Линклар

Шошилинч хабар
18 январ 2025, Тошкент вақти: 15:09

Komil Allamjonovga qarshi suiqasd ishi harbiy sudda ko‘rilmoqda


Komil Allamjonov (arxiv surati)
Komil Allamjonov (arxiv surati)

Harbiy sudda O‘zbekiston prezidenti administratsiyasi sobiq mulozimi Komil Allamjonovga nisbatan sodir etilgan suiqasdga oid jinoyat ishini ko‘rib chiqish boshlandi. Bu haqda O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati faoli, jurnalist Abdurahmon Tashanov Facebook tarmog‘idagi o‘z sahifasi orqali ma’lum qildi.

Huquq faoliga ko‘ra, mahkama “mutlaqo maxfiy” tarzda o‘tkazilmoqda.

Sudlanuvchilar soni ko‘pligi, qo‘yilayotgan ayblov jiddiyligi va uning jamoatchilik uchun muhimligiga qaramay, yana mavhumlik hukm surmoqda”, deb yozgan Tashanov.

Mazkur ish bo‘yicha mahkama jarayoni boshlangani haqida prokuratura va sud idoralari hali biror ma’lumot tarqatgani yo‘q.

Allamjonovga suiqasd o‘tgan yilning oktyabr oyida − parlament saylovidan bir kun oldin va mulozim prezident adminstratsiyasidan ishdan bo‘shaganidan keyin bir oylarcha keyin sodir bo‘lgan. Prezidentning to‘ng‘ich qizi Saida Mirziyoyevaning safdoshi bo‘lgan Komil Allamjonov hodisa chog‘ida jabrlangan emas. O‘sha paytda rasmiylar suiqasd ortidan bir necha kishi qo‘lga olinganini ma’lum qilishgan.

Bosh prokuraturaning 25-noyabr kungi xabarnomasida esa suiqasdga aloqadorlikda gumonlanib, qo‘lga olinganlar soni 7 kishiga yetgani, ulardan biri Janubiy Koreyadan ekstraditsiya qilingan Javlon Yunusov ekani haqida ma’lum qilgan.

Javlon Yunusov nomi ilk bor Ozodlikning Allamjonovga suiqasd yuzasidan o‘tkazgan surishtiruvida o‘rtaga chiqqan edi. Ozodlikning hukumatdagi manbalardan biri Yunusovni Otabek Umarovning vodiy bo‘yicha “o‘ng qo‘li” ekanini iddao qilgan.

Keyinroq O‘zbekiston rasmiylari Rossiya fuqarosi bo‘lgan ikki shaxs − Bislan Rasayev va Shamil Temirxanovga nisbatan xalqaro qidiruv e’lon qilishgan. Ular Allamjonovga suiqasd ishiga aloqadorlikda gumonlanmoqda.

Bunga javoban Checheniston rahbari Ramzan Qodirov O‘zbekiston prezidenti administratsiyasining Axborot siyosati departamenti sobiq rahbari Komil Allamjonov hamda Istiqbolli loyihalar milliy agentligi boshlig‘i Dmitriy Liga “barcha hiyla-nayranglari, bo‘hton va uydirmalari uchun” javob berishlarini aytib, tahdid qilgan.

Komil Allamjonov bilan Dmitriy Liga jabrdiyda rolini o‘ynashga qattiq berilib ketmaslikni tavsiya qilaman. Niyatlaringiz nima bo‘lsa ham, vaqtida to‘xtaganingiz ma’qul, aks holda barcha hiyla-nayranglar, bo‘hton va uydirmalar uchun javob berishga to‘g‘ri keladi. Men hozir o‘z odatlarimizga mos javob to‘g‘risida gapiryapman”, deb yozgan Qodirov 2024-yilning 26-dekabr kuni o‘z Telegram-kanalida.

XS
SM
MD
LG