O‘zbekistonning Tojikiston bilan chegarasidagi “Sariosiyo” nazorat-o‘tkazish punktida yuzlab yuk mashinalari to‘planib qoldi.
Bu haqda Ozodlik radiosi tojik xizmatiga 20-sentabr kuni mazkur nazorat punktidan o‘tishga muvaffaq bo‘la olgan haydovchilar xabar bergan. Haydovchilarga ko‘ra, Surxondaryo viloyati hududidagi bu chegara maskani oldida to‘planib qolgan yuk mashinalaridan iborat navbat besh kilometrga yetgan.
“Sariosiyo” orqali Tojikistonning Tursunzoda tumanidagi “Do‘sti” nazorat-o‘tkazish punktiga o‘tiladi.
19-sentabr kuni navbatda turgan ayrim yuk avtomashinalari haydovchilari va tadbirkorlar Ozodi radiosiga chegara nazorat o‘tkazish punktidan olingan fotosuratlarni va videotasvirlarni jo‘natgan edi. Ular Tojikistonga kirish uchun bir haftadan beri navbat kutib turganlarini aytganlar.
Yuk mashinalari haydovchilari Rossiya va Qozog‘istondan Tojikistonga oziq-ovqat mahsulotlari va qurilish materiallarini olib ketayotganlarini bildirganlar.
Haydovchilarining so‘zlariga ko‘ra, chegarada yuzaga kelgan navbat oqibatida katta zarar ko‘rilmoqda, oziq-ovqat mahsulotlari yaroqsiz ahvolga kelib qolyapti.
Tojikiston Bojxona xizmati ikki davlat chegarasida yuk mashinalarining to‘planib qolishi vaqti-vaqti bilan bo‘lib turadigan holat ekanini bildirgan. Bojxonachilarga ko‘ra, bugungi kunda yuzaga kelgan navbat nazorat-ko‘rik tadbirlari kuchaytirilgani bilan bog‘liq.
Tojik bojxonachilari hukumatning 2-oktabrdan boshlab mamlakatga 2013-yildan oldin ishlab chiqarilgan avtomobillarni olib kirishni taqiqlash to‘g‘risidagi qarori ortidan Tojikistonga O‘zbekiston orqali boshqa davlatlardan avtomobil olib kirish ko‘payganini ham ta’kidladilar.
Tojikistonning Tursunzoda tumanidagi “Do‘sti” nazorat-o‘tkazish punkti boshlig‘i Axmadjon Boboyev Ozodi radiosiga bergan intervyusida bojxonadan kuniga yuzga yaqin avtomashina o‘tayotganini bildirdi.
“Yengil va yuk mashinalarini tekshirish va hujjatlashtirish ko‘p vaqtni olmoqda. O‘ylaymanki, 2013-yildan oldin ishlab chiqarilgan avtomashinalarni mamlakatga olib kirishga qo‘yilgan taqiq kuchga kirmagunicha, ya’ni keyingi ikki hafta ichida ham vaziyat yaxshi tomonga o‘zgarmaydi”, - dedi Axmadjon Boboyev.
Tojikiston hukumatining 2013-yildan oldin ishlab chiqarilgan avtomashinalarni mamlakatga olib kirishni taqiqlash to‘g‘risidagi qarori 2-oktabrdan kuchga kiradi. Bu taqiq yo‘lovchi va yuk tashuvchi, yengil va maxsus avtomobillarga taalluqlidir.
Chegarada navbat kutayotgan ayrim haydovchilar avtomobillarning diqqat bilan kuchaytirilgan tarzda tekshirish O‘zbekiston-Tojikiston chegarasida yirik miqdordagi narkotik moddalar ushlangani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini aytmoqdalar.
7-sentabr kuni”Sariosiyo” chegara punktida Tojikistondan O‘zbekistonga avtomashinada deyarli 70 kilo miqdorida narkotik modda olib o‘tayotgan shaxslar qo‘lga tushgan edi. Surxondaryo viloyat Bojxona boshqarmasi o‘sha kuni narkotik hujjatlar bo‘yicha “yuki yo‘q” deb rasmiylashtirilgan Volvo yuk avtomashinasidan topilganini xabar qilgan.
Bu voqeadan ikki hafta avval o‘zbekistonlik bojxonachilar va chegarachilar Tojikiston bilan chegaradagi “Oybek” nazorat-o‘tkazish punktida 55 kilo narkotik modda olib o‘tayotgan avtomashina ushlanganini bildirgan edi.
Narkotik avtomashinaning benzin bakidan va gaz ballonidan topilgan. Markaziy bojxona laboratoriyasi ekspertlari bu moddaning 52,8 kilosi nasha, 2 kilodan ortig‘i geroin va 950 grammi sintetik narkotik ekanini aniqlagan.
Tojikiston hukumati bu xabarlarga munosabat bildirgan emas. Bu voqealar ortidan ijtimoiy tarmoqlarda “Nega narkotiklar tojik chegarachilari va bojxonachilari tomonidan aniqlangan emas?” degan savol atrofida bahslar qizigan edi.