Линклар

Шошилинч хабар
26 феврал 2024, Тошкент вақти: 12:30

Madaniy meros agentligi: Xivadagi mehmonxona qurilishi loyihasi YUNESKO qarorini kutmoqda


Xivada qurilishi rejalashtirilgan Mercur mehmonxonasining tashqi ko‘rinishi.
Xivada qurilishi rejalashtirilgan Mercur mehmonxonasining tashqi ko‘rinishi.

YUNESKO ishlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy komissiyasi umumjahon tarixiy merosi hisoblangan ko‘hna Xiva shahrida ziddiyatli mehmonxona qurilishi loyihasiga komissiya Bosh kotibi Gayane Umerova "bosh-qosh bo‘layotgani"ni rad etmoqda.

Ozodlikka yo‘llangan raddiyada "Komissiya kotibiyati Nizomga
va Konvensiyaga muvofiq “KAZ DEVELOPMENT INVEST GROUP” MChJning
2022-yil 16-avgustdagi №19-son murojaatini (ilova qilinadi) o‘rganib chiqib, barcha hujjatlar to‘g‘riligi tekshirilgandan so‘nggina Tashqi ishlar vazirligi orqali YUNESKO tashkilotiga mexmonxona loyihasini belgilangan tartibda ko‘rib chiqish bo‘yicha murojaat yo‘llagani" aytiladi.

Unda bildirilishicha, YUNESKOning Butunjahon merosi markazidan hozirgacha murojaat yuzasidan javob xati olinmagan.

YUNESKO ushbu loyiha yuzasidan Ozodlikning murojaatiga ham hozircha javob bergani yo‘q. Bu borada biron qaror olingan yoki olinmagani noma’lum.

Ayni paytda Ozodlik suhbatlashgan ekspertlarga ko‘ra, YUNESKO ishlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy komissiyasi hamda Madaniy meros agentligining javoblari loyiha bilan bog‘liq xavotirlarni aritmaydi.

Янги меҳмонхона Хива қиëфасини бузиб¸ Умумжаҳон мероси мақомига доғ тушириши айтилмоқда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:12:53 0:00

Ularga ko‘ra, shaharda qurilishi rejalanayotgan bu mehmonxona Xivani nafaqat o‘ziga xosligidan mahrum qilishi, balki umumjahon madaniy merosi ro‘yxatidan o‘chirilish tahdidlari ostida qoldirishi mumkin.

Qadimiy Xiva odamlar tarixiy izchillikda uzluksiz yashaydigan navqiron shahar sifatida YUNESKOning Umumjahon madaniy merosi ro‘yxatiga kirgan shahar.

“Accor” shirkatiga ko‘ra, Urganch aeroportidan 30 daqiqalik, Xiva temir yo‘l vokzalidan esa 10 daqiqalik masofada bo‘ladigan Mercure mehmonxonasi Xivaning Ichan Qal’asiga yaqin joyda, shaharning qoq markazida joylashuvi bilan sayyohlar uchun qulaylik yaratadi.

Xivadagi Mercur mehmonxonasi 146 xonadan iborat 2 qavatli bo‘lishi rejalangan.
Xivadagi Mercur mehmonxonasi 146 xonadan iborat 2 qavatli bo‘lishi rejalangan.

8 ming kvadrat metr yer maydoniga ega mehmonxona qurilishi uchun Xivaning YUNESKO muhofazasidagi bufer zonada joylashgan “Mevaston” mahallasi hududi tanlandi.

Bufer zona bu umumjahon madaniy meros obyektini saqlash va uning atrofidagi tarixiy shahar landshaftlari va boshqa hududlarni rivojlantirish bo‘yicha ko‘p bosqichli kompleks boshqaruvni ta’minlaydigan va shaharning rivojlanish dinamikasini hisobga oladigan muvozanatli arxitektura tizimdir.

Bu hududda YUNESKO roziligisiz qurilish yoki ta’mirlash ishlarini amalga oshirish mumkin emas.

Besh yil avval "Mevaston" mahallasida qadimiy loysuvoq uylar qirchumolilar, ya’ni termit yeb bitiryapti, degan vaj bilan buzib tashlandi.

Mahalla aholisi Xiva chekkasidagi Qasmaobod shaharchasiga ko‘chirildi.

Хиванинг ЮНЕСКО муҳофазасидаги буфер зонада меҳмонхона қурилмоқда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:36 0:00

O‘zbekiston Madaniy meros agentligiga yaqin manbaning Ozodlikka aytishicha, yangi qurilajak mehmonxona Xivani Umumjahon madaniy merosi ro‘yxatidan o‘chirilish tahdidi ostida qoldirishi mumkin.

"Bizga ma’lumki, ushbu hududagi aholining tarixiy turar-joy uylari qirchumoli termit mavjud ,deya buzib tashlangan. Bu tozalangan hududda esa, 4 yulduzli zamonaviy mehmonxona qurilmoqchi. Bu YUNESKO konvensiyasi mantig‘i va ruhiga zid qaror. Agar hududdagi uylar qirchumoli bor, deya buzilgan bo‘lsa, ayni uylar aynan qaytadan o‘z o‘lchamida tiklab qo‘yilishi kerak. (Bu uylar o‘z vaqtida obmer qilingan¸ foto va kino hujjatlarda muxrlangan). Xiva shunchaki me’moriyat muzeyi emas, balki muzey-shahardir. Qachonki, shaharda odamlar yashasagina u tirik bo‘ladi. Termit bahonasida odamlarning uylari tortib olinib o‘rniga turistik biznes inshootlari va zamonaviy mehmonxona qurish Xivaning shahar-muzey salohiyatini pasaytirib, yo‘qqa chiqaradi".

Loyihani prezident ma’qullagan, YUNESKOchi?

Loyihani amalga oshirayotgan “KAZ DEVELOPMENT INVEST” MChJ vakillari uylarning buzilishi mehmonxona qurilishiga bog‘liq emasligi, barcha qurilish ishlari YUNESKO bilan muhokama qilinib¸ ular bilan muvofiqlashtirilayotganini iddao qildilar.

“KAZ DEVELOPMENT INVEST” MChJ rahbari Ikrom Madaliyev Ozodlikka mehmonxona qurilishi YUNESKO talabi asosida amalga oshirilayotganini aytdi.

“Proyektini jo‘natganmiz, YUNESKOni talablariga qarab balandligi, fasadlari hamma parametrlari inobatga olinib qilingan proyekt. Balandligi 9 metrdan baland bo‘lmasin, deb bergan. Shunga 7 yarim 8 metr balandlikda bo‘ladi. YUNESKOni talabi bo‘yicha to‘rt marta o‘zgartirib qilyapmiz loyihani”, - deydi Madaliyev.

Ozodlik ochiq ma’lumotlar bazasidan "KAZ DEVELOPMENT INVEST GROUP" MChJ 2018-yilning iyul oyida 446 million 417 ming 700 so‘m ( qariyb 40 ming AQSh dollari) miqdoridagi ustav kapitali bilan ro‘yxatga olinganini aniqladi.

Ya’ni shirkat Xivadagi mehmonxona qurilishi unga berilishidan sal oldin ro‘yxatga olinganini ko‘rish mumkin.

Shirkat manzili ham hujjatda Xiva shahri Mevaston mahallasi ekani ko‘rsatilgan.

Davlat reyestridan olingan hujjatga ko‘ra, "KAZ DEVELOPMENT INVEST GROUP" MChJ 2018-yilda tashkil etilgan. Manzili Xiva shahrida .
Davlat reyestridan olingan hujjatga ko‘ra, "KAZ DEVELOPMENT INVEST GROUP" MChJ 2018-yilda tashkil etilgan. Manzili Xiva shahrida .

Mehmonxona qurilishi uchun yer uchastkasi nima asosda aynan “KAZ DEVELOPMENT INVEST GROUP” MChJga nega bepul, tender yoki auksionsiz berilgan?

Bu kompaniyaning tarixiy zonada qurilish ishlari bilan bog‘liq qanday tajribasi bor?

Ozodlik bu va boshqa savollar bilan O‘zbekiston Madaniy meros agentligiga murojaat qildi.

Agentlikning Ozodlikka yuborgan javobida aytilishicha, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2018-yil, noyabr oyidagi Xorazm viloyatiga tashrifi paytida mehmonxona qurilishi loyihasi taqdimoti o‘tkazilgan va Prezident tomonidan ushbu loyiha ma’qullangan.

“Kaz Development Invest Group” MChJ XK tomonidan birinchi boschiqda
146 xona, 292 o‘rinli mehmonxona va 120 o‘rinli restoran hamda ikkinchi bosqichda 100 xona, 200 o‘rinli mehmonxona va 200 o‘rinli restoran tashkil qilish loyixasini amalga oshirish rejalashtirilgan bo‘lib, loyiha doirasida 25,0 mln. (yigirma besh million) AQSh dollari miqdoridagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar jalb qilinishi orqali 250 ta yangi ish o‘rinlari yaratish rejalashtirilgan.

Ma’lumot uchun: O‘sha davrda shahar (tuman) xokimligi tomonidan ajratiladigan yer maydonlari auksionsiz va tendersiz beg‘araz maqsadda investitsiya kiritish shartlari bilan ajratib berish huquqiga ega bo‘lgan.
Yer maydonlarini auktsion orqali berish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahqamasining 2019-yil 20-dekabrdagi 1023-sonli qaroriga muvofiq joriy qilingan".

O‘zbekiston Madaniy meros agentligiga ko‘ra, “ACCOR GROUP” kompaniyasi bilan shartnoma imzolagan va ushbu kelishuvga asosan mehmonxona “MERCURE ACCOR GROUP” tomonidan boshqariladi. Loyihaga 25,0 mln. AQSh dollari miqdoridagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar jalb qilingan.

"Bu o‘z o‘rnida turistlar oqimini ko‘paytirishga va ularning ushbu hududda bo‘lish muddatlarini uzaytirishga imkon beradi va taqdim etilayotgan xizmatlar sifatini xalqaro standartlarga olib chiqadi", deyiladi O‘zbekiston Madaniy meros agentligining Ozodlikka yo‘llagan rasmiy javobida.

Mehmonxona qurilishi loyihasi 2018-yilda tasdiqlangan, lekin hanuz u yerda hech narsa qurilmagan.

Qonunchilik bo‘yicha 2 yil davomida hech narsa qilinmasa, yer davlat (hokimiyat) zaxirasiga qaytarilishi lozim. Ammo qaytarilmagan. Madaniy meros agentligi buni o‘tgan vaqt davomida MChJ hududda muayyan ishlarni amalga oshirgani bilan izohlamoqda.

“Kaz Development Invest Group” MChJ XK tomonidan 2018-2021-yillar mobaynida 500 ming (besh yuz ming) AQSh dollariga yaqin investitsiya mablag‘lari jalb qilinib ushbu ajratilgan yer maydonida bosqichma bosqich geodeziya, geologiya, arxeologiya, toposyomka hamda loyihachi korxonalarni tanlash, xorijiy loyihachi korxonalarni jalb qilish, qurilish-montaj loyihalarni ishlab chiqish ishlari va yer maydonini qurilish ishlariga tayyorlash, oldin buzilgan uy-joylarni qurilish chiqindilaridan tozalash va YUNESKO xalqaro tashkilotining butun jahon madaniy meros markazi bilan kelishish borasida ishlari amalga oshirildi, - deya bildirdi O‘zbekiston Madaniy meros agentligi.

Agentlikning bildirishicha, Kaz Development Invest Group” MChJ tomonidan tayyorlangan loyihani tasdiqlatish ko‘p vaqt talab qilgan. Agentlikka ko‘ra, hozirda qurilish obyekti bufer zonada bo‘lganligi sababli loyiha YUNESKO qarorini kutilmoqda.

O‘zbekiston umumjahon merosi bo‘yicha qabul qilingan xalqaro qonun – 1972-yilgi YUNESKO konvensiyasiga qo‘shilgan. Konvensiyaning amaliy yo‘riqnoma qismida, agar a’zo davlat tarixiy obidalarga tegishli biror loyihani amalga oshirmoqchi bo‘lsa¸ YUNESKOning hukumatlararo qaror chiqaruvchi organi - Umumjahon merosi qo‘mitasini xabardor qilishi lozim¸ deyiladi.

O‘zbekistonning YUNESKO ishlari bo‘yicha Milliy komissiyasi bosh kotibining Umumjahon merosi markazi rahbariga xati.
O‘zbekistonning YUNESKO ishlari bo‘yicha Milliy komissiyasi bosh kotibining Umumjahon merosi markazi rahbariga xati.

YUNESKO Umumjahon merosi markazi hozircha Ozodlikning Xivada mehmonxona qurilishiga rozilik berilganmi, degan savoliga javob bergani yo‘q.

YUNESKO himoyasidagi shahar

Xiva dunyodagi eng qadimiy shaharlardan biri bo‘lib, 2500 yillik tarixga ega.

1968-yili Xiva Markaziy Osiyoda birinchi martda YUNESKOning umumjahon madaniy merosi ro‘yxatiga odamlar tarixiy izchillikda uzluksiz yashayotgan qadimiy shahar sifatida kiritilgandi.

Bu ro‘yxatga kiritilgan obida va shaharlarni saqlab qolish¸ konservatsiya va restavratsiya qilishga Umumjahon merosi jamg‘armasidan mablag‘ ajratiladi¸ bu jarayonga ular mutaxassislari jalb qilinadi.

Jahon madaniy va tabiiy merosini muhofaza qilishga oid 1972-yilgi xalqaro konvensiyani ratifikatsiya qilgan davlat sifatida O‘zbekiston¸ YUNESKO tomonidan belgilangan tarixiy hudud va bufer zonada biror ta’mir yoki qurilish qilishdan oldin¸ YUNESKOning Parijda joylashgan Umumjahon merosi markazi bilan muvofiqlashtirishi lozim.

Хива: Мозий билан юзлашганда
Илтимос кутинг
Киритиш (Embed)

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:06:58 0:00

YUNESKO dunyoning 67 davlati hududida joylashgan 220 dan oshiq tarixiy obidani Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritgan.

Bunday obidalar joylashgan hududlar va yo bufer hududlarda ta’mir va yangi loyihalar¸ YUNESKOning Umumjahon merosi markazi bilan 1972-yilgi konvensiya shartlariga mos amalga oshirilishi lozim.

2018-yilda O‘zbekistonning Shahrisabzning tarixiy qismining haddan ziyod restavratsiya qilingani va zamonaviy qurilishlar bois bu qadimiy shaharni YUNESKO sessiyasida Umumjahon merosi ro‘yxatidan chiqarish masalasi ko‘tarilgandi.

Tashkilotning Bahraynda o‘tgan yig‘inida O‘zbekiston hukumatining "tarixiy obyektlarni saqlab qolish bo‘yicha ishlar tubdan kuchaytirilishi" haqidagi va’dalari ortidan Shahrisabz YUNESKO Umumjahon merosi ro‘yxatida qoldi.

"Xiva boshiga Shaxrisabz fojiasi tushmasligi uchun ham Mevaston hududidagi mehmonxona qurilishi to‘xtatilishi kerak. Shahrisabzdagi korrupsioner rahbarlar aybi bilan shahardagi oddiy aholi uylari¸ ko‘prik¸ tegirmon va landshaft yo‘q qilinib, faqat bir-ikkita saroy qoldiqlarigina qolgani ortidan Shahrisabzning tarixiy qiyofasi yo‘qqa chiqqan edi. Xiva tarixiy markazidan atigi bir necha kilometr uzoqlikda Qoraqum sahrosi bor. Bu sahrodan Xiva butun go‘zalligi bilan ko‘rinib turadi. Bu sahroda zamonaviy turistik markaz va mehmonxonalar qursa, maqsadga muvofiq bo‘ladi", - deydi Ozodlikka ismini ochiqlamaslik sharti bilan gapirgan loyihadan xabardor o‘zbekistonlik ekspert.

Bundan oldin Buxoro shahridagi bufer hududda turistik markaz qurilishi jamoatchilikning e’tiroziga sabab bo‘lgandi.

13-yanvar kuni buxoroliklar markaz qurilishidan norozi bo‘lib, prezidentga murojaat yo‘llashgan.

Murojaatda aholi Buxoro shahri qoq markazida 2023-yilda turizm markazi qurilishi doirasida shaharning Ibrohim Mo‘minov va Mustaqillik ko‘chalari o‘qi atrofidagi barcha bino va inshootlar, jumladan, katta sport majmuasi ham buzilishidan norozilik bildirgan.

Turistik markaz qurilishi uchun tanlangan dastlabki yer maydoni Buxoroning tarixiy markazining bufer hududida joylashgan, shu bois YUNESKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi ushbu loyihani qo‘llab-quvvatlamagan. Madaniy meros agentligining hukumatga eslatishicha, ushbu sohadagi har qanday loyiha agentlik va YUNESKO bilan kelishilishi kerak.

Norozilik ortidan biznes-markaz qurilishi boshqa hududga ko‘chirildi.

XS
SM
MD
LG