Линклар

Шошилинч хабар
18 январ 2025, Тошкент вақти: 14:53

O‘zbekistonda plastik paketlarni taqiqlash taklif qilinmoqda


Illyustrativ surat
Illyustrativ surat

O‘zbekistonda 2027-yildan polietilen paketlarni ishlab chiqarish, olib kirish va ulardan foydalanish taqiqlanishi mumkin. Bu taklif mamlakat prezidentining “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida” farmoni loyihasida ilgari surilgan.

Taqiqqa muqobil ravishda ekologik jihatdan zararsiz (bioparchalanuvchi) paketlardan foydalanishni rag‘batlantirish taklif etilmoqda.

Bundan tashqari, O‘zbekistonda 2025−2027-yillarga mo‘ljallangan plastik bilan ifloslanishni kamaytirish bo‘yicha milliy dastur loyihasini ishlab chiqish ko‘zda tutilgan.

Ushbu hujjat 2025-yilning sentyabrigacha ishlab chiqilishi va 2025-yilning noyabrigacha Vazirlar Mahkamasiga kiritilishi zarur.

Davlat dasturini amalga oshirish to‘g‘risidagi prezident qarori loyihasiga muvofiq, 2025-yil 1-noyabrga qadar plastik qadoqlarni yoki plastik qadoqlarda mahsulot ishlab chiqaruvchi hamda import qiluvchilarga bir qator majburiyatlarni yuklaydigan qonun loyihasini ishlab chiqish belgilangan. Jumladan, mazkur faoliyat bilan shug‘ullanuvchi shirkatlarga nisbatan ushbu turdagi chiqindilarni qabul qiluvchi maxsus joylar va uskunalarni o‘rnatish orqali yig‘ib olish va utilizatsiya qilish, utilizatsiya yig‘imini to‘lash bo‘yicha kengaytirilgan majburiyatlarni joriy qilish ko‘zda tutilgan.

Gazeta.uz nashrining yozishicha, hozirda yuzdan ortiq mamlakatda bir martalik plastik paketlarga to‘liq yoki qisman taqiq joriy qilingan. 2027-yildan qo‘shni Qirg‘iziston ham polimer plyonka va plastmassadan tayyorlangan qadoqlarni ishlab chiqarish, sotish va bepul tarqatishni taqiqlamoqchi.

Mahalliy ekofaollar ko‘pdan buyon plastik paketlarni iste’moldan chiqarish kerakligini aytib kelishadi.

XS
SM
MD
LG