Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 22:45

Navalniyning sobiq koordinatori Rossiyaga qaytmasligini aytdi


Sergey Boyko
Sergey Boyko

Aleksey Navalniy idorasining sobiq rahbari Sergey Boyko 2020 - yil sentabrida Novosibirsk shahar kengashiga deputatlikka saylangan edi. O‘shanda u Ozodlik bilan suhbatda Navalniy bilan aloqasi u uchun ortiqcha muammo bo‘lmaganini aytgan.

O‘shanda u nega ko‘pchilik saylovchilar uni Kreml qo‘llab-quvvatlaydigan nomzodlardan afzal ko‘rganini izohlar ekan, “Navalniyning idoralari hech qachon “Yagona Rossiya”ga qo‘shilmasligingizni kafolatlaydigan o‘ziga xos brend”, degan edi.

O‘ziga qarshi jinoyat ishi ochilganidan qo‘rqqan 38 yoshli deputat hozirda Gretsiyada. U o‘tgan yil haqida eslab, qisqa fursat ichida Rossiyadagi voqealar rivoji bu tahlitda kechadi deb o‘ylamaganini aytdi.

“Agar o‘shanda menga Navalniyning besh yil davomida qurilgan ofislari birgina sud qarori bilan yopiladi, Navalniyning o‘zi qamoqqa tushadi deyishganda, bunday bo‘lmaydi degan bo‘lardim”, deydi Boyko Ozodlikka.

Sergey Boyko Novosibirskda saylovchilar bilan uchrashuvda. 2020 - yil
Sergey Boyko Novosibirskda saylovchilar bilan uchrashuvda. 2020 - yil

Iyun oyida Navalniyning Korrupsiyaga qarshi kurash fondi (FBK) va uning mintaqaviy idoralari tarmog‘i "ekstremistik" tashkilotlar deb topildi va Rossiya hukumati tomonidan taqiqlandi. O‘shandan beri Navalniyning ko‘plab mintaqaviy koordinatorlari xavfsizlik idoralari tomonidan bosimga uchradi.

“Kommersant” gazetasining 29 - noyabr kungi xabarida aytilishicha, muxolifat yetakchisining 38 ta mintaqaviy koordinatoridan 14 nafari allaqachon Rossiyani tark etgan, uch nafarining qayerda ekani esa noma’lum. Ulardan faqat to‘qqiz nafari hali ham siyosat bilan shug‘ullanmoqda.

O‘tgan oy oxirida Navalniyning Boshqirdistondagi koordinatori Liliya Chanishevaga nisbatan "ekstremistik tashkilotga mansublik" ayblovi bilan jinoyat ishi ochilganidan so‘ng Boyko Rossiyaga qaytmaslik haqida yakuniy qarorga kelgan.

“Liliya qo‘lga olingach, ba’zi surishtiruvlarni o‘tkazib bildimki, menga qarshi materiallar ham allaqachon to‘plangan ekan. Agar Rossiyaga qaytsam, aeroportdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri tergov hibsxonasiga borishimni tushundim”, - dedi munitsipal deputat. "Menda ikki tanlov bor edi, biri samolyotga o‘tirib qamoqxonaga uchish yoki samolyotga chiqmaslik".

Boyko, Germaniyada zaharlanib bir o‘limdan qolganiga qaramay, qamoqqa tushishini bilsa‑da Navalniyning Rossiyaga qaytganidan hayron bo‘lganini bildirdi.

“Navalniyning qaytishi, so‘ng hibsga olinishi Putin va Rossiya muxolifati haqida anchagina jiddiy taasurot qoldirdi”, deydi Boyko suhbatda.

"Bu xuddi Injil hikoyasiga o‘xshaydi, ammo menga ergashadiganlar kamroq. Meni millionlab odam kuzatmaydi va meni hibsga olishdan ham ma’no yo‘q", qo‘shimcha qilgan u.

(chapdan o‘ngga) Leonid Volkov¸ Sergey Boyko¸ Aleksey Navalniy
(chapdan o‘ngga) Leonid Volkov¸ Sergey Boyko¸ Aleksey Navalniy

Boyko shahar kengashi a’zosi sifatida masofadan turib ishlash niyatida.

“Mening saylovchilarim oldida majburiyatim bor va bu men uchun juda og‘ir mas’uliyat. Ammo men qamoqda turib hech kimga yordam bera olmayman”, deydi u.

Sentabr oyida Rossiyada bo‘lib o‘tgan milliy qonunchilik saylovlaridan so‘ng mamlakatda yangi repressiya davri boshlandi. Bunda xavfsizlik organlarining qandaydir siyosiy maqsadlarga erishishi ko‘zlanmagan.

“Masalan, Chanisheva ishini olaylik, unda hech qanday ma’no-mantiq ham, maqsad ham yo‘q. Ular shunchaki qo‘lidan nima kelsa, shuni qilmoqda"

"Bu tizim xuddi kuchayib boradigan ruhiy kasallik kabi, u allaqachon boshlangan va vahshiylashgan. Endi uni to‘xtatib bo‘lmaydi", deya ta’kidladi u.

Uning bashoratiga ko‘ra, Navalniy tarafdorlaridan keyin Saratov viloyati deputati, haqiqiy muxolifatchi Nikolay Bondarenko navbatdagi nishon bo‘lishi mumkin.

“Rossiyada yashayotganingda, seni hibsga olishlari va qamoqqa tashlashlari mumkin, bunga doim tayyor bo‘lishing kerak”, deb xulosa qilgan Sergey Boyko so‘zini yakunlar ekan.

XS
SM
MD
LG