Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 12:48

“Karimov va Putin yurgan yo‘l”. O‘zbekistonda konstitutsiyani o‘zgartirishga start berildi


Prezident Shavkat Mirziyoyev, marhum prezident Islom Karimov bilan, 31-avgust, 2007
Prezident Shavkat Mirziyoyev, marhum prezident Islom Karimov bilan, 31-avgust, 2007

O‘zbekistonda 2 ta siyosiy partiyaning konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish tashabbusi tahlilchilar tomonidan Shavkat Mirziyoyev prezidentlik muddatini uzaytirishga hozirlik o‘laroq baholanmoqda.

Yangi konstiuttsiyaga ehtiyoj o‘tgan yilgi saylovoldi uchrashuvlarida saylovchilar qo‘ygan talablar bilan izohlanmoqda. Ammo xususan, ikkinchi muddatga saylangan Shavkat Mirziyoyev bilan saylovoldi uchrashuvlariga oid rasmiy lavha va xabarlarda bu kabi talab yangramagandi.

17-may kuni Liberal-demokratik hamda “Milliy tiklanish” demokratik partiyalari fraksiyalari qo‘shma yig‘ilishida konstitutsiyani yangilash bo‘yicha qaror qabul qilindi.

Ayrim tahlilchilar, qomusiy o‘zgarishlarning boshlanishi, yaqin o‘tmishda bo‘lgani kabi, Shavkat Mirziyoyevni uchinchi muddat prezidentlikda qolishi bilan tugaydi, degan taxminda.

Mamlakat konstitutsiyasida bir shaxsning ikki martadan ortiq prezident bo‘lishi taqiqlangan. Biroq, O‘zbekiston va qator possovet davlat liderlari aynan konstitutsiyani o‘zgartirish orqali hokimiyatdagi umrini uzaytirib kelgani ma’lum.


17-may kuni Qonunchilik palatasida bo‘lgan yig‘ilishda, O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi (O‘zLiDeP) fraksiyasi rahbari Aktam Xaitov, o‘tgan yilgi saylov oldidan “aholi bilan uchrashuvlarda” ko‘tarilgan takliflar asosida konstitutson islohotlarni boshlashni taklif qildi.

“Xususan, saylovoldi uchrashuvlarida inson huquqlarini mustahkamlash, tadbirkorlik kafolatlarini yanada kuchaytirish, fuqarolik jamiyatini, mahalla, oila institutini rivojlantirish, davlatning ijtimoiy muammolarni hal etishga mas’ulligini oshirish, yoshlar, keksalar va nogironlarni qo‘llab-quvvatlash, ta’lim va ilm-fanni yangi bosqichga ko‘tarish, ekologiya, ona tabiatni asrash borasidagi huquqiy normalarni qayta ko‘rib chiqish yuzasidan takliflar bildirilgan”, dedi iqtidordagi O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi.

O’zLiDeP ijroiya qo‘mitasi raisining bu qarorini “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi ham quvvatladi.

Yig‘ilish so‘nggida, konstitutsiyaviy islohotlarni boshlash masalasini, Oliy Majlis palatalari kengashlari qo‘shma majlisiga kiritishga qaror qilindi.

Bu tashabbus haqida matbuotga gapirgan “Milliy tiklanish” partiyasi lideri Alisher Qodirov ham, O‘zbekistondagi hozirgi voqealik “Yangi Konstitutsiyaga ehtiyoj borligini ko‘rsatmoqda”, degan fikrni bildirdi.

Unga ko‘ra, Oliy Majlis qo‘shma majlisida bu tashabbus ma’qullangach, jamoatchilikdan takliflar yig‘iladi va mutaxassislar shu takliflar asosida konstitutsiyaning tegishli moddalariga kiritiladigan o‘zgarishlar loyihasini ishlab chiqadi.


O‘zbekiston parlamenti Qonunchilik palatasida o‘rinlar soni bo‘yicha ikkinchi bo‘lgan “Milliy tiklanish” partiyasi (150 o‘rindan 36 tasi shu partiyada, 53 tasi O’zLiDePda) lideri o‘z Telegram kanalida aholiga yuzlandi:

“Biz ochiq davlat fuqarolarimiz. Mamlakatimiz taqdirini biz hal qilamiz. Turli tuman buzg‘unchi talqinlarni bir chekkaga qo‘yib, qo‘lingizga Konstituttsiyani oling va hijjalab o‘qing: qaysi modda nima uchun o‘zgarishi kerak? Asoslang va taklif yuboring”.


O‘tgan yili ikkinchi muddat prezidentlikka kirishgan Shavkat Mirziyoyev, iqtidorga kelganidan beri ikki marta konstitutsiyaga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.

2017-yilda konstitutsiyaga sud tizimini modernizatsiya qilish, 2019-yilda esa “hukumat va uning hisobdorligini demokratiyalashtirish”ga qaratilgan tuzatishlar kiritildi.

Mirziyoyev, O‘zbekiston asosiy qonuniga kiritilayotgan o‘zgarishlarni "demokratik islohotlar" zarurati bilan izohlaydi.

Amaldagi Konstitutsiyaga muvofiq, bir shaxs 5 yildan ikki muddat prezident lavozimini egallashi mumkin.

2021-yilda prezidentlikka ikkinchi bor va konstitutsiyaga binoan, so‘nggi bor saylangan Shavkat Mirziyoyev uchinchi muddatga saylanishi yoki saylanmasligi haqida gapirmagan. Ayni paytda, ikki muddat bilan cheklanishni ham va’da qilmagan.

O‘zbekiston Qonunchilik palatasidagi ikki yirik partiya ilgari surgan bu tashabbus tahlilchilar tomonidan marhum Islom Karimov va postsovet davlatlari qator liderlari, jumladan Qozog‘iston Elboshisi Nursulton Nazarboyev, Rossiya prezidenti Vladimir Putin muttasil foydalanib kelayotgan siyosiy sxemaga hozirlik o‘laroq baholanmoqda.

Londondagi Central Asia Due Diligence tahlil markazi rahbari Alisher Ilhomov Mirziyoyevning prezidentlik muddatini uzaytirishga hozirlik boshlandi, deb taxmin qilmoqda:

“Hozir biz bu yo‘nalishdagi ilk qadamni ko‘ryapmiz. Bu yerda ikki qadamdan iborat kombinatsiya bo‘ladi: birinchi bosqichda (2022-yil) konstitutsiyaga qanaqadir o‘zgartirishlar kiritiladi, ikkinchi bosqichda (2023-yil) avvalgi ikki prezidentlik muddati bekor qilinadi va keyin, yangi huquqiy-konstitutsion voqelik paydo bo‘ldi, shu bois hammasini boshidan, eng avvalo, keyingi ikki prezidentlik muddatidan boshlaymiz, deb ma’lum qilinadi. Yakuniy maqsad - hokimiyat ustidan nazoratni hozirgi hukmdorning qo‘lida saqlab qolish. Bu yerda hech qanaqa yangilik yo‘q. Ayni yo‘ldan, hozirgi amirning ikki rahnamosi - Karimov va Putin borgan”.


Ijtimoiy tarmoq faollaridan Muhammad Matjon O‘zbekistonda qaror topgan siyosiy tuzumni “kleptokratik avtoritar” deb atab, bunday boshqaruvda konstitutsiyaning o‘zgartirilishiga mutlaqo qarshi ekanini bildirdi:

“Konstitutsiyani rejim manfaati uchun emas xalq manfaati yo‘lida o‘zgartirmoqchi bo‘lsa oldin siyosiy erkinliklarni bersin, parlament va sudni mustaqil qilsin. Konstitutsiyasiga o‘zgartirish jarayoni xalqni vakillari (deputatlar, muxolif siyosiy partiyalar) nazoratida o‘tsin. O‘zgartirishlar jamoatchilik bilan muhokama qilinsin, referendum o‘tkazilsin.

Karimov yuqoridagi demokratik institutlarsiz konstitutsiyani qanday o‘zgartirganini yaxshi bilamiz. Bu prezidentni vakolatlari, muddatlari bilan bog‘liq va boshqa O‘zbekistonni rivojlantirib yuborgan o‘zgartirishlar emas diktatura manfaati uchun bo‘lgan o‘zgartirishlar edi (masalan halq mansab bergan prezidentga halq tomonidan ishonchsizlik bildirish va muddatdan oldin mansabini bekor qilish mexanizmi - impichment yo‘q qilindi.) Balki Mirziyoyev impichmentni qayta tiklamoqchidir”.


1991-yilda O‘zbekistonning birinchi prezidenti etib saylangan Islom Karimov, 2016-yil sentabrda vafot etgunicha, aynan konstitutsiyani o‘zgartirish orqali 4 marta prezidentlikka saylangan va bir marta referendum orqali muddatini uzaytirgan.

O‘zbekiston konstitutsiyasi mamlakat mustaqilligining 30 yili davomida 16 marta o‘zgartirilgan va dunyoda qisqa muddatda eng ko‘p o‘zgartirilgan bosh qonunlardan biridir.

235 yillik tarixga ega AQSh konstitutsiyasi o‘tgan davr mobaynida jami 27 marta o‘zgartirilgan.

XS
SM
MD
LG