Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 13:24

Kremldan qo‘ng‘iroq. Mirziyoyev Putin bilan "gaz ittifoqi"ni muhokama qildimi?


Mirziyoyev va Putinning telefon muloqoti mazmuni haqida tomonlar deyarli bir xil xabar tarqatdi. Unda "istiqbolli qo‘shma loyihalar" haqida so‘z boradi.
Mirziyoyev va Putinning telefon muloqoti mazmuni haqida tomonlar deyarli bir xil xabar tarqatdi. Unda "istiqbolli qo‘shma loyihalar" haqida so‘z boradi.

30-noyabr kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin va O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘rtasida telefon muloqoti bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati tarqatgan xabarda aytilishicha, ikki davlat rahbarlari "O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashning dolzarb masalalari"ni muhokama qilgan.

Har ikki davlat prezidentlarining matbuot xizmati muloqot mazmuni haqida deyarli bir xil xabar tarqatdi, ammo telefon so‘zlashuvi qaysi tomonning tashabbusi bilan o‘tkazilgani haqida ma’lumot berilmadi.

"Istiqbolli qo‘shma loyihalar doxil savdo-iqtisodiy hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilindi. Ularning barchasi 1-2-dekabr kunlari ikki mamlakat hukumatlari rahbarlari darajasidagi Qo‘shma komissiyaning Samarqandda o‘tadigan yig‘ilishida batafsil muhokama qilinadi", deyiladi Kreml tarqatgan qisqa xabarda.

Moskva "istiqbolli qo‘shma loyihalar", o‘zbek tomoni esa "istiqbolli kooperatsiya loyihalari" haqida gapirmoqda, ammo bu qo‘shma loyihalar qaysi sohadagi va qanday loyihalar ekani aytilmagan.

O‘zbekiston tomonining talqinida bu loyihalar "iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlari"ni qamrab olishi nazarda tutilsa, gap energetika sohasidagi loyihalar haqida borayotganini taxmin qilish mumkin.

Kutilgan qo‘ng‘iroq

Rossiya va O‘zbekiston rahbarlarining navbatdagi telefon muloqoti Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev Putin Toshkentga, Mirziyoyevga qo‘ng‘iroq qilmoqchi ekani haqidagi bayonotidan ikki kun o‘tib sodir bo‘ldi.

Prezidentlikka qasamyod qilganidan ikki kun o‘tib Rossiyaga safar qilgan Toqayev 28- noyabr kungi muzokaralar chog‘ida Putin unga Rossiya, Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasida uch tomonlama "qandaydir ittifoq tuzish"ni taklif qilgani, bu masalani prezident Mirziyoyev bilan ham muhokama qilmoqchi ekanini aytgan edi.

29-noyabr kuni Rossiya va Qozog‘iston prezidentlarining matbuot kotiblari masalaga oydinlik kiritdi - so‘z bu uch davlat o‘rtasidagi "gaz ittifoqi" haqida borayotgani aytildi.

Ma’lum bo‘lishicha, tuzilishi rejalanayotgan ittifoq tabiiy gazni uch davlat o‘rtasida o‘zaro uzatish hamda Xitoyga yetkazish mexanizmini joriy qilishni nazarda tutadi.

Markaziy Osiyoning ikki yirik iqtisodiyoti bo‘lgan Qozog‘iston va O‘zbekiston Rossiyaga qadar cho‘zilgan hamda Turkmaniston orqali Xitoyga uzangan gaz quvurlariga ega.

Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi fonida Yevropa davlatlari Rossiya gazidan voz kecha boshlaganidan beri Moskva Xitoyga tabiiy gaz yetkazib berish hajmini oshirdi.

Kreml so‘zchisi Dmitriy Peskov uch davlat o‘rtasida “sinxronizatsiya zarurati” dan kelib chiqib bu taklif muhokama qilinayotganini aytdi.

Putin ilgari surgan taklifning birinchi bosqichi “muvofiqlashtirish mexanizmini yaratishni” nazarda tutadi, deya ta’kidladi Peskov.

“Uch davlat o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va tashqi bozorlar uchun infratuzilmani rivojlantirish uchun bu masalani yuridik shaxs bilan muhokama qilish kerak”, deya qayd etdi Dmitriy Peskov.

Qozog‘iston prezidentining matbuot kotibi Ruslan Jeldibay esa ikki davlat prezidentlari bu borada barcha tomonlar manfaatini e’tiborga olgan holda ratsional yechim topish uchun ekspertlar ishtirokida uch tomonlama maslahatlashuvlar o‘tkazilishi lozim, degan yakdil fikrga kelishganini ma’lum qildi.

Quvur kimga ko‘proq kerak?

O‘zbekiston va Qozog‘iston hududi orqali sovet davrida "O‘rta Osiyo-Markaz" gaz quvuri tizimi o‘tkazilgan.

Hozirda ushbu quvur orqali Rossiyaga asosan turkman gazi yetkazib beriladi. Magistral gaz quvuri ikkita tarmoq, shuningdek, bir necha kichik tarmoqlardan iborat. U yiliga 50 milliard kubometr gazni tashish quvvatiga ega. Ammo hozirda Putin tuzishni taklif qilayotgan "uch tomonlama gaz ittifoqi" aynan shu tizimni rivojlantirishni nazarda tutadimi, yo‘qmi, ma’lum emas.

Shuningdek, "gaz ittifoqi" ko‘proq kimga kerak, Putingami yoki O‘zbekiston bilan Qozog‘istongami, degan savol ham ochiq qolmoqda.

Qozog‘istonlik iqtisodchi Aydar Alibayevning "Nastoyashcheye vremya" telekanaliga aytishicha, Rossiya bilan ittifoq Qozog‘iston va O‘zbekiston uchun "sanksiyalar borasida qo‘shimcha risk" deganidir.

Tahlilchi Moskva Toqayevga bosim o‘tkazyapti, deb ishonishini aytadi.

Qozog‘iston hozirning o‘zida Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi doirasida Rossiya bilan yaqin ittifoqchi hisoblanadi.

"YevrAzES a’zosi bo‘lmagan O‘zbekistonning qo‘shilishiga kelsak, O‘zbekiston bu ittifoqqa yugurib kelib qo‘shilishiga shubham bor. Yana o‘zbek tomonining munosabatiga ham qarash kerak bo‘ladi", deydi qozog‘istonlik tahlilchi.

O‘zbekiston prezidentining matbuot xizmati yoki boshqa rasmiylar hozircha “uch tomonlama gaz ittifoqi” yuzasidan biror bayonot yoki izoh bermadi.

Toshkent vaqti bilan 19.50 holatiga Putin va Mirziyoyev so‘zlashuvi haqidagi xabar O‘zbekiston prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadovning rasmiy Telegram-kanalida paydo bo‘lgani yo‘q.

Ayni paytda ijtimoiy tarmoqlarda o‘zbekistonlik faollar Putin Rossiyasi bilan ehtimoliy ittifoq haqidagi xabarni xavotir bilan qarshi olishdi.

"Sening zahiralaringni talayotgan, qo‘shnilarga hujum qilayotgan va ko‘cha bezorisi tilida gapirib o‘rgangani uchun butun dunyo bilan til topishishda muammosi bo‘lgan davlat bilan qanday ittifoq bo‘lishi mumkin? Hech qanday ittifoq kerakmas!" deb yozdi iqtisodiy tahlilchi Abdulla Abduqodirov o‘zining Feysbuk sahifasida.

XS
SM
MD
LG