Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 04:59

HRW mintaqaviy direktori: “Markaziy Osiyoni hanuz avtoritar rejimlar boshqarmoqda”


Human Rights Watch inson huquqlari tashkilotining Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha direktori Hyu Uilyamson.
Human Rights Watch inson huquqlari tashkilotining Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha direktori Hyu Uilyamson.

Human Rights Watch inson huquqlari tashkilotining Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha direktori Hyu Uilyamson “Nastoyashcheye vremya” telekanali bilan suhbatda mintaqa davlatlarida mustaqil OAVlarga bo‘layotgan bosimlar, nohukumat tashkilotlar faoliyatini cheklovchi qonun loyihalari, faollarning qo‘lga olinishiga doir va boshqa savollarga javob berdi.

– Kuni kecha siz Qirg‘iziston hukumatlari a’zolari bilan uchrashdingiz. Uchrashuvning bosh mavzusi nima edi?

– Qirg‘iziston hukumati vakillari bilan uchrashuvda biz inson haqlarini himoya qilish sohasida vaziyat yomonlashgani masalasini ko‘tardik. Albatta, tan olamiz, Ukraina urushi va iqtisodiy muammolar tufayli mamlakat xiyla murakkab davrni kechirmoqda. Ammo bu inson huquqlari sohasida mezonlarni pasaytirishga sabab bo‘la olmaydi. Uchrashuvda biz Qirg‘izistonda Ozodlik radiosiga bo‘layotgan hujumlar, jumladan, uning bank hisoblari yopib qo‘yilgani, Ozodlik qirg‘iz xizmati sayti bloklangani haqida so‘zlashdik.

Yana shuningdek, qonunchilikka kiritilgan va kiritilajak o‘zgartishlar bilan bog‘liq jiddiy tahdidlarga ham to‘xtaldik. Xususan, o‘tgan yili qabul qilingan ishonchsiz axborotdan himoyalanish to‘g‘risidagi qonun, OAV hamda nohukumat tashkilotlar (NHT) faoliyatiga taalluqli yangi qonunchilik normalari muhokama qilindi. Biz bu normalarni qayta ko‘rib chiqishga yoki bekor qilishga chaqirdik. Chunki ular – NHT va OAVlarga jabr bo‘ladi.

Shoyad bizning ovozimiz, mazkur muammolardan tashvishmand boshqa xalqaro tashkilotlarning saslari hukumat qulog‘iga etgan bo‘lsa. Umid qilamizki, Qirg‘iziston jamiyatning ochiq va erkin bo‘lishiga, mustaqil OAVlar va NHTlar faoliyat yuritishiga asoslangan o‘z taraqqiyot yo‘lini davom ettirajak.

– Qirg‘izistondagi so‘z erkinligi bilan bog‘liq hozirgi vaziyatni qirg‘iz mulozimlarining o‘zlari qanday baholashadi? Mustaqil OAVlar jurnalistlari vaziyat keskin yomonlashuvini taxmin qilishmoqda.

– To‘g‘ri, so‘z erkinligi bilan bog‘liq vaziyat shiddat-la yomonlashmoqda. Va biz hukumatning OAVlar go‘yo ekstremistik va o‘zga nomaqbul axborotni tarqatayotgani haqidagi iddaolariga qo‘shilmaymiz. So‘z erkinligi Qirg‘iziston uchun ulkan ahamiyat kasb etadi. To‘g‘ri, muayyan chegaralar bo‘lishi lozim. Biroq biz mustaqil OAVlar “haddidan oshgan”ini tasdiqlovchi biron isbot-dalilni ko‘rmadik. OAVlar ustidan qandaydir nazorat bo‘lishi kerak, ammo hukumat juda oshirib yuboryapti. Biz rasmiylar mustaqil medialarga ko‘proq madad berishi zarur, deb hisoblaymiz.

– Human Rights Watch O‘zbekiston hukumatining Nukusdagi xatti-harakatlarini qoralab bayonot bergan edi. Ular biron bir tarzda munosabat bildirishdimi bunga?

– Afsuski, hech qanday munosabat olmadik. Avgustda biz mamlakat hukumatidan surishtiruvimizga nisbatan o‘z fikrini e’lon qilishni so‘ragan edik. Ularga o‘z bayonot va hisobotimizni jo‘natgan edik, ammo hanuz javob ololmadik. Bundan ranjidik, chunki ushbu muammo xususida mamlakat hukumati bilan konstruktiv muloqot o‘rnatishga intilyapmiz.

Iyul boshida o‘ta jiddiy voqealar yuz berdi: Nukusda, Qoraqalpog‘istonning boshqa tumunlarida 20 dan ziyod inson o‘ldirildi. Mazkur qotilliklar tegishli tartibda taftish qilinib, aybdorlar jazoga tortilishi lozim. Hammasi hukumatning qo‘lida. Biz ularni necha martalab muloqotga chorladik. Umid qilamizki, mustaqil surishtiruv o‘tkaziladi.

HRW: Ўзбек хавфсизлик кучлари Қорақалпоғистонда "ҳаддан ташқари" куч ишлатган
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:09:39 0:00

Iyulda O‘zbekiston hukumati maxsus komissiya tuzdi. Biz bu qarorni olqishlaymiz, to‘g‘ri yo‘ldagi qadam deb bilamiz. Komissiya tarkibiga nodavlat tashkilotlardan a’zolar qabul qilingani ham juda yaxshi. Biroq, afsuski, mazkur komissiyani davlatdan to‘la mustaqil deb bo‘lmaydi. Komissiya 20 dan ortiq insonning o‘ldirilishi faktlarini o‘rganmayapti. Shu bois, komissiya hisoboti qotilliklarni fosh qilishiga yoki ushbu muhim masala bo‘yicha biron dalil taqdim etishiga shubham bor.

– Tojikiston haqida gapiradigan bo‘lsak, mamlakat hukumati xalqaro tashkilotlarning barcha chaqiriqlari va talablarini inkor etib kelmoqda. Ayting-chi, asossiz qo‘lga olingan jurnalistlar va faollarga yordam berishning ta’sirchan mexanizmlari bormi?

– Menimcha, bu holatlar haqida xabar berishda va bo‘layotgan voqealarga Tojikiston hukumatining e’tiborini tortishda davom etish kerak. Yo‘qsa bu odamlar unutiladi, xalqaro darajadagi kun tartibidan “tushib qoladi”. Ishonchim komilki, ochiq-oydin gapirishdan ma’no bor, bu vaziyatga ta’sir qiladi, loaqal Tojikistoni diqqat markazida tutib turadi. Yuqoridagi holatlar, shuningdek Tog‘li Badaxshon muxtor viloyatida yuz bergan voqealar mintaqaga dunyo e’tiborini qaratishda davom etmoqda. Bu esa Tojikiston hukumatiga o‘z zimmasiga olgan xalqaro majburiyatlarini eslatib turadi. Va, mamlakat uchun muayyan oqibatlarni keltirib chiqaradi, jumladan uning xalqaro nufuziga soya soladi.

– Siz Qozog‘iston hukumatini yanvar voqealarini ochiq va xolis tergov qilishga chaqirgan edingiz. Oradan salkam bir yil o‘tdi. Hukumat barcha savollarga javob berishga va adolatli tergov o‘tkazishga muvaffaq bo‘ldi, deya olasizmi?

– Yo‘q, ular javob berishmadi, qurblari yeta turib ko‘p ishni bajarishmadi. Qozog‘istonda 230 dan ziyod odam o‘ldirildi, ular Olmaota va boshqa shaharlar ko‘chalarida halok bo‘lishdi, qancha kishi jarohat oldi. Qozog‘iston hukumati voqealar bo‘yicha o‘z talqinini tiqishtirishga urindi, tergov o‘tkazdi. Biroq bu odamlar qanday o‘ldirilgani hanuz aniqlangan emas. Bu savolga javob berish hukumatning eng avvalo o‘z fuqarolari oldidagi burchidir.

Biz so‘zlashgan oamlar hukumatning javobini intiqib kutayotganlarini aytishgandi. Nafaqat o‘lganlarning qarindosh-urug‘lari, butun jamiyat kutmoqda. Ammo aytilgan javoblar yetarli emas. Tergovga xalqaro ekspertlarni jalb etish taklifiga esa “bu qoidaga zid”, deya rad qilishdi. Biz buni asoslanmagan javob deb hisoblaymiz. Zero, tergovga ko‘maklashishlari uchun xalqaro va mustaqil ekspertlarni jalb qilish mutlaqo joiz amaliyot edi.

Nazarimizda, bu mamlakat rahbariyati qurayotgan yangi Qozog‘istonga yarashmaydi. Hukumat ko‘rib ko‘rmaganga olish, voqealarni unuttirishga harakat qilish o‘rniga o‘z fuqarolariga nisbatan rostgo‘y bo‘lmog‘i kerak.

– Markaziy Osiyoda inson huquqlari rioyasiga doir qanaqa umumiy tendensiyalarni kuzatyapsiz?

– Har bir mamlakatda avtoritar rejim hanuz hukm surmoqda. Qirg‘iziston tashqari, hech bir Markaziy Osiyo davlatida saylovlar erkin va halol emas. O‘z fikrini bildirish erkinligi, uyushish erkinligi kabi inson huquqlarining tamal standartlariga hurmat yo‘q. Bu esa nodavlat tashabbus guruhlari tuzish yoki shaharlarda norozilik chiqishlari tashkil qilish imkoniyati mavjud emasligini bildiradi. Yig‘ilishlar o‘tkazish erkinligi ham ko‘p mamlakatlarda o‘ta cheklangan. Qirg‘iziston ham shu hisobda: ayni paytda Bishkekda norozilik namoyishlari o‘tkazish taqiqlangan.

Shu bois, umuman olganda vaziyat o‘zgarmayapti. Qaytaga, Ukraina urushi manzarasida vaziyat yanada keskinlashmoqda. Markaziy Osiyo avvaldan Rossiyaga yaqin bo‘lgan, respublikalar esa Sovet Ittifoqi tarkibida edi. Bu hukumatga ham, fuqarolarga ham qiyinchilik tug‘diradi. Ammo, yuqorida aytganimdek, hech narsa inson huquqlari rioyasiga putur yetkazishga bahona bo‘lmasligi lozim. Har bir hukumat o‘z mamlakatida inson huquqlari amal qilishini ta’minlashga majbur. Ular o‘z fuqarolarining Ukrainadagi urushga doir o‘z fikrlarini bildirishga imkon berishmog‘i kerak. Shuningdek, kun tartibidagi mavzularni yoritayotgan mustaqil axborot manbalariga to‘siq qo‘yilmasligi darkor.

XS
SM
MD
LG