Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 20:38

Mirziyoyev Sianda. Xitoy-Markaziy Osiyo sammitidan nimalar kutilyapti?


O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Xitoy – Markaziy Osiyo” sammitida qatnashish uchun Sian shahriga yetib keldi.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Xitoy – Markaziy Osiyo” sammitida qatnashish uchun Sian shahriga yetib keldi.

Markaziy Osiyoning besh davlati va Xitoy rahbarlari 18 va 19-may kunlari Buyuk ipak yo‘lining boshlang‘ich nuqtasida joylashgan Xitoyning eski poytaxti Sian shahrida sammitga yig‘ilmoqda.

18-may kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Xitoy – Markaziy Osiyo” sammitida ishtirok etish uchun davlat tashrifi bilan Xitoy shimoli-g‘arbidagi Shensi provinsiyasining Sian shahriga yetib keldi.

O‘zbekiston prezidenti Xitoyda Markaziy Osiyoning qolgan to‘rtta davlati, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston va Tojikiston davlat rahbarlari bilan birga Si raisligida payshanba va juma kunlari bo‘lib o‘tadigan sammitda ishtirok etadi.

Shuningdek, Xitoy tomoni bilan Xitoy-O‘zbekiston munosabatlarini chuqurlashtirish va ikki davlat o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazadi.

Bu Xitoy Markaziy Osiyoning besh davlati bilan 31 yil avval diplomatik munosabatlar o‘rnatganidan buyon olti davlat rahbarlarining birinchi sammitidir.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev rafiqasi Ziroatxon Hoshimova bilan Xitoyning Sian shahrida.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev rafiqasi Ziroatxon Hoshimova bilan Xitoyning Sian shahrida.

Xitoy tashqi ishlar vazirligi vakilining aytishicha, uchrashuv "yangi munosabatlar rejasini ishlab chiqishga yordam beradi" va "hamkorlikning yangi davrini ochadi".

Hozirgi geosiyosiy kontekstda ushbu sammit haqida nima deyish mumkin? Uning kun tartibida nimalar bo‘lishi mumkin?

Markaziy Osiyo bo‘yicha ixtisoslashgan jurnalist Bryus Panier fikricha, mintaqa davlatlari Ukrainadagi urush ortidan Rossiya bilan aloqalarida yuzaga kelgan bo‘shliqni Xitoy to‘ldirishiga umid qilmoqda.

"Har ikki tomonni o‘z manfaatlari bor. Markaziy Osiyo Rossiya bilan aloqalarida yuzaga kelgan bo‘shliqni Xitoy to‘ldirishiga umid qilmoqda. Ayniqsa xavfsizlik sohasida Xitoy yordamiga ko‘z tikmoqda. Bilasizki, Markaziy Osiyoning to‘rt davlati Afg‘oniston bilan chegaradosh. terrorchi, jangari guruhlar zaiflashuvidan Xitoy ham manfaatdor. Shuning uchun xavfsizlik sammitda asosiy mavzulardan biri bo‘ladi. Bundan tashqari savdo-sotiqni rivojlantirish, transport, ayniqsa Kaspiy dengizi bilan bog‘lovchi temir yo‘l loyihasiga Xitoyning qiziqishi katta. Bularning barchasi sammit kun tartibida bo‘lishi kutiladi”, - deydi Bryus Panier.

Xitoy Markaziy Osiyoni Yevroosiyo bo‘yicha uzoq muddatli iqtisodiy strategiyasining ajralmas qismi sifatida ko‘radi.

"Bu G‘arbni o‘z ichiga olmaydigan muqobil forumlar va formatlarni yaratishga urinishdir. Shu nuqtai nazardan, sammit Xitoyning biz bilan juda yuqori darajada hamkorlik qilishni xohlaydigan ko‘plab kuchlar mavjudligini namoyish etish strategiyasining bir qismidir.

Xitoy va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi hamkorlik tarixi uzoq. Shunga o‘xshash uchrashuvlar, hatto ancha yuqori darajada, avval ham onlayn tarzda o‘tkazilgan. Sammit formati mutlaqo yangi emas, lekin bu galgi uchrashuv, albatta, biz o‘tmishda ko‘rganimizdan ancha yuqori darajadagi uchrashuvdir. Menimcha, Markaziy Osiyo Xitoy uchun dunyoning qiziqarli qismi, chunki u o‘zining eng zaif mintaqalaridan biri – Shinjon bilan chegaradosh va u bilan chambarchas bog‘langan. Xitoyning Markaziy Osiyo bilan munosabatlari har doim ichki xavfsizlik manfaatlariga asoslangan”, - deydi xitoyshunos ekspert Rafaello Pantuchchi.

Moskva va Pekin orasida

Markaziy Osiyoning besh davlati yetakchilari Xitoydagi sammitdan o‘n kun oldin Moskvadagi 9-may paradida Rossiya prezidenti Vladimir Putin yonida saf tortishgandi.

Tahlilchilarga ko‘ra, bu Markaziy Osiyoning Ukrainaga urush sabab yakkalanib qolgan Rossiyaga hanuz qanchalik bog‘liq ekanligini ko‘rsatgan.

“Ukrainadagi urush manzarasida Moskvaning obro‘si pasayib ketganiga qaramay, u mintaqadagi asosiy o‘yinchi bo‘lib qolmoqda. Rossiyaning Markaziy Osiyo bilan aloqalari hozir ham kuchli. Rossiyaning mintaqadagi hozirligi 200 yillik tarixga ega. Xitoy mintaqada ko‘p ish qilyapti, lekin Pekinning harakatlari Rossiya ta’sirining o‘rnini bosadigan darajada emas”, - deydi Bryus Panier

Xitoyshunos olim Rafaello Pantuchchi ham Ozodlik bilan suhbatda Pekin va Moskva Markaziy Osiyoda raqobatchi emas, deydi.

“Ha, menimcha, ular raqobatchi emas, ular parallel ishdan juda mamnun. O‘ylaymanki, ular o‘zlarining ta’sirini tushunishadi. Rossiya kengroq ta’sir doirasiga ega. Xitoy o‘zi uchun bevosita manfaatdor bo‘lgan narsaga ko‘proq e’tibor qaratgan.

Mintaqadagi xavfsizlik choralariga nazar tashlasangiz, Xitoy ba’zi narsalarga e’tibor qaratadi. Ular terrorizmga qarshi kurash. Ular kengroq beqarorlik haqida qayg‘urmaydilar. Ya’ni, Pekin, albatta, bunga g‘amxo‘rlik qiladi, lekin umuman olganda, Moskva o‘zini mintaqada "tinchlikni ta’minlovchi" sifatida ko‘radi”, -deydi Pantuchchi.

Xitoy va Markaziy Osiyo davlatlari terrorizm, separatizm va ekstremizm, transmilliy uyushgan jinoyatchilik va narkotik moddalar savdosiga qarshi kurashda o‘zaro hamkorlik zarurligini ta’kidlab kelishadi.

Xitoy tomonidan taklif etilgan Global xavfsizlik tashabbusi Markaziy Osiyo davlatlari tomonidan qo‘llab-quvvatlangan.

Ammo ekspertlar fikricha, mintaqa davlatlarini eng ko‘p qiziqtirayotgani Xitoy investitsiyalaridir.

O‘zbekiston delegatsiyasi Sianda Xitoy bilan hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha muzokaralarda.
O‘zbekiston delegatsiyasi Sianda Xitoy bilan hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha muzokaralarda.

Xitoy sarmoyalari

Pekin qisqa fursat ichida Markaziy Osiyoga bir necha milliard dollarlik sarmoyalar kiritib, Qozog‘iston va Turkmanistonga eltadigan neft hamda gaz quvurlarini yotqizdi.

2022-yilda Xitoy va Markaziy Osiyoning beshta davlati o‘rtasida tovar ayirboshlash hajmi 70,2 milliard AQSh dollariga etgan.

Joriy yanvar-mart oylarida bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 22 foizga oshgan.

Xitoy qadimiy Buyuk ipak yo‘lidagi mamlakatlarni bog‘lovchi temir yo‘l transportini rivojlantirish ko‘zlangan “Bir kamar, bir yo‘l” loyihasi uchun mintaqaga ko‘pmilliard dollarlik sarmoyalar kiritgan.

Xitoy banklari “Bir kamar, bir yo‘l” loyihasi doirasida Markaziy Osiyoda tog‘-kon sanoatini rivojlantirish, yo‘llar, ko‘priklar, gidroelektrstansiyalar, metrolar va boshqa yirik obyektlar qurilishini moliyalashtirib kelmoqda.

Sian sammitida Xitoy va Markaziy Osiyoning ba’zi o‘lkalari orasida viza yengilliklariga oid kelishuvlar ham imzolanishi kutiladi.

Qozog‘istonliklar uchun Xitoyga, xitoyliklar uchun esa Qozog‘istonga 30 kunlik vizasiz rejim joriy qilinadi. Ostona tomonidan ma’qullangan bu kelishuv Sian shahrida bo‘lib o‘tadigan sammitda imzolanishi kutilmoqda.

Sammit arafasida O‘zbekiston ham xitoylik sayyohlar uchun vizasiz rejim joriy qildi.

O‘zbekiston Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining bosh eksperti Shirin Xo‘jayeva China Global Network telekanaliga bergan suhbatida Xitoy bilan aloqalarda turizm O‘zbekiston rivojlantirmoqchi bo‘lgan sohalardan biri ekanini aytdi.

“Iyun oyiga qadar biz texnik imkoniyatlarni o‘rganish bo‘yicha aniq maqsad va moliyalashtirish manbalarini belgilashni rejalashtirmoqdamiz”, — dedi Xo‘jayeva.

O‘zbekistonning Xitoydagi elchisi Farhod Arziyev so‘nggi o‘ttiz yilda ikki tomonlama munosabatlar rivojiga yuqori baho beradi.

Sammit arafasida Reyter agentligiga gapirgan Arziyev munosabatlar yaxshi qo‘shnichilik va umumiy manfaatlarni o‘zaro hurmat qilish asosida ekanligiga ishonishini aytadi.

"O‘zbekiston va Xitoy ko‘plab xalqaro va mintaqaviy masalalarda umumiy va o‘xshash manfaatlarga ega. Bizda tarixiy va madaniy aloqalar chuqur ildiz otgan. An’anaviy qadriyatlarimizda ko‘p o‘xshashliklar mavjud. Bularning barchasi o‘zaro manfaatli munosabatlarga asos bo‘ldi. turli sohalardagi hamkorligimizni yanada rivojlantirish uchun mustahkam asos bo‘ldi”

O‘zbekistonda Xitoyning yirik korxonalari va moliya institutlari ishtirokida bugungi kunda mamlakatimiz iqtisodiy o‘sishi uchun zarur bo‘lgan bir qator muhim yuqori texnologiyali loyihalar amalga oshirilmoqda. Bu loyihalar O‘zbekistonning barqaror iqtisodiy rivojlanishi va uni sanoatni modernizatsiya qilish uchun xizmat qiladi".

Rasmiy statistikaga ko‘ra, o‘tgan yili Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi undan oldingi yildagi shu davriga nisbatan 19, 7 foizga o‘sib, 8, 92 milliard AQSh dollarini tashkil etgan.

Ayni paytda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev kambag‘allikni qisqartirishda Xitoy tajribasidan foydalanishi haqida bildirdi.

O‘zbekistonning har bir viloyatidagi bittadan tumanda Xitoy tajribasi asosida kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha alohida dastur amalga oshirilishi haqida prezident Shavkat Mirziyoyev 10-may kuni o‘tgan yig‘ilishda ta’kidladi.

Bu dastur muvaffaqiyatli amalga oshirilsa, 2024-yildan beri tajriba mamlakatning barcha hududlariga joriy etilishi bildirilgan.

Qarz qopqoni

Tahlilchilar Markaziy Osiyo davlatlari Pekinning qarz qopqoniga tushishidang xavotir bildirishadi.

O‘zbekistonning tashqi qarzi joriy yil 40 milliard dollarga yetgan. Qarz beruvchilar orasida yetakchilaridan biri Xitoyning eksport va import - “Eksim bank”idir.

O‘tgan yil oxirida O‘zbekiston Xitoydan 4,2 milliard dollar qarzdor bo‘lgan, bu umumiy qarzning 16,7 foizini tashkil qilgan.

“Markaziy Osiyo davlatlari ehtiyot bo‘lishi va Xitoyga iqtisodiy jihatdan haddan tashqari qaram bo‘lib qolmaslikka harakat qilishi lozim. Katta ambitsiyalarga ega avtoritar davlatga moliyaviy qaram bo‘lish juda xatarli ”, - deydi Britaniyada yashovchi o‘zbekistonlik ekspert Alisher Ilhomov.

Xitoy O‘zbekiston gazining eng yirik haridoridir..

Statistika agentligining bildirishicha, O‘zbekiston 2022-yilda 910,9 million dollarlik gaz eksport qilgan. Gazning asosiy qismi Xitoyga sotilgan.

Rasmiy Pekin keltirgan raqamlarga qaralsa 2022-yilda Xitoy O‘zbekistondan 1,07 milliard dollarlik gaz xarid qilgan.

Bu esa O‘zbekiston e’lon qilgan raqamlardan 159,5 million dollarga ko‘pdir. O‘zbekistonda aholi gazsizlikdan aziyat chekayotgan bir paytda gazning chet davlatlarga sotilayotgani tanqidlarga sabab bo‘lib keladi.

O‘zbekiston Xitoyga eng ko‘p gaz sotuvchi besh davlatdan biri. Birinchi o‘rinda olti oyda Xitoyga 4,5 milliard dollar gaz sotgan Turkmaniston bormoqda. Undan keyingi o‘rinlarni esa Rossiya, Myanma, Qozog‘iston va O‘zbekiston turibdi.

Xitoy Markaziy Osiyodagi maqsadlari xaqida ochiq gapirmaydi. Ammo, o‘tgan oy Xitoy elchisining sobiq sovet o‘lkalari maqomiga shubha bildiruvchi bayonoti janjalga sabab bo‘ldi.

Xitoy elchisi Lu Shayning SSSR davlatlari "xalqaro huquq borasida samarali maqomga ega emas, chunki ularning statusiga suveren davlatlar kuchini taqdim etuvchi xalqaro kelishuv yo‘q" degan so‘zlariga Ukraina va Boltiq bo‘yi davlatlari keskin munosabat bildirdi.

O‘zbekiston rasmiylari mojaroga sabab bo‘lgan ushbu bayonotga munosabat bildirgani yo‘q.

XS
SM
MD
LG