Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov ma’lumot tarqatdi.
Hukmga muvofiq, sud Xurshid Daliyev O‘zbekiston Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasi (reabilitatsiya uchun asoslar) 1-bandiga asosan jinoyat ishining ayrim epizodlari bo‘yicha Jinoyat kodeksining 139-moddasi (tuhmat) 2-qismi va 165-moddasi (tovlamachilik) 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etishda aybsiz deb topib, oqlagan.
Ayni paytda Human.uz asoschisi O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 139-moddasi 2-qismi, 165-moddasi 3-qismi “a” bandi, 184-moddasi (soliqlar yoki yig‘imlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash) 3-qismi va 243-moddasi (jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish)da nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli topilgan. Unga 3 yilga ommaviy axborot vositalarida ishlash hamda jurnalistika va blogerlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqidan mahrum qilgan holda bazaviy hisoblash miqdorining 300 baravari (99 million so‘m) miqdorida jarima va 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazolari tayinlangan. Xurshid Daliyev qamoq jazosini umumiy tartibli koloniyalarda o‘tashi qayd etilgan.
Siyovush Hoshimov O‘zbekiston Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasi 1-bandiga asosan jinoyat ishining ayrim epizodlari bo‘yicha Jinoyat kodeksining 139-moddasi 2-qismi va 165-moddasi 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etishda aybsiz deb topilib, reabilitatsiya etilgan.
Asnoda “O‘zbekneftgaz” shirkati matbuot kotibi mamlakat Jinoyat kodeksining 139-moddasi 2-qismi, 165-moddasi 3-qismi “a” bandi va 243-moddasida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli topilib, unga ham OAVda ishlash hamda jurnalistika va blogerlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqidan mahrum qilgan holda 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. U ham jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tashi aytilgan.
Sud sudlanuvchi Ahmadullo Ahmadjonovni O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 241-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli topilib, unga 3 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlagan.
Mavjuda Mirzayeva esa Jinoyat kodeksining 113-moddasi 4-qismi va 165-moddasi 2-qismi “a”, “v” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli topilib, unga nisbatan 3 yilga OAVda ishlash hamda jurnalistika va blogerlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqidan mahrum qilgan holda 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.
Sud jinoyat ishi doirasida jabrlanuvchilarga yetkazilgan moddiy zararni sudlanuvchilardan solidar tartibda undirishga qaror qilgan. Oliy sud xabarnomasida sudlanuvchilar o‘zlariga nisbatan chiqarilgan hukm ustidan shikoyat arizasi kiritish huquqiga ega ekanliklari eslatilgan.
Kompromatuzb ishi bo‘yicha yopiq sud majlisi shu yilning 18- iyulidan buyon davom etib kelayotgani haqida Ozodlik avvalroq xabar qilgan. O‘tgan haftalarda davlat ayblovchisi qator moddalarda ayblanayotgan Xurshid Daliyev va Siyovush Hoshimov uchun 15 yillik, Mavjuda Mirzayevaga 6 yillik qamoq, Ahmadillo Ahmadjonovga 5 yilga ozodlikni cheklash jazosi so‘ragan edi.
Sudlanuvchilar shu yilning 24-yanvarida qamoqqa olingan va DXXning "Gvardeyskiy" nomi bilan bilingan tergov hibsxonasida saqlab kelinayotgan edi.
“Kompromatuzb ishi” yuzasidan shu paytga qadar 10 dan ortiq gumondorlar hibsga olingan. Hozirda mazkur ish bo‘yicha ayblanuvchilardan 5 nafarining ismi jamoatchilikka ma’lum.
Ozodlik manbasiga ko‘ra, suddagi so‘nggi so‘zida Human.uz rahbari Xurshid Daliyev “hatto terrorizm va konstitutsiyaviy tuzumga qarshi jinoyatlar sodir etgan shaxslarga nisbatan ham bunday katta jazo so‘ralmagan”ini aytgan.
“Albatta, xatolar qildik. Lekin bu davlat ayblovchisining bunday katta muddat so‘rashi adolatsizlikdir. Masalan, men tahririyatda yillar davomida reklama va boshqa turdagi daromadlarimiz evaziga 30 ta oilani boqib keldim. Davlatga qarashli Agrar Universitetning o‘zimiz ijarada turgan binolarini zamonaviy ta’mirlatdik. Bolalarim qimmat maktablarga bormadi, ularga qimmat kiyimlar olib bermadim. Bironta bankning eshigini taqillatib, reklama so‘rab borganim yo‘q”, degandi Xurshid Daliyev.
Jurnalist Mavjuda Mirzayeva o‘zining aybdorligini qisman tan olib, sudda qamoq bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo berishlarini so‘ragan.
“O‘zbekneftgaz” shirkati sobiq matbuot kotibi Siyovush Hoshimov esa “qonunlarni buzmagani, jinoiy yo‘l bilan daromad orttirmagani, barchasi tergovning uydirmalari ekani”ni aytgan. U qaramog‘ida nogiron ota-onasi borligini aytib, prokuror so‘ragan jazo muddatining haddan tashqari adolatsiz ekanini urg‘ulagan.
Sudlanuvchi Ahmadullo Ahmadjonov sudning adolatli qarorga kelishiga umid qilishini aytgan.
“Kompromatuzb ishi” doirasida jurnalist Xurshid Daliyev rahbarlik qilgan Human.uz, Sof.uz, Terrabayt.uz singari tahririyatlar mulklari, xususan, bitta “Malibu”, bitta “Lacetti”, 2 ta “Nexia 3” va 1 ta “Damas” jinoiy faoliyatdan kelgan daromadlar o‘laroq xatlangan.
Shuningdek, mazkur tahririyatlarning 10 dan ortiq kameralari va kompьyuterlari, mobilь qurilmalar tergov organi tomonidan hibsga olingan. Davlat ayblovchisi bularning barchasini musodara qilishni so‘ragan.
“Agar prokuror musodara qilishni so‘ragan hamma narsa olib qo‘yiladigan bo‘lsa, Human.uz, Sof.uz, Terrabayt.uz saytlarining faoliyati to‘xtaydi. Bu esa so‘z erkinligini bo‘g‘ishga qaratilayotgan harakatdir”, degandi avvalroq Xurshid Daliyev rahbarlik qilgan loyihalardan birida ishlovchi xodim Ozodlik bilan suhbatda.
Unga ko‘ra, tahririyatning barcha avtomobillari 2015-19-yillar oralig‘ida xarid qilingan va uning “Kompromatuzb ishi” faoliyatiga mutlaqo daxli yo‘q. Sudning bugungi hukmida ham mazkur mulklar musodara etilishi haqida biror gap aytilgan emas.
Avvalroq O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi ham “Kompromatuzb ishi” bilan bog‘liq rasmiy bayonotida ishning Human.uz, Sof.uz, Terrabayt.uz singari tahririyatlarga aloqasi yo‘qligi, bu tahririyatlar o‘z faoliyatini davom ettirishini ma’lum qilgan edi.
Biroq, Ozodlik suhbatlashgan jurnalistlarga ko‘ra, texnik vositalarning tortib olinishi va musodara qilinishi ular faoliyatining to‘xtashiga olib keladi. "Shundoq ham hozir tahririyat xodimlari deyarli tarqab ketgan, kamera va kompyuterlar tergov organi tomonidan olib ketilgan", degan edi jurnalistlardan biri Ozodlik bilan suhbatda. Tergov bahonasi bilan olib ketilgan bu jihozlar tahririyatlarga qaytariladimi-yo‘qmi – hozircha ma’lum emas.
DXX tomonidan tergov qilingan va “Kompromatuzb ishi” nomini olgan jinoyat ishi doirasida 4 nafar ayblanuvchi, 19 nafar jabrlanuvchi, va shuningdek, 10 nafar fuqaroviy da’vogar mavjud.
Jinoyat oqibatida jabrlanuvchilarga nisbatan 5,1 milliard so‘mdan ortiq moddiy zarar yetkazilgani taxmin qilingan.
Mazkur jinoyat ishi doirasida Migratsiya agentligi mansabdorlariga nisbatan shu yilning 3-yanvar kuni jinoyat ishi Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan qo‘zg‘atilgan va agentlikning yuqori martabali mulozimlari hibsga olingan edi.