Линклар

Шошилинч хабар
26 май 2024, Тошкент вақти: 04:43

“Mintaqada tashvish uyg‘otayotgan bitta chegara qoldi”. Ekspert o‘zbek-qirg‘iz chegara bitimining ahamiyati haqida


Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Sadir Japarov. Bishkek, 27-yanvar, 2023
Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Sadir Japarov. Bishkek, 27-yanvar, 2023

O‘zbekiston prezidentining o‘tgan hafta Qirg‘izistonga davlat tashrifi chog‘ida, nihoyat, uzoq kutilgan ikki davlat chegarasini delimitatsiya qilish jarayoni nihoyasiga yetgani e’lon qilindi. Mirziyoyev va Japarov O‘zbekiston-Qirg‘iziston davlat chegarasining ayrim uchastkalari to‘g‘risidagi shartnomaning ratifikatsiya yorliqlarini bir-birlariga topshirdilar.

O‘zbekiston bilan chegara Qirg‘izistonning eng uzun tashqi chegarasi hisoblanadi. Uning uzunligi 1314 kilometrga teng. Chegaradagi bahsli uchastkalar to‘qnashuvlarga sabab bo‘lar, ba’zida inson o‘limiga olib kelardi. O‘tgan yilning noyabrida Qirg‘iziston va O‘zbekiston rasmiylari 30 yildan ziyod davom etgan chegara mojarolariga chek qo‘yilganini e’lon qilishdi.

Markaziy Osiyo bo‘yicha ekspert Arkadiy Dubnov “Nastoyashcheye vremya” telekanalining ushbu chegara bitimlari va ularning ahamiyati to‘g‘risidagi savollariga javob berdi.

O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi chegara delimitatsiyasi yakunlandi. Ushbu bitimni qanday baholaysiz, jarayon 30 yil davom etdi harqalay?

– Men buni favqulodda ijobiy baholayman, gapim rost. Prezidentlar fikriga qo‘shilmay ilojim yo‘q: ko‘p yillik ixtiloflar, o‘zaro iddaolar, tushunmovchiliklarga barham bergan chinakam tarixiy ahamiyatga molik voqea bu. Shu tariqa Markaziy Osiyoda ikki qo‘shni davlat o‘zaro chegarasini uzil-kesil qonuniylashtirdi va legitimlashtirdi. Endi, menimcha, mintaqada katta xavotir uyg‘otadigan bitta chegara qolyapti – bu Qirg‘iziston bilan Tojikiston o‘rtasidagi chegara.

Qirg‘iziston va O‘zbekiston chegarasi davlatlararo, tan olingan chegara bo‘ldi, bu voqea men uchun qanchalik muhimligini ta’riflashga so‘z topolmayman. Darvoqe, shu o‘rinda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev fikriga qo‘shilaman – darhaqiqat, siyosiy iroda namoyish qilindi, ayniqsa Qirg‘iziston tomonidan. Ayni chog‘da, – buni ham qayd etmasak bo‘lmaydi, – Kampirobod suv ombori masalasi norozilik kayfiyatini sezilarli darajada oshirdi. Qirg‘izistonda mitinglar juda qattiqqo‘llik bilan bostirilganidan afsusdaman, ishonaman, shunga umid qilamanki, bu ish bo‘yicha hibsga olinganlar tez orada ozodlikka chiqariladi, aks holda norozilik badtar chuqurlashishi mumkin. Qolaversa, haddan ortiq qattiqqo‘llik qilish aqlli odamlarning ishi emas.

O‘zingiz shu mavzudan gap ochganingiz yaxshi bo‘ldi. Qirg‘izistonda faollar Kampirobod suv ombori hududini O‘zbekistonga bermaslik kerak edi, bu nomutanosib ayirboshlash, deb hisoblashadi. Bu xususda nima deysiz? Yerga suv almashish to‘g‘rimi?

– Men bunaqa masalalar bo‘yicha mutaxassis emasman, ushbu munosabatlarning siyosiy xarakteri bo‘yicha mutaxassisman xolos. Ayirboshlovga norozi bo‘lganlar, nazarimda, ushbu muammoning chinakam muqobil yechimini taklif qila olganlari yo‘q, biron jiddiyroq narsa taklif qilib bo‘lmasdi ham. Hamma gap shundaki, limitizatsiya qilinmagan chegara ularga meros qolgan edi, o‘sha suv xo‘jaligi obyektlari ham ularga Sovet Ittifoqi davridan meros qolgan va u paytlar hamma narsa umumiy edi. Nima bo‘lgan taqdirda ham, ikkala mamlakatda iqtisodiyot, ayniqsa uning suv bilan bog‘liq tarmoqlari bir tekis rivojlanishi uchun muammoni hal etishning biron chorasini topish kerak. Norozi bo‘layotganlarga nima yoqmayapti? Qirg‘izistonning bir parcha yeri qirg‘izlarning o‘zi ham foydalanadigan suv omborini qurish uchun berilganimi? Ular o‘zlariga aynan nima muhimligini aniqlab olishlari kerak. Bir parcha yerni namoyishkorona qizg‘anishmi yoki o‘z mamlakatlari ravnaqi va yaxshi qo‘shnichilik aloqalarimi?

Қирғизистон Кампиробод сув омборини Ўзбекистонга "бериб юборди"ми?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:22:36 0:00

– Siz “mintaqada birgina muammo qoldi, endi Qirg‘iziston bilan Tojikiston ham shunaqa chegara bitimini imzolashi kerak”, dedingiz. O‘zbekiston bilan imzolangan bitim bu jarayonni tezlashtirishiga ishonasizmi?

– Ayni shu masalada optimist bo‘la olmayman, o‘z pozitsiyamni bir necha marta bildirganman ham. Nazarimda, toki Dushanbeda mamlakatdagi va chegaradagi barcha jarayonlarni peshvoyi millat janob Imomali Rahmon boshqarar ekan, Qirg‘iziston bilan chegara bo‘yicha ikkala tomonni ham qoniqtiradigan qaror hali-beri qabul qilinmaydi. So‘nggi paytlarda men Dushanbe o‘z pozitsiyasini oqlash maqsadida namoyish etayotgan hujjatlarga yana bir bor ko‘z yugurtirdim, biroq ushbu muammoni konstruktiv va murosa yo‘sinida hal etishga intilishni ko‘rmadim. Afsuski, voqelik shunday, mojaro yaqin orada bartaraf bo‘ladi, deb o‘ylamayman.

XS
SM
MD
LG