Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 12:29

Konstitutsiyaviy islohot: "Nollashtirish tajribasi davom etadi"


2021-yilning 24-oktabridagi saylovda rasman ikkinchi va amaldagi Konstitutsiya bo‘yicha oxirgi muddatga saylangan prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi ortidan O‘zbekistonda boshlangan navbatdagi Konstitutsiyaviy islohot 26-maydan boshlab noma’lum muddatga umumhalq muhokamasiga qo‘yildi.

Bu muhokama qancha vaqt davom etishini Konstitutsiyaviy komissiya ham bilmasligini 28-may kuni Toshkentda o‘tkazilgan brifingda Komissiya matbuot kotibi Odil Tojiyev tan oldi.

“Konstitutsiyaviy komissiya o‘z faoliyatini qonun loyihasi ishlab chiqilgunigacha davom ettiradi. Bu bir oy ham yoki undan ozgina oshishi ham mumkin. Bu endi fuqarolardan kelib tushayotgan takliflar hamda komissiya ishi samaradorligiga bog‘liq”, -deb aytgan Tojiyev.

Xalqaro tajribadan kelib chiqilsa, Konstitutsiyani o‘zgartirish, unga qo‘shimchalar va o‘zgartirishlar kiritish yuzasidan, odatda umumxalq referendumi o‘tkaziladi. Referendumdan oldin Konstitutsiyaviy komissiya tashkil etiladi, u bir necha oy davomida asosiy qonunga kiritiladigan o‘zgartishlarni ishlab chiqadi va shundan so‘ngina umumhalq muhokamasiga qo‘yadi.

Avtoritar tizimlar makoniga aylangani xalqaro hamjamiyat tomonidan e’tirof etiladigan Markaziy Osiyo mintaqasida “Konstitutsiyaviy islohotlar o‘tkazish” an’anaga aylangan.

“Bu mening Konstitutsiyam”: 793 foydalanuvchidan 302 taklif

O‘zbekiston Konstitutsiyasiga o‘zgartishlar kiritish bo‘yicha fuqarolardan takliflarni yig‘ish uchun 26-may kuni “Bu mening Konstitutsiyam” portali ishga tushirildi.

Rasman bu portalga a’zo bo‘lganlar soni 30-may, Toshkent vaqti bilan soat 17:21 holatiga ko‘ra, 793 foydalanuvchini tashkil etadi.

Mazkur foydalanuvchilardan Konstitutsiyaviy islohot borasida shu kungacha 302 taklif kelib tushgan.

Rasman bildirilishicha, foydalanuvchilardan kelib tushgan takliflar “ishchi guruh tomonidan ko‘rib chiqiladi va tasdiqdan o‘tgani muhokama uchun e’lon qilinadi”.

“Bu mening Konstitutsiyam” foydalanuvchilari nimalarni taklif etmoqda?

Portalga kelib tushgan takliflar orasida shaxsiy muammolarini hal etib berishni iltimos qilganlar ham oz emas. Bu kabi iltimoslar fonida Konstitutsiyaga jiddiy o‘zgartishlar kiritish takliflari ham mavjud.

Jumladan, Mansurbek Azizov niki ostida taklif qoldirgan shaxs O‘zbekiston Konstitutsiyasida qo‘shfuqarolikka ruxsat qayd etilishi ahamiyatga molik ekanini bildirgan:

“ Qo‘shfuqarolikka rasman ruxsat berilishi kerak! Boshqa davlat fuqaroligini olgan o‘zbekistonlik u yerda ko‘p afzalliklarga ega bo‘ladi va tabiiyki, avvalgidan ikki barobar ko‘proq mablag‘ ishlab topadi. O‘zbekistonga naqd valyuta kirishi ham ortadi”.

Mansurbek Azizov yana bir taklifida “ Hokimlar xalq tomonidan saylanishi kerak! Shundagina biror bir o‘zgarish bo‘lishi mumkin! Chunki Prezident tomonidan tayinlanadigan amaldor faqat prezidentga yoqish harakatida bo‘ladi, xalq fikri va muammolari uning uchun bir tiyin”, -deb yozadi.

Davron Madjitov nomi bilan taklif kiritgan shaxs esa Konstitutsiyada “Fuqarolik qasamyodi” joriy etilishini talab etmoqda:

“Har bir shaxs O‘zbekiston fuqaroligini qabul qilishda halq, jamiyat, davlat manfaatlari ustuvor bo‘lishi to‘g‘risida Qasamyod qabul qilsin. (Sabablari: Hozirda ayrim soha vakillarigina (xarbiylar, tibbiyot xodimlari) qasamyod qabul qilishadi)”.

Sherzod Ergashev nomi ostida taklif kiritgan shaxs Konstitutsiyaning “Iqtisodiy va ijtimoiy huquqlar” borasidagi IX - bobiga quyidagicha o‘zgartirish kiritishni taklif etmoqda: (Muallif stilistikasi va orfografiyasi tahrir qilinmadi – tahririryat)

“Xozirgi kundagi amaldagi faqat ishlovchi ayollarga xomiladorlik va tug‘ish nafaqasi xisoblash va to‘lash amaliyotini bekor qilinib buni barcha ayollarga (ishlovchi va ishlamayotgan ayollarga) bir xil ko‘rinishda to‘lov amaliyotiga o‘tilishi lozim deb xisoblayman. Bunda mehnatga xaq to‘lashning eng kam miqdorini asos qilib olgan xolda tug‘ruq davridagi xamma ayollarga to‘lanishini ta’minlash kerak. Ma’lum bir chegara qo‘yilishi lozim bo‘lsa 2 nafar farzandi uchun to‘lanishini xisobga olinishi maqsadga muvofiq bo‘ladi”.

Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish borasida o‘z fikrini bildirganlardan yana biri - Oybek Tuyboyov esa davlat boshqaruvining shaffofligini ta’minlash asosiy maqsad bo‘lishi lozimligini ta’kidlaydi:

“O'zbekiston Respublikasida 1-Qonun chiqaruvchi, 2-Ijro etuvchi, 3-Sud hokimiyatlariga 4-chi Hokimiyatni, ya'ni Axborot hokimiyatining vakolatlarini 1,2,3-chi Hokimiyatlarning vakolatlariga tenglashtirish.
- Axborot kanallari va Mustaqil Medialarni davlatdan Mustaqil va Markazlashmagan, erkin bo'lishini, ularning faoliyatiga to'sqinliklar, tashqaridan bosimlarni qonun bilan ta'qib qilish zarur;

- TV, Kino, san'at, musiqa, teatr, madaniyat va boshqa turdagi ommaviy vositalar o'zlarini o'zlari moliyalashtirisin;

- 1-2-3-4 barcha Hokimiyatlarnining mavqei va vakolatlari amalda qonunlar va vakolatlari biln tenglashtirilsin;

- Axborot hokimiyati faoliyati shaffofligini nazorat qilish, faoliyatini cheklash faqat Xalq tomonidan va ommaviy xulosalarga asosan amalga oshirilishi ta'minlansin”.

“O‘zbekiston Konstitutsiyasini Rossiyanikiga o‘xshatishmoqchi: "nollashtirish" tajribasi davom etmoqda”

Ayni paytda AQShda yashayotgan muxolifatchi Jahongir Muhammad mustaqil O‘zbekistonning ilk Konstitutsiyasi qabul qilingan “afsonaviy Oliy Majlis”ning sobiq deputatidir. U Ozodlik radiosi muxbiri savollariga javob berar ekan, quyidagilarni aytdi:

“Amaldagi Konstitutsiya 1992-yilda Oliy majlisda qabul qilinganda unga qarshi ovoz bergandim. Chunki siyosiy yo‘l demokratik deyilgani holda unda uchta kuch orasidagi muvozanatni saqlaydigan bandlar olib tashlangandi.

Masalan, Prezidentni nazorat qiladigan, unga kerakli paytda ishonchsizlik bildiradigan, impichment qiladigan bandlar yo‘q edi. Bu esa mamlakatda diktatura yaratilishi uchun asos bo‘ldi va bu hujjat ishlamasdan uning o‘rniga "telefon qonuniyati" paydo bo‘ldi.

Qabul qilingan qonunlarda Konstitutsiyani buzish hollari yaqqol ko‘zga tashlanib tursada, Konstitutsiyaviy sud ham ishlamadi. Chunki u ham mutloq hokimiyat egasiga bo‘ysundirildi. Parlament esa, uning aytadiganlarni qog‘ozga tushirib beradigan spichrayterga aylandi.

Bugun endi Asosiy qonun islohot qilinadigan bo‘lsa, birinchi galda uchta kuch mustaqilligi ta’minlanishi shart. Aks taqdirda mamlakatni demokratik deyishga asos yo‘q va islohotlar deyishning ham ma’nisi qolmaydi.

Shaxsiy nuqtai nazarim shundan iboratki, bu ish amaldagi rahbarning yana hokimiyatda qolishi uchungina qilinmoqda. Aks taqidirda yangi partiyalarni ro‘yxatga olishga izn berilardi va bu hujjatni tayyorlash jarayonida oddiy xalq vakillari ham qatnashgan bo‘lardi.

Menimcha, O‘zbekistonni Rossiyaning Konstitutsiyasi va "nollashtirish" tajribasi kutmoqda.

Ma’lumki, Rossiyada yangi konstitutsiya qabul qilinishi bilan Prezidentning oldingi muddatlari hisobdan chiqarildi, ya’ni nolga tenglashtirildi. Buni boshqacha tarzda diktator Karimov ham qo‘llagandi.

U asosiy Qonunga o‘zgartirishlar kiritish bilan o‘z vakolatlarini uzaytirgandi. Prezident Mirziyoyevning ham ikkinchi muddatidan keyin yana o‘z vazifasida qolishi uchun zamin zarur. Gap O‘zbekiston xalqida emas, mamlakatda shunday ham bu hujjat ishlamadi, ishlamaydi. Masala dunyoning ko‘zini shamg‘alat qilishda. Ya’ni, ko‘ringlar, biz islohot qilyapmiz, qildik va xalqmiz shuni istamoqda degan bahona yaratilmoqda”.

Ozodlik radiosi muxbiri Oliy Majlisdagi Liberal-demokratik partiyasi bilan hamkorlikda 17-may kuni Konstitutsiyani yangilash bo‘yicha qaror qabul qilgan “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi rahbari Alisher Qodirovdan muqobil munosabat olish maqsadida 27-may kuni so‘rov jo‘natdi. Biroq Alisher Qodirov muxbirning Feysbuk orqali uning shaxsiy messenjeriga yuborilgan so‘rovga shu kungacha javob qaytarmadi.

Ijtimoiy tarmoqlar: Konstitutsiyaning o‘zgartirilishi “chalg‘ituvchi islohot”

O‘zbekiston Konstitutsiyasining isloh qilinishi ijtimoiy tarmoqlarning o‘zbek segmentida ham keng muhokamalarga, qizg‘in baxslarga sabab bo‘lmoqda.

Masalan, bloger Mirkomil Zokirov Feysbuk sahifasida “... konstitutsiyada prezidentni "Imperator" darajasiga olib chiqib qo‘yuvchi "islohotlar" qilib yuborishmasa bo‘ldi. Xozircha prezidentlik muddati mavzusi ko‘tarilmadi. Lekin bir narsani sezyapman bu "konstitutsiyaviy islohotlar"ni boshlashni asl sababi ham shu prezidentlik muddatini o‘zgartirish bo‘lsa kerak. Qolgan barcha "islohotlar" chalg‘ituvchi deb o‘ylayman”, -deb fikr bildirdi.


O‘zini xalqaro jurnalist sifatida taqdim etuvchi Berdiyor Jumayev esaO‘zbekiston konstitutsiyasi hokimiyat uchun niqob, xalq uchun foydasiz kitob”, sarlavhasi ostida post yozgan.

Jurnalist va inson huquqlari faoli Ro‘ziboy Azimiy Konstitutsiyaning 90-moddasiga o‘zgartirishlarsiz saqlanib qolinishi tarafdori:·

“Konstitutsiyamizning 90-moddasiga hech qanday ӯzgartish va qӯshimcha kiritish shart emas. Buni har birimiz bilishimiz va talab qilishimiz, tish-tirnog‘imiz bilan qarshi chiqishimiz shart va zarur.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga o‘ttiz besh yoshdan kichik bo‘lmagan, davlat tilini yaxshi biladigan, bevosita saylovgacha kamida 10 yil O‘zbekiston hududida muqim yashayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi saylanishi mumkin. Ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti bo‘lishi mumkin emas.
90-modda”.

O‘zbekiston Konstitutsiyasini “tarixiy jaryon va islohotlar”ga moslashtirish tarixi

Oliy Kengash Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasi 16-may kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida konstitutsiyaga o‘zgartishlar kiritish jarayonnini boshlashni taklif qilgan edi.

Rasmiy bayonotda O‘zbekistonda o‘tkazilayotgan islohotlar ortidan konstitutsiyaga ham qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish zarurati paydo bo‘lgani uqtiriladi.

Konstitutsiyaga navbatdagi o‘zgartirish kiritish tashabbusini prezident Mirziyoyev o‘tgan yilning 7-dekabr kuni ko‘targan edi.
Shavkat Mirziyoyev ilk marotaba iqtidorga kelganidan so‘ng konstitutsiyaga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilishini rag‘batlantirgandi.

Jumladan, 2017-yilda konstitutsiyaga sud tizimini modernizatsiya qilishga yo‘naltirilgan, 2019-yilda esa “hukumat va uning hisobdorligini demokratiyalashtirish”ga qaratilgan tuzatishlar kiritildi.

2021-yilda prezidentlikka qayta saylanganidan so‘ng ham Shavkat Mirziyoyev mamlakatga konstitutsiyaviy islohotlar zarurligini ta’kidlagan.

O‘tgan yilning 7-dekabr kuni Konstitutsiya kuni munosabati bilan "O‘zbekiston xalqiga tabrigi"da prezident Mirziyoyev mamlakat asosiy qonuniga hozirga qadar 7 marta o‘zgartirishlar kiritilganini aytdi va ularni "demokratik islohotlar" zarurati bilan tushuntirdi
1992-yil 8-dekabrda qabul qilingan O‘zbekiston Konstitutsiyasiga shu paytgacha 16 marta o‘zgartirishlar kiritilgan.

XS
SM
MD
LG