Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 03:14

IntelliNews: AQSh O‘zbekistonda o‘z kuchlarini joylashtirish niyatidan qaytgani yo‘q


AQSh va O‘zbekiston bayroqlari.
AQSh va O‘zbekiston bayroqlari.

“bne IntelliNews” nashri Afg‘onistonda rejim almashishi ortidan AQShning Markaziy Osiyo davlatlarida terrorchilikka qarshi kuchlarni joylashtirish bo‘yicha sa’y‑harakatlari hali davom etayotgani haqida maqola chop qildi.

15 - oktabr kuni O‘zbekiston o‘zining tashqi siyosiy konsepsiyasiga muvofiq, mamlakat hududida xorijiy davlat harbiy bazalari va obyektlari joylashtirilishiga yo‘l qo‘yilmasligini yana bir bor ta’kidladi.

O‘zbekiston Mudofaa vazirligi so‘zchisi Bahrom Zulfiqorovga ko‘ra, "O‘zbekiston o‘z hududida AQShning aksilterror kuchlarini joylashtirish taklifini olmagan va buni rejalashtirmagan, bu konstitutsiya bilan taqiqlangan va mamlakat mudofaa doktrinasida ko‘zda tutilmagan”.

O‘zbekiston mudofaa vazirligining bayonoti Bayden ma’muriyati hamon O‘zbekiston hududida qurolli kuchlar joylashtirishga intilayotgani haqidagi xabarlar manzarasida yangradi. Bir vaqtning o‘zida Rossiya prezidenti Vladimir Putin Afg‘oniston shimolida 2000 nafarcha Islom davlati jangchisi borligini aytib chiqdi.

Rossiya prezidenti "Islomiy davlat" (ID) jangarilari Markaziy Osiyo davlatlariga qochqin qiyofasida kirib kelib, diniy va etnik ziddiyatlarni alangalatishni rejalayotganini da’vo qilgan.

13 - oktabr kuni “Politico” nashri Pentagon AQSh aksilterror kuchlarini O‘zbekistonda joylashtirish imkoniyatlarini muhokama qilishni rejalayotgani va Vashington ma’muriyati ham bir necha oydan beri O‘zbekiston va qo‘shni Tojikiston hamda Turkmaniston bilan shu kabi muzokaralarni olib borayotgani haqida yozdi.

“Ahamiyati ortdi”

“Afg‘onistondan harbiylar olib chiqilgach, O‘zbekistonning ahamiyati ortdi. Ikki mamlakat qo‘shni va O‘zbekiston qochqinlarni qabul qilishda ochiq bo‘lgan hamda (o‘tmishda) AQSh kuchlarini joylashtirgan edi. Ammo hozircha ikki tomon ham qoniqayotgani yo‘q. Hamon ayrim qonunchilar O‘zbekiston AQShning mintaqaviy manfaatlariga yordam berish uchun eng qulay nuqtada joylashgan, deb hisoblaydi”, deb yozdi “Politico” AQSh rasmiylariga iqtibosan.

“The Wall Street Journal” ham sentabr oxirida Pentagon rahbarlari rus harbiylari bilan Afg‘onistondan keladigan xavfga qarshi turish uchun Putinning Markaziy Osiyodagi Rossiya harbiy bazalaridan birgalikda foydalanish bo‘yicha taklifini muhokama qilgani haqida xabar bergan edi. Rossiya Tojikiston va Qirg‘izistonda harbiy bazaga ega.

Shu hafta boshlarida Putin Suriya va Iroqdagi janglarda qatnashgan IDga aloqador jangarilar Afg‘onistonga ko‘chgani, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Tolibonni bu xavfga qarshi turishga undagani haqida gapirdi.

Rossiya va AQSh josuslik xizmatlari Afg‘onistonda kuchayib borayotgan terror xavfi darajasini kuzatish va baholab borishga urinar ekan, vaziyat o‘ta o‘zgaruvchan qolmoqda, deyiladi “bne IntelliNews” maqolasida.

13 - oktabr kuni AQSh Vakillar palatasi tashqi ishlar qo‘mitasi raisi Gregori Miks O‘zbekistonga safardan qaytdi. E’lon qilingan press‑relizga ko‘ra, “delegatsiya o‘zbek hukumati rahbarlari bilan ko‘rishib, O‘zbekistonning AQSh yetakchiligidagi evakuatsiya tadbirlariga ko‘mak bergani uchun minnatdorlik bildirgan va mintaqaviy xavfsizlik muammolarini muhokama qilgan.”

Vakillar palatasining tashqi ishlar qo‘mitasi a’zosi Avgust Pflyuger AQSh Afg‘onistondagi o‘zgarishlarga ko‘z‑quloq bo‘lib turishi kerakligini ta’kidladi. “Terrorchilarning ehtimoliy xavfsiz boshpanasiga yaqin joyda do‘sting bo‘lishi taktik va strategik jihatdan muhimdir”, degan u.

Pentagon rasmiylarining shu oyda O‘zbekistonga boradigan delegatsiyasi xavfsizlik bo‘yicha hamkorlik masalalarini muhokama qilishi kutiladi. Kun tartibidagi eng muhim masala – AQShning Afg‘onistonni kuzatib, kerak paytda zarba bera olishiga imkon beradigan aksilterror kuchlarini mamlakatda joylashtirish masalasi bo‘lishi ta’kidlanmoqda.

Moskva ham shu hafta Afg‘onistondagi vaziyat bo‘yicha xalqaro muloqotga mezbonlik qilmoqchi. 19 - oktabrga mo‘ljallangan ilk muhokamalarda AQSh, Xitoy va Pokiston vakillari qatnashishi rejalangan. Tolibon va boshqa mintaqaviy o‘yinchilar keyingi kunlarda muhokamaga qo‘shiladi.

Putin 15 - oktabr kuni Tolibonni rasman tan olishga shoshmaslik kerak deb hisoblashi, ammo “ular bilan muloqot qilish zaruratini tushunishlari"ni aytdi.

Afg‘onistonga qo‘shni Markaziy Osiyo davlatlari orasida Turkmaniston va O‘zbekiston toliblar bilan ochiq muloqot tarafdori. Afg‘oniston Milliy qarshilik fronti a’zolariga boshpana bergan Tojikiston esa Tolibondan turli millat vakillaridan tashkil topgan inklyuziv hukumat tuzishni talab qilmoqda.

XS
SM
MD
LG