Линклар

Шошилинч хабар
04 декабр 2022, Тошкент вақти: 20:34

Kongressga saylovlardan keyin AQSh Ukrainaga yordamini kamaytiradimi?


Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy AQSh Kongressida videokonferensiya tarzida nutq qilmoqda. Vashington, 16-mart, 2022-yil

AQShdagi oraliq saylovlarda ovozlarni hisoblash jarayoni davom etmoqda. Ovoz berish natijalariga ko‘ra, Vakillar palatasi tarkibi to‘liq qayta saylanadi, shuningdek, Senat hamda ko‘pgina shtatlardagi qonunchilik yig‘inlari va gubernatorlarning uchdan biri yangilanadi.

Hozircha Vakillar palatasini kim nazorat qilishi aniq emas, ammo respublikachilar AQSh kongressining bir yoki har ikki palatasida nazoratni qo‘lga olishlari mumkin. Xo‘sh, bu Kiyevni harbiy-siyosiy qo‘llab-quvvatlashga qanchalik ta’sir qiladi?

Sentabrda ukrain qo‘shinlari Xarkov viloyati shimoli-sharqida ruslarni tor-mor etdi – ushbu hayratomuz qarshi hujum ukrainlarning qat’iyati, puxta o‘ylangan taktika va G‘arbning qudratli qurollari tufayli amalga oshdi.

Urush boshlanganidan beri Qo‘shma Shtatlarning Ukrainaga ko‘rsatgan harbiy, moliyaviy va boshqa ko‘maklari qiymati 60 milliard dollardan oshdi: NATOdagi boshqa barcha ittifoqchilar jam bo‘lib ham Kiyevga buncha yordam bera olgan emas.

Vashington partiyalararo chuqur ziddiyatlarga qaramay Ukrainani dastaklashda davom etmoqda. Ichki siyosiy ziddiyatlar kongressga saylov oldidan bo‘lgan kampaniya chog‘ida bor bo‘yi bilan namoyon bo‘ldi. 8-noyabrdagi saylov esa uning kulminatsiyasi bo‘lajak.

Kongressda Ukrainaga muddatsiz moliyaviy yordam ko‘rsatish masalasida xavotir bildirayotgan respublikachilar soni borgan sari ortayotir, ayrim demokratlar ham bu borada ular bilan hamfikr.

So‘rovlarga ko‘ra, respublikachilar 435 o‘rinli Vakillar palatasida ko‘pchilik bo‘lib oladilar. 100 o‘rindan 35 tasi taqsimlanajak senat kimning qo‘lida bo‘lishi esa hozircha noma’lum. Natijani bir nechta o‘rin hal qiladi. Eslatib o‘tamiz, demokratlar ikkala palatani 2020-yildan beri nazorat qilib kelishmoqda.

Respublikachilarning yetakchilari AQShning Ukraina oldidagi majburiyatlari chek-chegarasiz bo‘lishi mumkin emas, deyishadi.

“Menimcha, odamlar iqtisodiy retsessiya holatida bo‘ladilar va Ukrainaga u so‘ragan hamma narsani bermaydilar”, degan edi bir intervyusida Vakillar palatasidagi respublikachi Kevin Makkarti.

Vakillar palatasi respublikachilar nazoratiga o‘tgach, unga aynan Makkarti boshchilik qiladi. Spikerlik kursisi Makkartiga katta erkin beradi: u Ukrainaga shubha bilan qaraydigan qonun chiqaruvchilarni byudjet qo‘mitasiga va tashqi ishlar qo‘mitasiga rais qilib tayinlashi mumkin, shuningdek unda qaysi qonun loyihalarini ovozga qo‘yish masalasini hal qilish huquqi ham bo‘ladi.

Saylovoldi so‘rovlar rekord inflyatsiya, benzin qimmatligi, jinoyatchilik ko‘payishi, bo‘sag‘adagi retsessiya va hokazo iqtisodiy masalalar amerikaliklarni tashvishga solayotgan muammolar ro‘yxatining boshida ekanini ko‘rsatmoqda. Mazkur sohalar hamisha respublikachilarning e’tiborida bo‘lgan.

Saylovoldi kampaniyasida va AQSh telekanallarini to‘ldirib yuborgan reklama roliklarida Ukrainadagi urush, Rossiyaning yadroviy shantaji va boshqa tashqi siyosiy masalalarga kam o‘rin berildi.

Shunga qaramay, kongressda kamsonli deputatlar prezident Jo Bayden ma’muriyati tomonidan Ukrainaga qurol-aslaha yetkazib berilayotganiga ochiqcha shubha bildirishdi.

May oyida vakillar palatasi Ukrainaga 40 milliard dollar yordam ajratish to‘g‘risidagi qonunni 368 ga qarshi 57 ovoz bilan qabul qilgan edi. Qarshi ovoz bergan 57 deputatning barchasi respublikachilar.

Pirovardida senat ham qonun loyihasini ma’qulladi, biroq ovoz berish chog‘ida AQShning Iroq va Afg‘onistondagi urushlarini hamisha tanqid qilib kelgan Respublikachilar partiyasi qanoti bundan norozi ekanligi o‘rtaga chiqdi.

AQShning Kiyevdagi sobiq elchisi Jon Hyorbst Makkartining keskin so‘zlariga qaramay, kongress palatalaridan biri yoki ikkalasi ham respublikachilar nazoratiga o‘tishi Ukrainaga ko‘rsatilayotgan yordam ko‘lamiga jiddiy ta’sir qilmaydi, degan fikrda.

“Ukrainaga salmoqli yordam berishda davom etishimizga aminman”, deydi hozirda Atlantika kengashi tahlilchisi bo‘lmish Hyorbst.

“Ehtimol, yordam salmog‘i sal-pal kamayar, chunki juda ko‘p beryapmiz, biroq keskin kamaymasa kerak”, dedi u Ozodlikka bergan izohida.

Uning aytishicha, “harbiy yordam zarurligini aksar respublikachilar ichlarida tushunib turishibdi”.

Respublikachilar senatda ham ko‘pchilikni tashkil etishgan taqdirda palata lideri Mitch Makkonnell bo‘ladi. Ko‘pyillik senator Ukrainani qo‘llab-quvvatlab dadil chiqishlar qilgan.

“Ukrainaga yordam – bu qandaydir yoqimli ramziy harakat emas. Bu tom ma’noda o‘z milliy xavfsizligimiz va ittifoqchilarimiz xavfsizligiga kiritgan sarmoyamizdir”, degan edi u sentabr oyida senatda so‘zlagan nutqida.

“Bayden ma’muriyati va ittifoqchilarimiz Rossiya agressiyasini daf etish uchun Ukrainani ko‘proq dastaklashi kerak”, degan yana Makkonnell.

Demokratlar safidagi shubhalar

Shubha bildirayotganlar barchasi respublikachilar emas.

O‘tgan oyda Demokratik partiyaning vakillar palatasidagi 30 deputati (ular kongressning so‘l progressiv fraktsiyasini tashkil qilishadi) Baydenga maktub yozib, uning ma’muriyatini urushni tugatish bo‘yicha Kreml bilan muzokaralar boshlashga chaqirgan edi.

Ukraina Xarkov viloyatida qarshi hujumga o‘tishidan oldin yozilgan ushbu maktub, boshqa demokratlarning tanqidlaridan so‘ng, yo‘llanganidan bir necha kun o‘tib qaytarib olindi.

Блинкен: Россия Украинага тажовузни давом эттирса, "мислсиз оқибатлар" билан юзлашади
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:12:02 0:00

Shunday bo‘lsa-da, respublikachilar bo‘ladimi, demokratlarmi – AQShda Ukrainaga ko‘proq yordam berishdan cho‘chiydigan siyosatchilar borligi Rossiya prezidenti Vladimir Putinga dalda bo‘lishi mumkin.

“AQShdan kelayotgan mujdalar Moskvaning Ukrainadagi rejalarida had qiluvchi ahamiyatga ega, – deb yozdi AQSh armiyasining sobiq dengiz piyodasi askari va London Qirollik kolleji harbiy eksperti Rob Li 24-oktabr kuni “Tvitter”da. – Agarda Kreml AQSh Ukrainani uzoq qo‘llab-quvvatlashga qat’iy jazm qilgan, deb o‘ylasa, katta ehtimol bilan, muzokaralarni ertaroq boshlaydi”.

Vakillar palatasi respublikachilar nazoratiga o‘tgan taqdirda razvedka qo‘mitasi raisi lavozimini egallashi kutilayotgan Mayk Terner “respublikachilar rahbariyatida hech kim Ukrainaga yordam berishni to‘xtatishga chaqirgani yo‘q”, deb aytdi.

Respublikachi senator Rob Portman hamda demokrat senator Kris Kuns 3-noyabr kuni Kiyevga tashrif chog‘ida Vashington prezident Vladimir Zelenskiyni qo‘llab-quvvatlashda davom etajagini tasdiqlab, saylov natijasidan qat’iy nazar shunday bo‘lajagini aytishdi.

“Kongressda ukrain xalqining kurashini qo‘llab-quvvatlovchi ikki palatali qudratli tizim saqlanib qolajagiga ishonchim komil”, dedi Kuns keyinroq jurnalistlarga.

Biroq amerikaliklarning Ukrainaga munosabatiga bag‘ishlangan ijtimoiy so‘rovlar boshqacha manzara chizadi.

Pew Research markazi sentabrda o‘tkazgan so‘rov natijalariga ko‘ra, “Vashington Ukrainaga haddan ortiq yordam ko‘rsatyapti” deb hisoblovchi respublikachilar va ularga xayrixoh saylovchilar salmog‘i 32 foizga yetgan – mart oyida ular 17 foizni tashkil etardi. Demokratlar orasida esa bu ko‘rsatkich 8 foizdan 11 foizga ortgan.

So‘rov “Vashington Kiyevga yetarlicha dastak bermayapti”, deb hisoblovchi amerikaliklar ulushi qariyb 18 foiz ekanligini ko‘rsatdi. Holbuki, mart oyida ushbu ko‘rsatkich 42 foiz edi.

Ayrim qonun chiqaruvchilar Ukraina AQShning ko‘magidan oqilona foydalanayotganiga shubha bilan qarashadi. Bu Ukrainaning korrupsiya gullab-yashnagan, qonunlar yaxshi ishlamaydigan davlat o‘laroq tanilgani oqibatidir.

Ukrainaga lobbilik qilgan Yorktown Solutions firmasi (Vashington) sohibi Daniel Vaydich “Kiyev AQSh yordamidan, ayniqsa noharbiy sohalardagi yordamdan qanday foydalanayotganini yaxshiroq tushuntirishi kerak”, deb hisoblaydi.

Unga ko‘ra, Ukraina respublikachilar va demokratlar ko‘nglini qozonish uchun yanada “nozikroq” yo‘l tutishiga to‘g‘ri keladi.

Bo‘sag‘adagi retsessiya

8-noyabrdagi saylov “oraliq saylov” deb atalmoqda, chunki u demokrat Baydenning to‘rt yillik prezidentlik muddati o‘rtasiga to‘g‘ri keldi. Tarixan shunday shakllanganki, Oq uyni nazorat qiluvchi partiya oraliq saylovda deyarli har doim kongressdagi o‘rinlarini yo‘qotadi.

Shuningdek, iqtisodiy muammolar ham amerikalik saylovchilar uchun avvaldan tashqi siyosatga nisbatan muhimroq bo‘lgan.

AQSh iqtisodiyoti, ko‘plab ekspertlar kutayotgani kabi, yaqin oylarda retsessiyaga botadigan bo‘lsa, Ukrainani keng ko‘lamda qo‘llab-quvvatlash tarafdorlari yanada kamayishi mumkin.

Biroq Rossiya sodir etayotgan harbiy jinoyatlar G‘arbning Ukraina mavzusidan chalg‘ishiga yo‘l qo‘ymaydi, deydi amerikalik sobiq diplomat va hozirda RAND Corporation tahlilchisi bo‘lmish Uilyam Kortni.

“Ukrainlar yangi-yangi hududlarni Rossiya ishg‘olidan ozod etib, bosqinchilarning navbatdagi vahshiyliklarini fosh qilib tursa, bu Qo‘shma Shtatlar hamda Yevropaning Ukrainaga siyosiy dastagini mustahkamlaydi”, dedi u Ozodlik bilan suhbatda.

Uning fikricha, Ukraina kuchlari jangovar ruhini saqlab turar ekan, respublikachilar vakillar palatasini o‘z nazoratiga olgan taqdirda ham AQShning harbiy-siyosiy yordami kamayishi belgilarini ko‘rmaymiz.

Ayrim ukrainaparast siyosatchilar, kongressni respublikachilar egallagach Kiyevga yordam kamayishi mumkinligini o‘ylab, dekabr oyida, ya’ni kongressning yangi tarkibi tuzilgunga qadar Ukrainaga qurol-aslaha va gumanitar yordam berish 2023-yilda ham davom etishini kafolatlash choralarini ko‘rmoq zarurligini ta’kidlashmoqda.

AQShdagi ukrain diasporasi tashkiloti bo‘lmish Ukraina-AQSh koordinatsiya kengashi a’zolari siyosatchilarni joriy yilda Kiyevga qo‘shimcha yordam berishga ko‘ndirish maqsadida saylovdan so‘ng Vashingtonga borishadi.

Tashkilot matbuot kotibi Andrey Dobryanskiy Qo‘shma Shtatlarda istiqomat qiluvchi bir million nafardan ziyod ukrainlarni saylovdan so‘ng o‘zlarining kongressdagi vakillari bilan uchrashishga va ularni Ukrainaga tashrif buyurishga da’vat etishga chaqirdi.

“Biz nima bo‘lishidan qat’iy nazar Ukrainaga yordam davom etishiga amin bo‘lishni istaymiz. O‘z kongressmenlaringizni Ukrainaga jo‘nating. Bu mamlakat manfaatlarini himoya qilishning eng qulay vositasidir”, dedi Dobryanskiy.

XS
SM
MD
LG