Линклар

Шошилинч хабар
14 апрел 2024, Тошкент вақти: 13:32

Mirziyoyev Ukraina urushining ikki yilligi arafasida Rossiyaga safar qildi


Vladimir Putin va Shavkat Mirziyoyev
Vladimir Putin va Shavkat Mirziyoyev

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 21-fevral kuni “Kelajak o‘yinlari” musobaqasining tantanali ochilish marosimida ishtirok etish uchun amaliy tashrif bilan Qozon shahrida bo‘ladi.

O‘zbek prezidenti matbuot xizmatining bildirishicha, musobaqaning ochilish marosimiga Shavkat Mirziyoyevni Vladimir Putin taklif qilgan.

Tashrif dasturida ikki davlat rahbarlarining uchrashuvi ko‘zda tutilgan. Unda 2023-yil 5-7-oktabr kunlari Rossiyaga rasmiy tashrif yakunida erishilgan oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish hamda keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish masalalari muhokama qilinadi.

Rossiyada ilk bor tashkil etilayotgan “Kelajak o‘yinlari" 21-fevral – 3-mart kunlari bo‘lib o‘tadi. Tadbirda 107 ta mamlakatdan 227 ta jamoa, jumladan, O‘zbekiston sportchilari ishtirok etadi.

Tahlilchilar fikricha, Ukraina bosqinidan so‘ng xalqaro sanksiyalar va bosim ostida qolgan Rossiya bu o‘yinni Parij olimpiadasiga muqobil tarzda o‘tkazmoqda. Bu o‘yinlarda MDH va BRIKSga a’zo davlatlar, Janubi-Sharqiy Osiyo, Lotin Amerikasi va Afrika mamlakatlaridan kelgan sportchilar ishtirok etadi.

Putin musobaqaning ochilish marosimiga MDH davlatlari rahbarlarini taklif qilgan.

Кўпвекторлик ва "табассум дипломатияси". Экспертлар Мирзиёев ташқи сиёсати ҳақида
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:14:02 0:00

Ukraina urushining ikki yilligi arafasidagi mashvarat

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Rossiyaga navbatdagi safari Moskva Ukrainaga boshlagan asossiz tajovuzning ikki yillik sanasi arafasida o‘tadi.

Rasmiy Toshkent Ukrainadagi urush borasida "neytral" pozitsiyani egallagan, ammo tahlilchilar va G‘arb diplomatlari nazarida bu pozitsiya Rossiyadan ko‘ra Ukrainaga nisbatan "neytralroq"dir.

Prezident Mirziyoyev Rossiyaning Ukrainaga urushi borasida rasman hech qanday bayonot bermagan va urush boshlanganidan buyon biron marta Ukraina nomini tilga olmagan.

U O‘zbekistonning MDHdagi yirik savdo hamkorlaridan va o‘tmishda muhim siyosiy ittifoqchilaridan sanalgan Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan biron marta ham muloqot qilmagan.

Ukrainadagi urush boshlanganidan bir necha hafta o‘tib Ukrainaning hududiy yaxlitligini qo‘llash borasida bayonot bergan O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov iste’foga chiqarilgandi.

Komilov 2022-yil 17-mart kuni Oliy Majlis Senatida qilgan bayonotida O‘zbekiston bo‘lginchi DXR va LXR ni tan tolmaganini ta’kidlagan.

“O‘zbekiston Ukraina mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini tan oladi. Biz Lugansk va Donetsk mustaqilligini tan olmaymiz”, - degan Komilov.

Komilov Senat yig‘ilishida so‘zlagan nutqida, shuningdek: “O‘zbekiston tarixan Rossiya va Ukraina bilan an’anaviy, ko‘pqirrali hamkorlikka ega. Biz bu mamlakatlar bilan o‘z manfaatlarimizdan kelib chiqib hamkorlik qilamiz. Bir tomondan Rossiya bilan keng, ko‘p qamrovli hamkormiz. Ikkinchi tomondan Ukraina bilan ham keng ko‘lamli hamkorlik amalga oshirilmoqda.

Masalan, 2021-yilda Ukraina bilan savdo aylanmasi hajmi 704 million AQSH dollariga yetdi. Bu 2020-yilga nisbatan 60 foizga yuqori ko‘rsatkich.
Joriy yilda ham Toshkent va Ukrainada bir qator tadbirlar o‘tkazmoqchi edik. Mojarodan oldin Toshkent—Kiyev yo‘nalishida haftada 4 tadan aviaqatnovlar amalga oshirilayotgandi”, - deb ta’kidlagan.

Garchi Komilov keyinroq prezidentning tashqi siyosat bo‘yicha maslahatchisi lavozimiga tayinlangan bo‘lsa-da, tahlilchilar Mirziyoyev uni chetlatish bilan Moskvaning g‘azabidan qutulib qolganini aytishadi.

OzodNazar: Пора бўлган тил ва 90 000 долларли пора
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:49:54 0:00

Diplomatik mojaro

Mirziyoyevning Rossiyaga navbatdagi tashrifi shuningdek, toshkentlik jurnalist va rektor Sherzodxon Qudratxo‘janing so‘zlari tufayli yuz bergan diplomatik mojaro fonida e’lon qilinmoqda.

14-fevral kuni Rossiya Tashqi ishlar vazirligi O‘zbekistonning Moskvadagi elchisi Botirjon Asadovga O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyaar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo‘janing so‘zlari munosabati bilan norozilik bildirgandi.

Moskva Sherzod Qudratxo‘janing o‘zbek tilini bilmaydiganlar «bosqinchi» yoki «ahmoq» ekanini o‘zlari hal qilishlari kerakligi haqida aytgan so‘zlarini «o‘ta haqoratli va mutlaqo qabul qilib bo‘lmas» deb atagan.

Rossiya TIV ga ko‘ra, bu kabi mulohazalarning mazmuni va ohangi ikki davlat o‘rtasidagi "strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlariga mutlaqo zid".

Rossiya tomoni "do‘st va ittifoqdosh O‘zbekiston aholisining mutlaq ko‘pchiligi Sherzodxon Qudratxo‘janing fikriga qo‘shilmasligiga ishonishi"ni ta’kidlagan.

Bayonotda Moskva "yaqin vaqt ichida O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi yuqori martabali shaxsning jirkanch bayonotlariga prinsipial baho berilgan rasmiy izoh beradi", deb umid qilayotgani urg‘ulanadi.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi hozirga qadar Qudratxo‘janing so‘zlari yuzasidan biron izoh bergani yo‘q.

O‘tgan yil 21-dekabrida Rossiyaning Toshkentdagi elchisi Oleg Malginov rossiyalik yozuvchi va siyosatchi Zaxar Prilepinning «Rossiya segodnya» matbuot-markazidagi anjumanda qilgan bayonoti yuzasidan O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligiga "taklif etilgan"di.

Prilepin O‘zbekistonning ikki million fuqarosi Rossiya hududida ekan, Moskva O‘zbekiston hududiga "da’vo qilishi"ni iddao qilgan.

Oxirgi diplomatik mojaro manzarasida o‘zbek jurnalist va blogerlari yana bir bor O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Rossiya elchisiga norozilik notasi berishga jur’at qilmaganini eslatishgan.

XS
SM
MD
LG