illyustrativ surat
Illyustrativ surat

O‘zbekistonda jamoatchilik Energetika vazirligi bilan Rossiyaning “Gazprom” shirkati o‘rtasida imzolangan “Yo‘l xaritasi” matni ochiqlanmayotganidan keskin norozi bo‘lmoqda.

Bunday hujjat 24-yanvar kuni Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida imzolandi.

25-yanvar kuni o‘zbekistonlik faol bloger va jurnalistlarni tor uchrashuvga to‘plagan Energetika vaziri hujjat matni “tijorat siri” bo‘lgani bois, oshkor qilinmayotganini aytdi.

Garchi rasmiylar, hozircha O‘zbekistondagi gaz quvurlarining boshqaruvi haqida gap yo‘q, deb jamoatchilikni tinchlantirishga urinsa-da, tahlilchilar, shu paytgacha ochiqlangan rasmiy ma’lumotning o‘ziyoq milliy manfaatga zid hamkorlik boshlanganini ko‘rsatyapti, degan xavotirda.



“Tijorat siri”

O‘zbekiston Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov O‘zbekistondagi faol, auditoriyasi katta bo‘lgan jurnalist va blogerlarni 25-yanvar kuni vazirlikka to‘pladi.

Yig‘ilishda ishtirok etgan bir necha bloger va jurnalistdan olingan ma’lumotga ko‘ra, vazir ijtimoiy tarmoqlarda “O‘zbekistonning quvurlari boshqaruvi “Gazprom” shirkatiga o‘tib ketdi” mazmunida ko‘paygan e’tirozlarni rad qilgan.

“Bu haqda juda ko‘pchilik blogerlar yozishdi. Shuning uchun vazirlikka bir necha sayt jurnalistlari va blogerlarni chaqirishdi. Yig‘ilishda savol-javobga o‘rin berilmadi, faqat ma’lumot berishdi. Rasmiy bayonotda berilgan ma’lumotlarni aytishdi”, deydi o‘zbekistonlik jurnalist Ilyos Safarov.

Yig‘ilishda qatnashgan Gazeta.uz nashri muxbiri Shuhrat Latipovga ko‘ra, Energetika vaziri “Yo‘l xaritasi” matni “tijorat siri” bo‘lgani bois oshkor qilinmayotganini aytgan:

“Yig‘ilishda Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov hujjat “tijorat siri” bo‘lgani bois oshkor qilinmasligini aytdi. Ayni paytda, u barcha savollarga javob berishga tayyorligini bildirdi va “Yo‘l xaritasi”da mamlakat gaz-transport tizimini “Gazprom” shirkatiga berish haqida bandlar yo‘qligi, bu press-relizda aytilganini aytdi”.

Shu kuni vazirlik rasmiy bayonotni ham e’lon qildi. Unda, Rossiyaning “Gazprom” kompaniyasi bilan gaz sohasidagi hamkorlik bo‘yicha imzolangan “Yo‘l xaritasi” mamlakat mustaqilligiga hech qanaqa tahdid solmaydi, deb ta’kidlandi.

Rasmiy bayonotga ko‘ra, 24-yanvar kuni Rossiyada O‘zbekiston Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov bilan “Gazprom” rahbari Aleksey Miller o‘rtasida bo‘lgan muzokarada Rossiyadan O‘zbekistonga tabiiy gaz yetkazib berishning "texnik imkoniyatlari" muhokama qilingan.

“3 sahifa, 8 bandlik hujjat”

Ammo, Kun.uz nashri hukumatdagi manbalari vositasida xarita matnini ko‘rganini xabar qilmoqda.

Nashrga ko‘ra, hujjat 3 sahifa, 8 banddan iborat:

“Unda Rossiyadan O‘zbekistonga Qozog‘iston hududidan o‘tuvchi “O‘rta Osiyo – Markaz” gaz quvuri orqali bozor narxida tabiiy gaz yetkazib berish uchun zaruriy texnik choralar aks etgan. Kelishuvga ko‘ra, 2023-yil 1-martdan boshlab Rossiyadan O‘zbekistonga tabiiy gaz importi yo‘lga qo‘yilishi ko‘zda tutilmoqda. Yo‘l xaritasida Rossiyadan O‘zbekistonga gaz uzatishni tashkil etish uchun O‘zbekiston o‘z gaz tarmoqlari haqida “Gazprom”ga rasmiy ma’lumotlar taqdim etishi ham nazarda tutilgan”.

Bu nashr ham, o‘z manbasi “Yo‘l xaritasi” Rossiya so‘rovi bilan oshkor qilinmayotganini aytganini yozmoqda.

Ozodlik bu hujjat va qo‘shimcha tafsilotlarni so‘rab, O‘zbekiston Energetika vazirligiga murojaat qildi, ammo tafsilotlar ochiqlanmadi.

“Tarmoqlar qahridan qo‘rqishyapti”

O‘zbekistondagi ayrim jamoatchilik faollari va iqtisodchilar, jamoatchilikka ochiqlanmayotgan bu hujjatda O‘zbekiston milliy manfaatlariga zid kelishuv aks etgan, degan xavotirda.

O‘zbekiston rasmiy axborot vositalaridan birida ishlaydigan jurnalistga ko‘ra, aynan shu bois, hujjat oshkor qilinmayotir va hatto, Energetika vazirligining o‘zida ham uning matnini ko‘rganlar barmoq bilan sanarli bo‘lishi mumkin:

“Ya’ni, Rossiya ko‘p yillardan buyon O‘zbekistondagi gaz-transport tizimlari boshqaruvini so‘rab kelayotgani sir emas. Bu yil qishning qattiq sovug‘ida Rossiya yana shu talabi bilan bosim qilishi kutilgan edi. Ko‘rgan bo‘lsangiz, “Energetik mustaqillikni Rossiyaga bergandan ko‘ra, sovuqda o‘tiraylik, hukumat turib bersa bo‘ldi”, degan aksiyalar bo‘ldi tarmoqlarda. Aftidan, biznikilar turib berolmadi va endi jamoatchilik norozligidan qo‘rqib, kelishuv tafsilotlarini oshkor qilishmayotgan bo‘lishi mumkin”.

Hukumatning bu masalada aynan tarmoqlar qahridan qo‘rqib turganini, 25-yanvar kuni taniqli iqtisodchi bloger Otabek Bakirov sharhiga tezkor rasmiy munosabat ham go‘yoki bilvosita tasdiqladi.

Vazirlik matbuot xizmati 25-yanvar kungi bayonotida shunday bildirdi:

“Shuni alohida ta’kidash lozimki, olib borilgan muzokaralar hamda “yo‘l xaritasi”da O‘zbekiston Respublikasining mavjud gaz transporti tizimiga egalik huquqini to‘liq saqlagan holda ichki bozorga tabiiy gaz zarur miqdorlarda yetkazib berish maqsad qilingan. Bunda gaz transport tizimining kimgadir berilishi yoki suverenitetimizga qandaydir tahdid umuman yo‘q”.

Otabek Bakirov bu bayonotga javoban shunday yozdi:

“Ko‘ngillar sal tinchidi: "Gaz transporti tizimiga egalik huquqini to‘liq saqlagan holda" iborasiga "boshqaruv huquqini to‘liq saqlagan holda" iborasi ham qo‘shilsa, ko‘ngillar yanayam xotirjamroq bo‘lardi”.

Bakirovning bu postidan yarim soat o‘tar-o‘tmas, Energetika vazirligi rasmiy bayonotiga shunday izoh qo‘shildi:

“Shuni alohida takidlash lozimki, olib borilgan muzokaralar hamda “Yo‘l xaritasi”da O‘zbekiston Respublikasining mavjud gaz transporti tizimiga egalik huquqini to‘liq saqlagan holda (boshqaruv huquqini to‘liq saqlagan holda) ichki bozorga tabiiy gaz zarur miqdorlarda yetkazib berish maqsad qilingan”.

“Yo‘l xaritasi”ga chalg‘imaslik kerak”

O‘zbekiston hokimiyatiga yaqin Ozodlik manbasining ta’kidlashicha, aslida hozir “Yo‘l xaritasi”yu uning xalqqa oshkor qilinmayotgan tafsilotlari ustidagi bahsga chalg‘imaslik kerak.

Muqaddam katta lavozimda ishlagan sobiq mulozimning ta’kidicha, bu O‘zbekiston energetika-transport tizimini olish bo‘yicha Kreml ishga solgan uzun rejaning navbatdagi qadami va aslida jamoatchilik “bundan keyingi so‘zlashuvlarga diqqat qilish kerak”.

“Hozirgi xaritada rostdan ham gaz quvurlarimizni “Gazprom”ga u yoki bu shaklda berishga oid bandlar yo‘q ekaniga men ishonaman. Lekin, bu quvurlarni ularga bermaymiz, degani emasda. Bundan keyin bo‘ladigan ishchi guruhlari uchrashuvlariga diqqat qilish kerak. Matbuotga ikki og‘iz ular uchrashdi, deb xabar beriladi. Ammo, o‘sha uchrashuvlarda sekin-sekin Kremlning shartlariga rozi bo‘lingan hujjatlar imzolanib, o‘tib ketadi”, deb ogohlantirdi sobiq mulozim.

“Hamma gap bayonotning 3-bandida”

O‘zbekistonlik yana bir iqtisodchi ham, quvurlarning ishonchli boshqaruvi muhokamasi hali oldinda, degan ishonchda.

“Energetika vazirligi bergan rasmiy bayonotning 3-bandi buni tasdiqlab turibdi. Unda: "Ishchi guruh texnik jihatdan barcha ishlarni yakunlaganidan so‘ng, tabiiy gazni yetkazib berish bo‘yicha asosiy shartlar muhokama qilinadi" deyilgan. Asosiy gap shu o‘zi. Chunki shartlar - faqat narxlarni kelishishdangina iborat bo‘lmaydi. Zotan, Rossiya qaysi davlat bilan shartnoma qilsa, ayniqsa energetik resurslar narxini doim o‘zining geopolitik manfaatlariga qaratilgan shartlar bilan bog‘laydi. Hozir xavotir shundayki, texnik guruh narx-navo va transportirovka smetasini ishlab chiqqanidan keyin, Rossiya qo‘yadigan shart aynan quvur nazoratini o‘z qo‘liga olish haqida bo‘ladi”.

“Gaz ittifoqi” reallashdi”

O‘tgan yilning noyabr oyida Rossiya Qozog‘iston va O‘zbekiston bilan “gaz ittifoqi” tuzishga qiziqish bildirayotgani haqida ma’lumot paydo bo‘lgandi. Bu esa jamoatchilik orasida “Rossiya O‘zbekistondagi gaz tizimi nazoratini to‘laligiga o‘z qo‘liga olib, shu orqali Toshkentga siyosiy bosim o‘tkazishga urinmoqda” qabilidagi talqinlar urchishiga sabab bo‘lgan edi.

O‘zbekiston Energetika vaziri Mirzamahmudov o‘sha kezda Ozodlikka bergan eksklyuziv intervyusida, O‘zbekiston gaz evaziga hech qanday siyosiy shartlarga ko‘nmasligi, Rossiya bilan gaz yetkazib berishga oid shartnoma esa, agar shunday shartnoma tuzilgudek bo‘lsa, hali ittifoq tuzilishini anglatmasligini urg‘ulagandi.

Ayni paytda Rossiya matbuoti, O‘zbekiston Energetika vaziri bilan “Yo‘l xaritasi” imzolanishini O‘zbekiston bilan “Gaz ittifoqi”ga erishildi, mazmunida xabar qilmoqda.

"Gazprom" O‘zbekiston va Qozog‘iston bilan gaz ittifoqi “Yo‘l xaritasi”ni imzoladi”, deb yozdi jumladan Vesti.ru nashri 24-yanvar kuni.

Neftegaz.RU axborot agentligi ham, bugunga kelib gaz sohasida hamkorlikka oid O‘zbekiston va Qozog‘iston bilan imzolangan “Yo‘l xarita”lari “Uchlik ittifoqi tuzilishini reallashtirdi” deb yozdi.

58 mlrd metr kub sig‘imlik quvur bor

Rasmiy bayonotga ko‘ra, “Gazprom” bilan imzolangan hujjatda Rossiyadan O‘zbekistonga tabiiy gaz importini yo‘lga qo‘yishning texnik imkoniyatlarini o‘rganish rejalangan.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, ayni paytda Rossiya gazini O‘zbekistonga olib borish uchun zarur infratuzilma bor va u Qozog‘iston hududidan o‘tadi.

Bu - “O‘rta Osiyo-Markaz” magistral quvuridir va uning sig‘imi yiliga 50 milliard metr kubni tashkil qiladi. O‘z vaqtida bu quvur orqali Turkmaniston gazi Rossiyaga olib o‘tilgan.

Bundan tashqari, Buxoro-Ural yo‘nalishidagi yillik sig‘imi 8 milliard kub metr bo‘lgan yana bir quvur ham bor.

O‘zbekiston Energetika vazirligiga ko‘ra, hozir “O‘rta Osiyo-Markaz” quvuri orqali teskari yo‘nalishda - ya’ni, Rossiyadan O‘zbekistonga tabiiy gaz olib kelish imkoniyatlari - gaz hajmi, narxi va taqsimoti o‘rganilmoqda.

Rasmiy bayonotga ko‘ra, bu o‘rganish va so‘ngra “asosiy shartlarni muhokama qilish” jarayonini martgacha bitirish hamda Rossiyadan O‘zbekistonga gaz eksportini 1-martdan boshlash ko‘zda tutilmoqda.

XS
SM
MD
LG