Gert Vildersni "golland Donald Trampi" deb ham atashadi. Unga islomiy ekstremistlardan ko‘plab o‘lim tahdidlari bo‘lgan, marokashliklarni haqorat qilishda aybdor deb ham topilgan va bir vaqtlar Britaniya uni mamlakatga kirishini taqiqlagan ham edi.
Gert Vilders Niderlandiyadagi saylovlarda katta g‘alaba qozondi va keyingi hukumat koalitsiyasini tuzish va ehtimol, Niderlandiyaning navbatdagi Bosh vaziri bo‘lish uchun yaxshi o‘ringa chiqib oldi, deb xabar beradi Associated Press (AP) axborot agentligi.
Saylovdagi bunday yutuq hatto 60 yoshli siyosatchi Vildersning o‘zi uchun ham kutilmagan ko‘rinadi.
Ilgarigi Twitter, hozirgi X da e’lon qilingan videoda uning bu natijaga reaksiyasini ko‘rish mumkin. Uning Ozodlik uchun partiyasi parlamentning 150 o‘rinli quyi palatasida kutilganidan ko‘proq o‘rin egalladi.
Vilders uzoq vaqtdan beri Niderlandiyaning mamlakatda va xorijdagi eng mashhur siyosatchilaridan biri bo‘lib kelgan. Uning populistik siyosati Tramp bilan taqqoslanadi.
Ammo Trampdan farqli o‘laroq, u umrini siyosiy muxolifatda o‘tkazishi kerakdek edi.
Vilders mamlakat boshqaruviga yaqin kelgan yagona fursat 2010-yilda Bosh vazir Mark Ryutte tomonidan tuzilgan birinchi koalitsiyani qo‘llab-quvvatlaganida bo‘lgan. Ammo Vilders ozchilik ma’muriyatiga rasman qo‘shilmadi. Atigi 18 oy o‘tgach, byudjetni tejash choralari bo‘yicha tortishuvdan so‘ng bu koalitsiya barham topdi. O‘shandan beri yetakchi partiyalar undan voz kechgandi.
Endi bunday qila olishmaydi.
"Partiya 35 o‘ringa ega ekan, boshqa partiyalar endi hamkorlikdan bosh torta olmaydi", dedi u Gaaga chekkasidagi ishchilar yashaydigan mavzedagi kichik barda o‘z tarafdorlariga.
U sobiq siyosiy raqiblar bilan barqaror koalitsiya tuza oladimi yoki yo‘q, buni vaqt ko‘rsatadi.
Uning islomga qarshi achchiq nutqlari yetakchi siyosatchilarni nafaqat o‘zidan begonalashtirdi, balki uni ekstremistlar nishoniga aylantirdi. U yillar davomida 24 soatlik himoya ostida yashashga majbur bo‘ldi. U o‘lim tahdidlari qurboni sifatida sudda hozir bo‘lgan va hech qachon jim bo‘lmaslikka ahd qilgan edi.
Chorshanba kuni Gaaga meriyasida ovoz berish chog‘ida Vildersni qo‘riqchilar o‘rab olgan edi. U deyarli yigirma yil davomida bir boshpanadan boshqasiga ko‘chib yashagan.
2009-yilda Britaniya hukumati uning “jamoa totuvligi va jamoat xavfsizligiga” tahdid solayotganini aytib, mamlakatga kirishiga ruxsat bermadi. Vildersni Britaniya parlamentining yuqori palatasi – Lordlar palatasi a’zosi Qur’on “fashistik kitob” deb tanqid qilingan 15 daqiqalik «Fitna» filmini namoyish qilish uchun taklif qilgan edi. Film 2008-yilda Qur’on oyatlarini terrorchilik hujumlari bilan bog‘lagani uchun musulmon dunyosi bo‘ylab shiddatli noroziliklarga sabab bo‘lgan edi.
Bu safar asosiy saylovchilarga murojaat qilish uchun Uilders islomga qarshi ritorikani pasaytirdi. U Niderlandiyani «islomsizlantirish»ga kamroq e’tibor qaratishga va uy-joy tanqisligi, xarajatlarni qisqartirish va hokazo dolzarb muammolarni hal qilishga harakat qilmoqchi.
Garchi chorshanbaga o‘tar kechasi u Niderlandiyaning din va so‘z erkinligini ta’minlovchi konstitutsiya va qonunlarini buzmaslikka va’da bergan bo‘lsa ham, uning saylovoldi dasturida mamlakatning Yevropa Ittifoqidan chiqishi bo‘yicha referendum o‘tkazish, “boshpana berishni to‘xtatish” va “islomiy maktablar, Qur’on va masjidlar bo‘lmasligi” masalalari o‘rin olgan.
Joriy yil oxirida Vilders Niderlandiya parlamentida eng uzoq vaqt xizmat qilgan deputatga aylanadi. U 1998-yildan buyon Vakillar palatasi a’zosi bo‘lib, dastlab o‘ng markazchi Ozodlik va Demokratiya uchun Xalq partiyasi a’zosi edi, keyin o‘zining Ozodlik partiyasini tuzgan.
U Isroilning ashaddiy tarafdori va Niderlandiya elchixonasini Quddusga ko‘chirish va Falastin ma’muriyati joylashgan Ramallohdagi Niderlandiya diplomatik postini yopishni istaydi.