Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 03:51

Kazino, cherkov va maxsus tunnel. Navalniy "Putinning saroyi"ni ko‘rsatdi


Surishtiruvda aytilishicha, Qora dengiz sohilidagi Gelenjik kurortida qurilgan dang‘illama hovli kamida 100 milliard rublga (1.35 milliard dollarga) tushgan.
Surishtiruvda aytilishicha, Qora dengiz sohilidagi Gelenjik kurortida qurilgan dang‘illama hovli kamida 100 milliard rublga (1.35 milliard dollarga) tushgan.

19 - yanvar kuni Aleksey Navalniyning Korrupsiyaga qarshi kurash fondi (FBK) o‘zining YouTube kanalida "Putinning saroyi" haqidagi yangi surishtiruvini e’lon qildi.

“Putin uchun saroy. Eng katta pora tarixi” deb nomlangan videosurishtiruvni 2 soat ichida 3 million odam tomosha qildi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin uchun Qora dengiz bo‘yida qurilgan hashamatli dam olish kompleksi bilan bog‘liq surishtiruv Navalniyning Germaniyadan Rossiyaga shov-shuvli qaytishi hamda 30 kunlik hibsga olinganidan so‘ng bir kun o‘tib e’lon qilindi.

Surishtiruvda aytilishicha, Qora dengiz sohilidagi Gelenjik kurortida qurilgan dang‘illama hovli kamida 100 milliard rublga (1.35 milliard dollarga) tushgan.

Deyarli 18 ming kvadrat metrda joylashgan saroyning o‘zida kazino, kinoteatr, chilimxona va basseyn mavjud
Deyarli 18 ming kvadrat metrda joylashgan saroyning o‘zida kazino, kinoteatr, chilimxona va basseyn mavjud

Dam olish kompleksi amfiteatr, kichik cherkov, 2,500 kvadrat metrlik issiqxona, sohilga olib chiqadigan “maxsus tunnel” va boshqa infratuzilmalarni o‘z ichiga olgan.

Deyarli 18 ming kvadrat metrda joylashgan saroyning o‘zida kazino, kinoteatr, chilimxona va basseyn mavjud.

Surishtiruvda Rossiya prezidentiga tegishli ekani aytilayotgan hamda xalq orasida Putin saroyi deb nom qozongan dang‘illama hovlining ichki dizayni fotosuratlari ilk bor jamoatchilikka taqdim etilgan. Rossiya rahbari o‘zi bu qimmatbaho ko‘chmas mulkka aloqasi borligini inkor etib keladi.

Rossiya siyosiy muxolifati nazdida, ushbu dang‘illama hovli davlatning eng yuqori lavozimdagi amaldorlarini ham qamrab olgan ashaddiy korrupsiyaning yorqin ramziga aylangan.

Putin va Kreml Gelenjikda hech qanday saroy yo‘qligini aytib keladi
Putin va Kreml Gelenjikda hech qanday saroy yo‘qligini aytib keladi

“Bu Rossiyada eng qattiq qo‘riqlanadigan joy. Minglab inson, oddiy qo‘riqchi, bog‘bon va quruvchilardan tortib, Rossiyaning eng badavlat odamlarigacha qo‘riqlaydigan bu yer aslida davlat ichida davlatdir va Putinning eng katta siridir”, deyiladi hisobot bilan bir vaqtda chiqarilgan ikki soatlik videoda.

Monako qirolligidan 39 barobar katta bo‘lgan ushbu makon “na yer, na dengiz, na osmondan yaqinlashib bo‘ladigan tarzda qurilgan”. Aytilishicha, unga tutash 7,000 gektar hudud Rossiyaning qudratli Federal Xavfsizlik Xizmatiga (FSB) tegishli bo‘lib, saroyga egalik qilayotgan firmaga ijaraga berilgan. Kompleksning havo hududida parvozlar taqiqlangan.

Surishtiruvda shuningdek, kompleksning minglab xizmatchilariga “kamerali, xatto eng oddiy smartfonlardan” ham foydalanish taqiqlangani, kirayotgan barcha mashinalar majmua hududining turli joylarida bir necha bor tekshirilishi aytiladi.

Videoda aksar rossiyaliklar umrida ko‘rmagani iddao qilingan ichki hashamatning fotosuratlari ham ko‘rsatilgan.

Навальний Алишер Усмоновга қарши санкция жорий қилишга чақирди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:45 0:00

“Bugun sizlarga Putinning eng katta sirini - uning saroyini - namoyish qilamiz. Uning tashqarisi va ichkarisini ko‘rsatamiz. Saroy tarhidan tortib, jihozlanishigacha - fotosuratlarni chop etdik. Har bir xona, yo‘lak, har bir kvadrat metr endi jamoatchilikka taqdim etildi. Rossiyaliklar endi Putinning uyiga tashrif buyurishlari mumkin”, deyiladi surishtiruvda.

«Putin saroyi» 2005-2010 - yillarda qurilgan. Saroy haqidagi ma’lumotlar dastlab 2010 - yilning oxirlarida, Putinga yaqin doiralarga aloqasi bo‘lgan va Rossiyani tark etgan tadbirkor Sergey Kolesnikovning o‘sha payt prezident Medvedevga yo‘llagan ochiq xatida keltirilgan edi.

Surishtiruvga ko‘ra, saroyning hozirgi egasi “Binom” firmasi bo‘lib, u Putinning jiyani Mixail Shelomovga yaqin shaxslar tomonidan boshqarilmoqda. Lekin saroyning asl egasi Putinning o‘zi ekani aytiladi.

Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov hisobotni ko‘rmagani, lekin bu hisobot “eski iddaolarning qayta bayonidan boshqa narsa emasligi”ni aytgan. U Putinning Gelenjikdagi saroyga mutlaqo aloqasi yo‘qligini ta’kidlagan.

“Men surishtiruv bilan tanishib chiqmadim. Lekin hozirdanoq aytishim mumkinki, bu eski ma’lumotlar. Avval ham Putinning Gelenjikda hech qanday saroyi yo‘qligini aytganmiz”, degan 19 - yanvar kuni Peskov Interfaks xabar agentligiga.

Surishtiruv Aleksey Navalniy Germaniyadan Rossiyaga uchib kelgach, 30 kun muddatga “Matrosskaya tishina” tergov hibsxonasiga yo‘llanganidan bir kun o‘tib e’lon qilindi. Navalniy hibsga olinganidan keyin g‘arb davlatlari muxolifatchining zudlik bilan ozod etilishini talab qildi. Navalniy jamoasi butun Rossiya bo‘ylab 23 - yanvar kuni keng ko‘lamli norozilik aktsiyalari o‘tkazilishini e’lon qilgan.

XS
SM
MD
LG