Линклар

Шошилинч хабар
26 май 2024, Тошкент вақти: 03:52

Mirziyoyev turkiyaliklarni prezident saylovida Erdo‘g‘onga ovoz berishga chaqirdi


Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Rajab Toyyib Erdo‘g‘on.
Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Rajab Toyyib Erdo‘g‘on.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev turkiyalik saylovchilarni ikki oydan keyin bo‘lib o‘tadigan prezident saylovida amaldagi prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘on nomzodini “to‘liq qo‘llab-quvvatlash”ga chaqirdi.

Bu chaqiriq Mirziyoyevning 16-mart kuni Turkiya poytaxti Anqarada o‘tkazilgan Turkiy davlatlar tashkilotining navbatdan tashqari sammitidagi nutqida yangradi.

Mirziyoyev “zamonaviy va qudratli Turkiyaning bugungi barcha yutuqlarida va erishayotgan ulkan marralarida Erdo‘g‘onning mislsiz xizmatlari borligini" ta’kidlagan.

"Shu bois barcha qardosh xalqlarimiz nomidan turk eliga murojaat etib, saylovlarda muhtaram Rajab Toyyib Erdo‘g‘on nomzodini to‘liq qo‘llab-quvvatlashga chaqiramiz”, degan O‘zbekiston prezidenti.

TDTning navbatdan tashqari Anqara sammitiga raislik qilgan Shavkat Mirziyoyevning bayonoti O‘zbekistonda amaldagi prezident muddatini cho‘zishga qaratilgan konstitutsiya bo‘yicha referendumga tayyorgarliklar borayotgan pallada yangramoqda.

30-aprelda o‘tishi belgilangan referendum Shavkat Mirziyoyevning amaldagi ikki prezidentlik muddatini nollashtirishi va unga 2040-yilga qadar hokimiyatda qolishiga imkon berishi kutiladi.

TDT mamlakatlarida favqulodda vaziyatlarni boshqarishga bag‘ishlangan Anqara sammitidagi nutqida Mirziyoyev, shuningdek, Turkiyada 48,5 ming odam o‘limiga sabab bo‘lgan 6-fevral sanasini Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida Qurbonlarni xotirlash va birdamlik kuni, deb e’lon qilishni taklif etgan.

O‘zbekiston prezidenti o‘z mamlakati zilzila markazlaridan biri bo‘lgan va o‘zbek qutqaruvchilari ish olib borgan Hatay viloyatining Ovakent hududidagi tiklanish ishlariga hissa qo‘shish niyatida ekanini aytgan.

Bundan tashqari, talafot ko‘rgan hududlardan yoshi ulug‘ insonlar va nuroniylarning yurtimizda sog‘lig‘ini tiklashi va dam olishlari, shuningdek, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Bahouddin Naqshband kabi buyuk ajdodlarimiz qadamjolarini ziyorat qilishlari uchun barcha qulay shart-sharoitlarni yaratib beramiz”, degan Mirziyoyev kelayotgan yoz mavsumida o‘zbek rasmiylari Turkiyaning Hatay viloyati yoshlarining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etmoqchiligini qo‘shimcha qilgan.

O‘zbekiston prezidenti o‘z nutqida TDT doirasida Tabiiy ofatlar monitoringi va tahlili markazini tuzish hamda uni Toshkentda joylashtirish bo‘yicha tashabbusini ham ko‘targan.

Garchi Anqaradagi sammit tabiiy ofatlar va insonparvarlik yordami mavzusiga bag‘ishlangan bo‘lsa-da, ayrim tahlilchilar bu tadbir asosan, amalda Turkiyani 20 yildan buyon boshqarayotgan prezident Erdo‘g‘onni qo‘llash uchun o‘tkazilganini aytishmoqda.

So‘nggi yillarda turk lirasining keskin qadrsizlanishi va o‘tgan oy yuz bergan halokatli zilzila oqibatlari Erdo‘g‘onning yana bir muddat prezidentlikka saylanish istiqbollariga salbiy ta’sir ko‘rsatgani aytiladi.

Ўзбекистон-Туркия: Эрдўғон Тошкентга нима учун борди?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:22:18 0:00

Turkiyada navbatdagi prezident saylovi joriy yilning 14-mayiga belgilangan. Mazkur saylovda amaldagi prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘onga asosiy raqib muxolifatdagi olti partiya tomonidan ilgari surilgan nomzod – Jumhuriyat xalq partiyasi lideri Kamol Qilichdoro‘g‘li bo‘lishi kutilmoqda.

XS
SM
MD
LG