Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 10:10

Muvozanat topish. Ukrainadagi urush Markaziy Osiyoni qanday o‘zgartirdi?


Possiya prezidenti Vladimir Putin Qozog‘iston rahbari Qasim-Jomart Toqayev bilan.
Possiya prezidenti Vladimir Putin Qozog‘iston rahbari Qasim-Jomart Toqayev bilan.

Rossiyaning Ukrainaga bosqiniga 2 yil to‘ldi. Bu urush global dunyoga iqtisodiy va siyosiy jihatdan katta ta’sir ko‘rsatdi va geosiyosiy o‘zgarishlar uchun eshik ochdi.

Moskva uzoq vaqtdan beri Markaziy Osiyoda asosiy o‘yinchi bo‘lib kelgan, biroq urush Markaziy Osiyoda Rossiya haqidagi tasavvurlarni o‘zgartirib yubordi. O‘z navbatida bu Xitoy, Turkiya, AQSH va Yevropa Ittifoqi uchun qator imkoniyatlar yaratdi.

Markaziy Osiyoning ikki yillik muhim iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy o‘zgarishlardan keyingi ko‘rinishi qanday bo‘ladi?

Ozodlik Ukrainadagi urush Markaziy Osiyoni qanday o‘zgartirganini tahlil qilish uchun besh nafar yetakchi ekspert va jurnalist bilan suhbatlashdi.

ROSSIYA BILAN MUNOSABATLARDA YANGI "NORMALLIK"

Temur Umarov, Berlindagi Karnegi Rossiya-Yevrosiyo markazi tahlilchisi

Temur Umarov.
Temur Umarov.

Urush boshida Rossiya Markaziy Osiyo uchun zararli hamkor sifatida ko‘rindi, ya’ni u bilan hamkorlik qilish mumkin emas, degan fikr hukmron edi. Biroq so‘nggi ikki yillik urush boshqa haqiqatni ochib berdi, ya’ni Rossiya yakkalanib qolgani va duch kelayotgan iqtisodiy qiyinchiliklarga qaramay, u mintaqa uchun muhim hamkor bo‘lib qolmoqda.

Ikki yil o‘tgan bo‘lsa ham, Markaziy Osiyodagi avtoritar rejimlar Moskvani muhim sherik deb bilgan hamkorlikning ba’zi tarmoqlari mavjud, ayni paytda Rossiyaning o‘zi ham mintaqaning beshta davlatini o‘zi uchun yopiq dunyoga bir eshik sifatida foydali deb biladi.

Markaziy Osiyoda Rossiyaga nisbatan jamiyatning qarashlari rivojlandi. Odamlar endi Rossiyani boshqa rakursdan qabul qila boshladi. "Markaziy Osiyo Barometri" va "Demoskop" tomonidan o‘tkazilgan so‘rovlarga ko‘ra, mintaqa shimolida Rossiyaga nisbatan norozilikning yangi tendensiyasi ortgan. Ukrainadagi urush jamoatchilik kayfiyatini o‘zgartirishda hal qiluvchi rol o‘ynadi. Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi jahon hamjamiyatining e’tiborini Markaziy Osiyoga qaratdi va mintaqa endi xalqaro hamjamiyat diqqat markazida bo‘lib turibdi.

Hozirda Markaziy Osiyo davlatlari kun tartibida anchayin murakkab masalalar bor. Birinchidan, ular xalqaro hamjamiyat bilan faol hamkorlik qilishlari kerak, ammo bu yerda asosiy muammo tashqi moliyaviy va siyosiy imkoniyatlarni ichki taraqqiyotga aylantira olishda. Ikkinchidan, ular Rossiya va boshqa global o‘yinchilar bilan munosabatlarida nozik muvozanatni ushlay olishi kerak. Rossiyaning harakatlarini ko‘rko‘rona qo‘llab-quvvatlashdan qochish va bir vaqtning o‘zida Rossiya bilan ziddiyatga bormaslik. Bu muvozanat Markaziy Osiyoning kelajakdagi barqarorligi va farovonligi uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ladi.

QOZOQ DIPLOMATIYASI UCHUN SINOV

Kris Riklton, Ozodlik radiosining Olmaotadagi Markaziy Osiyo bo‘yicha muxbiri

Kris Riklton.
Kris Riklton.

Rossiya kuchlari Ukrainaga bostirib kirishidan bir necha hafta oldin, Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev 2022-yil yanvardagi to‘s to‘polonlarda o‘z hokimiyatini saqlab qolish uchun KXSHT(ODKB) qo‘shinlarini olib kirdi.

Ammo urush boshlanganidan keyin Qozog‘iston Ukraina sharqidagi Rossiya anneksiya qilgan respublikalarni qat’iyan tan olmasligini qat’iyan bildirdi. Qozog‘istonning neytral pozitsiyasi rossiyalik deputatlar va Kreml targ‘ibotchilarining g‘azabini keltirdi.

Qozog‘iston qanday qilib «ikki qayiqda muvozanat saqlashga» muvaffaq bo‘ldi?

Xitoyning yordami.

2022-yil sentabrida Xitoy yetakchisi Si Szinpin pandemiyadan keyingi birinchi xorijiy tashrifini Qozog‘istonga amalga oshirdi. Si Ostonada “Xitoy har qanday kuchlarning «mamlakatingiz ichki ishlariga aralashuviga qat’iyan qarshi turadi» deya va’da berdi. Bu G‘arb dohil Moskvaga ham berilgan signal edi. Shu bayonotdan so‘ng shimoldan bo‘layotgan bosim biroz susaydi.

Germaniya kansleri Olaf Shols 29-sentabr kuni Berlinda Markaziy Osiyoning beshta prezidenti bilan uchrashdi.
Germaniya kansleri Olaf Shols 29-sentabr kuni Berlinda Markaziy Osiyoning beshta prezidenti bilan uchrashdi.

Markaziy Osiyoning beshta rahbari Germaniya kantsleri Olaf Shols bilan bir xil formatdagi muzokaralar o‘tkazdi. Keyinroq, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Qozog‘iston va O‘zbekistonga tashrif bilan keldi. Toqayev Turkiya va Yaqin Sharq davlatlari bilan ham aloqalarni mustahkamlashga harakat qilmoqda.

Bu diplomatik manyovrlar Kreml uchun ziddiyatli yangi status-kvo o‘laroq baholandi.

YANGI IMKONIYATLARNI ISHGA SOLISH

Luka Ancheski, Glazgo universitetining Yevroosiyo tadqiqotlari bo‘yicha professor

Luka Ancheski
Luka Ancheski

Markaziy Osiyo davlatlari Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi natijasida yuzaga kelgan ancha qutblangan geosiyosiy muhitdan muvaffaqiyatli o‘tib oldi deyish mumkin.

Mintaqadagi ikki asosiy davlat Qozog‘iston va O‘zbekiston Kreml bilan masofa saqlashga o‘tdi. Ular davom etayotgan bosqinni jiddiy tanqid qilmaganiga qaramay, Rossiya tarafdori sifatida ko‘rilmaydi.

Urushning iqtisodiy jihatlariga nazar tashlaydigan bo‘lsak, Markaziy Osiyo urushdan ma’lum darajada foyda oldi. Mintaqaning kamtarona iqtisodga ega ikki davlati Qirg‘iziston va Tojikiston uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan Rossiyadan pul o‘tkazmalarining o‘sishi va Rossiya bilan o‘zaro savdo hajmining ortishi mintaqa iqtisodiyotini ham birmuncha oshirdi.

Ko‘p narsa G‘arbning kelajakda qanday munosabatda bo‘lishi va bu qulay shart-sharoitlar o‘rta muddatli istiqbolda saqlanib qoladimi yoki yo‘q shunga bog‘liq. Masalan, bir tomondan Rossiyaga qo‘yilgan sanksiyalar ta’sirining susayishi Markaziy Osiyoning urushdan olgan iqtisodiy yutuqlarini kamaytirishi mumkin bo‘lsa, boshqa tomondan G‘arb Qozog‘iston va O‘zbekistonning «oltin o‘rtalikni ushlash» siyosatini qiyinlashtirishi mumkin.

XITOY, ROSSIYA VA MARKAZIY OSIYO

Julia Shiorati, London Iqtisodiyot va siyosiy fanlar maktabi tadqiqotchisi

Juliya Shiorati
Juliya Shiorati

Rossiyaning Ukrainaga bosqiniga ikki yil to‘lar ekan, Xitoyning Moskvaga nisbatan pozitsiyasi muvozanatlashtiruvchi xarakterda davom etmoqda. Xitoy yuqori darajadagi uchrashuvlar va bilvosita iqtisodiy yordam orqali Ukrainaga tomon diplomatik sa’y-harakatlarni kuchaytirdi.

O‘tgan yili Xitoy Tashqi ishlar vaziri Van I ukrain hamkasbi Dmitriy Kuleba bilan uchrashdi. Pekinga Ukrainaning yangi elchisi tayinlandi – bu lavozim 2021-yildan beri bo‘sh turgan edi.

Pekin va Moskva Ukrainaga bosqindan oldin o‘zaro «cheksiz» hamkorlik haqida e’lon qildi. Bu orqali Xitoy G‘arbga qarshi birgalikda kurashish uchun muhim deb bilgan Rossiya bilan munosabatlarini yuqori o‘ringa qo‘yishga harakat qildi.

Pekin, shuningdek, urush atrofidagi global imijini o‘zgartirishga harakat qildi, o‘zini neytral tinchlikparvar sifatida ko‘rsatib, tinchlikka erishish bo‘yicha o‘z rejasini taqdim qildi.

Xitoy va Rossiya o‘rtasida qancha vaqt muvozanat saqlab tura olish Markaziy Osiyo davlatlari uchun asosiy savollardan biri. Pekin va Moskva mintaqa va kengroq qo‘shnichilik haqida gap ketganda, ko‘plab mushtarak manfaatlarga ega, buni Afg‘oniston, G‘azo va Eron bo‘yicha ikki mamlakatning o‘xshash pozitsiyalaridan ham ko‘rish mumkin.

YEVROOSIYODAGI SAVDO UCHUN OCHILISH

Emil Avdaliani, Tbilisida joylashgan Yevropa universitetining xalqaro munosabatlar bo‘yicha professori

Emil Avdaliani
Emil Avdaliani

Ukrainadagi urush Markaziy Osiyo davlatlarini tashqi siyosatida jasoratli bo‘lishga turtki berdi hamda mintaqaning global savdo yo‘lagi sifatidagi ahamiyatini oshirdi.

2022-yil fevraligacha YevropaIttifoqi ham, Xitoy ham Rossiya orqali Osiyo va Yevropa o‘rtasidagi shimoliy savdo yo‘liga ahamiyat bermay kelgan. Urushgacha Xitoy va Yevropa Moskvaning keng temir yo‘l tarmog‘i va qulay bojxona amaliyotidan foydalanib kelardi. Qora dengizdan Kaspiy bo‘ylab Markaziy Osiyoga qadar cho‘zilgan O‘rta yo‘lak ko‘p jihatdan e’tibordan chetda qolgan edi.

Ammo vaziyat Rossiya bosqinidan keyin o‘zgardi. G‘arb davlatlari, Xitoy, Turkiya va savdo yo‘lidagi boshqa davlatlar yo‘nalishni yanada kengaytirishga harakat qilmoqda.

Ukrainadagi urush Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun ko‘proq imkoniyatlar yaratdi. Qozog‘iston misolida aytadigan bo‘lsak, urush Ostonaga Rossiya boshchiligidagi bir qancha tashkilotlarga a’zo bo‘lishiga qaramay, Rossiyaga iqtisodiy qaramlikni qayta ko‘rib chiqish va kamaytirish imkoniyatini berdi.

Qozog‘iston Markaziy Osiyo savdo yo‘lagida asosiy drayverlardan biri, mamlakatda sarmoyalar va savdo hajmi oshgan.

Kengroq ma’noda urush va uning ortidan Moskvaga kiritilgan G‘arb sanksiyalari Rossiyaning ta’sirini cheklab uni Markaziy Osiyodagi boshqa o‘yinchilar jumladan AQSH, Yevropa Ittifoqi, Hindiston, Yaponiya, Eron, Turkiya, Xitoy va Fors ko‘rfazi davlatlari qatoriga qo‘shdi.

Shu nuqtai nazardan, Ukrainadagi urush Rossiyaning Markaziy Osiyodagi gegemonligiga barham beryapti deyish mumkin.

Bu jarayon Rossiya o‘rniga yangi muqobil iqtisodiy va siyosiy sheriklar paydo bo‘lishi bilan yanada jadal davom etadi.

XS
SM
MD
LG