Joriy yilning 1-avgust holatiga O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari 37 milliard 402 million 200 ming AQSH dollarini tashkil qilgan. Bu haqda Markaziy bank hisobotida aytilgan.
MB qaydia, 1-iyul holatiga zaxiralar 36 milliard 340 million 600 ming dollarga teng edi, bu esa o‘tgan bir oy ichida mamlakat oltin-valyuta zaxiralari 1 milliard dollardan ko‘proqqa oshganini anglatadi.
Avgust oyi boshiga kelib oltinning sof hajmi 12,1 million troy unsiyani, qiymati esa 29 milliard 156 million 700 dollarni tashkil etgan. Iyul oyida bu ko‘rsatkich 11,7 million troy unsiyaga (27 milliard 318 million 900 ming dollar) teng bo‘lgan edi.
Avvalroq Jahon oltin kengashi (World Gold Council) iyun oyida O‘zbekiston 9 tonna oltin sotib olib, dunyodagi eng yirik oltin xaridorlaridan biriga aylangani haqida ma’lumot tarqatgan edi.
Joriy yilning birinchi choragida O‘zbekiston chet davlatlarga 23 tonna oltin eksport qilib, dunyoda eng ko‘p oltin sotgan mamlakatga aylangan edi.
O‘zbekiston 2023-yilda ham jami 25 tonna oltin sotgan, shu tariqa dunyoda eng ko‘p oltin eksport qilgan mamlakatlar orasida ikkinchi o‘rinni egallagandi.
Oltin-valyuta zaxirasi har bir mamlakatning “qora kun”ga asralgan mulki bo‘lib hisoblanadi.