Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 06:37

Koronavirusning yangi turi kamida 33 mamlakatga tarqaldi


Koronavirusning ilk marotaba Britaniyada aniqlangan yangi turi rasman qayd etilgan.
Koronavirusning ilk marotaba Britaniyada aniqlangan yangi turi rasman qayd etilgan.

Koronavirusning ilk marotaba Britaniyada aniqlangan yangi turi rasman qayd etilgan mamlakatlar soni 33 taga yetdi. Bu esa virusning yangi shtammi allaqachon keng tarqalganidan dalolat beradi.

Britaniyada koronavirusga chalinganlar soni yana o‘sa boshlaganiga virusning yangi turi sababchi bo‘layotgani aytilmoqda. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, koronavirusning yangi shtammi yanada tezroq yuqadi.

Bu holatga javoban Buyuk Britaniyada 1 - yanvar kunidan boshlab favqulodda kasalxonalar qayta ishga tushdi, poytaxt Londonda boshlang‘ich maktablar yopildi.

Britaniya Sog‘liqni saqlash xizmati bemorlar soni oshishiga tayyorgarlik ko‘rilayotganini bildirdi.

1 - yanvar kuni AQShda koronavirusga chalingani tasdiqlanganlarning umumiy soni 20 milliondan oshib ketdi. Mamlakatda virusni yuqtirganlar soni 19 millionga yetganiga hali bir hafta bo‘lgani yo‘q.

Hindiston va Braziliya, mos ravishda, 10,2 million va 7,6 milliondan ortiq virusga chalinish holatlari bilan AQSh izidan bormoqda. 3,1 million holat qayd etilgan Rossiya esa to‘rtinchi o‘rinda bormoqda.

Bugunga qadar jahon bo‘ylab koronavirus infeksiyasidan nobud bo‘lganlar soni 1,8 milliondan oshdi. Nobud bo‘lganlarning 346 mingdan ziyodi AQShga to‘g‘ri keladi.

1 - yanvar kuni AQShda bir sutkada virusdan 3,4 mingdan ortiq odam nobud bo‘ldi. Sog‘liqni saqlash mutaxassislari Rojdestvo va Yangi yil bayramlari munosabati bilan ko‘pchilik sayohat qilayotgani va bir dasturxon atrofda to‘planayotgani uchun virusga chalinish holatlari yanada o‘sishini kutish mumkinligini aytishmoqda.

AQShning bir nechta shtatidagi shifoxonalar bemorlar bilan to‘lib ketgan, sababi mamlakatda koronavirusdan davolanayotganlar soni 125 mingdan oshib ketgan. Bu yangi rekord bo‘lib, o‘tgan oyda qayd etilgan ko‘rsatkichdan 25 foizga yuqoridir.

40 million aholisi bo‘lgan Kaliforniya shtatida ijtimoiy yig‘ilishlar va ishbilarmonlik faoliyatiga qo‘yilgan qat’iy cheklovlariga qaramay, vaziyat og‘ir bo‘lib qolmoqda.

AQSh hukumati 2020 - yil yakunigacha 20 million amerikalikni emlashni rejalashtirgan edi. Aslida esa atigi 2,8 million odam ikki dozali vaksinaning birinchi dozasini olishga ulgurdi.

Florida virusning yangi shtammi aniqlangan navbatdagi AQSh shtati bo‘ldi. Rasmiylarning ta’kidlashicha, virusning yangi turi 31 - dekabr kuni yaqin orada sayohat qilmagan shaxsda aniqlangan.

Avvalroq virusning yangi shtammi Kolorado va Kaliforniya shtatlarida aniqlangan edi.

Olimlarning aytishicha, virusning yangi turi oldingi shtammlarga qaraganda yanada yuqumli, ammo unga chalingan bemorlar orasida o‘lim xavfi yuqoriroq emas. Qolaversa, yangi shtamm ishlab chiqilgan vaksinalar ta’siridan xoli emas.

Hozirga qadar virusning yangi turi 33 mamlakatda aniqlangani tufayli kelgusi oylarda sog‘liqni saqlash tizimlari va iqtisodiyotga bosim yanada kuchayishi haqida xavotirlar urchimoqda.

Janubiy Koreya rasmiylari Seul va uning atrofidagi mintaqalarda joriy qilingan cheklovlarni 17 - yanvargacha uzaytirishni rejalamoqda. Xususan, poytaxtda to‘rt kishidan ko‘p odam qatnashadigan yig‘ilishlarga taqiq qo‘yiladi.

Yaponiyaning Nikkei gazetasining xabar berishicha, Tokio markaziy hukumatdan koronavirus yuqtirish holatlari o‘sa boshlagani uchun yangidan favqulodda holat joriy qilishni so‘raydi.

Tailandda esa koronavirus yuqtirish holatlari davom etayotgani sababli poytaxt Bangkokda maktablar va istirohat bog‘lari yopilmoqda.

XS
SM
MD
LG