Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 02:33

O‘zbekistonga VISA li sayohat. Rossiyaliklarga o‘zbek banklarida hisob ochish taklif qilinmoqda


Illyustrativ surat. Ukrainaga tajovuz sabab sanksiyalar kiritilishi ortidan VISA va Mastercard to‘lov tizimlari joriy yilning 6-martidan boshlab Rossiyadagi barcha operatsiyalarni to‘xtatganini e’lon qildi.
Illyustrativ surat. Ukrainaga tajovuz sabab sanksiyalar kiritilishi ortidan VISA va Mastercard to‘lov tizimlari joriy yilning 6-martidan boshlab Rossiyadagi barcha operatsiyalarni to‘xtatganini e’lon qildi.

Ukrainaga urush sabab G‘arbning iqtisodiy va moliyaviy sanksiyalari ostida qolgan Rossiyadagi turoperatorlar VISA va Mastercard kartalari ochish uchun O‘zbekistonga maxsus sayohat paketlarini taklif qilmoqda.

Moskva va Yekaterinburgdagi turoperatorlarni birlashtirgan Rossiyaning Vedi Group sayyohlik shirkati “VISA uchun O‘zbekistonga” deb nomlangan uch kunlik tur rossiyalilarga Visa va Mastercard kartalarini ochish imkonini berishini aytmoqda.

Rossiyadagi turoperatorlar VISA va Mastercard kartalari ochish uchun O‘zbekistonga turlar taklif qila boshladi.
Rossiyadagi turoperatorlar VISA va Mastercard kartalari ochish uchun O‘zbekistonga turlar taklif qila boshladi.

"Qo‘lingizda Rossiya pasporti bo‘lsa kifoya"

Vedi Group xodimining Ozodlikka aytishicha, rossiyaliklar uchun to‘lov kartalari ochish O‘zbekistonning “Kapitalbank”i bilan yo‘lga qo‘yilgan, hisob ochish uchun Rossiya pasportidan boshqa hujjat talab etilmaydi.

“Putyovka 23 ming rubl turadi. VISA va Mastercard kartalari ochish uchun hujjatlarni tayyorlash ham shu narx ichida. Kartalar O‘zbekistonning “Kapitalbank”ida ochiladi. U yerda bizni vakilimiz kutib oladi va hujjatlarni tayyorlashda ko‘makchi bo‘ladi. Qo‘lingizda Rossiya pasporti bo‘lsa kifoya. Karta ochish uchun mahalliy pulda 80 ming so‘m to‘laysiz. Bir soat vaqt oladi,xolos”, - deydi sayyohlik shirkati xodimi.

Ukrainaga tajovuz sabab sanksiyalar kiritilishi ortidan VISA va Mastercard to‘lov tizimlari joriy yilning 6-martidan boshlab Rossiyadagi barcha operatsiyalarni to‘xtatganini e’lon qildi.

Endilikda rossiyaliklar xorij davlatlarida va internet-magazinlarda Visa va Mastercard kartalaridan foydalana olmaydi.

Bundan tashqari, Google Pay va Apple Pay dasturlari ham ular uchun ishlamaydi.

“Kapitalbank”ning Toshkentdagi markaziy idorasi xodimi Rossiya fuqarolari bank hisobi, VISA va Mastercard kartalarini ochishlari mumkinligini aytdi.

“O‘zbekistonga buning uchun sayyohlik turlari ochilganidan xabarimiz yo‘q. Lekin shuni aytishim mumkinki, Rossiya fuqarolari ham bizni bankimizda hisob ochib, VISA va Mastercard olishlari mumkin. Buning uchun faqat pasport emas, O‘zbekistonda vaqtinchalik yoki doimiy propiskasi haqida spravka ham kerak bo‘ladi. 80 ming so‘m bir martalik vznos to‘laydi. Har oy 500 dollardan kam bo‘lmagan miqdorda hisobda pul bo‘lishi kerak”, - deydi ismini ochiqlamagan “Kapitalbank” xodimi.

Ayrim davlatlar, masalan Gruziya 1-artdan 31-martga qadar norezidentlarga mamlakat banklarida hisob ochishni taqiqladi. Armaniston banklari esa, xabarlarga ko‘ra, 6 oylik ijara shartnomasi talab qilmoqda. Rossiyaliklar orasida ommabop bo‘lgan yana bir mamlakat Turkiya bir martalik 5 ming AQSh dollari miqdorida depozit qo‘yish shartini joriy qilgan. O‘zbekiston banklarida 28-mart holatiga bu kabi cheklov joriy qilingani haqida rasmiy ma’lumot yo‘q.

“O‘zbekiston o‘zini xatarga qo‘ymoqda”

O‘zbekistonda ochilgan bank kartalari rossiyaliklarga sanksiya cheklovlarini chetlab o‘tib, xorijda tovarlar va xizmatlar uchun naqd pulsiz to‘lovlardan erkin foydalanishga imkon berishi mumkin.

Moskvalik Igor Nesterov Ozodlik muxbiri bilan suhatda buning qanday ishlashini tushuntirib berdi.

“O‘zbekiston sanksiyalardan xoli. Visa yoki Mastercard ochadi. U yoqda ochgan hisobiga rublda pul o‘tkazib turadi. Chet davlatlarga borganida shu pulni ishlatadi yoki dollarda yechib olishi ham mumkin. Chunki bizda dollar ham cheklangan. Bundan maqsad nafaqat Visa yoki Mastercard ochish, balki rublni valyutaga almashtirish ham. Hozir Gruziya, Ozarbayjon va Turkiyada ham ochishyapti shunaqa kartalarni. O‘zbekistonga ham borishyapti. Bilishimcha, O‘zbekistonda ochish osonroq, shuning uchun nafaqat tur- putyovkalar bilan, odamlarning o‘zlari ham Toshkentga borib ochib kelishyapti”, - deydi Nesterov.

O‘zbekiston banklarida qancha rossiyalik mijoz VISA va Mastercard kartalari ochgani haqida hech qanday statistika e’lon qilganicha yo‘q.

Londonda yashovchi o‘zbekistonlik tadqiqotchi Alisher Ilhomov O‘zbekiston rossiyaliklarga sanksiyalarni aylanib o‘tishga yordam berish bilan o‘zi ham sanksiya rejimini buzuvchi davlatga aylanish xavfi ostida qolayotganini aytadi.

“Rossiyada “VISA” va “MasterCard” xalqaro to‘lov tizimlari faoliyati to‘xtatishidan oldin rossiyaliklar sanksiyalar rejimi ostida dollar va yevrodagi xalqaro operatsiyalardan uzib qo‘yildi.

Biroq O‘zbekistondagi ba’zi banklar ularga VISA va Mastercard kartalarini chiqarishga tayyor ekan, bu ularga valyuta o‘tkazmalarini amalga oshirish imkonini beradi.

AQSh va Yevropa Ittifoqi regulyatorlari Rossiyaga qarshi sanksiyalar munosabati bilan O‘zbekiston banklarining roliga e’tibor qaratishlari kerak”, - deydi Ilhomov.

Рубл қадрсизланиши: Ўзбекистон иқтисодиётини нима кутмоқда?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:23:22 0:00

"Ikkilamchi sanksiyalar ham bor"

O‘zbekistonlik iqtisodchi Muzaffar A’zamov esa gap oddiy rossiyaliklar haqida ketar ekan, o‘zbek banklarini sanksiyalarni chetlab o‘tishda ko‘makchi bo‘layotganlikda ayblash noto‘g‘ri ekanini aytadi:

"Banklar doimiy protsedurani bajaryapti. O‘zbek banklariga hech kim rossiyaliklarga hisob ochishni taqiqlab qo‘ygani yo‘q. Qolaversa, sanksiyalar butun Rossiya xalqiga emas, balki ma’lum banklar va jismoniy shaxslarga nisbatan qo‘llanilgan. Rossiyaliklar ham shu tufayli jabr ko‘ryapti.

Agar O‘zbekiston bo‘lmasa, Rossiyaning o‘rta sinf aholisi bu sanksiyalarni chetlab o‘tish uchun boshqa davlatlarga boradi Armaniston, Qozog‘iston bor. Shu davlatlarga ham borib ochishyapti", - deydi iqtisodchi.

Qozog‘istondagi Yevrosiyo universitetining iqtisod bo‘yicha dotsenti Saparbay Jubayev ham ayni fikrda:

"Bu narsa hamma qo‘shni davlatlarda kuzatilyapti. Rossiyaliklar Gruziya, Armaniston, Qirg‘izistonga boryapti. Qozog‘istonda ham bor bu. Rossiyada odamlar sanksiyadan qochyapti xolos. Sanksiyalar saqlanib qolar ekan, bu jarayon to‘xtamaydi", - deydi Jubayev.

G‘arb davlatlari Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushiga, ta’bir joiz bo‘lsa, iqtisodiy urush bilan javob berdi- atigi bir necha kun ichida Rossiya global moliyaviy tizimdan uzib qo‘yildi.

2021-yil natijalariga ko‘ra, dunyoning 11 - iqtisodi bo‘lgan Rossiya g‘arb texnologiyalari va savdodagi imtiyozlardan mahrum bo‘ldi, oddiy fuqarolar valyutasiz qoldi.

AQShda yashovchi moliyachi Farhod Inog‘omboyevning Ozodlikka aytishicha, Qo‘shma Shtatlar sanksiyalarni aylanib o‘tishga imkon bergan banklarga ham jazo qo‘llashi mumkin.

"AQSh ikkilamchi sanksiyalar masalasini ham ko‘rib chiqmoqda. Bu O‘zbekiston banklari uchun juda xatarli. Agar ular AQSh sanksiyasiga tushgan jismoniy yoki yuridik shaxslarga hisob ochishga ko‘maklashadigan bo‘lsa o‘zlari ham sanksiya nishoniga tushishi xavfi yuqori. Oddiy rossiyaliklarga muammo yo‘q, lekin baribir banklarning yuridik bo‘limlari Rossiyadan kelayotgan ushbu mijozlarni tekshirishlari, tekshirishlari va yana tekshirishlari kerak. Orasida sanksiya ro‘yxatiga kirganlari bo‘lishi mumkin. Ikkilamchi sanksiyalar ham borligini unutmaslik kerak", - deydi Inog‘omboyev.

25-mart kuni Qo‘shma Shtatlar Rossiyaga sanksiyalarni chetlab o‘tishda yordam beradigan shaxslar va shirkatlarga qarshi ham sanksiyalar joriy qilishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.

AQSh prezidentining xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jeyk Sallivanga ko‘ra, Vashington o‘zining iqtisodiy va moliyaviy jazo choralarini kengaytirishi va “ikkilamchi” sanksiyalar qo‘llashi mumkin.

Avvalroq Prezident Bayden Xitoyni Rossiyaga sanksiyalar ta’sirini kamaytirishda ko‘maklashishning oqibatlaridan ogohlantirgandi.

O‘zbekiston rasmiylari bu borada matbuotga biron izoh bergani yo‘q. Jumladan, AQSh va Yevropa Ittifoqi sanksiyasiga tushgan asli o‘zbekistonlik milliarder Alisher Usmonovning mamlakatdagi aktivlari taqdiri borasida ham hech qanday rasmiy bayonot berilmadi.

Shu oy boshida prezident Mirziyoyev O‘zbekistonning “ayrim tashqi savdo hamkorlariga” nisbatan qo‘llanayotgan sanksiyalar oqibatlarini kamaytirish bo‘yicha hukumatga reja ishlab chiqish haqida topshiriq bergan.

Hozirgacha bu kabi reja ishlab chiqilgani rasman e’lon qilingani yo‘q.

XS
SM
MD
LG