Rossiya hukumati Markaziy Osiyodan kelgan migrantlarni Ukrainaga qarshi urushga targ‘ib qilishdan to‘xtamayapti. So‘nggi paytlarda ularga qo‘ng‘iroq qilib, Rossiya fuqaroligini taklif etishayotgani hollari qayd qilinmoqda. Migrantlarga ko‘ra, mulozimlar ularni Rossiya fuqaroligiga kiritish uchun turli yo‘llar bilan bosim o‘tkazishda davom etayotir.
“Menga notanish raqamdan qo‘ng‘iroq qilib Rossiya fuqaroligiga kirishni taklif etishdi. Ilgari bunaqa emasdi. Rossiya pasportini olishga talabgorlar oylab, yillab sarson bo‘lardi. Endi vaziyat butkul boshqacha. Chunki migrantni Rossiya fuqaroligiga kirishi bilan urushga jo‘natishadi”.
Rossiyada ishlovchi qirg‘izistonlik migrantga bir hafta oldin shunday qo‘ng‘iroq bo‘lgan ekan. U ismi sir qolishi sharti bilan “Nastoyashchee vremya”ga intervyu berishga rozi bo‘ldi.
Migrantlarni kuchaytirilgan tartibda tekshirish may oyi oxirida boshlangan bo‘lib, hanuz davom etmoqda. Politsiya ularni ko‘cha-ko‘ydan, ish joyidan, uyidan tutib ketyapti. Kuchishlatar xodimlar migrantlar ko‘p bo‘ladigan tamaddixonalar, masjidlar va sport zallariga yopirilib kirib, ularni to‘dalab qo‘lga olayotir.
“Qo‘llarini bir-birining yelkasiga qo‘ydirib, safga tizishadi. Erkak-ayol aralash. Xuddi qamoqdan xavfli jinoyatchilarni olib chiqayotgandek. Inson huquqlarini oyoqosti qilishyapti”, - deydi qirg‘izistonlik migrant.
Rossiyada ishlaydigan migrantlar politsiyaning zo‘ravonliklari ortida aniq maqsad yotganini aytadilar. Markaziy osiyoliklarga Rossiya armiyasiga xizmatga kirish to‘g‘risida shartnoma imzolashni ro‘y-rost taklif qilishmoqda, ko‘nmaganlarni esa turli hiyla-nayrang bilan qo‘l qo‘ydirishga urinishyapti.
“Tunov kuni bir yigitni eltib qo‘ydim. Qirg‘izistonlik ekan. Uni Krasnodardagi qamoqxonadan urushga jo‘natishgan. Olti oy urushda qatnashib, Moskvaga kelibdi. Rossiya pasportini olganga o‘xshaydi, yana medal va pul ham olgan”,- hikoyasida davom etadi “Nastoyashchee vremya” suhbatdoshi.
2022-yil 21-sentabrda Vladimir Putin Rossiyada qisman safarbarlik o‘tkazilishi haqida e’lon qilgan edi. Shundan so‘ng yuz minglab Rossiya fuqarolari mamlakatni tark etishdi. Endilikda Kreml migrantlarni urushga jalb qilish uchun turli bosim o‘tkazish usullaridan foydalanmoqda.
“Masalan, xitoylar va vyetnamliklarga munosabat boshqacha. Ularni qirg‘iz, o‘zbek va tojik migrantlarini qiynagandek qiynashmaydi. Chunki bizning hukumatimiz, davlatimiz zaif. Markaziy Osiyodan kelgan migrantlar Rossiyada tinch yashash, ishlash uchun ham pasport olishga intiladi. Ammo urush yaqin bir-ikki yilda tugamaydi, hali anchaga cho‘ziladi. Pasport olganlar migrantlar esa ertami-kechmi, frontga jo‘natiladi”, - deydi qirg‘izistonlik migrant.
“Vajniye istorii” nashri hamda Conflict Intelligence Team tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot safarbarlik yo‘li bilan urushga yo‘llangan har besh rossiyalikdan biri frontda ikki oy o‘tar-o‘tmas halok bo‘lganini ko‘rsatadi. Urushga jo‘natilgan markaziy osiyoliklar odatda frontning oldingi chizig‘iga tashlanadi, degan xabarlar bor.
“Men yuk ham tashib turaman. Bir kuni 20-25 yoshlar chamalik yigitga buyurtma qilgan mototsiklini yetkazib berdim. U bir yil urushda bo‘lgan ekan. “Siz bo‘lgan joylarda qirg‘iz, o‘zbek yoki tojik millatiga mansub odamlar ham bor edimi?” deb so‘radim. “Yo‘q, bizning otryadimizda faqat ruslar bor edi”, deb javob berdi. Men yana: “Odamlar 1-2 oydan so‘ng o‘lib ketishyapti, jasadlari kelyapti”, dedim. U esa: “Bizni og‘ir janglar bo‘layotgan hududlarga jo‘natishmadi. Biz ayti-mutaxassislarmiz”, dedi. Jang maydonida bo‘lmagan, porox hidini hidlamagan yigit ekan. Ularning siyosati shunaqa. O‘zlariniki ayashadi, jahannam qa’riga bizga o‘xshagan migrantlarni, buryatlarni jo‘natishadi”, - deydi qirg‘izistonlik.
Rossiya hukumati armiya bilan shartnoma imzolaganlar soni 300 ming kishiga etganini ma’lum qilgan edi. Yangi yilgacha yana 120 ming kishini shartnomaviy harbiy xizmatga olish rejalangan.
Britaniya razvedkasiga ko‘ra, Rossiya hukumati 2023-yil maydan boshlab markaziy osiyolik migrantlarni urushga jalb qilishga zo‘r bermoqda. Ularga Rossiya fuqaroligi va mo‘may pul va’da qilinyapti.