Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 15:56

Isroilning yangi rahbari Naftali Bennet kim?


Yakshanba kuni Isroilning yangi Bosh vaziri sifatida qasamyodga keltirilgan Naftali Bennet shaxsiyati 73 yil muqaddam yaratilgan mamlakatga xos bo‘lgan ko‘plab ziddiyatlarni o‘zida mujassam etadi.

Bennet texnologiya sohasida millionlab pul ishlagan dindor yahudiydir. Shuningdek, Tel-Aviv shahrida yashovchi Bennet Binyamin Netanyahuning sobiq ittifoqchisidir.

Uning ultramillatchi "Yamina" partiyasi mart oyida bo‘lib o‘tgan saylovda 120 kishilik Knesset – Isroil parlamentida atigi yetti o‘rinni qo‘lga kiritdi. Bunga qaramasdan, Bennet Netanyahu yoki uning muxoliflari bilan ishlashdan bosh tortdi.

Quyida Isroilning yangi rahbari haqida “Associated Press” agentligi chop etgan maqola tarjimasi bilan tanishishingiz mumkin:

Mo‘’tadil koalitsiyaga a’zo ultramillatchi

Bennet uzoq vaqtdan beri o‘zini Netanyahudan ham ziyod o‘ng qanotchi o‘laroq ko‘rsatib keladi. Ammo uning parlamentda hukmronlikni arang qo‘lga kiritgan hamda o‘ng qanot, chap qanot va markazchi partiyalardan tuzilgan koalitsiyasi qo‘li bog‘langandir.

Bennet Falastin mustaqillikka erishishiga keskin qarshi va u Isroil bosib olgan G‘arbiy Sohil va Sharqiy Quddusda yahudiylar uchun aholi punktlarini yaratishni qo‘llab-quvvatlaydi. Bunday turar-joylarni falastinliklar va xalqaro hamjamiyatning aksariyati tinchlik o‘rnatilishiga to‘sqinlik qilayotgan omil deb hisoblaydi.

Bennet Netanyahu AQShning sobiq prezidenti Barak Obama bosimi tufayli aholi punktlari qurishni sekinlatgani uchun uni keskin tanqid qilgan edi.

Bennet 2013 - yilda Knessetga o‘tishidan oldin qisqa muddat G‘arbiy Sohilga ko‘chirilgan yahudiylar kengashiga rahbarlik qilgan. Keyinchalik Netanyahu boshchiligidagi turli hukumatlarda diasporalar ishlari, ta’lim va mudofaa vazirliklarida ishlagan.

Netanyahu bilan raqobat

49 yoshli Bennet to‘rt farzandning otasi bo‘lib, Isroil – Falastin mojarosi borasida Netanyahu kabi o‘ylaydi. Ammo yillar davomida ikkisi o‘rtasidagi munosabat ziddiyatli bo‘lib qoldi.

Bennet ikki yil davomida Netanyahu shtabi rahbari bo‘lib ishlagan, ammo ikkisi noma’lum sabablarga ko‘ra kelishmay qolgan. Isroil OAV buning ortida Netanyahuning rafiqasi Sara turgani haqida xabar tarqatgan.

Bennet mart oyida bo‘lib o‘tgan saylovlar oldidan shiddatli kampaniya olib bordi hamda markazchi va Netanyahuning asosiy raqibi Yair Lapid bosh vazir bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslikni va’da qildi.

Ammo Netanyahu hukmron koalitsiya tuza olmasligi ayon bo‘lganidan keyin, Bennet darrov va’dasini buzdi va ikki yil ishlab, uning ortidan yangi koalitsiyani tuzgan Lapidga hokimiyatni topshirishga rozi bo‘ldi.

Netanyahu tarafdorlari Bennetni xoin deb atab, uni saylovchilarni aldaganini aytmoqda. Bennet o‘z qarorini mamlakatni birlashtirish va beshinchi marta saylov o‘tkazilishi oldini olishga qaratilgan amaliy harakat sifatida himoya qildi.

Avlodlar almashinuvi

Bennet zamonaviy ortodoksal yahudiy bo‘lib, taqvodor yahudiylar kiyib yuradigan kipani boshidan tushirmaydigan ilk Isroil bosh vaziri bo‘ladi. Bennet o‘zi targ‘ib qilib kelayotgan yahudiylar uchun yaratilgan yangi aholi punktlarida emas, balki Tel-Aviv shahrining boy mahallasida yashaydi.

Uning ota-onasi Amerikada tug‘ilgan. Yoshligini Shimoliy Amerika va Isroil o‘rtasida o‘tkazgan. Harbiy xizmatni o‘tagach, yuridik fakultetni tamomlagan, so‘ng xususiy sektorda ishlagan. Bennet butun umri davomida o‘zini bir vaqtning o‘zida zamonaviy, dindor va millatchi shaxs o‘laroq ko‘rsatib keladi.

Siyosatchi "Sayeret Matkal" bo‘linmasida xizmat qilganidan keyin, Yahudiy universitetining yuridik fakulьtetiga o‘qishga kirgan. 1999 - yilda u firibgarlikka qarshi dasturiy ta’minot ishlab chiqaruvchi “Cyota” kompaniyasiga asos solgan. Shirkat 2005 - yilda AQShning “RSA Security” kompaniyasiga 145 million dollarga sotilgan.

Bennetning aytishicha, 2006 - yil Isroil hamda Livanning Hizbulloh jangari guruhi o‘rtasida sodir bo‘lgan urush uning siyosatga kirib kelishiga turtki bo‘lgan. Bir oy davom etgan urushda hech bir tarafning qo‘li baland kelmadi va Isroilning o‘sha paytdagi harbiy va siyosiy rahbariyati keskin tanqidga uchradi.

Bennet Isroil asoschilari va Netanyahu avlodidan keyin hokimiyat tepasiga kelgan uchinchi avlod vakilidir.

Isroilning so‘l qanot qarashlarni ilgari suruvchi “Haaretz” gazetasi sharhlovchisi Bennetni "Isroil 3.0" deya ta’rifladi.

XS
SM
MD
LG