Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 09:42

"Ko‘prik qurib bersa bo‘lmasmidi" - Shahrisabzdagi "Yoshlar festivali"ga 1,5 mlrd. so‘m sarflangani o‘rtaga chiqdi


Shahrisabzda 13-15 - iyun kunlari o‘tkazilgan yoshlar festivali qatnashchilari.
Shahrisabzda 13-15 - iyun kunlari o‘tkazilgan yoshlar festivali qatnashchilari.

Qashqadaryoning Shahrisabz shahrida 13-15 - iyun kunlari o‘tkazilgan "Yoshlar festivali"ga viloyat mahalliy byudjetidan 1 yarim milliard so‘mdan ortiq mablag‘ ajratilgani ma’lum bo‘ldi.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Qashqadaryo viloyati hokimi Zoir Mirzayevning qarori nusxasida mahalliy byudjetning 2021 - yilgi zahira mablag‘lari hisobidan "Yoshlar festivali"ni o‘tkazish ishlari uchun hokimlikka 1 mlrd 517 mln 800 ming so‘m ajratish so‘ralgan.

Uch kunlik tadbirga bunaqa katta pul sarflanishi ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining g‘azabini keltirdi. Ba’zi blogerlar viloyat hokimini soliq to‘lovchilar pulini ko‘kka sovurishda ayblab chiqishdi.

Shahrisabzda 13-15 - iyun kunlari bo‘lib o‘tgan "Yoshlar festivali"da sport musobaqalari, badiiy ko‘rgazmalar tashkil etildi.

Toshkentdan kelgan estrada yulduzlarining konserti va dabdabali mushakbozlik ham tashkil etildi.

Qashqadaryo viloyati Yoshlar agentligi matbuot xizmati boshlig‘i Akbarali Hudoyberdiyevning Ozodlikka aytishicha, “Biz Amir Temur avlodlari, unga izdosh bo‘lamiz!” shiori ostida o‘tgan yoshlar festivaliga 300 mingdan ortiq odam yig‘ilgan.

Ammo, Hudoyberdiyev festival uchun mahalliy byudjetdan ajratilgan mablag‘lar hususida izoh berolmasligini aytdi.

“Byudjetdan ajratilgan pul haqida izoh berishga meni vakolatim yo‘q. Bu ko‘pmi, ozmi buni viloyat hokimligidan so‘raysiz. Lekin, bunaqa tadbirlarni o‘tkazish kerak. Maqsad iste’dodlarni aniqlab, ularni rag‘batlantirish. Har bir tumandan yoshlar kelib, o‘z bilimi, iste’dodi, mahoratini ko‘rsatdi. Chiroqchidan gilamdo‘zlar, keldi. Tanlov g‘oliblari, iqtidorli yoshlar, sportchilar, jurnalist va blogerlar pul mukofotlari bilan taqdirlandi”, - deydi Hudoyberdiyev.

Qashqadaryo viloyati hokimi Zoir Mirzayevning ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan qarori nusxasidan ma’lum bo‘lishicha, Shahrisabzdagi "Yoshlar festivali"ga viloyat mahalliy byudjetidan 1 yarim milliard so‘mdan ortiq mablag‘ ajratilgan.

Qashqadaryo viloyati hokimi Zoir Mirzayevning qarorida Yoshlar festivali uchun hokimlikka 1 mlrd 517 mln 800 ming so‘m ajratish so‘ralgan.
Qashqadaryo viloyati hokimi Zoir Mirzayevning qarorida Yoshlar festivali uchun hokimlikka 1 mlrd 517 mln 800 ming so‘m ajratish so‘ralgan.

Shahrisabzlik bloger Aziz Norovning Ozodlikka aytishicha, "Yoshlar festivali" uchun ajratilgan mablag‘lar faqat shu emas.

"Uch kun davom etgan tadbirga viloyat mahalliy byudjetidan ajratilgan mablag‘dan tashqari tuman va shahar hokimliklari hamda Yoshlar ishlari agentligi, madaniyat, turizm va sport boshqarmasi, Yoshlar Ittifoqi hamda homiy tashkilotlar ham mablag‘ yo‘naltirgan", -.deydi Norov.

Qashqadaryolik boshqa bir bloger Olim Toshev Ozodlik bilan suhbatda Shahrisabzdagi tadbirni “xalqning pulini ko‘kka sovurish” deb atadi.

“Qimmat mushakbozlik, Munisa Rizayeva, Shohjahon Jo‘rayev, Tohir Sodiqovlar kontserti. Hokimning mukofotlari. Har bir jurnalist va blogerga ana shu soliq to‘lovchilar pulidan 5 million so‘mdan berdi. Bu hokimning axborot vositalari og‘zini byudjet hisobidan o‘z foydasiga moylashi emasmi. Qolaversa shuncha pul sarflash iqtisodiy qoloq viloyat uchun kerakmi? Bu katta pul aslida. Viloyat infratuzilmasi, maktablari harob ahvolda qolgan bir paytda xalq pulini, soliq to‘lovchilar pulini bexudaga ko‘kka sovirish emasmi bu. Bu pulga qancha maktabni ta’mir qilsa bo‘lardi. Shahrisabzning Yonchi qishlog‘i aholisi ko‘prik yo‘qligidan yillardan beri qiynaladi, ko‘prik qurib bersa bo‘lmayidimi?”, - deydi bloger.

Ozodlik Qashqadaryo viloyati hokimligining Yoshlar ishlari, ijtimoiy rivojlantirish, ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha muovini Rustam Yo‘ldoshevdan izoh olmoqchi bo‘ldi.

O‘zini Shohrux deb tanishtirgan uning yordamchisi "festival uchun sarflangan harajatlar tiyinigacha hisob-kitob qilingan hisobot yaqin fursatda e’lon qilinishini" aytdi.

So‘nggi bir oy ichida O‘zbekistonning boshqa viloyatlari va poytaxt Toshkent shahrida ham "Yoshlar festivali" o‘tkazildi.

Bu tadbirlarga mahalliy byudjetlardan qancha pul safrlangani haqida Ozodlik ma’lumotga ega emas.

Kimga to‘y, kimga aza...

Shahrisabzda 300 mingdan ortiq odamni to‘plagan tadbir O‘zbekistonda koronavirusga chalinish holatlari yana ko‘paya boshlagan kezda o‘tkazildi.

O‘zbekistonda koronavirusning “xitoycha” va “britancha” shtammlaridan tashqari COVID-19 ning eng xavfli ko‘rinishlaridan biri bo‘lmish “hindcha” shtammi ham aniqlangani to‘g‘risida Innovatsion rivojlanish vazirligi qoshidagi Ilg‘or texnologiyalar markazi direktorining o‘rinbosari Alisher Abdullayev podrobno.uz nashriga ma’lum qildi.

Ozodlikka yuborilgan suratlarda Shahrisabzdagi festivalga yig‘ilganlar orasida masofa yo‘qligi va ko‘pchiligi niqobsiz ekani ko‘rinadi.

Shahrisabzda 13-15 iyunь kunlari o‘tkazilgan yoshlar festivali qatnashchilari.
Shahrisabzda 13-15 iyunь kunlari o‘tkazilgan yoshlar festivali qatnashchilari.

Qashqadaryo viloyati Yoshlar agentligi matbuot xizmati boshlig‘i Akbarali Hudoyberdiyevning Ozodlikka aytishicha, tadbirda koronavirus tarqalishi oldini olish bo‘yicha barcha qoidalarga amal qilingan.

"Videolarda ko‘rgan bo‘lsangiz, uchta tez-yordam mashinasi turdi o‘sha erda. Masofa saqlanmadi, degan narsa noto‘g‘ri. Hatto sport musoboqa qatnashchilari ham musobaqadan tashqari paytda makkada yurdi", - deydi Akbarali Hudoyberdiyev.

Rasmiy xabarlarga ko‘ra, O‘zbekistonda 23 - iyun kuni yana 442 kishida koronavirus aniqladi va infeksiya qayd etilganlar soni 107708 nafarga yetgan.

XS
SM
MD
LG