Линклар

Шошилинч хабар
05 декабр 2024, Тошкент вақти: 02:31

Mirziyoyevning mahallaga tashrifi "duv-duv gap" bo‘ldi - ommabop tok-shoular nazoratga olindi


"Yor-yor" ko‘rsatuvidan olingan kadr
"Yor-yor" ko‘rsatuvidan olingan kadr

23 - noyabr kuni Toshkent shahrining Shayxontohur tumaniga tashrifi davomida prezident Shavkat Mirziyoyevga O‘zbekiston telekanallarida namoyish qilinayotgan ba’zi tok-shoular ustidan arz qilindi.

“Nuroniy” jamg‘armasi Toshkent shahar kengashi raisining fikricha, “Zo’rTV” ning “Yor-yor” va “Sevimli”ning “Mahallada duv-duv gap” ko‘rsatuvlari “milliy an’analarga zid”dir.

“Nuroniy” jamg‘armasi respublika boshqaruvi vakili Toshkent shahar kengashi raisi fikrini qo‘llamasligini bildirdi.

O‘zbekiston telekanallarida namoyish qilinayotgan qator ko‘rsatuvlar, xususan “Yor-yor” ko‘rsatuvi ustidan bundan oldin ham Prezidentga “jamoatchilik nomidan” shikoyat qilingan edi.

Prezidentga shikoyat

Shavkat Mirziyoyevning Shayxontohur tumanida mahallalar faollari bilan uchrashuvi chog‘ida “Nuroniy” jamg‘armasining Toshkent shahar kengashi raisi Rustam Kalonov mahallalarning o‘ziga xos muammosini ko‘tardi:

“Yor-yor” degani ham bor. Unda chiqib xotinlar er topaman deydi, erkaklar xotin. Yaxshi erkak bo‘lsa o‘zi xotin topib oladi”.

“Mana, muhtaram prezident, mahallalarga katta e’tibor beryapsiz. Lekin bir fikr bor edi – “Sevimli” telekanalida “Mahallada duv-duv gap” degan ko‘rsatuv bor. Umuman bizning an’analarimizga zid. Qanday qilib uni oila davrasida tomosha qilish mumkin, hayronman. Shunchalik bir masalani muhokama qilmoqchi ekan, o‘sha mahallasiga borib qilsin shuni. Yana “Yor-yor” degani ham bor. Unda chiqib xotinlar er topaman deydi, erkaklar xotin. Yaxshi erkak bo‘lsa, o‘zi xotin topib oladi”.

Rustam Kalonovning so‘zlarini keltirgan Kun,uz saytining xabar qilishicha, Prezident bu gap ortidan bosh vazirga: “Abdulla Ne’matovich, o‘zingiz nazoratga oling bu masalani”, – degan.

“Sevimli” va “Zo’rTV” jim

“Sevimli” telekanalining “Mahallada duv-duv gap” tok-shousida asosan, oilaviy va ba’zan ijtimoiy masalalar muhokama qilinadi. Bunday tok-shoular boshqa ba’zi kanallarda ham bor.

“Yor-yor” tok-shousi, mualliflarining aytishicha, turmush ko‘rgan, lekin u yoki bu sabablar bilan shu kunda yolg‘iz yashayotgan ayollar va erkaklarning bir-birovi bilan uchrashib, oila qurish tomon qadam tashlashi uchun maydondir.

Kuzatuvchilar fikricha, ““Mahallada duv-duv gap”, “Yor-yor” hamda bularga o‘xshash yana bir necha ko‘rsatuv davlat tepasiga Shavkat Mirziyoyev kelgach telekanallarda paydo bo‘lgan nisbiy erkinlik mahsulidir.

“MY5” kanalining “Mahallada duv-duv gap”ga o‘xshash ko‘rsatuvi (“Ochiqchasiga gaplashamiz”) har gal prezident Mirziyoyevning so‘zlari bilan ochilishi ham xarakaterlidir.

“Sevimli” telekanali bosh muharriri Qahramon Saydaliyev Ozodlik murojaatiga javoban “xastaligi tufayli shu kunda ishga chiqolmayotgani, yangiliklarni kuzatolmayotgani, shuning uchun kechagi gapdan ham xabarsiz” ekanligini bildirish bilan cheklandi. “Zo’rTV” rahbariyati bilan bog‘lanishga urinishlarimiz esa natija bermadi.

Doimiy bosimlar

“Yor-yor” ko‘rsatuvining (“Zo’rTV”) ilk soni efirga uzatilganiga yaqinda 2 yil to‘ladi. 2020 - yilning yanvarida boshlangan bu loyihaning shu kungacha 200 ta soni tayyorlandi.

Jurnalist Muhabbat Hamroyeva assistent boshlovchilar – professor Omina Karimova va stendap komik To‘xtamurod Azizovlar bilan olib boradigan bu ko‘rsatuv “an’anaviy milliy qadriyatlar” tarafdorlari tomonidan muttasil bosimga uchrab kelayotgani boshlovchilarning deyarli har bir ko‘rsatuvda tanqidchilarga u yoki bu ko‘rinishda javob berishidan ma’lum.

Xususiy telekanallar ko‘rsatuvlari, xususan “Yor-yor” ustidan prezidentga qilingan 22 - noyabrdagi arz davlat rahbari darajasiga ko‘tarilgan ikkinchi arzdir. Prezident joriy yil boshida Yunusobod tumaniga borganida ham “Yor-yor” ustidan shikoyat qilingan, shundan so‘ng ko‘rsatuv boshlovchisi Muhabbat Hamroyeva AlMedia Youtube-kanaliga bergan intevьyusida bunday degan edi:

“Hattoki Yunusoboddagi bir uchrashuvda to‘g‘ridan-to‘g‘ri prezidentimiz Shavkat Miromonovichga bu ko‘rsatuvni yopish kerak, deyishgan edi. “Zo’rTV” telekanalidan berilayotgan “Yor-yor” dasturi mentalitetmizga umuman qarshi, urf-odatlarimizga teskari, yopish kerak, degan so‘zni aytishdi. Yurtimiz rahbarigacha bu narsa olib chiqildi (kuladi).

Bu so‘zlarni aytgach, Muhabbat Hamroyeva ko‘ziga yosh olib, “tonggacha joynamoz ustidan turmagani”, “shuncha qilgan mehnatim nahotki bitta tanqid bilan yo‘qqa chiqib ketsa, deb qo‘rqqanini” aytadi.

Yanvardagi tanqiddan qariyb 11 oy o‘tib, “Yor-yor” ustidan yana prezidentga arz qilindi.

"Rustam Kalonovning fikri "Nuroniy" fikri emas"

Ozodlik shikoyatchi Rustam Kalonov bilan bog‘lana olmadi. Biroq u ishlaydigan “Nuroniy” jamg‘armasi raisi muovini Sharof Ubaydullayev Kalonovning ko‘rsatuvlar to‘g‘risidagi fikrlariga qo‘shilmasligini bildirdi:

Beva ayollar yolg‘izlikda o‘ziga o‘t qo‘yaversinmi? Bolalarini boqolmay sotuvga qo‘yaversinmi? !

“Saylovda Prezidentimizning ishonchli vakili sifatida joylarda qilgan ba’zi chiqishlari bilan ham bizni hijolatga qo‘ygan Rustam Kalonovning oddiy xalq hayotini, odamlarning real tashvishlarini bilishiga shubham bor. “Nuroniy” jamg‘armasi Toshkent shahar kengashi raisi bo‘lib ishlayotgan bu sobiq davlat amaldori o‘zi tushunadigan narsaga aralashgani ma’qul edi. Axir yolg‘iz qolgan ayol, yolg‘iz qolgan erkak o‘ziga jufti halol topsa va bu ishda ularga televideniye yordam bersa, nimasi yomon?! Yo beva ayollar yolg‘izlikda o‘ziga o‘t qo‘yaversinmi? Bolalarini boqolmay sotuvga qo‘yaversinmi? Har holda milliy zehniyat haqida milliy zehniyat nimaligini tushunadigan odam gapirgani ma’qul”.

Mixail Gorbachevning qayta qurish yillarida oilaviy mojarolar va ijtimoiy muammolarni televideniye hamda jamoatchilik muhokamasiga olib chiqqan taniqli teleboshlovchi Dadaxon Yoqubov esa, ko‘rsatuvlar borasidagi xulosani tomoshabin hukmiga havola qilish kerak, degan fikrda:

Muhimi – har ikki tomonning fikrini berish, xulosani esa, xalq, tomoshabin chiqarib oladi.

"Oilaviy mojarolarni 90-yillar boshlarida men ham “Hayot quvonchlari va tashvishlari” ko‘rsatuvida ko‘p olib chiqqanman. Muhimi – har ikki tomonning fikrini berish, xulosani esa, xalq, tomoshabin chiqarib oladi”.

Rustam Kalonovning ko‘rsatuvlar ustidan Prezidentga shikoyati ijtimoiy tarmoqlarda ham muhokama qilinmoqda.

Bloger Zafarbek Solijonov o‘zining Telegram-kanalida “bu yerda ham "ma’naviyat"ni yoqib olishni yig‘ishtirish kerak. Yechimi oson - yoqmasa, ko‘rma, boshqa kanalga olib qo‘y. Hech kim seni majburlayotgani yo‘q. Bu ko‘rsatuvlarning ko‘plarga foyda tegayotganini ko‘rib turibmiz”, deb yozar ekan, o‘z postini mana bu fikr bilan yakunlagan:

Kalonovdeklar sehrli jinni ko‘rib qolsa, birinchi tilak sifatida barcha insonlarga seksni taqiqlashni so‘raydigan odamlar xilidan.

“Kalonovdeklar sehrli jinni ko‘rib qolsa, birinchi tilak sifatida barcha insonlarga seksni taqiqlashni so‘raydigan odamlar xilidan. Unga unchalik e’tibor qilmaslik kerak. O‘ylaymanki, Bosh vazir komandasi ham Kalonovning taklifiga miyig‘ida kulib qo‘yadi xolos. Ortig‘iga arzimaydi”.

Prezident Mirziyoyev shu yil boshida Yunusoboddagi uchrashuvda ko‘rsatuvlar ustidan shikoyat qilganlarga javoban bunday degan edi:

“Albatta, efirga uzatilayotgan dasturlar milliyligimizga, yoshlar tarbiyasiga mos bo‘lishi muhim. Lekin shu bilan birga, ommaviy axborot vositalarining faoliyatini ham asossiz cheklab qo‘ya olmaymiz. Ular endigina so‘z erkinligiga o‘rganib, faoliyatlarini yo‘lga qo‘yib kelmoqda”.

Muhokama mavzusi bo‘lgan ko‘rsatuvlarning keyingi taqdiri haqid hozircha hech qanday ma’lumot yo‘q. Mirziyoyev Shayxontohur tumaniga tashrif buyurgan 23 - noyabr kuni “Zo’rTV” dagi “Yor-yor” ko‘rsatuvining yangi, 201-soni efirga uzatildi. Ozodlikning har ikki telekanaldagi vaziyatdan xabardor manbasi Bosh vazir Aripov ayni masala bilan shug‘ullanayotgani va bu ikki ommabop tok-shouning yopilish ehtimoli katta ekanini aytdi.

"Sevimli" telekanali O‘zbekiston Elektron Ommaviy Axborot Vositalari Milliy Assotsiatsiyasi (NAESMI) hamda "O‘zbekkino" agentligi rahbari Firdavs Abduholiqov media-imperiyasining bir qismidir. “Zo’r TV” esa Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevga tegishli ekani aytiladi. Ortiqxo‘jayevning o‘zi buni hech qachon tasdiqlamagan.

Bundan avval xususiy telekanallardagi xorij, xususan, qator turk seriallari tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘lgan va rasmiylarning aralashuvi bilan namoyishi to‘xtatilgan edi.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG