Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 10:33

Mirziyoyev “faxrimiz” deb atagan buyuk rassom Usto Mo‘minning Toshkentdagi qabri tashlandiq ahvolda


"Usto Mo‘min" asarlari doimo ko‘rgazmalar markazida, qabri esa qarovsiz. Kollaj
"Usto Mo‘min" asarlari doimo ko‘rgazmalar markazida, qabri esa qarovsiz. Kollaj

O‘zbek tasviriy san’atining tashrif qog‘ozi sifatida taqdim qilinadigan ulug‘ rassom Usto Mo‘minning Toshkentdagi qabri qarovsiz ahvolda.

2017 - yili prezidentlikka saylanganidan keyin Shavkat Mirziyoyev Moskvaga tashrifi chog‘ida Rossiya prezidenti Putin bilan birga Pushkin muzeyiga tashrif buyurgandi. Muzey peshtoqida ulug‘ o‘zbek rassomi Usto Mo‘min asari aks etgan panno osilganini ko‘rish mumkin.

Ko‘rgazma markazidan ham Usto Mo‘min asarlari o‘rin olgan edi. Yangi O‘zbekistonning madaniyatga oshiqligini urg‘ulagan Mirziyoyev Usto Mo‘min asarlarini “millat faxri” deb atagan.

Mirziyoyev va Putin Moskva muzeyida Usto Mo‘min asarlarini tomosha qilmoqda
Mirziyoyev va Putin Moskva muzeyida Usto Mo‘min asarlarini tomosha qilmoqda

1957 - yili Toshkentda olamdan o‘tgan rassom Usto Mo‘min asari Yangi O‘zbekistonning tashrif qog‘ozi bo‘lib qolmoqda.

Usto Mo‘min qabrini izlab

Bu dabdabalardan uch yil o‘tib, toshkentlik jurnalist Tamara Sanayeva buyuk rassomning qabri qarovsiz qolgani aks etgan suratlarni tarmoqqa qo‘ydi.

Usto Mo‘minning qarovsiz qabri
Usto Mo‘minning qarovsiz qabri

"Nahotki, mamlakat tasviriy san’atini dunyoga tamsil qilgan ulug‘ rassom qabri shu qadar e’tibordan mosuvo?"

O‘zbekiston Madaniyat vazirligining Ozodlik bog‘langan mutasaddilari rassom qabri haqida tasavvurga ham ega emasliklarini aytishdi. Ozodlik iltimosiga ko‘ra¸ toshkentlik fotosuratchi Umida Ahmedova va jurnalist Tamara Sanayeva rassom qabrini izlab, yo‘lga chiqishdi. O‘zbekiston Madaniy meros boshqarmasi vakili oldiniga birga borishga rozi bo‘ldi. Ammo sal o‘tmay, “Ozodlik radiosi tadbirida qatnashganligi uchun jazolanishdan qo‘rqishini” aytib, rassom qabriga bora olmasligini bildirdi va uzr so‘radi. Holbuki, o‘zbek madaniyatini tamsil qilgan rassom qabridan xabar olish bu mulozimning xizmat majburiyati edi.

Stalin qatag‘onlari ijrochisi Usmon Yusupov qabri ustidaagi haykal
Stalin qatag‘onlari ijrochisi Usmon Yusupov qabri ustidaagi haykal

Toshkentning xalq orasida "Eski ToshMI" deb ataladigan mavzesiga yaqin joydagi Botkin qabristoni. Temir panjaralar¸ qabr toshlari va zanglagan temir xochlar oralab yuramiz. Nasroniylar qabristonidagi xoch o‘rnatilmagan qabr ustida kichik oq marmar lavha turibdi. Lavhaga "Usto Mo‘min" (Nikolayev Aleksandr Vasilyevich) deb yozilgan. Bu qarovsizlikka ozroq bo‘lsa ham barham berish uchun hech kim tarafidan vakil qilinmagan jurnalist Tamara Sanayeva va fotosuratchi Umida Ahmedova qabrni yovvoyi o‘tlardan tozalashdi.

Usto Mo‘min asari
Usto Mo‘min asari

Ozodlik bilan suhbatda Umida Ahmedova ulug‘ rassom qabri deyarli yo‘qolib ketish arafasida ekani va mutasaddilar befarqligidan tashvish bildirdi.

Turkiston avangardi degan yo‘nalish asoschilaridan biri bo‘lgan Usto Mo‘min asarlari kimoshdi savdolarida qimmatga sotiladi. Yetakchi muzeylar asarlarini o‘z jamlamalarida ko‘rishni istaydigan bu rassom bashariyat tamadduniga xizmat qilgan san’atkor o‘laroq bilinadi.

Mutaxassislarga ko‘ra, san’atda bu mavqega erishgan rassomlar vatanida ularning xotirasiga oshig‘ich ehtirom ko‘rsatiladi. Buyuk rassom va kinochi Sergey Parajanov va rassom Martiros Saryanning Armanistondagi qabri bunga misol.

Ulug‘ Ozarbayjon rassomi Sattor Bahlulzodaga qo‘yilgan haykal tagida esa doimo gullar turadi.

Ozari rassomi Sattor Bahlulzodaga qo‘yilgan haykal
Ozari rassomi Sattor Bahlulzodaga qo‘yilgan haykal

Gurji rassomi Niko Pirosmani obidasi.¸ulug‘ raqqos Rudolf Nuriyevning Parijdagi qabri¸ Dushanbeda ulug‘ rassom Kamoliddin Behzodga qo‘yilgan haykallar minnatdor avlodlarning ehtirom ramzi sifatida ko‘riladi.

Ko‘rib turganingiz esa sharq va g‘arbni uyg‘unlashtirish uchun ismi va dinini o‘zgartirgan ulug‘ o‘zbek rassomi Aleksandr Nikolayevning g‘arib qabri.

Usto Mo‘min qabri
Usto Mo‘min qabri

Qabr toshini latta bilan artib tozalayotgan Tamara Sanayeva fotosuratchi Umida Ahmedovaga qarab ” Qur’on tilovat qil” dedi. Umida Ahmedova rassom ruxiga qur’on tilovat qildi. Nasroniy qabristonida dafn qilingan Nikolayev Aleksandr Vasilyevich ismli rassom ruhiga Qur’on tilovat qilinmoqda. Sizga g‘alati tuyulmadimi?

Fotograf Umida Ahmedova rassom qabri ustida qur’on tilovat qilmoqda
Fotograf Umida Ahmedova rassom qabri ustida qur’on tilovat qilmoqda

Musulmon rassom

San’atshunos Akmal Rizayev bunga tushuntirish berdi:

“Aleksandr Vasilyevich rasman Islomni qabul qilgan ilk rus rassomi. Nikolayev 1920 - yili TurkTsIK (Moskvadagi Turkiston Markaziy Ijroiya qo‘mitasi) mandati bilan Samarqandga keldi. Unga Turkiston xalqlari muzeyini tashkil qilish vazifasi topshirilgan edi. Bu vazifani u kishi mukammal ado qildi. Bugun faoliiyat ko‘rsatayotgan O‘zbekiston Davlat san’at muzeyini u kishi tashkil qilgan edi. Nikolayev dunyoga mashhur rassom Malevichning shogirdi bo‘ladi. O‘sha qora kvadratni chizgan buyuk rassomning shogirdi. 1921 - yilga kelib Nikolayev Turkiston rassomi bo‘lish va bu o‘lkani tarannum qilish uchun turkistonliklardan biri bo‘lishi zarurligini tushunib yetdi. "Sherdor" madrasasida yashagan chog‘ida shu yerdagi qorilardan Qur’on tilovat qilishni o‘rgandi. Kalimayi shahodat keltirib, musulmon bo‘ldi. Ismini Usto Mo‘min deb o‘zgartirdi, sunnat qildirdi. O‘zbek va tojik tillarini o‘rgandi. O‘zi a’zosi bo‘lgan kommunistik partiya safidan rasman chiqdi. “Musulmon odam daxriylik mafkurasi bo‘lgan partiya a’zosi bo‘la olmaydi”, deya partbiletini konvertga solib, Moskvaga pochtadan jo‘natdi. Usto Mo‘min uylarga naqshu nigor chizadigan ustalar mahoratini o‘rgandi. Samarqand shayxlarining bazmlariga borib, bachchalar ijrosidagi raqslarni tomosha qildi. Dutor chalayotgan bachchaning shayxlar qalbiga g‘ulg‘ula solgan faryodini o‘z asarlariga muhrladi. Bachchalarga chandon oshiq bo‘ldi. Bu rassomning qabrida nega xoch yo‘qligi va nega Sanayeva Qur’on tilovat qiling, deganini tushungandirsiz. Botkin qabristonida ulug‘ musulmon rassomi yotibdi”.

Usto Mo‘min asarlarida g‘ilmon va mug‘bachalar aks etadi
Usto Mo‘min asarlarida g‘ilmon va mug‘bachalar aks etadi

1920 - yildan to umrining oxirigacha O‘zbekistonda ijod qilgan Usto Mo‘min asarlari Nukusdagi Savitskiy nomli davlat muzeyi va Toshkentdagi davlat san’at muzeyida saqlanadi.

Sharqqa yuzlanish

Usto Mo‘min asarlarining qiymatini anglash va rassom ulug‘ligini tushunish uchun rassom yashagan o‘sha davr muhitini taftish qilishga to‘g‘ri keladi.

20-asr boshlarida asosan, cherkov buyurtmasiga ko‘ra Injil hikoyalariga surat solgan G‘arb rassomlik oqimi evrilishga yuz tutdi.

Magdalenaning iztirobi yoki avliyo Lukaning g‘amgin hikoyasidan ko‘ra olis Taitidagi ko‘ksi bo‘liq ayollarning tarvuz yeb o‘tirgan tasviri Parij rassomlarining ilhom manbaiga do‘ndi.

Gogen¸ Matiss va Pikasso kabi rassomlarning Parijdagi ustaxonalari sharqona gilamlar¸ do‘ppi va chilimkadilar bilan to‘ldi.

Quyosh sharqdan chiqib, g‘arbga qarab yengan bir davr edi bu.

Sharqona mahobat Parij¸ Vena va Berlindagi imoratlarning ichi va tashida ham aks eta boshlagan¸ Opera va baletlar mavzusi ham "Ming bir kecha ertaklari"ga ko‘chayotgan bir davr edi.

Bolsheviklar Rossiyasi deb nomlangan mahdudlikda siqilgan rassomlar uchun sharqqa intilish alohida ehtiyojga aylandi.

20-asrning 20-yillari... O‘sha paytda endi urushdan chiqqan¸ bolsheviklar to‘ntarishini boshdan kechirgan Rossiya¸ bit bosgan¸ ochlikdan o‘layotgan qashshoqlar fonida o‘ta g‘arib ko‘rinar edi.

Rutubat¸ sovuq va qashshoqlikdan qochgan bir guruh rassomlar nur izlab, Turkistonga yo‘l olishdi.

Buxoroning egri-bugri jin ko‘chalari¸ Toshkentning loy devorlari¸ Samarqandning lojuvard koshinlari va Xivaning ko‘k gumbazlari bu rassomlar qalbini zabt etdi.

"Dutorchi bachcha". Usto Mo‘min asari (1923)
"Dutorchi bachcha". Usto Mo‘min asari (1923)

Futurizm g‘oyalari bilan kelgan rassomlarning ijodiy izlanishlari mevasi o‘laroq, Turkiston avangardi sarchashmasida turgan Usto Mo‘min degan voqe’lik tarixga muhrlandi.

"Davron to‘xtatgan avangard" ham deyishadi Turkiston avangard rassomligi haqida gap ketganida.

Bugun bu avangard rassomlik yo‘nalishida ijod qilgan va O‘zbekiston madaniyati tashrif qog‘oziga aylangan rassom Usto Mo‘min asarlari ko‘rgazmalar markazidan o‘rin olgan. Bu rassom asari O‘zbekiston san’at tarixidan hikoya qiluvchi albomlar muqovasidan o‘rin olgan bo‘lsa, qabri qarovsiz qolmoqda.

Usto Mo‘min Samarqand va Toshkentda ijod qilgan
Usto Mo‘min Samarqand va Toshkentda ijod qilgan

XS
SM
MD
LG